Toshkent davlat yuridik universiteti


 §. Mutlaq huquq tushunchasi va uning mazmuni


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet230/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   226   227   228   229   230   231   232   233   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

5 §. Mutlaq huquq tushunchasi va uning mazmuni 
Fuqarolik huquqi nazariyasida mutlaq huquqlar deyilganda bunday huquq 
sohiblari (egalari)ni turli harakatlar sodir etish (ijodiy faoliyat mahsulidan 
foydalanish, uni tasarruf etish va sh.k.) bo’yicha haqdorligi, vakolatliligini va ayni 
vaqtning o’zida boshqa har qanday shaxslarga bunday yuqorida ko’rsatilgan 
harakatlarni sodir etishning taqiqlanishini ta’minlovchi subyektiv mutlaq huquq 
tushuniladi.
111
Mutlaq huquqlar huquqiy mexanizmi odatdagidek egallab turishi 
mumkin bo’lmagan, bir vaqtning o’zida nomuayyan doiradagi shaxslar foydalana 
olishi mumkin bo’lgan obyektlarga nisbatan huquq sohibi mulkiy huquqlarining 
amalga oshirilishini ta’minlovchi muhim vositadir, biroq mulk huquqi va mutlaq 
huquqlar aslo ayniy tushunchalar emas, ularning farqlari haqida yuqorida mufassal 
to’xtab o’tilgan edi. 
Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi 
vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obyektidan 
o’z xohishiga ko’ra har qanday shaklda, har qanday usulda mutlaq qonuniy 
foydalanish huquqi tegishli bo’ladi. 
Ushbu mutlaq huquqlar o’z xarakteri va mazmuniga ko’ra mulkiy huquq 
hisoblanadi. 
Intellektual mulk obyektidan o’z xohishiga ko’ra foydalanish deyilganda 
huquq sohibining o’z erki, irodasi bilan, hech qanday majburlashsiz, tazyiqlarsiz 
foydalanish tushuniladi. 
Obyektlardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanish 
deyilganda undan turli obyektiv shaklda — qo’lyozma, bosma asar, apparat, 
qurilma, etiketka, har xil yorliqlar, maket, inshootlar, haykallar va shu kabilarda 
hamda turli vositalar yordamida qo’lyozma shaklida tarqatish, nashr etish, og’zaki 
o’qish, reklama prospektlariga joylashtirish, qurilishlarda mujassamlashtirish va 
hokazo usullarda ekspluatatsiya qilish, foydalanish tushuniladi. 
Obyektdan foydalanish shakllari va usullari qonun yo’l qo’ygan asoslarga 
to’la muvofiq bo’lishi shart. Buning uchun mutlaq huquq sohibi belgilangan 
talablarga rioya qilmog’i shart. Masalan, yangi ixtiro asosida avtomobil yasagan 
ixtirochi bu avtomobilni tegishli davlat idoralarida (masalan, Davlat avtomobil 
inspeksiyasida) qayd ettirgan bo’lishi shart. Spirtli ichimliklar, tamaki mahsulot-
lariga nisbatan tovar belgilari bolalar muassasalarida reklama prospektlari orqali 
joylashtirilishi mumkin emas. Yangi dori-darmonlar yaratgan shifokor undan 
foydalanishda qonunda belgilangan talablarga rioya qilishi shart. Aks holda 
intellektual mulk obyektidan bunday foydalanish qonuniy foydalanish 
111
Гражданское право. –М.: Бек, 1994. Т.1, 314-бет. 


487 
hisoblanmaydi. 
Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo’lgan intellektual mulk 
obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasi roziligi bilan 
yo’l qo’yiladi. 
Agarda mutlaq huquq bir necha shaxsga tegishli bo’lsa (masalan, 
mualliflarga) uchinchi shaxslar mutlaq obyektdan foydalanish uchun barcha huquq 
sohiblaridan ruxsat olmog’i shart. 
Mutlaq huquq sohibidan olinadigan uchinchi shaxslarning obyektdan 
foydalanishga roziligi ochiq-yaqqol ifodalangan bo’lishi, tegishli huquqiy shaklda 
rasmiylashtirilgan bo’lishi shart. Indamaslik, sukut rozilik alomati hisoblanmaydi. 
Intellektual mulkning ko’pgina obyektlaridan bir vaqtning o’zida cheksiz 
doiradagi uchinchi shaxslarning foydalanishi imkoniyati mavjud bo’ladi, biroq 
uchinchi shaxslar bunday imkoniyatdan har doim faqat mutlaq huquq sohibining 
ruxsati asosidagina foydalanishlari shart. 
Intellektual mulk obyektidan mutlaq huquq egasi ruxsatini olmasdan 
foydalangan uchinchi shaxslar tegishli fuqarolik-huquqiy tartibda javobgar 
bo’ladilar. Huquq egasi o’z huquqlarini sud tartibida himoya qilishga, uchinchi 
shaxslardan huquq buzilish harakatlarini to’xtatishga, keltirilgan hamma zararni, 
shu jumladan, ma’naviy zarar qoplanishini uchinchi shaxslar huquqbuzarlik 
natijasida olgan barcha daromad va foydalarni o’ziga undirib berilishini talab 
qilishga haqli. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa 
shaxsga to’liq yoki qisman o’tkazishga, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxs 
foydalanishiga ruxsat berishga haqli va agar FK hamda boshqa qonunlarning 
qoidalariga zid bo’lmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli. 
Umumiy qoidaga ko’ra, intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq 
mulkiy huquq sifatida fuqarolik muomalasida faol harakatda bo’ladi. U turli 
bitimlar va shartnomalar predmeti bo’lishi mumkin. Binobarin, intellektual mulk 
obyektiga bo’lgan mutlaq huquq egasi bu huquqni haq evaziga yoki tekin holda 
boshqa shaxslarga to’liq yoki qisman o’tkazish (sotish, hadya qilish, ma’lum 
cheklangan qoidada foydalanishga ruxsat berish va hokazo) ga haqli. 
Mutlaq huquq to’liq o’tkazilganda huquq egasi mutlaq huquqni to’liq hajmda 
uchinchi shaxsga o’tkazadi, demak, bu huquqni o’zidan to’la begonalashtiradi, 
natijada uchinchi shaxs mutlaq huquq egasi hisoblanadi. 
Mutlaq huquq qisman o’tkazilganda huquq egasi o’z huquqining ma’lum 
qismini o’zida saqlab qolgan holda, qolgan qismini uchinchi shaxslarga o’tkazadi. 
Mutlaq huquqlarni boshqa shaxslarga to’liq yoki qisman o’tkazishni huquqiy 
rasmiylashtirish shartlari va tartibi FKning 1035-moddasida belgilab qo’yilgan. 
Intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslarning foydalanishiga ruxsat 
berish bu obyektga nisbatan mutlaq huquq sohibining vakolatiga kiradi. Obyektdan 
foydalanishga ruxsat berishda mutlaq huquq shu huquq sohibining o’zida qoladi, 
undan begonalashtirilmaydi, bunda uchinchi shaxslarda obyektdan foydalanish 
huquqigina vujudga keladi. Foydalanish shartlari va tartibi mutlaq huquq va 
foydalanuvchi o’rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasi o’z huquqini FK 


488 
va amaldagi qonunlarga zid bo’lmagan har qanday tarzda tasarruf etishga haqli. 
Masalan, mutlaq huquqlar egasi bu huquqlarni o’z majburiyati yoki uchinchi 
shaxslar majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash usuli sifatida garovga qo’yishi 
mumkin. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq sohibi o’z huquqini 
qonunda man etilgan tarzda tasarruf qilishga haqli emas. Huquqni tasarruf 
etishning qonun man etgan usuli FKda yoki amaldagi qonunlarda bevosita ko’zda 
tutiladi. Masalan, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi, urush, millatlararo adovat
behayolikni targ’ib etuvchi asarlarni tarqatish (haq evaziga yoki tekin) qonunga 
asosan man qilinadi. Yuridik shaxs qayta tashkil etilmagan yoki boshqa shaxsga 
o’tkazilmagan hollardan tashqari, yuridik shaxsning firma nomiga bo’lgan mutlaq 
huquqi boshqalarga o’tkazilishiga ruxsat berilmaydi. 
Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan, intellektual mulk obyektidan 
boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yo’li bilan cheklashga, bu 
huquqlarni haqiqiy emas deb topishiga va ularni tugatishga (bekor qilishga) FKda 
va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yo’l qo’yiladi. 
Quyidagi intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquq sohibining mutlaq 
huquqlarini cheklash hollari, tartibi qonunlarda nazarda tutilgan: 
- ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan («Ixti-rolar, foydali 
modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 12-moddasi); 
- seleksiya yutuqlaridan («Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 31-
moddasi); 
EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalaridan («EHM uchun dasturlar va 
ma’lumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish to’g’risida »gi Qonunning 12-
moddasi); 
- mualliflik huquqi obyektlaridan (FKning 1058—1061-moddalari). 
Mutlaq huquqlar intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslarning 
foydalanishiga imkoniyat berish orqali qonunlarda nazarda tutilgan hollarda 
cheklanishi mumkin. Bunday holatlar quyidagi obyektlarga nisbatan mavjud: 
- sanoat mulki obyektlaridan «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat 
namunalar to’g’risida» gi Qonunning 11-moddasida belgilangan hollarda va 
tartibda uchinchi shaxslar foydalanishi uchun majburiy listenstiya berish tartibida; 
- sanoat mulki obyektlaridan avvaldan foydalanib keluvchi shaxslarga 
(«Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 31-
moddasi); 
- oshkor etilmagan axborotlardan foydalanish (FKning 1086-moddasi 4-
qismida belgilangan hollarda); 
- mualliflik huquqi obyektlaridan («Mualliflik va turdosh huquqlar 
to’g’risida»gi Qonunning 24-32-moddalari). 
Firma nomi, tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga nisbatan mutlaq huquqlarni 
cheklash qonunlarda nazarda tutilmagan. 
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni haqiqiy emas deb 
topish asoslari ham amaldagi qonunlarda aniq belgilab qo’yilgan: 
- sanoat mulki obyektlariga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorliqlari 
huquqiy muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan obyektlarga nisbatan yoki 


489 
huquqiy muhofaza yorlig’i olishga haqli bo’lmagan shaxs nomiga berilgan 
hollarda; 
- seleksiya yutuqlariga nisbatan mutlaq huquq «Seleksiya yutuqlari 
to’g’risida»gi Qonunning 35-moddasida ko’rsatilgan hollarda; 
- tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga nisbatan «Tovar belgilari, xizmat 
ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida»gi Qonunning 
24-moddasida belgilangan hollarda va tartibda; 
- boshqalarning asarlarini o’zlashtirish orqali ushbu asarlarga nisbatan 
mutlaq huquqqa ega bo’lgan shaxslarning bunday o’zlashtirishi natijasida olgan 
huquqi ham haqiqiy hisoblanmaydi. 
Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni haqiqiy emas deb 
topish bunday huquqlarning vujudga kelishi uchun asos bo’lgan huquqiy muhofaza 
yorlig’i bergan vakolatli davlat organi, Apellastiya kengashlari yoki sud tomonidan 
(mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan) amalga oshiriladi. Bunda mutlaq huquq 
avval boshdan (qaror chiqarilgan paytdan emas) haqiqiy sanalmaydi. Binobarin, 
mutlaq huquqi haqiqiy emas deb topilgan shaxsning bunday huquqdan foydalanish 
natijasida olgan barcha daromadlari mutlaq huquqning haqiqiy egasi foydasiga 
undirilishi mumkin. 
Ba’zi intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar boshqa 
asoslarda muddatdan oldin bekor bo’lishi ham mumkin: masalan,
- seleksiya yutuqlariga nisbatan («Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi 
Qonunning 35-moddasi); 
- ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan («Ixtirolar, foydali 
modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 28-moddasi 1-qismi 2—
3-bandlari); 
- tovar (xizmat) belgilariga nisbatan Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish 
belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida»gi qonunning 25-moddasi 
1-qismi, 2-qismining 2,4,5,6-bandlari). 
- mualliflik huquqlari obyektlariga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqdan 
ixtiyoriy voz kechgan hollarda; 
- oshkor etilmagan axborotlar ularning huquqiy muhofaza qilinishi 
shartlaridan (FKning 98-moddasi) biri mavjud bo’lmay qolgan hollarda unga 
nisbatan mutlaq huquqlar ham bekor bo’ladi. 
Mutlaq huquqni haqiqiy emas deb topishda mutlaq huquq ilgaridan mavjud 
emas deb hisoblanadi. Mutlaq huquq muddatidan oddin bekor bo’lganda esa u 
bekor qilingunga qadar mavjudliga tan olinadi va faqat keyingi davr uchun 
huquqiy oqibatlar vujudga keltirmaydi. 
Mutlaq huquqlarni cheklashga bunday cheklash intellektual mulk obyektidan 
normal foydalanishga zarar yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy 
manfaatlarini kamsitmagan hollarda yo’l qo’yiladi. 
Qonunlar intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni 
cheklash, eng avvalo, ijtimoiy va davlat manfaatlarini nazarda tutib belgilangan. 
Lekin bu cheklashlar qonunda qat’iy belgilangan hollarda, shartlarda va tartibda 
amalga oshiriladi. Bunday cheklashlar natijasida uchinchi shaxslar intellektual 
mulk obyektidan vaqtinchalik, qisman va ma’lum bir maqsadlardagina 


490 
foydalanishga haqli bo’ladilar (ba’zi holatlarda faqat haq evaziga). Bunday 
cheklashlar asosida uchinchi shaxslarda mutlaq huquq aslo vujudga kelmaydi. 
Intellektual mulk obyektidan normal foydalanishga zarar yetkazish, eng 
avvalo, mutlaq huquq sohibining bu obyektdan foydalanish imkoniyatlari 
cheklanishida, turli to’sqinliklarda namoyon bo’ladi. Intellektual mulk obyektiga 
nisbatan mutlaq huquqlar egasining qonuniy manfaatlari kamsitilishi uning 
obyektidan kelayotgan yoki oladigan daromadlarining kamayishida, shaxsiy 
huquqlarining buzilishida namoyon bo’ladi. Agar mutlaq huquqni cheklashlar 
yuqoridagi oqibatlarga olib kelsa, huquq egasi o’z huquqining sud orqali himoya 
etilishini talab qilishga haqli. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli 
mulkiy huquqlar, agar FKda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda 
tutilmagan bo’lsa, huquq egasi tomonidan shartnoma bo’yicha boshqa shaxsga 
to’liq yoki qisman o’tkazilishi mumkin, shuningdek, bu mutlaq huquqlar meros 
bo’lib va yuridik shaxs huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik 
tartibida o’tadi. 
Ushbu belgilangan qoidaga intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq 
huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar huquq egasi tomonidan shartnoma 
bo’yicha boshqa shaxsga to’liq yoki qisman o’tkazilishi mumkin. Bunda nazarda 
tutilgan huquqlar faqat mulkiy tusga ega bo’ladi, shaxsiy huquqlarga nisbatan 
ushbu qoida taalluqli emas. O’tkazilayotgan mulkiy huquqlar mutlaq huquqlardan 
kelib chiqishi va faqat huquq egasiga tegishli bo’lishi shart. Mulkiy huquqlar 
deganda intellektual mulk obyektidan shaxsan foydalanish yoki uni haq evaziga 
foydalanishga berish bo’yicha huquq egasiga tegishli vakolatlar tushuniladi. 
Mulkiy huquq to’liq o’tkazilganda huquq egasi bu huquqlardan mahrum 
bo’ladi va bunday huquq uchinchi shaxslarda vujudga keladi. Mulkiy huquq 
qisman o’tkazilganda huquq egasi uning ma’lum qismini o’zida saqlab qolib, 
qolgan qismini o’tkazadi. Mulkiy huquqlar faqat shartnoma asosida o’tkaziladi. 
Shartnoma mulkiy huquq egasi va huquq to’liq yoki qisman o’tkazilayotgan shaxs 
o’rtasida tuziladi. Bunday shartnomalarga nisbatan agarda qonunlarda boshqacha 
tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, FKning 26-bobi (Shartnoma tushunchasi va 
shartlari), 28-bobi (Shartnoma shartlarini o’zgartirish va shartnomaning bekor 
bo’lishi)da belgilangan qoidalar qo’llaniladi. 
Shartnoma tuzuvchi taraflar — intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq 
huquq egasi va mutlaq huquqdan vujudga keluvchi mulkiy huquqlar o’ziga 
o’tkazilayotgan shaxs nomlari, agar mutlaq huquq vakolatli davlat organi 
tomonidan intellektual mulk obyektiga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza 
yorlig’i asosida vujudga kelgan bo’lsa, ushbu yorliqnoma va qayd ro’yxati raqami, 
uning amal qilish muddati, o’tkazilayotgan mulkiy huquq mazmuni va hajmi, 
undan foydalanish shartlari, muddati, agar shartnoma haq baravariga tuzilayotgan 
bo’lsa, to’lanadigan haq miqdori va to’lash tartibi, mulkiy huquq qisman 
o’tkazilganda undan foydalanish ustidan huquq egasining nazorat qilish bo’yicha 
vakolatlari, taraflarning boshqa huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlarini 
buzganlik uchun taraflarning javobgarligi va hokazolar ko’rsatilishi lozim. 
Shartnoma taraflar tomonidan imzolanib, tegishli shaklda rasmiylashtirilishi shart. 


491 
Shartnoma shakli turli intellektual mulk huquqi obyektlari uchun turlicha bo’lishi 
qonunlarda belgilab qo’yilgan. Mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan mulkiy 
huquqlar o’tkazilganda, shartnoma yozma ravishda tuzilib, notarial 
guvohlantirilishi lozim. Mutlaq huquq vakolatli davlat organi tomonidan 
intellektual mulk huquqi obyektiga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorlig’i 
(patent, guvohnoma) asosida vujudga kelgan bo’lsa, bunda mulkiy huquqni 
o’tkazish haqidagi shartnoma yozma tuzilib, notarial guvohlantirilib, vakolatli 
davlat idorasining ro’yxatidan o’tkazilishi lozim. Ushbu qoida nou-xauga nisbatan 
ham amal qiladi. Aks holda shartnoma haqiqiy sanalmaydi. 
FKda va amaldagi qonunlarda ayrim intellektual mulk obyektlariga nisbatan 
mutlaq huquqlardan kelib chiquvchi mulkiy huquqlarning huquq egasi tomonidan 
boshqa shaxslarga o’tkazish masalasida yuqoridagi qoidalardan istisnolar mavjud. 
Masalan, FK 1110-moddasi 2-qismiga asosan, tovar chiqarilgan joy nomidan 
foydalanish huquqining huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o’tkazishga yo’l 
qo’yilmaydi va mabodo shunday shartnoma tuzilgan bo’lsa, u haqiqiy sanalmaydi. 
FKning 1101-moddasida firma nomiga bo’lgan huquqni boshqa shaxsga o’tkazish 
tartibi va shartlari belgilangan bo’lib, u yuqoridagi umumiy qoidalardan farq 
qiladi. FKning 1105-moddasi 2-qismiga asosan, tovar belgisiga bo’lgan huquqni, 
basharti u tovar yoki uning tayyorlovchisi haqida chalg’ishga sabab bo’lishi 
mumkin bo’lsa, boshqa shaxsga berilishiga yo’l qo’yilmaydi. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar huquq egasi vafotidan 
keyin meros tartibida qonuniy merosxo’rlarga yoki vasiyat asosida boshqa 
shaxslarga o’tadi. Bunda vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan FKning V 
bo’limida vorislik haqidagi belgilangan normalar qo’llaniladi. Intellektual mulk 
obyektlariga mutlaq huquqlar egasi yuridik shaxs bo’lsa, bunday yuridik shaxs 
qayta tashkil etilgan hollarda (uni boshqa bir yuridik shaxs bilan qo’shib yuborish, 
qo’shib olish, bo’lish, ajratib chiqarish, o’zgartirish – FKning 49-moddasi) mutlaq 
huquq vorislik tartibida yangi tashkil etilgan yuridik shaxsga o’tadi. Qayta tashkil 
etishning bo’lish, ajratib chiqarish, o’zgartirish hollarida yangi vujudga kelgan 
yuridik shaxslarning qaysi biriga mutlaq huquq o’tishi ularning o’zaro kelishuvi 
asosida, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda sud tomonidan belgilanadi. 
Meros tartibida va huquqiy vorislik tartibida mutlaq huquqlarning o’tish fakti 
notarius tomonidan berilgan meros guvohnomasi, huquqiy muhofaza yorlig’i 
mavjud bo’lsa, ushbu yorliqni mutlaq huquqni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish 
haqida vakolatli davlat idorasining tegishli hujjati olinishi va u davlat ro’yxatidan 
o’tkazilishi shart. 
Mulkiy huquqlarning shartnoma bo’yicha o’tkazilishi yoxud ularning 
universal huquqiy vorislik tartibida o’tishi mualliflik huquqlarining va boshqa 
begonalashtirilmaydigan hamda o’zgaga o’tkazilmaydigan mutlaq huquqlarning 
o’tkazilishiga yoki cheklanishiga sabab bo’lmaydi. Bunday huquqlar o’tkazilishi 
yoki cheklanishi to’g’risidagi shartnoma shartlari haqiqiy emas. 
Ushbu qoida ijodiy faoliyat natijasining yaratuvchisi bo’lgan muallifning bu 
natijalarga nisbatan mutlaq huquqlarga ega bo’lgan holatiga taalluqlidir. Bunday 
holda agarda muallif mutlaq huquqdan kelib chiquvchi mulkiy huquqlarni 
shartnoma asosida boshqa, uchinchi shaxslarga o’tkazsa yoki muallif vafoti tufayli 


492 
bunday mulkiy huquqlar universal vorislik tartibida huquqlar vorislariga o’tsa, 
muallif 
shaxsiy huquqlari, boshqa mutlaq huquqlar (uning o’zidan 
begonalashtirilmaydigan va boshqa birovga o’tkazilmaydigan) aslo bekor 
bo’lmaydi, cheklanmaydi yoki ularning ham shartnoma asosida uchinchi 
shaxslarga yoki vorislarga o’tishiga olib kelmaydi. Hatto mutlaq huquq sohibi 
muallifning o’zi bo’lmay, boshqa shaxs bo’lgan taqdirda ham, mutlaq huquqlardan 
kelib chiquvchi boshqa mulkiy huquqlar bu huquqlar egasi tomonidan shartnoma 
asosida uchinchi shaxsga yoki universal vorislik tartibida vorislarga o’tgan 
taqdirda ham bu holat muallifning huquqini hamda boshqa o’tkazilmaydigan va 
begonalashtirilmaydigan huquqlarining o’tishiga, bekor bo’lishiga yoxud 
cheklanishiga olib kelmaydi. 
Ijodiy faoliyat natijasi yaratuvchisi bo’lgan muallifning faqat o’zigagina 
tegishli bo’lgan, boshqa birovga o’tkazilmaydigan va begonalashtirilmaydigan 
mutlaq huquqlari doirasi, turlari va mazmuni FKning 1033-moddasida belgilab 
qo’yilgan. 
Bunday huquqlarning o’tkazilishi yoki cheklanishi haqidagi shartlar ko’zda 
tutilgan shartnoma muallifning o’zi bilan uchinchi shaxs o’rtasida yoki intellektual 
mulk obyektining yaratuvchisi bo’lmagan mutlaq huquq sohibi va uchinchi shaxs 
o’rtasida tuzilganligidan qat’i nazar, shartnomaning o’sha shartlari nazarda tutilgan 
qismi haqiqiy sanalmaydi va hech qanday huquqiy obyekt vujudga keltirmaydi. 
Bunday shartnoma o’z-o’zicha haqiqiy sanalmaydi va unga nisbatan FKning 113-
moddasi 3-qismi qoidalari qo’llanadi. 
Shartnomaning yuqoridagi shartlarini haqiqiy emas deb topish haqida sud 
tomonidan qaror chiqarilishi talab etilmaydi. 
Intellektual mulk obyektiga nisbatan mualliflik huquqlari bu obyektga 
nisbatan mutlaq huquqlar fuqarolik muomalasida qancha shaxslarga o’tkazish 
orqali harakatda bo’lganidan qat’i nazar, muallifning o’zida saqlanib qoladi. 
Boshqacha aytganda, obyektga nisbatan mutlaq huquqlar necha martalab boshqa 
uchinchi shaxslarga o’tganligi fakti muallifning o’ziga tegishli bo’lgan va undan 
begonalashtirilishi mumkin bo’lmagan huquqlarining amal qilishiga biron-bir 
darajada to’sqinlik qilmaydi. 
Shartnoma bo’yicha o’tkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qo’yilishi 
lozim. Shartnomalarda boshqa shaxsga o’tkaziladigan huquq sifatida 
ko’rsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo’lsa, o’tkazilmagan 
hisoblanadi. 
Ma’lumki, mutlaq huquq mulkiy huquqlar majmui sifatida huquq egasi 
intellektual mulk obyekti bo’yicha o’zi sodir etishga haqli bo’lgan, boshqalarga 
sodir etishga ruxsat bera oladigan yoki sodir etishni taqiqlab qo’ya olishga haqli 
bo’lgan xilma-xil vakolatlarni o’z ichiga oladi. Shu sababli ham mutlaq huquqlar 
shartnoma asosida huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o’tkazilganda aynan 
qanday huquq (masalan, ma’lum hudud doirasida shaxsan tanho foydalanish, 
boshqa foydatanuvchilar ham mavjud bo’lgan asosda foydalanish, boshqa hudud 
doirasida bu huquqni amalga oshirishga taalluqliligi yoki taalluqli emasligi) 
o’tkazilayotganligi va bu huquqdan kelib chiquvchi vakolatlarni aniq belgilab, 
shartnomada aks ettirish lozim. Shartnomada nazarda tutilmagan barcha huquqlar 


493 
(mutlaq huquqqa oid) toki buning aksi isbotlanmaguncha shartnoma bo’yicha 
o’tkazilmagan deb hisoblanadi, degan prezumpsiya amal qiladi. Buning ma’nosi 
shundan iboratki, agar shartnoma asosida mutlaq huquqlardan bir qismini o’ziga 
olgan shaxs bu huquqlarga oid qo’shimcha boshqa huquqlarni ham amalga oshirsa, 
bu holda o’sha qo’shimcha huquqlardan mutlaq huquqlar egasi roziligi yoki ruxsati 
asosida amalga oshirganligini tegishli dalil bilan isbotlab bermog’i shart. Aks 
holda, u qo’shimcha huquqlarni o’zlashtirib olgan hisoblanadi. Qo’shimcha 
huquqlar mutlaq huquqlar egasi roziligi yoki ruxsati asosida olganligini isbotlash 
majburiyati faqat uchinchi shaxs zimmasida bo’ladi. Masalan, ixtiroga nisbatan 
mutlaq huquqlar egasi yengil mashinalar ishlab chiqaruvchi korxonaga ma’lum 
markadagi engil mashinani ishlab chiqarishda foydalanish uchun shartnoma 
asosida ixtirodan foydalanish huquqini o’tkazgan bo’lsa, korxona boshqa 
markadagi yengil avtomobillarga nisbatan ushbu ixtironi qo’llay olmaydi (agar bu 
to’g’rida mutlaq huquqlar sohibining maxsus ruxsatini olmagan bo’lsa). 
Mutlaq huquqni uni amal qilish davri bo’yicha cheklangan muddatlarda 
foydalanish uchun boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan 
litsenziya shartnomasi to’g’risidagi qoidalar qo’llaniladi. Buning ma’nosi shundan 
iboratki, FKning 1035-moddasi 1-3-qismlarida ko’zda tutilgan qoidalar mutlaq 
huquqlar shartnoma asosida yoki universal vorislik tartibida bunday mutlaq 
huquqlar amal qilishning barcha qolgan muddati bo’yicha uchinchi shaxsga 
o’tishga nazarda tutilgan hollarga nisbatan taalluqlidir. Agar mutlaq huquqlar egasi 
bu huquqlarni boshqa shaxslarga vaqtinchalik o’tkazsa (ma’lum chegaralangan 
muddat davomida), u holda bunday shartnoma litsenziya shartnomasi hisoblanadi. 

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   226   227   228   229   230   231   232   233   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling