Toshkent viloyati chirchiq davlat pedagogika universiteti


I.2. Badiiy san’at turlari haqida


Download 66.16 Kb.
bet4/14
Sana08.01.2023
Hajmi66.16 Kb.
#1084087
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
Kurs ishi

I.2. Badiiy san’at turlari haqida
Iyhom (arabcha — shubhaga solish, chalgʻitish) — shubhaga tushirishdir (Vohid Tabriziy), ya’ni bir baytda ikki xil (biri ochiq, ikkinchisi sirliroq) ma’noni ifodalash san’atidir. Labing bagʻrimni qon qildi, koʻzimdin qon ravon qildi, Nega holim yomon qildi — men andin bir soʻrorim bor. Zahiriddin Boburning gʻazalidagi bu baytda „soʻrorim“ soʻzi iyhom san’atini voqe qilyapti: Yorning labiga ishtiyoqlik oshiqning bagʻrini „qon“ qildi, koʻzini qizartirib yubordi, holini yomon qildi, undan bir soʻrishgina bu azoblardan qutqarishi mumkin degan mazmun ifoda qilingan. Garchi birinchi qarashda kitobxon „soʻramoqchiman“ degan yuzadagi ma’noni ilgʻasa-da, „soʻrmoqchiman“ tushunchasini anglagach, shubhasi tarqaladi. Lekin bu holatni ochiq-oydin ifodalamasdan, anglaydigan darajada sirli va pardali qilib tasvirlash — qalbni hayajonga soladi.
Tazod (arabcha — qarshilantirish, zid) san’atida shoir she’rida qarama-qarshi, bir-biriga zid ma’noli soʻzlarni qoʻllaydi. „Tazod yuzakiroq qaraganda antiteza usuliga ham oʻxshaydi — ularning har ikkalasida ham bir-biriga zid tushunchalar yuzlashtiriladi, ayni choqda, ularning bir-biridan farqli jihatlari ham bor. Antitezada toʻqnashuvchi bir-biriga zid narsalar ikki mustaqil manbadan kelib chiqsa, tazoddagi toʻqnashuvchi birbiriga zid narsalarning kelib chiqish manbayi yagona: bir narsa ham yaxshilikning, ham yomonlikning kelib chiqishini oʻz ichiga qamrab oladi“ (Toʻxta Boboyev. „Adabiyotshunoslik asoslari“, 381-bet).
E, Masihodam begim, bir dam ila bergil shifo,
Sheva birla koʻzlaring jonimni bemor ayladi.
(Yorning (Masiho — Iso) dami (ogʻzi) koʻziga qaramaqarshi qoʻyilgan: koʻzi bemor qiladi, dami — nafasi shifo beradi. Ayni zamonda koʻz bilan ogʻiz bir-biriga bogʻliq, ikkalasi ham yomikidir.) Koʻrinadiki, tazodda zid qoʻyilgan ikki tomon (obraz, predmet) qiyoslanadi, ayni zamonda, uzviy ravishda bir-biriga mustahkam bogʻlanib keladi.
Kitobat - Atoiyning mashhur «Ul sanamkim» gʻazali shunday yakunlanadi: Qoshlaring yosin Atoiy koʻrgali husn ichra toq,
Subhidam mehroblarda surayi «yosin» oʻqir.
Bir qarashda ushbu baytda takrorlanayotgan soʻz («yosin») tajnis san’atini yuzaga keltirayotgani seziladi. Gapning «yo» harfi hamda «yosin» surasi ustida ketayotgani aniq. Endi Lutfiyning quyidagi baytini kuzataylik:
Halqa-halqa zulfikim ul mohi tobonindadur,
Chingʻa boqsam doldek xurshid aning yonindadur.
Bu yerda xurshid — quyosh «dol» harfiga oʻxshatilmoqda. Bayt ma’nosi, u oy singari porlab turuvchi yorning sochlari halqahalqadir. Uning jingalak sochlariga qarasam «dol» harfidek quyosh (ya’ni yorning yuzi) uning yonida turibdi. Ushbu misollarda yoy, dol harflarining arab imlosidagi shaklidan foydalanilmoqda. Quyidagi misolda esa mim harfi e’tiborga olingan:
Oytek yuzungda ogʻiz muvajjah tushubtur,
Har qaydakim qamar ila tushgay aroda mim.
Oy va qamarning oʻzaro ma’nodosh ekanligi yaxshi ma’lum. Mumtoz adabiyotimizda ogʻizning kichikligi goʻzallik ramzlaridan biridir. Uning «rnim» harfiga oʻxshatilishiga shu belgi asos qilib olingan. Ey, «mim» ogʻizli belingga koʻnglum qoʻyub dedim, Rahmim kelurki qilcha beling yuki qof erur. Ushbu misolda «qof» soʻzi ikki ma’noda kelyapti. Ularning biri «Qof» togʻini anglatsa, boshqasi harf nomini bildiradi. Quyidagi misolda «jim» harfi badiiy tasvir vositasiga aylangan:
Koʻrmish qora soch halqasi ostindan mengingni,
Jim oʻrtasida ul kishikim nuqta solibdur.
Qora soch ostidagi meng (xol) «jim» harfi hamda uning nuqtasiga oʻxshatilmoqda. Mumtoz she’riyatimizda «alif» harfi qad, qomat tasvirini aks ettirgan: Chun oʻlarmen ul alifdek qaddu tor ogʻzing uchun, Sen oʻtarda turbatimdin qoʻygʻusidur «oh-oh». Shuningdek, «be», «chim», «sod», «zod», «ayn», «kof», «lom», «nun» va boshqa arab harflari ham badiiy tasvirga tortiladi.
Ruju – arabcha “qaytish” – she’riyatda shoirning oldingi misra yoki baytda ifodalagan fikri, qoʻllagan badiiy tasviriy vositasidan qaytgandek boʻlib, keyingi misra yoki baytda unga qaraganda kuchliroq ifoda, she’riy san’atni keltirihs yoki oldingi fikrni aniqlashtirish, toʻldirish usulidir. Mumtoz she’riyatimizda ruju ayniqsa, tashbeh qoʻllangan misralarda koʻproq uchraydi:
Kishiga oʻxshamas, goʻya paridur,
Pari yoʻq, oftobi hovariydur.
Irsol-u masal (arabcha — maqol keltirish) she’riy baytda fikr qaymogʻini tashuvchi, ayni paytda, judayam siqiq shakldagi maqollarni qoʻllash san’atidir
Sabr qilsang gʻoʻradin halvo bitar,
Besabrlar oʻz oyogʻidan yitar.
(Gulxaniy )
Vahob Rahmonov yozishicha, „Ikki maqol keltirish, ya’ni irsol-u du masal namunasini Muhammad Niyoz Nishotiyning „Husn va Dil“ dostonidan koʻraylik:
Kimki qozar oqibat ul tushgusi,
Kimki yoqar oxir oʻshal pishgusi...
Shoir boshqa xalq maqollarini ham matnga jalb etsa, irsol-u masal san’ati namunasi boʻlaveradi. Chunonchi, Mavlono Lutfiy gʻazali maqtaidan: Bir gʻamza yetar Lutfiyni devona qilurgʻa, Bordur masal: „ A1 oqil-u kamfihul ishora“. Koʻryapmizki, muallif „Oqilga ishora kifoyadir“ mazmunidagi arab maqolidan foydalangan“ („She’r san’atlari“, 12-bet).
Tajohul-u orif (arabcha — bilib-bilmaslikka olish) „Andin iboratturkim, soʻzlaguvchi bir nimani bilur, bir nuqta bila oʻzni bilmagandek koʻrsatur“ (Atoulloh Husayniy). Ushbu san’at qoʻllanilgan baytning mazmunida gumonsirash, ikkilanish, shubhalanish, hayratlanish, ajablanish tuygʻulari yaqqol koʻzga tashlansa-da, shu hissiyotlar orqali haqiqat, asos jonli va goʻzal tarzda gavdalanadi. Mashrabning quyidagi gʻazalida tajohul-u orif san’atining dilbar ijrosini koʻrish mumkin:
Malaksan yo bashar yo hur-u gilmonsan, bilib boʻlmas,
Bu Lutf-u bu nazokat birla sendin ayrilib boʻlmas.


Ajab berahm dilbarsan, ajab shoʻxi sitamgarsan,
Charogʻi husni roʻyingdin koʻngulni ham uzib boʻlmas.
Yuzing oftobini koʻrib hayron boʻlib qoldim,
Falakka qoʻl uzotib shamsi anvarni olib boʻlmas.


Yuzing misli qizil guldir, koʻngul chun bulbuli shaydo,
Bu gulni ishqidin bulbul chamondin ayrilib boʻlmas.


Kel, Ey Mashrab, agar oshiq boʻlubsan boʻlmagʻil gʻofil,
Bu gʻaflat uyqusidin, ey yoronlar, uygʻonib boʻlmas.

Talmeh (arabcha — nazar solmoq, koʻz qirini tashlash) san’atida „shoir qahramon siymosini gavdalantirishda uni oʻtmishdagi mashhur adabiy, diniy yoki tarixiy qahramonlar bilan qiyoslaydi, oʻxshatadi; goho oʻsha oʻtmish qahramonlari ismshariflari aytilmay, ular bilan bogʻliq voqealar esga olinishi ham mumkin. Har ikki holda ham talmeh san’ati sodir boʻladi“ (V. Rahmonov):


Koʻp oʻqurdum Vomiq-u Farhod-u Majnun qissasin,
Oʻz ishimdin bul ajabroq dostone topmadim.

Tajnis (arabcha — oʻxshash boʻlmoq) deb, yozilishi bir xil, ammo ma’nolari har xil boʻlgan — jinsdosh soʻzlarning baytda ikki yoki undan ortiqroq takrorlanishiga aytiladi.


Qoʻlingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot.
Nasihatim yod qilib ol, yolgʻizim,
Yolgʻiz yursa, chang chiqarmas yaxshi ot.
Ushbu tuyuqning birinchi misrasidagi „Ot“ soʻzi shuhrat, yaxshi nom ma’nosida, ikkinchi misrasidagi „ot“ soʻzi tashla, voz kech, uloqtir ma’nolarida, toʻrtinchi misradagi „ot“ soʻzi hayvon — ot ma’nosida qoʻllanilgan. Ushbu misoldagidek, jinsdosh soʻzlar talaffuz jihatidan toʻliq bir-biriga muvofiq boʻlsalar („ot“, „ot“, „ot“ kabi) tajnisi tom (mutloq tajnis), harf tartibi bir xil, lekin biri yozuvda ajralib tursa („Otoyim“, „ot oyim“) tajnisi mafruq (ajratilgan tajnis) deb yuritiladi. Bundan tashqari, uning murakkab tajnis, tajnisi zoyid, tajnisi xat, tajnisi noqis, mukarrar tajnis, mutarraf tajnis, tajnisi aks, tajnisi muzayyal koʻrinishlari ham mavjud. 9. Mubolagʻa – (giperbola), (lof urish, boʻrttirish) – tasvirlanayotgan narsa, shaxs va voqea-hodisalarning muayyan jihatlarini boʻrttirib, kuchaytirib tasvirlash usuli. Sharq klassik she’riyatida mubolagʻa san’atiga she’r ziynati sifatida qarab, “Ahsanohu akzabahu” (eng yaxshi she’r – eng yolgʻon she’rdir) degan naqlga amal qilganlar.
Mubolagʻa quyidagi turlarga boʻlinadi:
a) Tabligʻ - tasavvur qilish mumkin-u, amalga oshirish qiyin boʻlgan boʻrttirilgan tasvir usuli:
Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimgʻa ayt,
Yigʻlarimning shiddatin gulbargi xandonimgʻa ayt.
(Navoiy)
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
(Navoiy)

b) Igʻroq – tasavvur qilish qiyin, amalda mutlaqo boʻlmaydigan boʻrttirilgan tasvir usuli:


Otlar kishnar, qizlar kuylar, tinmay ishlar dehqonlar,
Quyosh oltin buloqdir, qaynar, oshar...
Koʻk tiniq.
(Oybek)
c) Gʻuluvv – tasavvur qilish juda qiyin boʻlgan, amalda boʻlishi sira mumkin boʻlmagan boʻrttirilgan tasvir usuli:
Vah muhabbat koʻyida qon yigʻladim.
Yetti iqlim gʻarq boʻldi yoshima.
(Mashrab)
Har qizil gulkim, yuzing shavqida olib isladim,
Yetkach ohim shu`lasi oni sarigʻ gul ayladim.
(Navoiy)
Xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz adabiyotimizda ba’zan orttirilgan mubolagʻalar ham uchraydiki, ular adabiyotshunoslikda bulugʻ yoki ifrot deb yuritiladi:
Tikilsam quriydi daryoning gumi
Na’ra tortsam qolar qoʻrgʻonning timi.
(“Alpomish”dan)



Download 66.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling