Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Mutlaq huquq va mulk huquqi o’rtasidagi nisbat
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
8 §. Mutlaq huquq va mulk huquqi o’rtasidagi nisbat Yuqorida intellektual mulk huquqi obyektlarining asosiy xususiyatlari, uning an’anaviy mulk huquqi obyektlaridan farqlari haqida batafsil to’xtab o’tildi. Binobarin, intellektual mulk huquqi obyektiga nisbatan mutlaq huquq bilan ushbu obyektning moddiylashgan ifodasiga, moddiy eltuvchisiga nisbatan mulk huquqini farqlamoq lozim. FKda belgilangan qoidaga ko’ra, intellektual faoliyat natijasi (asar, ixtiro va shu kabi)ga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita (masalan, tovar belgisi)ga nisbatan mutlaq huquq bunday natija yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita ifodalangan moddiy obyektga nisbatan mulk huquqidan qati nazar, unga bog’liq bo’lmagan holda, undan mustaqil ravishda mavjud bo’ladi. Masalan, asar mingab nusxada kitob shaklida nashr etilishi, ixtiro asosida mahsulotlar (masalan, qurilma, uskuna, dori-darmon va hokazo) ishlab chiqilishi mumkin. Bunda, albatta, nashr etilgan asarning kitob shaklidagi nusxalarini sotib olgan shaxsda, ixtiro asosida chiqarilgan mahsulotni sotib olgan shaxslarda o’sha kitobga nisbatan, o’sha mahsulotga nisbatan mulk huquqi vujudga keladi, biroq 501 asarga nisbatan yoki ixtiroga nisbatan mutlaq huquq vujudga kelmaydi. Intellektual mulk obyektlari turli moddiy vositalarda ifodalanishi, cheksiz nusxalarda mavjud bo’lishi va fuqarolik muomalasida harakat qilishi mumkin, bunday moddiy vositalar ashyolar tarzida ko’rilishi mumkin, biroq bunday ashyolarga nisbatan mulk huquqi uning kelib chiqish, yaratilishi asosi bo’lgan g’oyaviy (ideya) negizi bo’lgan intellektual mulk huquqi obyektiga bo’lgan mutlaq huquqlarga aslo ta’sir qilmaydi. Intellektual faoliyatning ayrim natijalari o’zining g’oyaviy negizi va bu negiz moddiy mujassami bilan uzviy bog’liq holda mavjud bo’lishi mumkin (masalan, yagona nusxadagi haykal, portret, o’simliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zotlari va shu kabilar). Bunday obyektlar fuqarolik muomalasida harakatda bo’lganda mutlaq huquq va mulk huquqi mazmuni va ta’sir doirasi aslo chalkashtirilmasligi shart. Masalan, portret rassom tomonidan boshqa shaxsga sotilganda rassom ushbu portretdan nusxalar ko’chirish va ularni ko’paytirib, erkin tasarruf etish huquqini o’zida saqlab qolishi mumkin. Bunda rassom ushbu portretga nisbatan, unga mualliflik huquqi obyekti bo’lgan asarga nisbatan mutlaq huquqini o’zida saqlab qoladi, biroq portretning original nusxasiga nisbatan mulk uni sotib olgan xaridorga o’tadi. Yagona nusxani, nodir (takrorlanmas) tusdagi obyektlar fuqarolik muomalasida harakatda bo’lganda, ularga nisbatan mulk huquqi va mutlaq huquq, ba’zi istisnolarni nazarga olmaganda, aynan hisoblanishi mumkin. Bunday hollarda obyekt moddiy-ashyoviy negizidan ajralmasligini hisobga olgan holda, unga nisbatan mulk huquqi qoidalarining qo’llanilishi maqsadga muvofiq. Bunday obyektni o’zidan begonalashtiruvchi shaxs bir vaqtning o’zida ham mulk huquqi, ham mutlaq huquqini bir xil yo’nalishda va uslubda o’zidan begonalashtirmog’i lozim. Boshqa har qanday hollarda mutlaq huquq va mulk huquqi o’rtasida kolliziya vujudga kelganda, mutlaq huquq ustuvorlikka ega bo’ladi. Bu holat, masalan, «Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 5-moddasida o’z ifodasini topgan. Chunonchi, biron-bir kishi yangi bug’doy navini, garchi mazkur navni qonuniy asoslarda olgan bo’lsa ham uni mutlaq huquq sohibidan beruxsat ko’paytirishga yoki tarqatishga haqli emas. Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga bo’lgan mutlaq huquq ham bu vositalar ifodalangan moddiy obyektga nisbatan mulk huquqidan qati nazar, u bilan bog’liq bo’lmagan va mustaqil holda amal qiladi. Masalan, tovar belgisi ifodalangan reklama pannosini sotib olgan shaxsda bu pannoga nisbatan mulk huquqi vujudga keladi va undan qonuniy asosda o’z xohishicha foydalanishga hakli, biroq tovar belgisiga nisbatan mutlaq huquqqa bu hol ta’sir etmaydi. Vosita ifodalangan moddiy obyektlar juda ko’p va xilma-xil bo’lishi, u turli shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo’lishi mumkin, biroq bu vositaga nisbatan mutlaq huquq sohibi yagona shaxs bo’lib qoladi va bu mutlaq huquq mazmuniga, uning amalga oshirilishiga aslo to’sqinlik qilmaydi, xalaqit bermaydi. Mutlaq huquq va mulk xuquqi bir-biridan qat’i nazar, mavjud bo’ladi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling