«xorazm dostonlaridagi nomlarning antroposentrik talqini»


Antroposentrizmning nazariy asoslari haqida


Download 209.35 Kb.
bet6/19
Sana19.01.2023
Hajmi209.35 Kb.
#1102455
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
BMI-18

1.2. Antroposentrizmning nazariy asoslari haqida
Xorazm dostonlari onomastik tizimiga mansub bo’lgan nomlarni antroposentrik talqin qilish – lingvomadaniy, etnolingvistik, sotsiolingvistik, psixolingvistik xususiyatlarini aniqlash, bugungi kun tilshunoslari o’rganishi lozim bo’lgan dolzarb masalalardan biridir. Umuman, dostonlarda uchraydigan onomastik birliklar bajargan funksiyalarga antroposentrik yondashuv, doston badiiyatini namoyon qilishda nomlarning ahamiyatini o’rganish bitiruv-malakaviy ishimizning asosiy vazifalaridan biridir.
Xalqaro til o’rganish tizimida pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya kabi sohalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi matn yaratilishi hodisasining talqinida jiddiy nazariy qarashlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Xususan, matn tahliliga antropotsentrik nuqtayi nazardan yondashish bugungi tilshunoslikning yetakchi yo’nalishlaridan biriga aylandi. Murakkab va serqirra hodisa hisoblangan matn tadqiqida so’zlovchi – matn – tinglovchi (yozuvchi – matn – o’quvchi) dan iborat uchlik asosiy obyekt bo’lishi lozimligi ko’plab tadqiqotchilar tomonidan ta’kidlanmoqda1.
Taniqli rus tilshunosi Y.N.Karaulov til va shaxs masalalariga bag’ishlangan maqolalar to’plamiga yozgan so’zboshisida «Har qanday matn ortida lisoniy tizimlarni egallagan muayyan shaxs turadi» degan fikrni alohida taъkidlagan edi”2.
Darhaqiqat, til va shaxs munosabatlarini yoritib berishda eng muhim manba bu matndir. Zero, u tilning barcha sathlarini mujassam etuvchi nutqiy tuzilma bo’lishi bilan birga, so’zlovchi (yozuvchi) shaxsining lisoniy kompetensiyasini o’zida to’liq namoyon etuvchi hodisa hamdir. Matnning tashqi va ichki tuzilishini shaxsning lisoniy qobiliyatini aks ettiruvchi o’ziga xos ko’zguga o’xshatish mumkin.
Matn tadqiqiga oid ishlarda uni yaratuvchi shaxsga e’tiborning qaratilishi dastlab pragmalingvistika va sotsiolingvistika yo’nalishidagi tadqiqotlarda ko’zga tashlangan bo’lsa, bugungi kunda shiddat bilan rivojlanayotgan kognitiv tilshunoslik, funksionalizm, etnolingvistika, lingvokulturologiya, diskursiv tilshunoslik kabi sohalar ushbu masalani tilshunoslikning markaziy muammolaridan biriga aylantirdi.
Til egasi – so’zlovchi shaxs omilini tadqiq etish tilshunoslikda yangi – antropotsentrik tilshunoslik (yoki neolingvistika) sohasining shakllanishiga olib keldi. “Tilshunoslikda antropotsentrik burilishning yuzaga kelishi shu bilan izohlanadiki, tadqiqotchilarning diqqati “til qanday qurilgan” degan masaladan “til qay tarzda amal qiladi” degan masalaga ko’chdi. Tilning qay tarzda amal qilishini tadqiq etish uchun esa tilni uning egasi bo’lgan shaxs omili nuqtayi nazaridan ko’rib chiqish kerak bo’ladi”1. Ushbu sohaning shakllanishida diskursiv tilshunoslikning ham o’rni beqiyosdir2. Nutqiy faoliyatni dinamik muloqot jarayoni sifatida tadqiq etuvchi ushbu soha muloqot ishtirokchilari – adresant va adresat omilini hisobga olmasligi mumkin emas edi, albatta.
Bugungi tadqiqotlarni kuzatar ekanmiz, qiziq bir holatni sezmaslik mumkin emas: lisoniy faoliyat bajaruvchisi bo’lgan shaxs omilini o’rganish yuqorida qayd etilgan tilshunoslik sohalari – psixolingvistika, etnolingvistika, lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika kabi sohalarda chuqurlashib bormoqda. Ayni vaqtda, antropotsentrik tilshunoslik ushbu sohalarning eng so’nggi yutuqlarini o’zida mujassam etib, mustaqil yo’nalish maqomini tobora mustahkamlab bormoqda.
Aytish joizki, ilmiy paradigmaga “til egasi” kategoriyasining kiritilishi tilshunoslikda shaxs, ong, tafakkur, faoliyat kabi tushunchalarning yanada faollashishini taqozo etadi. Shaxs omilining tadqiqi tilshunoslik fanining psixologiya, falsafa, mantiq, germenevtika kabi fanlar bilan bir nuqtada kesishishga ham olib keladi.
“Til egasi” tushunchasi hozirgi vaqtda tilshunoslikda asosan quyidagi ma’nolarda ishlatilmoqda: a) muayyan tilda nutqiy faoliyatni amalga oshiruvchi, ya’ni nutq tuzish va uni idrok etish qobiliyatiga ega bo’lgan shaxs; b) tildan muloqot vositasi sifatida foydalanuvchi shaxs, kommunikant; v) o’z millatining milliy-madaniy, ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi leksik boylik tarkibini egallagan, uni namoyon etuvchi shaxs; muayyan til vakili. Qayd etganimizdek, hozirgi tadqiqotlarda tilshunoslikning turli yo’nalishlari shaxs omili masalasiga o’z xususiyatidan kelib chiqib yondashmoqda.
Matn talqini va shaxs omili masalasi matn yaratilishi va uning mazmuniy pertseptsiyasi muammolari bilan uzviy bog’liqdir. Bu masalani tadqiq etishda matn yaratuvchi shaxsnigina emas, uni idrok etuvchi shaxs – tinglovchi yoki o’quvchi omilini ham o’rganish muhimdir. Sh.Safarov so’zlari bilan aytganda: “Lison inson mavjudligini, uning ijtimoiy tajriba-faoliyatini taъminlovchi hodisadir. Demak, lison tadqiqi bilan shug’ullanayotgan kimsa beixtiyor o’zini bilish bilan mashg’uldir, zero, lisoniy faoliyat hodisasining mohiyati – uning ijrochisi – shaxs va ushbu shaxsning ijtimoiy, shaxslararo munosabatga kirishishi bilan belgilanadi”1. Xususan, yozma matn o’quvchi tomonidan o’qilmaguncha harakatga kelmaydi, unda ifodalangan mazmun va pragmatik maqsad, ohang orqali yuzaga kelgan kayfiyat o’quvchi tomonidan tushunilmaydi va his etilmaydi.
Matn va uni idrok etuvchi shaxs omilini o’rganish tadqiq obyektiga bir vaqtning o’zida lingvistik, psixologik, pragmatik, kognitiv va ijtimoiy nuqtayi nazardan yondashishni taqozo etadi. Psixolingvistik tadqiqotlarda o’quvchi shaxsini individual va umumiy jihatdan tiplashtirish tendentsiyasi mavjud2.
Fikrimizcha, matn yaratilishida yozuvchi (yoki so’zlovchi) omilini tadqiq etish individual uslub masalasini chuqurroq yoritishga olib keladi. Zero, tilshunosligimizda muayyan yozuvchi yoki shoir uslubi asosan so’z va gap sathi misolida o’rganilgan. Individual uslubga bu tarzdagi yondashuv ko’p hollarda ijodkor uslubining barcha qirralarini to’liq ko’rsatib berishga monelik qiladi. N.I.Jinkin ta’biri bilan aytganda: “Inson alohida gaplar vositasida emas, matn vositasida so’zlaydi”3.
Bizningcha, muayyan shaxs uslubi u yaratgan matnlar asosida tadqiq etilsagina, kutilgan natijalarga erishish mumkin. Biror yozuvchi yoki ijodkorning nutqiy uslubini uning so’z qo’llash yoki jumla tuzish mahorati nuqtayi nazari bilan tadqiq qilish usuli bugungi kun talabiga javob bermaydi. Shu sababli matn yaratilishi masalasini shaxs uslubi nuqtayi nazaridan o’rganish matnning pragmastilistik, lingvopoetik jihatlariga teranroq nazar bilan qarashga olib keladi.
Tilshunoslikda til va madaniyat, til va inson omili, inson munosabatlariga V.fon Gumboldt, A.Vaysgerber, L.Blumfild, A.Sepir, Boduen de Kurtene, A.A. Potebnya, A.A.Shaxmatov kabi Yevropa va rus tilshunoslari e’tibor qaratgan. Psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya sohalarining yuzaga kelishi yuqoridagi tadqiqotlarda tilga olingan inson omili masalasini yanada chuqurlashtirdi. Dunyo tilshunosligida matnni antroposentrik paradigma asosida o‘rganish, asosan, lingvistik semantika, lingvokognitologiya, psixolingvistika, lingvokulturologiya, pragmatik tilshunoslikka oid tadqiqotlarda ko‘zga tashlanadi.
Xususan, N.Xomskiy, U.Cheyf, B.A.Serebrennikov, L.V.Shcherba, Yu. N.Stepanov, I.R.Galperin, N.I.Karaulov, N.I.Jinkin, A.A.Leontev, J.Lakoff, T.A.van Deyk, A.Vejbitskaya, E.S.Kubryakova, E.Rosh, V.P.Belyanin, V.Z.Demyankov, V.A.Maslova, T.M.Dridze, K.F.Sedov, A.Nurmonov, N.Mahmudov, E.A.Begmatov, Sh. Safarov, S.Boymirzayeva, I.Azimova kabi tilshunoslarning ishlarida til tizimi antroposentrizm tamoyillari asosida tadqiq etilgan. Antroposentrizm (grekcha. anthropa – odam+lot.sentrum – markaz) so’zlaridan hosil bo’lgan atamadir.
Tilshunoslikda: tilga inson omili nuqtayi nazaridan yondashish XX asrning dastlabki yillaridan o‘zbek tilshunosligida antroposentrik paradigma asosida bajarilgan tadqiqotlar yuzaga kela boshladi. Bu ishlar, asosan, sotsiolingvistika, kognitiv tilshunoslik, lingvistik pragmatika, psixolingvistika, yo’nalishlarida amalga oshirildi. Bu tadqiqotlar, garchi ularda aynan antroposentrik paradigmaga munosabat bildirilmagan bo‘lsada, o‘zida ushbu paradigma tamoyillarini aks ettirgan dastlabki ishlar hisoblanadi. O‘zbek tilshunosligida matn antroposentrik paradigma asosida tahlil etilgan dastlabki ishlardan biri I.A.Azimovaning “O‘zbek tiladagi gazeta matnlari mazmuniy persepsiyasining psixolingvistik tadqiqi” nomli dissertatsiya hisoblanadi. Tadqiqotda asosiy e’tibor matnni tushunishga ta’sir etuvchi lingvistik va ekstralingvistik omillarni psixolingvistik tajribalar asosida aniqlash, matnning mazmuniy persepsiyasidagi birliklarni aniqlash va ularning formal semantik xususiyatlarini tahlil qilishga qaratilgan1.
Eng keyingi davrlarda o‘zbek tilshunosligida bevosita antroposentrik tilshunoslikka doir ishlar yuzaga keldi. Xususan, bugungi kunda uning muhim sohalaridan biri bo‘lgan lingvokulturologiyaga bo‘lgan qiziqish ortganligini kuzatish mumkin. Jumladan,”O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida N.Mahmudov, E.Begmatov, A.Nurmonovlarning ushbu sohaga aloqador bo‘lgan maqolalari e’lon qilindi. Antroposentrizmning umumnazariy masalalariga bag‘ishlangan bir qator maqolalar ham e’lon qilindi. Prof. N.Mahmudovning ”O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida “Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab…” sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolasida o‘zbek tilshunosligida ilk marta antroposentrizm paradigmasi va unga aloqador muammolar haqida chuqur ilmiy asosga ega bo‘lgan mulohazalar bayon etilgan.
Maqola o‘zbek tilshunosligida antroposentrik paradigama borasidagi ilmiy tushunchalarning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Maqola muallifi “paradigma” terminining ilmiy talqinlariga munosabat bildirib, bir paradigmani boshqa paradigmaga qarshi qo‘yish tog‘ri emasligini ta’kidlaydi2. N.Mahmudovning fikricha, “Antroposentrizm tilshunoslar tomonidan til tadqiqigagina nisbatanlangan tushuncha yoki paradigma emas, antroposentrizm bevosita tilning mohiyatiga dahldor hodisadir”… antrposentrik paradigmada inson asosiy o‘ringa chiqariladi,til esa inson shaxsini tarkib toptiruvchi bosh unsur hisoblanadi.
N.Mahmudovning tilni tadqiq qilish usulining turlari,ko’rinishlarini tahlil qilar ekan, keyingi o’n yillar davomida tilni o’rganishga tatbiq qilinayotgan antroposentrik paradigma, uning ijobiy afzallik tomonlarini, ilmiy asosli yo’nalish ekanini bir qator nazariyotchi tilshunoslar fikrini keltirgan holda asosli tahlil qilgan. Uning yozishicha, “Antroposentrik paradigma tadqiqotchi diqqatining bilish obyektidan subyektiga ko’chishidir, ya’ni bunda inson til ichida va til inson tarkibida o’rganiladi”1.
Prof. E.Begmatov 2013-yilda e’lon qilingan “Antroponimlar-antroposentrik tadqiq obyekti” sarlavhali maqolasida o‘z e’tiborini “antroponimik birliklarda antroposentrik usul uchun material bera oladigan xususiyatlar”ni aniqlashga qaratgan. Olimning ta’kidiga ko‘ra, “antroponimlarning inson xohishi va faoliyati bilan bog‘liq ekanligi, ularda insonning ehtiyoji va ijodi namoyon bo‘lishi, inson nomida qadimiy davr kishilarining madaniy va etnik qarashlari o‘z ifodasni topganligi, umuman, ismlar xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy-maishiy turmushi bilan bog‘liq ekanligi” ularni antroposentrik paradigma asosida o‘rganish uchun asos bo‘la oladi2. Antroposentrik tadqiq tilning ko’pqirrali hodisa sifatidagi mohiyatini ochadi, insonlarning moddiy, ma’naviy, madaniy, etnik, va etikaviy estetik tushuncha va tasavvurlari bilan bog’liqligini va tilni mana shunday o’rganishdan olingan quyma xulosalarni umumlashtiradi.
Onomastika til va inson o’rtasidagi madaniy –ma’naviy, etikaviy, etnik munosabatlarning o’zaro ta’sirini o’rganishga boy material bera oladigan xususiyatlar quyidagilarda ko’rinadi:
Birinchidan, ism, laqab va taxalluslar biror alohida olingan shaxsni boshqa shaxslardan ajratish, farqlash ehtiyoji tufayli yaratilgan. Bu xususiyat antroponimlarning asosiy vazifasi bo’lsa-da, qayd qilingan onomastik birliklarning har biri asosida inson xohishi va faoliyati bilan bog’liq bo’lgan rasm-rusmlar yotadi.
Ikkinchidan, antroponimlarni asrlar davomida shaxslar, xalq ijod qilgan va ularni o’zini nomlash uchun yaratgan. Demak, antroponimlarning genezisida insonning ehtiyoji, faoliyati, ijodi yotadi.
Uchinchidan, antroponimlarda qadimda yashagan kishilarning etnik, madaniy-ma’naviy qarashlari hamda diniy e’tiqodlari saqlanib, bizga yetib kelgan. Bu hol ismlarning genetik asosi va motivida qadimiy totemistik, animistik, feteshistik tasavvurlar, e’tiqodlar yotgan nomlarda aniq ko’rinadi. Bu tasavvurlar markazida ham inson, u yashagan tarixiy davrga xos rasm-u odatlar, orzu va umidlar o’z ifodasini topgan.
To‘rtinchidan, antroponimlarda har qanday ismning bolaga qo‘yilishi motivida o‘tmishda yashagan ajdodlarimizning urug‘chilik, qabilachilik davriga xos, shuningdek, elat va xalq bo‘lib shakllangan tarixiy bosqichlarda amal qilgan madaniy-maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy turmushga oid e’tiqodlari o‘z ifodasini topgan.



Download 209.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling