Toshkent davlat yuridik universiteti


 Oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzganlik uchun


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet13/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

 
1.7. Oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzganlik uchun
taraflarning javobgarlik holatlari 
Oldi-sotdi shartnomasida qatnashuvchi har ikkala taraf qonun yoki 
shartnoma bo`yicha o`z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgardir. 
Sotuvchi quyidagi holatlarda xaridor oldida javobgardir: 
a) sotilgan tovarni topshirmasa yoki topshirishni kechiktirsa; 
b) sotilayotgan tovarda uchinchi shaxslarning huquqlari mavjudligi haqida 
xaridorni ogohlantirmasa; 
v) sotilayotgan tovar miqdori, assortimenti haqidagi shartlarni buzsa yoki 
sifatsiz tovar sotsa. 
Sotib oluvchi ham o`z navbatida sotuvchi oldida quyidagi hollarda javobgar 
bo`ladi: 
a) sotilgan tovar uchun haqni to`lamasa yoki to`lashni kechiktirsa; 
b) sotilgan tovarni o`z vaqtida qabul qilib olmasa yoxud qabul qilib olishni 
kechiktirsa. 
Taraflar yuqoridagi holatlardan biri sodir bo`lishiga yo`l qo`ygan hollarda 
ularga nisbatan fuqarolik-huquqiy javobgarlik choralari qo`llanadi. Bunday 
choralar majburiyatni bajarish va zararlarni qoplash, shartnomadan bir tomonlama 
bosh tortish va zararlarni qoplash ko`rinishida bo`lishi mumkin. 
Umumiy qoida bo`yicha sotuvchi xaridorga sotilayotgan tovarning 
kamchiliklari haqida ogohlantirmogi lozim. 


21 
Sotilgan tovardagi kamchiliklar uchun sotuvchining qay hollarda javobgar 
bo`lishi hujjatlarda belgilab qo`yilgan. Bozor munosabatlari tizimi xaridor – 
iste’molchini alohida huquqiy maqomga ko`tardi. Sotilayotgan tovarlar sifati lozim 
darajada bo`lishi uchun sotuvchi xaridor oldida mas’uldir. O`zbekistan 
Respublikasining “Standartlashtirish to`g’risida”gi, “Metrologiya to`g’risida”gi, 
“Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to`g’risida”gi ‘Iste’molchilarning 
huquqlarini ximoya qilish to`g’risida”gi qonunlarida bunday huquqiy asoslar o`z 
ifodasini topgan.
Sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan 
tovarni topshirishi shart. Bunday shartlar shartnomada ko`rsatilmaganida esa tovar 
sifati belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo`lishi lozim. Tovar namunasi 
bo`yicha yoki ta’rifi bo`yicha (reklama bo`yicha) sotilganda tovar sifati namuna 
yoki ta’rifga mos kelishi lozim. 
Agarda qonunda belgilangan tartibga muvofiq sotilayotgan tovar sifatiga 
nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan bo`lsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga 
oshirayotgan sotuvchi xaridorga ushbu majburiy talablarga javob beradigan tovarni 
topshirishi shart (masalan, poliz mahsulotlari laboratoriya tekshiruvidan o`tgan 
bo`lishi lozim), oziq-ovqat mahsulotlari albatta muvofiqlik sertifikatiga ega 
bo`lishi lozim. 
Tovarlarning sifati talab darajasida bo`lishi me’zonlari bo`lib tovarning 
kafolat muddati va tovarning yaroqlilik muddati hisoblanadi. 
Tovar sifatining kafolati uning mavjud talablariga javob berishi va oqilona 
muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo`lishini anglatadi. 
Umumiy qoida bo`yicha kafolat muddati tovar xaridorga topshirilgan paytdan o`ta 
boshlaydi. Agar xaridor sotuvchiga bog’liq bo`lgan holatlar tufayli (masalan, 
yo`riqnomani yoki texnik pasportni topshirmagani sababli) tovardan foydalanish 
imkoniyatidan mahrum bo`lsa, kafolat muddati o`tishi to`xtab turadi. Tovar 
(butlovchi buyum) almashtirilganda kafolat muddati yangidan o`ta boshlaydi 
(FKning 404-moddasi). 
Qonun hujjatlarida, shu jumladan, davlat standartlarida tovar o`z vazifasi 
bo`yicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi, deb hisoblanadigan vaqt 
(yaroqlilik muddati) belgilanishi mumkin. 
Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab 
foydalanish uchun yaroqli bo`lgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun 
yaroqliligi aniqlanadigan son bilan belgilanadi. Yaroqlilik muddati tugagan 
tovardan foydalanish inson hayoti, sog’lig’i uchun xavf tug’diradi. Shu sababli 
ham bunday tovarlarni sotishga yo`l qo`yilmaydi. 
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada tovarning sifatini tekshirish 
nazarda tutilgan bo`lsa, tekshirish ularda belgilangan talablarga muvofiq amalga 
oshirilishi, davlat standartlarida, texnik shartlarda va sh.k.da majburiy talablar 
belgilangan bo`lsa, tovar sifati ulardagi ko`rsatmalarga muvofiq ravishda 
tekshirilishi lozim. Tekshirish sotuvchi tomonidan ham xaridor tomonidan ham, 
shuningdek, uchinchi shaxslar tomonidan ham o`tkazilishi mumkin, biroq bunda 
tekshirish shartlari o`zgarmasligi lozim. 
Ko`p hollarda tovarlar sifatini tekshirish maxsus tuzilmalar - tovar-ekspertiza 


22 
muassasalari 
tomonidan 
amalga 
oshiriladi. 
O`zbekiston 
Respublikasida 
mahsulotlarni 
sertifikatlashtirish, 
ya’ni ularning belgilangan talablarga 
muvofiqligini tasdiqlash, guvohlantirishga oid faoliyat bilan shug’ullanuvchi 
tashkilotlar tizimi mavjud. Bozorga sotish uchun chiqarilgan tovarlar «muvofiqlik 
sertifikati» (tovarning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat), 
«muvofiqlik belgisi» (muayyan tovar aniq standartga yoki boshqa normativ 
hujjatga mos ekanligini ko`rsatish uchun tovarga doir hujjatga qo`yiladigan, 
belgilangan tartibda ro`yxatga olingan belgi)ga ega ekanliklari ularning sifati 
maxsus tekshiruvdan o`tganligini bildiradi. Sertifikatlashtirish shart bo`lgan to-
varlar ro`yxatini O`zbekistan Respublikasi Hukumati tasdiqlaydi. Odatda bunday 
tovarlar odamlarning sog’lig’i, hayoti, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-
mulkiga hamda atrof-muhitga zarar etkazishi mumkin bo`lgan mahsulotlar 
hisoblanadi. 
Majburiy 
sertifikatlashtirilishi 
shart 
bo`lgan 
tovarlarni 
sertifikatlashtirish o`tkazmasdan turib sotish man qilinadi. Qonun ixtiyoriy sertifi-
katlashtirishni ham nazarda tutadi. Har qanday tovar tegishli talablarga muvofiq 
ekanligini tasdiqlash uchun u yuridik va jismoniy shaxslar tashabbusi bilan 
ixtiyoriy sertifikatlashtirilishi mumkin. 
Sertifikatlashtirish tizimi sifatsiz tovarlarni sotuvga chiqarishning oldini 
oluvchi muhim tashkiliy-huquqiy vositadir. 
Agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan ma’lum qilinmagan bo`lsa, 
tegishli darajada sifatli bo`lmagan tovar topshirgan sotuvchi sotib oluvchining 
xohishiga ko`ra: 
xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo`lgan 
tovarga almashtirishi; 
xarid narxini tegishlicha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi 
(modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo`lgan tovarga almashtirishi; 
tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishi yoki sotib oluvchi yoxud 
uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan 
xarajatlarni qoplashi; 
xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishi; 
ko`rilgan zarar o`rnini qoplashi lozim (FKning 434-moddasi). 
Shu bilan birga, sotib oluvchi tomon shartnomaning bekor qilinishini talab 
qilish huquqiga ham egadir. Tovar uchun to`langan pul summasini sotib oluvchiga 
qaytarish vaqtida sotuvchi undan tovardan to`liq yoki qisman foydalanganligi, 
tovar ko`rinishi yo`qolganligi yoki boshqa shunga o`xshash holatlar tufayli tovar 
qiymati qancha pasaygan bo`lsa, shuncha summani chegirib qolishga haqli emas. 
Xaridorga sifati lozim darajada bo`lmagan tovar sotilganida uning sotuvchiga 
nisbatan qanday talablar qo`yishga haqli ekanligi, ya’ni yuqorida ko`rsatilgan 
huquqlar alternativ xarakterga ega bo`lib, xaridor ulardan o`zi uchun ma’qulini 
tanlaydi. 
Xaridor tovardagi kamchiliklar tovar unga topshirilgunga qadar paydo 
bo`lganligi yoki shu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli vujudga 
kelganligini isbotlab berishi lozim. 
Sotuvchi tovardagi nuqson yoki kamchiliklar quyidagi holatlar sababli yuz 
berganligini isbotlab bera olsa, javobgarlikdan ozod bo`ladi: 


23 
sotib oluvchi tovardan foydalanish yoki saqlash qoidalarini buzganligi 
sababli; 
uchinchi shaxslar harakati tufayli; 
oldini olib bo`lmaydigan kuch ta’sirida (FKning 409-moddasi). 
Qonunda topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari ham 
belgilab qo`yilgan. Kamchilik yoki nuqson ushbu muddatlar davomida aniqlansa, 
xaridor tegishli talab bilan sotuvchiga da’vo qilishga haqli bo`ladi. Bular: qonunda 
yoki oldi-sotdi shartnomasida belgilab qo`yilgan yoxud kafolat muddati bilan yoki 
tovarning yaroqlilik muddati bilan belgilanadi. 
Kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan 
kundan boshlab ikki yil davomida aniqlanganida ham (agar yuqoridagi muddatlar 
belgilanmagan bo`lsa) xaridor sotuvchiga talab qo`yishga haqli. 
Tovarning kamchiliklari xaridor tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik 
muddati tugaganidan keyin aniqlangan hollarda, xaridor bu kamchiliklar tovar 
unga topshirilgunga qadar paydo bo`lganligini yoki shu paytgacha vujudga kelgan 
sabablar tufayli paydo bo`lganligini isbot qilib bergan hollarda javobgarlik 
sotuvchi zimmasiga yuklanadi. 

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling