tasnifi til g`oyasining taraqqiyoti sifatida” (1850), “Tilning paydo bo`lishi”
(1851), “Grammatika, mantiq va psixologiya” (1855), “Til qurilishining eng
muhim tiplari xarakteristikasi” (1860), “Psixologiya va tilshunoslikka kirish”
(1871), “Gumboldtning tilshunoslikka oid asarlari va Gegel falsafasi” (1848),
“Falsafa, tarix, psixologiya va ularning o`zaro munosabati” (1863) va
boshqalar.
Tilshunoslikdagi psixologik oqim vakillari tilni individual psixika
faoliyatining maxsus mexanizmi, alohida inson ongidagi tasavvurlarning
mexanizmi sifatida yoki xalq psixologiyasining spetsifik namoyon bo`lishi sifatida
talqin qilishlarini talab qiladilar. Ushbu g`oyaning dastlabkisi individual
psixologizm bilan bog`lanib, bunda alohida individ va uning psixikasi asos bo`lib
hisoblanadi. Ushbu g`oyaning keyingisi esa ijtimoiy psixologizm bilan bog`lanadi.
Ijtimoiy psixologizmning diqqat markazida xalq, jamiyat, millat turadi.
Xullas, tilshunoslikdagi psixologik yo`nalish naturalistik yo`nalish
ta`limotiga qarshilik ko`rsatuvchi oqim sifatida, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning
psixologik yo`nalishi sifatida yuzaga keldi va tilshunoslikdagi lisoniy biologizmni
chetlashtirdi.
G.Shteyntal individual psixologizm vakili sifatida maydonga keldi.
G.Shteyntal lingvistik ta`limotining psixologik asosi bo`lib, I.Gerbertning
assotsiativ psixologiyasi hisoblanadi. Assotsiativ psixologiya inson ongining
barcha faoliyatini tasavvurlar munosabatiga, psixik assotsiatsiyalar, aloqalar
mexanizmiga bog`laydi, so`zni esa tasavvurlar kompleksi
bilan, assotsiatsiyalar bilan bog`liq deb hisoblaydi.
Insonning psixik faoliyati fikrlash jarayoni sifatida
tasavvurlar assotsiatsiyasidir, aloqasidir, bog`lanishidir.
Psixologizm tilni faqat tafakkur quroli va fikrni
ifodalash vositasi sifatida belgilaydi.
Til
psixologik
konsepsiyasining
jiddiy xatosi tasavvurlar rolining
oshirib yuborilishi, tushunchalar rolining esa pasaytirilishi,
kamaytirilishidir. Psixologizm tilning ijtimoiy hodisa
sifatidagi o`ziga xosligini inkor qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |