Жаћон иќтисодиёти ва дипломатия университети
Download 0.85 Mb. Pdf ko'rish
|
portal.guldu.uz-JAHON IQTISODIYOTI
- Bu sahifa navigatsiya:
- R.S.Qosimov umumiy tahriri ostida. SH-m 0604000000-97 qat’iy buyurtma 2005 М352 (04)-2005
JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETI R.H. Shodiyev, E.R. Mahmudov JAHON IQTISODIYOTI Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Toshkent – 2005 Ushbu darslik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Respublika muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlangan va nashr uchun tavsiya etilgan. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor R.S.Qosimov umumiy tahriri ostida. SH-m 0604000000-97 qat’iy buyurtma 2005 М352 (04)-2005 © R.H.Shodiyev, E.R.Mahmudov, G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2005 yil. ISBN 5-635-02297-9 SO‘Z BOSHI Insoniyat XXI asrga qadam qo‘ydi. O‘tgan asrning oxirida xalqlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotida yuz bergan jiddiy voqea-hodisalar dunyo qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Jahon tarixida yangi davr boshlandi. Bu davrning o‘ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, davlatlar, xalqlar orasida yaqinlashuv, hamkorlik aloqalari tobora kuchayib, yaxlit siyosyy, iqtisodiy makonlar va ittifoqlar vujudga kelib, yagona xalqaro me’yorlar, qoidalar, andozalarga o‘tish jarayonlari yuz bermoqda. Bugungi kunda umuminsoniyat sivilizatsiyasining istiqbollari jahon xo‘jalik tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘lib qoldi. "Yer kurrasining oltidan bir qismida tub islohotlar davom etmoqda. Bu esa yangi tuzilgan mustaqil davlatlarda davlat qurilishi va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazish muammolari mintaqalarning doiralaridan tashqari chiqib, haqli ravishda umumjahon tusini olganidan yaqqol dalolat beradi". 1 Endilikda bozor iqtisodiga asoslangan jamiyat qurish barcha xalqlar hamda davlatlarning muqarrar yo‘li bo‘lib qoldi. O‘z mohiyat e’tibori bilan bozor internatsional bo‘lib, milliy hudud va chegaralarni tan olmaydi. Bozor iqtisodining internatsional mohiyati xalqaro mehnat taqsimoti asosida mamlakatlar o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalar qaror topishidan, bozor xo‘jaligining rivojlanishiga omil bo‘luvchi iqtisodiy qonuniyatlardan kelib chiqadi. O‘tish davri iqtisodiga xos mamlakatlar qaytib kirishi muqarrar bo‘lgan jahon bozori tobora ko‘proq integratsiyaga yuz tutmoqda. Keyingi o‘n besh yil ichida jahon savdosi umumjahon ishlab chiqarishiga nisbatan ancha ildamroq rivojlanishi buning dalilidir. Shuni ham ta’kidlash joizki, keyingi yillar mobaynida rivojlanayotgan mamlakatlardagi bevosita chet el investitsiyalari miqdori olti baravar ko‘payib, ularning iqtisodiyoti dunyoga ko‘proq yuz tutib, ochiq tusga kira boshladi, buning natijasida ular jahon xo‘jalik tizimida tobora faolroq ishtirok etib, yalpi ichki mahsulotlaridagi eksport va import salmog‘i bundan o‘n yil avval 33 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 43 foizga ko‘tarildi. Uzoq yillar davom etgan yakkalanishlardan so‘ng o‘tish davriga xos mamlakatlar iqtisodi xalqaro integratsiyadan ko‘proq naf olishlari mumkin, chunki jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuv ichki bozorni erkinlashtirishdan kelib chiqadigan iqtisodiy samaralardan bir necha baravar foydaliroqdir. Shunga ko‘ra, o‘tish davrida o‘z qobig‘iga burkanib yashab bo‘lmaslikni tushunishning o‘zi kifoya qilmay, hayotning yangidan-yangi voqeliklariga javob beradigan yaratuvchanlik tafakkuri puxta rejalarga asoslangan tafakkurni talab etadi. Turli darajadagi iqtisodiy tizimlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketayotgan dunyo uchun eng muhim muammodir. Bu tizimlar nafaqat o‘zining taraqqiyot darajasi bilan, balki jahon mehnat taqsimoti va jahon xo‘jaligiga qay darajada jalb qilinganligi bilan ham ajralib turadi. Milliy iqtisodiy tizimlarni jahon xo‘jaligiga tezroq jalb etish ehtiyojlari XXI asr boshi uchun xos bo‘lgan umumiy qonuniyatdir. Aslini olganda O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida endi-endi jahon sahniga chiqib kelmokda. Ochiq iqtisodga o‘tish siyosati O‘zbekiston uchun bozor iqtisodiga o‘tish jarayonining ajralmas bir qismi bo‘lib qoladi. Mustaqillik yillarida ochiq iqtisod poydevorini barpo etish uchun zarur bo‘lgan siyosiy, huquqiy, tashkiliy zaminlar yaratildi. Tashqi faoliyat sohasidagi milliy iqtisodiy yo‘l-yo‘riqlar jahon tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqildi. Jahon tajribasi esa shundan dalolat beradiki, har tomonlama rivojlanishni istagan har qanday davlat muayyan tamoyillarga amal qilmog‘i shart. O‘zbekiston ham o‘z navbatida tashqi siyosatining asosiy tamoyillarini shakllantirib oldi. Ushbu tamoyillarning mohiyati avvalo shundan iboratki, O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida teng huquqlilik. 1 Karimov I. O‘zbekiston buyuk kelajak sari, T., “O‘zbekiston”, 1998, 69-bet. Xalqaro iqtisodiy ittifoqlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatdorlik aloqalarini o‘rnatish shartlariga amal qiladi. Respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida mustaqillikning o‘n uch yili ichida makroiqtisodiy vaziyat barqarorlashdi, 1997 yildan boshlab mamlakatda nafaqat yalpi ichki mahsulotning umumiy hajmi bo‘yicha, balki uning aholi jon boshiga taqsimoti bo‘yicha ham iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda, iqtisodning salmoqli bo‘g‘inlarida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Shuning bilan birga, mamlakat ichki bozorining nisbatan torligini hamda eksport masalasi jahon bozorida xom ashyo mahsulotlari narxining o‘zgarib turishiga bog‘liq ekanligini nazarda tutgan holda, import tovarlari o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishga e’tibor berish siyosatidan ko‘proq eksportni kengaytirish siyosatiga o‘tishni taqozo qiladi. Iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish muammolari O‘zbekiston jahon bozorida faqat xom ashyo emas, balki tayyor mahsulotlar eksport qiluvchi mamlakat sifatida ham namoyon bo‘lishi bilan chambarchas bog‘langan. Buning uchun vaqt hamda tashqi iqtisodiy munosabatlarni olib borishda ko‘nikma talab etiladi. Chet ellik sheriklarning ishonchini qozonish uchun tashqi bozorda mohirona ishlay bilish, tashqi iqtisodiy siyosat qonun-qoidalariga so‘zsiz amal qilish lozim bo‘ladi. Tashqi iqtisodiy aloqalarni muvaffaqiyatli olib borish masalasi o‘z navbatida davlatning turli ehtiyojlarini qoplash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni sog‘lomlashtirish, uning samaradorligini oshirishda muhim vositalardan biri hisob-lanadi va millat ravnaqini jadallashtiradi, oqibatda davlat kuch-qudratining yuksalishiga, aholi turmush darajasining oshishiga olib keladi. Tashqi iqtisodiy aloqalarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, tuzilishi, ko‘lami sherik mamlakatlardagi, umuman, jahon xo‘jaligidagi ishlab chiqarish kuchlari bilan ishlab chiqarish munosabatlarining qay darajada ekanligiga qarab belgilanadi. Hozirgi zamon jahon iqtisodiyotining qaror topishi, rivojlanishi xalqaro mehnat taqsimoti keng tus olayotganligi, dunyo mamlakatlari moddiy va ma’naviy boyliklarini hamkorlikda ishlab chiqarish jarayoniga tobora ko‘proq jalb etilayotganligi bilan bevosita bog‘liqdir. Xalqaro miqyosda (shuningdek, alohida bir davlat doirasida) moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, ularning taqsimoti, ayirboshlanishi, iste’moli jahon (yoki mamlakat) iqtisodining asosini tashkil etadi. Umumjahon qayta (takror) ishlab chiqarish jarayonidagi ana shu qayd etilgan bosqichlarning har biri ham umumiy miqyosda, ham alohida mamlakatlar doirasida butun jahon xo‘jalik tizimining faoliyatiga bevosita ta’sir qiladi. Takror ishlab chiqarish jarayonining bir butunligini tashkil etuvchi halqalarining mantiqi ham, Umumjahon takror ishlab chiqarish jarayonidagi har bir bosqichning zarralarini o‘ziga jo qilgan jahon iqtisodining murakkabligi ham ana shunda. Takror ishlab chiqarish jarayoni biror mahsulot (yoki xizmat) ishlab chiqarishdan boshlanib, uning taqsimlanishi va iste’mol qilinishi bilan tugallanadi. Demak, tizim sifatida jahon iqtisodiyotining vazifa, maqsadi inson ehtiyojlarini qondirishdan iboratki, bu extiyojlar o‘z navbatida moddiy ne’matlar, xizmatlarga oshib borayotgan talab hamda takliflarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, "jahon ihtisodi" yoki "jahon xo‘jaligi" deganda nimani tushunish kerak, degan savol tug‘iladi. Aytish kerakki, hozirgi zamon iqtisodiyot adabiyotlarida bu tushuncha turlicha talqin qilinadi. Bular orasida eng ko‘p tarqalgani quyidagi ikki talqindir: 1. "Jahon iqtisodi" deganda — xalqaro mehnat taqsimoti, iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimi orqali bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan milliy xo‘jaliklar yig‘indisi tushuniladi. 2. "Jahon iqtisodi" deganda - o‘zaro iqtisodiy munosabatlar tizimi, milliy xo‘jaliklar o‘rtasidagi keng ko‘lamli aloqalar nazarda tutiladi. Bu holda, tabiiyki, jahon iqtisodi tizimi moliya va savdo munosabatlari, kapital va ishchi kuchini taqsimlash masalalarini o‘z ichiga qamrab oladi. "Jahon iqtisodi" tushunchasining boshqa talqinlari ham mavjud bo‘lib, bularda jahon xo‘jaligining asosiy tarkibiy qismlari, shu jumladan, uning moddiy asosi o‘z aksini topgan. Shulardan birida "jahon iqtisodi" tushunchasi ishlab chiqarish kuchlari, ishlab chiqarish munosabatlari hamda muayyan ustqurma munosabatlari darajasida ko‘rilib, ushbu iqtisodni tashkil etuvchi milliy xo‘jaliklar mazkur uchta darajaning har birida o‘zaro qanchalik kelisha olish qobiliyatlariga mos ravishda muttasil qayta ishlab chiqaruvchi iqtisodiy tizim sifatida ta’riflanadi (YU.V. Mishkov, V.K. Lomakin va boshqalarning talqini). Bu talqin garchi to‘g‘ri va anchagina mukammal bo‘lishiga qaramay, u ilmiy jihatdan g‘oyat murakkabligi hamda ko‘proq nazariyligi bilan oqsaydi. Demak, jahon iqtisodi deganda, doimiy o‘zgarishda va harakatda bo‘ladigan, bir-biriga o‘zaro ta’sir etuvchi, xalqaro aloqalarga intiluvchi milliy xo‘jaliklar yig‘indisini tushunish maqsadga muvofiqroqdir. Bu aloqalar obyektiv bozor qonunlari asosida olib borilgani uchun murakkab, qarama-qarshiliklarga xos, lekin yaxlit jahon iqtisodi tizimini tashkil etadi. Bundan ko‘rinadiki, barcha talqinlar ayni paytda "jahon iqtisodi" ma’lum darajada yaxlit bir tizimdan iborat ekanligini tan oladi. Tizimning yaxlitliligi, bir butunliligi uning barcha tarkibiy qismlari milliy va jahon bozorlarida barqaror darajada o‘zaro iqtisodiy hamkorlik qilishini nazarda tutadi. Download 0.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling