Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Litsenziya shartnomalari va ularning turlari
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
6 §. Litsenziya shartnomalari va ularning turlari Litsenziya shartnomasi bo’yicha intellektual faoliyati natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalarga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo’lgan tarafga (litsenziyaga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishiga ruxsat beriladi. Litsenziya shartnomasi intellektual mulk obyektlaridan uchinchi shaxslarning foydalanishiga imkon beruvchi muhim fuqarolik huquqiy vosita hisoblanadi. Litsenziya shartnomasi intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsat berish haqidagi kelishuv hisoblanadi. Mulk egasi (patent egasi, tovar belgisi sohibi, mualliflik huquqi obyekti sohibi, oshkor etilmagan axborotlar egasi) ning huquqiy muhofaza ostidagi obyektdan foydalanish o’ziga tegishli huquqlarni belgilangan tartibda va ma’lum shartlar asosida uchinchi shaxslarga berishga litsenziya (ruxsatnoma) deyiladi. (Qarang: Grajdanskoe pravo. M., izd. Bek, 1994. 248—249-b.). Litsenziya shartnomasi o’zining huquqiy tabiatiga ko’ra an’ana-viy olish- sotish va mulkiy ijara belgilariga o’xshab ketsa ham bu shartnomalardan o’ziga xos jihatlari bilan farq qiladi. Birinchidan, olish-sotish va mulk ijarasi shartnomalari sotuvchining yoki ijaraga beruvchining mulk huquqiga yoki ashyoviy huquqiga asoslanadi. Litsenziya shartnomasi esa litsenziya beruvchining intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqiga asoslanadi. Ikkinchidan, olish-sotish yoxud mulkiy ijara asosida ashyo oluvchiga yoki 494 ijaraga topshiriladi va bu ashyoga nisbatan bir vaqgning o’zida ikki taraflama egalik qilish mumkin. Mutlaq huquq obyektini esa ko’p hollarda topshirishga hojat yo’q: ixtiro, sanoat namunasi mazmuni yoki tovar belgisi tasviri e’lon etilgan va hamma u bilan tanishishi, xabardor bo’lishi imkoniga ega. Bu obyekt bir vaqtning o’zida litsenziya beruvchi (litsenziar) tomonidan ham, nomuayyan doiradagi uchinchi shaxslar (litsenziatlar) tomonidan ham foydalanilishi mumkin. Ushbu xususiyatlardan kelib chiqqan holda, oldi-sotdi shartnomasi bo’yicha FKning tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari (FKning 388-moddasi), sotuvchining sotilgan tovarni saqlash majburiyati (FKning 391-moddasi), sotuvchining tovar kamchilik-nuqsonlari uchun javobgarligi (FKning 409- moddasi) va shu kabi mulkiy ijara shartnomasi bo’yicha qator qoidalarni litsenziya shartnomasi bo’yicha amalda qo’llab bo’lmaydi. Litsenziya shartnomasining predmeti bo’lib huquqiy muhofaza ostidagi ijodiy faoliyat natijasi (fan, adabiyot, san’at asarlari, kompyuter dasturlari, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va hokazo) yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita (firma nomi, tovar, xizmat ko’rsatish belgisi) hisoblanadi. FKning 1109- moddasi 3-qismiga asosan, tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi litsenziya shartnomasi predmeti bo’la olmaydi. Shartnomada qatnashuvchi taraf – intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq sohibi – litsenziar hisoblanadi. Mutlaq huquq egasining huquqlari qonuniy asosga ko’ra vujudga kelgan yoki vakolatli davlat idorasi bergan huquqiy muhofaza yorlig’i bilan guvohlantirilgan bo’lishi shart. Shartnomada qatnashuvchi boshqa taraf – intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma olgan shaxs – litsenziat deb ataladi. Litsenziya shartnomasida beriladigan huquq, foydalanish chegaralari va muddatlari aniq belgilab qo’yilishi lozim. Yuqorida ko’rsatilganday, intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar doirasi nihoyatda keng va rang-barang. Bunday huquqlar shartli ravishda uch guruhga bo’linishi mumkin: huquq egasining obyektdan shaxsan foydalanishi, boshqalarga foydalanishga ruxsat berishi, boshqalarning foydalanishini taqiqlab qo’yishi. Ayni vaqtda bu huquqlar ham turlicha ko’rinishlarda namoyon bo’lishi mumkin: o’zi foydalanishi, boshqaga ham foydalanishga ruxsat berishi; faqat o’zi foydalanishi; o’zi foydalanmay, boshqaga foydalanishga ruxsat berishi. Boshqaga foydalanishga berishda bunday foydalanish hududi, foydalanish hajmi va miqyoslari (o’zi xohlaganday ma’lum texnologik jarayon yoki ishlab chiqarishda, ma’lum mahsulotga nisbatan va hokazo) ham aniq belgilab qo’yilishi lozim. Litsenziya shartnomasida litsenziya asosida litsenziatning intellektual mulk obyektidan foydalanish muddati aniq belgilab qo’yilishi lozim. Bu muddat litsenziya berilgan vaqtdan boshlab, obyektni huquqiy muhofaza qilish muddati doirasidan qisqa bo’lishi shart. Masalan, ixtiroga berilgan patent 20 yil amal qiladi, aytaylik, ushbu ixtirodan foydalanishga litsenziya berilganda, patentning amal qilish muddati 10 yil qolgandi. Litsenziya muddati ana shu qolgan muddatdan qisqa bo’lishi shart. Agarda obyektdan foydalanishga berilgan ruxsatnoma muddat bilan chegaralanmagan, ya’ni obyektning huquqiy muhofaza muddati davomida amal qiladigan bo’lsa, u holda foydalanish litsenziya shartnomasi orqali rasmiylashtirilmaydi, bunda FKning 1035-moddasi 1-qismi qoidalari qo’llaniladi. 495 Litsenziya shartnomasi haq baravariga tuziladigan shartnoma hisoblanadi. Odatda litsenziya shartnomasi bo’yicha haq to’lashda ikki xil shakl keng qo’llaniladi: bir vaqtning o’zida haqning hammasini to’lash (paushal to’lov) va litsenziya asosida ishlab chiqarilgan mahsulot yoki sotilgan tovardan olingan daromadlardan hissa ajratib berib turish (royalti). Ba’zan har ikkala shakl birgalikda qo’llaniladi. Bunda dastlab kafolatlangan qat’iy miqdordagi haq va keyinchalik har belgilangan davrda foydadan ulush ajratish. Ba’zi hollarda haq natura shaklida ham olinishi mumkin. To’lovning shakli taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi. Litsenziya shartnomasi asosida litsenziatga quyidagilarning berilishini nazarda tutish mumkin: - intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini; - intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saklanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyalarni berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini; - qonunda yo’l qo’yiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni. Oddiy mutlaq litsenziyada intellektual mulk obyektidan mutlaq huquq egasining o’zi (ya’ni litsenziar), litsenziat va ayni vaqgda mutlaq huquq egasidan ruxsat olgan boshqa uchinchi shaxslar ham foydalanish huquqiga ega bo’ldi. Binobarin, bunday holda litsenziat litsenziya asosida foydalanishga ruxsat olgan obyektda mutlaq huquq egasining foydalanishiga, shuningdek, litsenziat olingan litsenziya asosida oldindan mavjud yoki keyinchalik paydo bo’luvchi boshqa litsenziatlarning obyektdan foydalanish huquqlariga e’tiroz bildirishga haqli emas. Bunda litsenziatga obyektdan boshqalar qatori foydalanish huquqi o’tadi, xolos. Mutlaq litsenziyada obyekgdan litsenziat ham, litsenziar ham foydalanishga haqli, biroq litsenziar boshqa uchinchi shaxslarga obyektdan foydalanish bo’yicha litsenziya berishga haqli emas. Binobarin, mutlaq litsenziya shartnomasi amal qilgan vaqtda litsenziat ham, litsenziar ham obyektdan foydalanishda teng hajmli huquqqa ega bo’ladi. Qonunlarda, shuningdek, majburiy litsenziya, ochiq litsenziya berilishi shart bo’lgan litsenziya turlari ham mavjud. «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 11-moddasiga asosan patent egalari patent ro’yxatga olingan sanadan boshlab uch yil mobaynida sanoat mulki obyektidan foydalanmasa yoki yetarli darajada foydalanmasa, ushbu muhofaza etilayotgan sanoat mulki obyektidan foydalanishni xohlovchi va foydalanishga tayyor har qanday shaxs, patent egasi litsenziya shartnomasi tuzishdan bosh tortgan taqdirda, o’ziga majburiy nomutlaq litsenziya berishni so’rab sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin. Agarda mutlaq huquq egasi sanoat mulki obyektidan foydalanmaganlik yoki yetarli darajada foydalanmaganlik uzrli sabablarga ko’ra ro’y berganligini isbotlab bermasa, sud yuqorida ko’rsatilgan shaxsga foydalanish doirasi hajmi, muddatlari va haq to’lash tartibini belgilagan holda majburiy litsenziya berishga haqli. Bunda to’lanadigan haq miqdori litsenziyaning bozor bahosidan kam bo’lmasligi shart. 496 «Seleksiya yutuqlari haqida»gi Qonunning 40-moddasiga asosan agar patent egasi patent berilgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida seleksiya yutug’idan O’zbekiston Respublikasida foydalanmasa hamda litsenziya shartnomasi tuzishni rad etsa va, agar mazkur seleksiya yutug’idan foydalanmaslik jamiyat manfaatlariga daxl etadigan bo’lsa, bu seleksiya yutug’idan foydalanish istagidagi shaxs o’ziga majburiy litsenziya berishni so’rab ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Majburiy litsenziya nomutlaq (oddiy) litsenziya tariqasida beriladi va uning egasiga patent egasidan dastlabki urug’lik, ko’chat yoki nasl materialini olish huquqini beradi. Majburiy litsenziya faqat seleksiya yutug’idan ijozat etiladigan uslubda va litsenziyaga muvofiq foydalanilishini ta’minlay oladigan shaxsga beriladi. Majburiy litsenziya patent egasining muhofaza qilinayotgan seleksiya yutug’idan foydalanishiga yoki seleksiya yutug’idan foydalanish uchun boshqa shaxsga litsenziyani berishiga to’sqinlik qilmaydi. Intellektual mulk agentligi majburiy litsenziyalar berilganligi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi. Majburiy litsenziyaning yana bir ko’rinishi – berilishi shart bo’lgan litsenziya hisoblanadi. «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari haqida»gi Qonunning 32-moddasiga asosan, agar patent egasi sanoat mulki obyektidan uning tarkibida boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga qarashli muhofaza qilinayotgan o’zga obyekt qo’llanilishi tufayli foydalana olmasa, patent egasi mazkur shaxsdan bu obyektdan shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida foydalanish uchun litsenziya berishni talab qilishga haqlidir. Intellektual mulk huquqining ba’zi obyektlariga nisbatan ochiq litsenziya shartlari qo’llaniladi. «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida» gi Qonunning 32-moddasiga asosan, patent egasi Intellektual mulk agentligiga har qanday shaxsga sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini berishi haqida ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Bunday tartibda olinadigan litsenziyaga ochiq litsenziya deyiladi. Ochiq litsenziya sotib olish istagida bo’lgan shaxs patent egasi bilan to’lovlar haqida shartnoma yoxud nomutlaq litsenziya berish haqida shartnoma tuzishi lozim. Shartnoma shartlari bo’yicha nizolar xo’jalik sudlardda ko’riladi. Patent egasining ochiq litsenziya berish haqidagi arizasi qaytarib olinishi mumkin emas. «Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 39-moddasiga asosan, patent egasi Intellektual mulk agentligiga seleksiya yutug’idan foydalanish huquqini har qanday shaxsga berish to’g’risida ariza topshirishga haqli. Bu holda patent yoki guvohnoma o’z kuchida saklanganlik uchun undiriladigan boj yoki yig’im 50 foizga kamaytiriladi. Patent egasining ochiq litsenziyaga bo’lgan huquqini boshqa shaxsga berish to’g’risidagi arizasi chaqirib olinmaydi. Ochiq litsenziya sotib olish istagini bildirgan shaxs patent egasi bilan to’lovlar haqida shartnoma tuzishi shart. Shartnoma shartlariga doir nizolar sud tomonidan hal etiladi. Intellektual mulk obyektidan mutlaq huquq egasidan litsenziya olmasdan foydalanishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina yo’l qo’yiladi. Bunday foydalanish haq evaziga yoki tekin bo’lishi mumkin. Masalan, «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi qonunning 31-moddasida belgilangan hollarda va tartibda sanoat mulki obyektidan avvaldan foydalanuvchi litsenziya olmasdan, tekin foydalanishga haqli. Ushbu qonunning 32-moddasi 4-qismiga 497 asosan sanoat mulki obyektidan patent egasining roziligisiz mutanosib miqdorda unga tovon to’lagan holda foydalanilishiga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ruxsat berishi mumkin. Bunda to’lov hajmi to’g’risida nizolar Oliy Xo’jalik Sudi tomonidan hal etiladi. Litsenziya shartnomasi yozma ravishda tuziladi. Sanoat mulki obyektlari (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar [xizmat] belgisi)dan foydalanish, shuningdek, seleksiya yutuqlari, nou-xaudan foydalanishga berilgan litsenziya Intellektual mulk agentligida ro’yxatdan o’tkazilishi shart, aks holda, FKning 112- moddasi 1-qismiga asosan ular mutlaq (o’z-o’zidan) haqiqiy hisoblanmaydi. Mualliflik litsenziya shartnomasining o’ziga xos xususiyatlari haqida FKning 1071-moddasida belgilab qo’yilgan. Garchi qonunda bevosita talab qilinmasa ham yaratilishi fakti bo’yicha mutlaq huquq vujudga keladigan va huquqiy muhofaza qilinadigan obyektlardan foydalanishga litsenziya berish haqidagi shartnomalar notarial tartibda guvohlantirilmog’i maqsadga muvofiq bo’lur edi. Litsenziya shartnomasi mazmunida quyidagilar o’z ifodasini topmog’i lozim: taraflarning nomlari, litsenziarning obyektga nisbatan mutlaq huquqlarini guvohlantiruvchi (tasdiqlovchi) hujjat haqida ma’lumotlar, obyektdan foydalanish bo’yicha berilayotgan huquq hajmi, foydalanish doirasi, uslubi, chegarasi, foydalanish muddati, haq to’lash shakli, miqstor va tartibi, taraflarning javobgarligi, nizolarni hal etish tartibi va hokazo. Bundan tashqari, shartnomada litsenziarning litsenziatga berilayotgan huquqlaridan real foydalanishni ta’minlash majburiyati (zarur hujjatlarni berish), buyumlar namunalari bilan topshirish, texnik yordam ko’rsatish, o’z mutaxassislarini yuborish, maxsus qurilmalar, asbob- uskunalar, xom ashyo bilan ta’minlash va shu kabilar ko’zda tutilishi mumkin. Bundan tashqari, litsenziar litsenziya uchun asos bo’lgan patentning amal qilinishini ta’minlash (bojlarni to’lab turish, uchinchi shaxslar da’volaridan himoya qilish), litsenziat tomonidan texnik shartlarga va yo’l-yo’riqlarga rioya qilgan holda litsenziya asosida mahsulot ishlab chiqarishni texnik jihatdan amalga oshirish mumkinligi va zarur ko’rsatkichlarga erishysh uchun javobgardir. Ba’zi hollarda litsenziya shartnomasining eng muhim shartlaridan biri bo’lib, taraflar tomonidan patentlarga taalluqli ma’lumotlarning sir saqlanishi hisoblanadi. Shartnomada bu majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Intellektual mulk obyektlarining ba’zi birlari bo’yicha litsenziya shartnomasida nazarda tutilishi majburiy bo’lgan shartlar qonunda bevosita ko’rsatilgan. Masalan, FKning 1111-moddasi 2-qismiga asosan, firma nomidan foydalanishga litsenziya berilganda shartnomada iste’molchini chalg’itib qo’yishni istisno etuvchi ishoralar shart qilib qo’yilishi lozim. Mahsulot (xizmat) belgisi haqidagi qonunning 21-moddasi 3-qismiga asosan, tovar belgasidan foydalanish huquqidan boshqa shaxsga litsenziya asosida foydalanishga berilganda shartnomada litsenziar mahsulotining sifatidan past bo’lmasligi va litsenziar ana shu shartga amal qilayotganligini nazorat etib turishi haqida shart bo’lishi lozim. Agarda litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi. Buning ma’nosi shundan iboratki, litsenziya shartnomasida litsenziar tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini berish ko’rsatilgan bo’lishi mumkin. Ushbu obyektdan 498 litsenziarning o’zi foydalanishi va boshqalarga foydalanishga ruxsat berishi haqida ko’rsatmagan bo’lsa ham bunday huquq mavjudligi haqidagi prezumpsiya amal qiladi. Binobarin, bunday shartnoma nomutlaq litsenziya shartnomasi hisoblanadi va litsenziar bunga e’tiroz bildirishga haqli emas. Litsenziya oluvchi tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma sublitsenziya (ikkilamchi yoki hosila litsenziya) shartnomasi hisoblanadi. Litsenziya oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli. Binobarin, bunday turdagi litsenziyani faqat mutlaq va to’liq litsenziya egalarigina bera oladi. Bunda sublitsenziatga beriladigan foydalanish huquqi hajmi sublitsenziarning birlamchi litsenziya shartnomasi asosida litsenziat sifatida olgan huquqlari hajmidan oshmasligi shart. Asosiy (birlamchi) litsenziya shartnomasi haqiqiy emas deb topilganda yoki muddati tugaganda sublitsenziya ham o’z- o’zidan bekor bo’ladi. Qo’shimcha (ikkilamchi) litsenziatning harakatlari uchun agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar bo’ladi. Masalan, qo’shimcha (ikkilamchi) litsenziat aybi bilan litsenziya uchun asos bo’lgan patentga doir ma’lumotlar, maxfiyligi saqlanmay oshkor qilinganda, asosiy litsenziar oldida litsenziatning o’zi javobgar bo’ladi. O’z navbatida asosiy litsenziar ikkilamchi (qo’shimcha) litsenziatga nisbatan regress da’vo huquqiga ega. Umumiy qoida bo’yicha sublitsenziatning harakatlari uchun asosiy litsenziar oldida litsenziat aybi bor-yo’qligidan qat’i nazar, javobgar bo’ladi. Litsenziya shartnomasida sublitsenziatning litsenziar oldida bevosita o’z harakatlari uchun javobgar bo’lishligi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling