Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5,5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
4-§. Umrbod renta
Doimiy renta shartnomasidan farqli ravishda umrbod renta oluvchi bo`lib faqat fuqaro ishtirok etishi mumkin. Fuqaroning yoshi, sog’lig’ining ahvoli, mehnatga layoqatliligi ahamiyatga ega emas. Umrbod renta oluvchi sifatida renta to`lash sharti bilan mol-mulkni beruvchi shaxs ham, boshqa fuqaro (masalan, ona, o`g’il, buvi va h.k.) ham bo`lishi mumkin. Umrbod renta oluvchi boshqa fuqaro bo`lgan hollarda uchinchi shaxs foydasiga shartnoma tuzilgan bo`ladi va shu munosabat bilan taraflar tuzgan umrbod renta shartnomasini uchinchi shaxsning roziligisiz bekor qilishi yoki o`zgartirishi mumkin emas. Agar ushbu fuqaro umrbod renta huquqidan voz kechsa u holda, umrbod renta shartnomasini tuzgan shaxs renta olish huquqidan foydalanishi mumkin. Har qanday holatda ham umrbod renta shartnomasini amal qilish muddati renta oluvchining hayot bo`lgan davr bilan belgilanadi. Umrbod renta oluvchilar soni bir necha kishidan iborat bo`lishi mumkin. Bunday holda renta olish huquqida ularning ulushlari shartnoma asosida belgilanadi, ya’ni ulushlar teng bo`lmasligi ham mumkin. Agar shartnomada umrbod renta oluvchilar ulushi aniqlanmagan bo`lsa, u holda renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi. Umrbod renta oluvchilardan birining vafot etsa, uning ulushi undan keyin hayot bo`lgan renta oluvchilarga o`tadi. Ushbu holda FK 525–moddasi 2-qismi mazmuniga ko`ra, vafot etgan renta oluvchining ulushi qolgan renta oluvchilarga teng ravishda taqsimlanadi. Umrbod renta shartnomasida vafot etgan umrbod renta oluvchining ulushining taqdiri boshqacha hal qilinishi ham mumkin. Har qanday holatda ham oxirgi renta oluvchi vafot etgan taqdirda renta to`lash majburiyati bekor bo`lishiga olib keladi. Umrbod rentaning doimiy rentadan farqlovchi yana bir xususiyati shundaki, umrbod renta oluvchi renta olishga bo`lgan o`z huquqlarini talab qilish huquqidan voz kechish yo`li bilan yoki vasiyat bo`yicha meros tariqasida boshqa shaxsga o`tkazishi mumkin emas. Bu shu bilan izohlanadiki, umrbod renta olish huquqi renta oluvchi shaxsi bilan bog’liq va uning hayot davri uchun belgilanadi. Agar umrbod renta shartnomasi tuzilgan paytgacha vafot etgan fuqaro foydasiga umrbod renta belgilansa ushbu shartnoma o`z-o`zidan haqiqiy hisoblanmaydi. Umrbod renta shartnomasi tegishlicha notarial tartibda tasdiqlangan yoki mol-mulkning xususiyatidan (ko`chmas mulk bo`lganda) kelib chiqib davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan so`ng tuzilgan hisoblanadi. Umrbod renta pul summasi sifatida belgilanib, renta oluvchi hayot bo`lgan davrda unga vaqti-vaqti bilan to`lab turilishi lozim. Bu xususiyat ham umrbod renta shartnomasini doimiy rentadan farqlaydi va doimiy renta to`lash natura 97 shaklida, ya’ni rentaning puldagi qiymatiga mos keluvchi ishlarni bajarish, xizmatlar ko`rsatish shaklida ham to`lanishi mumkin. Umrbod renta miqdori shartnomada taraflar tomonidan belgilanishi shart, aks holda shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Bunda qonun tomonidan uning eng kam miqdori belgilab qo`yilgan. Ya’ni, qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqidan oz bo`lmasligi kerak. Ushbu miqdor oshgan hollarda unga mutanosib ravishda umrbod renta miqdori ham oshadi. Mazkur qoida imperativ norma bo`lib, tegishlicha taraflarning kelishuvi bilan o`zgartirilishi mumkin emas. Qonunda umrbod renta shartnomasi bo`yicha renta to`lash muddatlari belgilab berilgan. U har bir kalendar oy tugashi bilan (keyingi oyning 1-sanasidan kechikmasdan) to`lanishi lozim. Biroq, qonunda belgilangan muddat umrbod renta shartnomasida renta to`lashning boshqa muddatlari nazarda tutilmagan hollarda qo`llaniladi. Masalan, taraflar kelishuviga ko`ra, har bir chorak tugashi bilan renta to`lash nazarda tutilishi mumkin. Umrbod renta oluvchining manfaatlarini himoya qilish choralaridan biri bu uning umrbod renta shartnomasini bekor qilishni talab qilish huquqi hisoblanadi. Umrbod renta shartnomasida renta to`lovchi doimiy renta shartnomasidan farqli ravishda bunday huquqlarga ega emas. Shu bilan birga qonunda umrbod renta shartnomasini renta oluvchining talabiga ko`ra bekor qilish usullari belgilab qo`yilgan va renta oluvchi ushbu usullardan o`z xohishiga ko`ra foydalanadi. Birinchidan, renta oluvchi renta to`lovchidan uni sotib olishni talab qilishga haqli. Bunda umrbod rentani sotib olish bahosi doimiy renta uchun belgilangan qoidaga muvofiq aniqlanadi. Ushbu holatda agar renta haq to`lash evaziga renta oluvchi tekinga mulk bergan bo`lsa, u to`lovchi tomonidan shartnomaning muhim shartlarini buzgan hollarda ushbu mol-mulkni qaytarishni talab qilishga haqli. Ikkinchidan, renta oluvchi to`lovchidan rentani sotib olishni talab qilish o`rniga umrbod renta shartnomasini bekor qilish va etkazilgan zararlarni to`lashni talab qilishi mumkin. Ya’ni, umrbod renta shartnomasi doimiy rentadan farqli ravishda renta sotib olinmasdan ham bekor qilinishi mumkin. Umrbod renta to`lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo`lishi yoki tasodifan buzilishi renta to`lovchini rentani shartnomada nazarda tutilgan shartlarda to`lash majburiyatidan ozod qilmaydi. Ushbu qoida FK 175– moddasiga ham mos keladi. Unga muvofiq, mol-mulkning tasodifan nobud bo`lish yoki buzilish xavfi, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, mulk egasining zimmasida bo`ladi. Mazkur qoida umrbod renta haq evaziga yoki tekinga berilganidan qat’iy nazar amal qiladi. Bunda umrbod renta oluvchi doimiy renta oluvchiga nisbatan ko`proq himoyalangan hisoblanadi. Ushbu holat umrbod renta xususiyati bilan belgilanadi. Download 5,5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling