Toshkent davlat yuridik universiteti
Shartnomada qatnashuvchi taraflar, ularning huquq va
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
2. Shartnomada qatnashuvchi taraflar, ularning huquq va majburiyatlari Shartnomada qatnashuvchi taraflar hadya qiluvchi va hadya oluvchi deb atalib, o`z navbatida, ular fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat bo`lishi mumkin. Hadya fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma bo`lgani bois, hadya qiluvchi va hadya oluvchi muomala layoqatiga ega bo`lishi lozim. Ba’zan muomala layoqatiga 85 ega bo`lmagan shaxslar nomidan shartnomalarni ularning qonuniy vakillari tuzadilar. Ayni paytda qonunchilikda istisno holat ham mavjud bo`lib, ya’ni FKning 29-moddasi, ikkinchi qism, ikkinchi bandiga asosan olti yoshdan o`n to`rt yoshgacha bo`lgan kichik yoshdagi bolalar tekin manfaat ko`rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro`yxatidan o`tkazishni talab qilmaydigan bitimlarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. O`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga etmaganlar o`zlari mustaqil ravishda hadya qiluvchi va hadya oluvchi sifatida qatnashib, shartnomani o`z stipendiyalari, ish haqlari va qonunda ko`zda tutilgan boshqa daromadlari miqdorida tuzishlari mumkin. Lekin ular mulk huquqi asosida tegishli bo`lgan ashyolarni tasarruf qilish huquqiga ega emaslar. Bunday bitimlarni amalga oshirish uchun u qonuniy vakillarining roziligini olishi kerak. Chunki hadya ularning sog’lig’iga zarar etkazishi, yashirin daromadlarga ega bo`lishiga olib kelishi, pirovardida ularning huquqlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ayrim shaxslarga hadya shartnomasini tuzishda rad qilish va chegaralash qo`yilgan (FKning 505-moddasi tartibida). Qonun er-xotinlar o`rtasida hadya shartnomasi tuzilishini cheklamaydi. Hadya qilingan mol-mulk, ashyo yoki mulkiy huquq hadya oluvchining shaxsan o`zigagina tegishli bo`ladi. Aytaylik, er-xotinning nikoh davomida (yoki nikohga qadar) hadya hisobiga orttirgan mol-mulklari ulardan har birining o`z mulki hisoblanadi 20 . Binobarin, undan haq undirishga yoki boshqacha tarzda o`zlashtirishga faqat mulkdorning roziligi bilangina yo`l qo`yiladi. Shartnoma yuzasidan taraflarning huquq va majburiyatlari uni bajarishdan bosh tortib, hadyani bekor qilish jarayonlari bilan uzviy bog’liq. Umumiy holda, hadya bo`yicha hadya qiluvchi mulkni yoki unga nisbatan bo`lgan mulkiy huquqni hadya oluvchiga topshirishga, hadya oluvchi esa uni qabul qilib olishga majburdir. Biroq ayni paytda, quyidagi hollarda: birinchidan, hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashganligi tufayli, u kelgusida hadya oluvchiga ashyoni yoki mulkiy huquqni yoxud mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli. Lekin hadya qiluvchining bunday ahvolga tushib qolishi oldindan ma’lum bo`lmasligi lozim; ikkinchidan, hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog’lig’iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilingan hollarda hadya qiluvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqlidir (bunday hollarda shartnomani bekor qilishga sud tartibida yo`l qo`yiladi). Shuni aytish kerakki, yuqoridagi asoslar hadya qiluvchining aybini istisno etgani sababli, uning hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortishi hadya oluvchiga bu bilan bog’liq zararni qoplashni talab qilish huquqini bermaydi. Yuqorida aytganimizdek, hadya bo`yicha taraflarning subyektiv huquq va majburiyatlari hadyani bekor qilish va undan voz kechish bilan uzviy bog’liq. Masalan, hadya oluvchi hadyadan quyidagi hollarda voz kechishi mumkin: - ashyoning nobud bo`lishi tufayli; 20 Ўзбекистон Республикасининг Оила кодекси (25-модда). –Т.: Адолат, 2014. 86 - ashyo fuqarolik muomalasida bo`lmagani tufayli (FK, 82-modda); - va’da qilingan harakatlarni sodir etish uchun cheklashlar mavjud bo`lsa. Bunday majburiyatlar, odatda, bajarish mumkin bo`lmagani tufayli bekor qilinadi. Biroq ashyo hadya qiluvchining qasddan yoki ehtiyotsizligidan sodir etgan harakatlari oqibatida nobud bo`lsa, u hadya oluvchiga etkazgan zararlarni qoplash majburiyatini oladi. Hadya qiluvchining subyektiv huquqlari hal qiluvchi rol o`ynagani va shaxsga tekinga o`tkazilgani bois, ushbu munosabatlarda qonunchilik hadya qiluvchiga bir qator ustuvorliklar beradi. Chunonchi, agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo`lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo`q bo`lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadyani sud tartibida bekor qilishga haqli. Demak, bu hadya oluvchining hadyaga nisbatan vijdonan munosabatda bo`lishini va uni saqlash majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tadbirkor yoki yuridik shaxsning bankrotlik to`g’risidagi qonun hujjatlari qoidalarini buzib, bankrot deb e’lon qilinishdan oldingi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati bilan bog’liq mablag’lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin. Bu holat, shubhasiz, kreditorlar manfaatlarini ko`zlab amalga oshiriladi. Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo`yilishi mumkin. Bu jihatdan hadyani shartli bitimlar sirasiga kiritish mumkin (FK, 104- modda). Hadya bekor qilingan hollarda ashyo hadya qiluvchiga, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatida saqlanib qolgan bo`lsa, qaytarilishi lozim. Hadya oluvchining hadyadan olgan daromadlari uning o`z tasarrufida qoladi. Agar ashyo uchinchi shaxslarga o`tkazilgan bo`lsa, uni qaytarishning imkoni bo`lmaydi. Bordi- yu, hadya qiluvchi hadya oluvchining hadyani qaytarib bermaslik uchun uchinchi shaxslarga o`tkazganligini isbotlasa, u hadya oluvchiga nisbatan da’vo qo`zg’atish huquqiga ega bo`ladi. Agar ashyo taraflarning o`zaro kelishuvi asosida hadya qiluvchiga qaytarilgudek bo`lsa, bunday kelishuvni yangidan tuzilgan hadya deb tushunish mumkin. Hadya tekinga tuziladigan shartnoma bo`lgani bois hadya oluvchi topshirilayotgan mulkning sifatsizligi haqidagi talablarni qo`yishga haqli emas. Albatta, topshirilayotgan ashyo sifatsiz, butsiz, uning kamchiliklari bo`lishi mumkin, biroq bu hadya oluvchining hayoti, sog’lig’i yoki mol-mulkiga zarar etkazmasligi kerak. Bunday hollarda hadya qiluvchining bu haqda hadya oluvchini ogohlantirgani isbot qilinishi talab etiladi. Mazkur shartnomaning o`ziga xos jihatlaridan biri bu hadya va’da qilinganda huquqiy vorislikdir. FK 510-moddasining mazmuniga ko`ra, hadya shartnomasiga muvofiq hadya va’da qilinganda hadya oluvchining huquqlari uning merosxo`rlari (huquqiy vorislari)ga o`tmaydi, hadya berishni va’da qilgan shaxsning majburiyatlari esa uning merosxo`rlari (huquqiy vorislari)ga o`tadi. Demak, hadya qilishda hadya beruvchining va’dasi muayyan huquqiy ahamiyatga ega, ya’ni u kelgusida fuqarolik huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling