Toshkent davlat yuridik universiteti
-§. 7-§. KO`CHMAS MULKNI SOTISH SHARTNOMASI
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
7-§. 7-§. KO`CHMAS MULKNI SOTISH SHARTNOMASI
1. Ko`chmas mulkni sotish shartnomasi tushunchasi, turlari va shartnoma shakli Ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomasiga binoan sotuvchi yer uchastkasi, bino, inshoot, kvartira yoki boshqa ko`chmas mulkni sotib oluvchiga mulk qilib topshirishni, sotib oluvchi buning uchun tegishli haqni to`lashi lozim bo`ladi. FKning 83-moddasiga asosan ko`chmas mulk jumlasiga er uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, ko`p yillik dov-daraxtlar va er bilan uzviy bog’langan boshqa mol-mulk, ya’ni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar etkazmagan holda joyini o`zgartirish mumkin bo`lmaydigan obyektlar kiradi. Ko`chmas mulkning muhim belgisi uning yer bilan uzviy bog’liqligidir. Bunday bog’liqlik tabiiy holda vujudga kelganmi (masalan, buloq, kon) yoki inson mehnati orqali vujudga kelganmi (masalan, bino, quduq, bog’ va shu kabilar) ahamiyatga ega emas. Ko`chmas mol-mulk yer bilan uzviy ekanligidan, uning ikkinchi bir belgisi kelib chiqadi: bunday mol-mulkni bir joydan ikkinchi joyga ko`chirish mumkin emas yoki ko`chirish jarayonida katta qiyinchiliklar vujudga keladi. Bunday qiyinchiliklar, eng avvalo, ko`chmas mol-mulkni ko`chirganda o`zining tabiiy xususiyatlarini yo`qotishi, undan tayinlanish maqsadi bo`yicha foydalanib bo`lmasligi, shaklan yoki jisman o`zgarishlarda namoyon bo`ladi. Ko`chmas mol-mulkning muhim belgisi sifatida uning alohida qiymatga ega ekanini aytish lozim. Masalan, ba’zi mamlakatlar qonuni bo`yicha dengiz va daryo kemalari, kosmik obyektlar ham (masalan, erning sun’iy yo`ldoshlari) ko`chmas mol-mulk jumlasiga kiritilgan. Ko`chmas mol-mulkning quyidagi turlari mavjud: a) mol-mulk majmui sifatida korxona; b) turarjoy binolari; v) yer osti qatlamida, er bag’rida joylashgan obyektlar (konlar, shaxtalar, g’orlar, yerosti suv havzalari, tonnellar); g) joylashgan joyidagi er sathi bilan uzviy mustahkam bog’liq obyektlar (binolar, bog’lar, inshootlar, o`rmonlar, ko`llar, daryolar, ariqlar); d) yer uchastkalari; e) garchi yer bilan bog’liq bo`lmasa-da, alohida qiymatga ega ekanligi sababli fuqarolik muomalasida ko`chmas mol-mulkning huquqiy rejimi joriy qilingan obyektlar – dengiz va havo kemalari, fazo obyektlari. FKning 84-moddasiga asosan ko`chmas mulkka egalik qilish huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga o`tishi, cheklanishi va bekor bo`lishi davlat ro`yxatidan o`tkazilishi kerak. Ko`chmas mol-mulkka bo`lgan mulk huquqini davlat ro`yxatidan o`tkazish mulkdorga ko`chmas mulkka nisbatan mulkdor ekanligi haqida hujjat berish, shu- ningdek, ko`chmas mulk mulkdorini maxsus davlat reestrida qayd qilish orqali 68 amalga oshiriladi. Ko`chmas mulkning sotuvchisi, binobarin, mulkdor sifatida tegishli hujjatga ega bo`lishi, ko`chmas mol-mulkning o`zi va mulkdori davlat reestrida ro`yxatdan o`tgan bo`lishi shart. Aks holda, u ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi sifatida qatnasha olmaydi. FKning 480-moddasiga ko`ra ko`chmas mulkni sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuziladi. Binobarin, bunda hujjatlarni almashish yo`li bilan shartnoma tuzish mumkin bo`lmaydi. Ushbu talabga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo`ladi. Qonun talab qilgan hollarda ko`chmas mulkning oldi-sotdi shartnomasi notarial guvohlantirilishi kerak (masalan, korxonalarning, turarjoy binolarining oldi-sotdi shartnomasida va h.k.). Ko`chmas mulkni sotish shartnomasiga binoan ko`chmas mulkka bo`lgan huquqning sotib oluvchiga o`tganligi davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim (FK, 481-modda). Shartnomaning davlat ro`yxatidan o`tkazilishi shartnoma matniga vakolatli davlat idorasi tomonidan ustxat yozish yo`li bilan amalga oshiriladi. Ayni paytda sotib oluvchi mulkdor sifatida ko`chmas mulk davlat reestrida qayd etiladi va unga mulkdorlik huquqini tasdiqlovchi hujjat beriladi. Mulk huquqi boshqa shaxsga o`tganligi davlat ro`yxatidan o`tkazilguniga qadar taraflarning ko`chmas mulkni sotish shartnomasining bajarilishi ularning uchinchi shaxs bilan munosabatlarini o`zgartirish uchun asos bo`lmaydi. Agar taraflardan biri ko`chmas mulkka bo`lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o`tganligini davlat ro`yxatidan o`tkazishdan bo`yin tovlasa, sud boshqa tarafning talabiga ko`ra mulk huquqi boshqa shaxsga o`tganligini davlat ro`yxatidan o`tkazish to`g’risida qaror chiqarishga haqli. Mulk huquqi boshqa shaxsga o`tganligini davlat ro`yxatidan o`tkazishdan asossiz ravishda bosh tortayotgan taraf boshqa tarafning ro`yxatdan o`tkazish kechikkanligi sababli ko`rgan zararini qoplashi shart. Bugungi kunda ko`chmas mulkni sotish shartnomasini tuzish va uni rasmiylashtirish bilan bog’liq xizmatlar ko`rsatishga oid alohida faoliyat yuzaga kelganligini qayd etib o`tish lozim. “Rieltorlik faoliyati to`g’risida”gi qonunga (22.12.2010 y.) ko`ra, rieltorlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarning ko`chmas mulk obyektlari va ularga bo`lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bog’liq xizmatlarni shartnoma asosida ko`rsatish bo`yicha tadbirkorlik faoliyatidir. Rieltor quyidagi rieltorlik xizmatlarini ko`rsatadi: ko`chmas mulk obyektlari va ularga bo`lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog’idagi vositachi-lik; ko`chmas mulk obyektlari va ularga bo`lgan huquqlarning savdosini tashkil etish; ko`chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish; ko`chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko`ra, ko`chmas mulk obyektlariga va ularga bo`lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog’idagi vositachilik (ko`chmas mulkning oldi-sotdisi, ijarasi, garovi, ayirboshlanishi, hadya etilishi, rentasi, ko`chmas mulkdan tekin foydalanilishi va umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joyni (kvartirani) boshqa shaxsga berish bilan bog’liq harakatlar) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachi bilan tuzilgan rieltorlik xizmatlari ko`rsatish shartnomasi asosida rieltorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Bunda rieltorlik tashkiloti mazkur bitimlarning bevosita tarafi bo`lishi mumkin emas. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling