Toshkent davlat yuridik universiteti


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet62/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

 
32-bob. Renta
1-§. Renta tushunchasi va mohiyati 
Renta majburiyatlarning o`ziga xos turi bo`lib, o`rta asrlarda Yevropada 
keng qo`llanilgan shartnoma konstruksiyalaridan biri hisoblanadi. Mazkur 
shartnomadan asosan, biron bir sababga ko`ra, o`z mol-mulkini shaxsan 
muomalada bo`lishini ta’minlash yoxud ijara, trast shartnomalari va shu kabilar 
orqali foydalana olmaydigan yoki bunga imkoni bo`lmagan yoxud buni 
xohlamaydigan mulkdorlar foydalanadilar. Bu holat mol-mulkni tasarruf etishning 
eng passiv shakli hisoblanadi. 


89 
Renta shartnomasining mavjudligi mulkdorning mol-mulkni tasarruf etish 
imkoniyatini birmuncha kengaytiradi. Bunda mol-mulkni begonalashtirish 
birdaniga amalga oshirilmaydi. Begonalashtirishda mulk huquqini o`tishi uzoq 
muddat bilan belgilanadi. Renta to`lovchi mol-mulkdan foydalanishda mulkdor 
kabi vakolatlariga ega bo`ladi. Biroq, bunda muayyan cheklovlar mavjud bo`ladi. 
Renta bo`yicha mulk huquqini olgan mulkdorni renta to`lash majburiyati bilan 
yukli bo`lgan mulkdor sifatida baholash mumkin. Renta shartnomasi bo`yicha 
mulk huquqini olgan renta to`lovchi to`laqonli mulkdor vakolatiga ega bo`la 
olmaydi. Bu holat birinchidan, unda renta to`lash majburiyati bor va ikkinchidan, 
shartnoma amalda bo`lgan vaqtda mol-mulkka nisbatan renta oluvchida garov 
huquqi mavjud bo`ladi. Demak, renta to`lovchi garchi mulkdor maqomiga ega 
bo`lsada uning mulkdorlik huquqi muayyan ma’noda (mol-mulkka nisbatan renta 
oluvchining garov huquqi asosida) cheklangan bo`ladi. 
Renta to`liq ishlashi uchun keng mulkdorlar sinfi shakllangan bo`lishi lozim. 
Bunda ulardan ba’zilari mol-mulkini o`zi bevosita boshqarish, ishonchli 
boshqarishga topshirish o`rniga o`zi uchun eng qulay, tinch bo`lgan yo`l ya’ni, 
muammosiz kafolatli to`lov bo`lgan rentani tanlaydi. Renta mulk huquqini bir 
shaxsdan boshqa shaxsga o`tishini ta’minlovchi shartnomalar turkumiga mansub. 
Renta huquqni qo`llash amaliyotida deyarli uchramaydi.
Renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) ko`chmas yoki 
ko`char mol-mulkni boshqa tarafga (renta to`lovchiga) mulk qilib beradi, renta 
to`lovchi esa olingan mol-mulk o`rniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan 
belgilangan pul summasi yoki uni ta’minlash uchun boshqa shaklda mablag’ berish 
tarzida renta to`lash majburiyatini oladi (FKning 512–moddasi 1-qismi). 
Renta shartnomasi oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya shartnomalari kabi, mol-
mulkni begonalashtirishga qaratilgan shartnomalar toifasiga kiradi. Biroq, hadya 
shartnomasidan farqli ravishda renta o`zining haq baravariga tuzilishi, ya’ni 
begonalashtirilayotgan mulk uchun muqobil majburiyatni bajarish nazarda tutilishi 
bilan tafsiflanadi. Oldi-sotdi, ayirboshlash shartnomalarida tovar muayyan haq 
baravariga begonalashtirilsa, renta shartnomasi bo`yicha topshirilgan mol-mulk 
evaziga renta oluvchiga to`lanishi lozim bo`lgan renta to`lovlarining umumiy 
qiymati noma’lum bo`ladi, chunki shartnomaning amal qilish muddati oldindan 
ma’lum bo`lmaydi. 
Renta oluvchi sifatida faqat fuqarolar va notijorat tashkilotlar ishtirok etadi. 
Qonunda renta to`lovchi sifatida ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan cheklovlar 
nazarda tutilmaydi. Renta to`lovchi sifatida fuqarolar hamda ta’sis hujjatlarida 
bunday faoliyat turi bilan shug’ullanish ta’qiqlanmagan har qanday tashkilotlar 
ishtirok etishi mumkin. 
Renta to`lash sharti bilan ko`chmas mulk ham, ko`char mulk ham 
begonalashtirilishi mumkin (FK 83–moddasi). 
Renta to`lovlari renta oluvchining muayyan muddatlarda oladigan doimiy 
daromadi bo`lib hisoblanadi. Ushbu daromad pul ko`rinishida ham, natura (ishlar 
bajarish, xizmatlar ko`rsatish, uy-joy, ovqatlantirish, kiyim-kechak, parvarishlash, 
xizmatlarga haq to`lash va h.k.ga bo`lgan ehtiyojini ta’minlash) shaklida ham 
bo`lishi mumkin. 


90 
Renta shartnomasi davomiy xarakterga ega, chunki renta oluvchi hayot 
bo`lgan muddatga (umrbod renta) yoki muddatsiz (doimiy renta) tuziladi va 
shartnoma amalda bo`lgan muddat davomida doimiy (tizimli) ravishda renta 
to`lovchi o`z majburiyatlarini bajarishi lozim. Renta oluvchi vafot etgan taqdirda 
renta to`lash majburiyati tugaydi. 
Shu munosabat bilan renta shartnomasi taraflari muayyan tavakkalchilikka 
qo`l uradi, chunki mazkur shartnoma muddatidan oldin tugatilishi ham mumkin. 
Bu xususiyati bilan renta shartnomasi hadya shartnomasidan farq qiladi, chunki 
hadya shartnomasi bo`yicha ashyo mulk qilib topshirilgandan so`ng tugaydi. 
Umrbod renta fuqaroni o`z qaramog’iga olgan holda umrbod ta’minlash 
sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish sharti bilan ham belgilanishi 
mumkin. 
Renta to`lovchi renta oluvchining mol-mulkini haq evaziga yoki tekinga 
mulk qilib oladi. Xatto mol-mulk renta to`lash sharti bilan tekinga mulk qilib 
berilgan taqdirda ham, shartnoma haq evaziga tuzilgan hisoblanadi, chunki har 
qanday holatda ham pul summasi ko`rinishida ham, natura shaklida ham renta 
to`lovlarini to`lashga oid muqobil talab mavjud bo`ladi (FK 512–moddasi). 
Renta shartnomasi taraflarining o`zaro munosabatlariga renta to`lash sharti 
bilan beriladigan mol-mulkning haq evaziga yoki tekinga berilishiga qarab oldi-
sotdi yoki hadya shartnomasiga doir qoidalar qo`llaniladi. Biroq, oldi-sotdi yoki 
hadya shartnomasiga doir qoidalar faqat FK 32-bobida boshqa qoidalar belgilangan 
bo`lmasa va renta shartnomasi mohiyatiga zid kelmasagina qo`llaniladi. 
Chunonchi, ko`char mol-mulkni oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda 
tasdiqlanmasa ham, FKning 513–moddasida predmeti ko`char mol-mulk bo`lgan 
renta shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi lozimligini belgilaydi. 

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling