IX-XII asrlarda mamlakat ma’naviy hayotining asosi islom mafkurasi edi.
Buxoro Sharqda islom dinining eng nufuzli markaziga aylandi. Masjid, madrasa va
xonaqolar qurish uchun maxsus joylar ajratildi. Arab tili va uning imlosi joriy etildi.
Movarounnahrda ko’p o’tmay hatto ona tilidan ko’ra arab tili va yozuvini yaxshiroq
bilgan bilimdonlar paydo bo’ldi.
IX-XII asrlarda Markaziy Osiyoda arablar ta’siridan deyarli holi bo’lgan
somoniylar, g’aznaviylar, saljuqiylar, qoraxoniylar va xorazmshohlar davlatlari davrida
O’rta Osiyo xalqlarining Yaqin va O’rta Sharq musulmon davlatlari bilan iqtisodiy va
madaniy aloqalarini rivojlantirishga qulay sharoit yaratildi. O’rta Osiyoning Buxoro,
Samarqand, Marv, Termiz, Urganch, Xiva kabi shaharlari o’z davrining yirik
madaniyat markazlariga aylandi. Bu shaharlarda savdo-sotiq, ijtimoiy-siyosiy hayot
bilan bir qatorda madaniy aloqalar, ma’naviyat va bilim o’choqlari rivoj topdi. Bunday
madaniy markazlar musulmon Sharqining turli o’lkalarini, Sharq va G’arb, Shimol va
Janub mamlakatlarini bog’lab turuvchi qadimgi “Ipak yo’li” an’analarini davom
ettiruvchi aloqa vositalari sifatida mashhur bo’lib bordilar. O’rta Osiyoning
markazlashgan davlatlari boshqa musulmon davlatlari bilan aloqalarining kuchayishi
yurtdoshlarimizning o’zga mamlakatlarga borib ilm olish, o’z hamkasblari bilan
muloqot qilishlari va buyuk allomalar bo’lib yetishishlari uchun zarur imkoniyatlarni
yaratdi.
Halifalikning O’rta Osiyo va Xuroson bo’yicha vakili sifatida Marvda hokimlik
qilgan Ma’mun otasi Xorun ar-Rashid vafotidan keyin xalifalik taxtini egallagach,
Bag’dodga barcha musulmon o’lkalari, jumladan, O’rta Osiyodan ham olimu fozillarni
to’pladi. U otasi asos solgan ilmiy markaz - «Bayt ul-hikma» («Donishmandlar
uyi)ni kengaytirib, uning qoshida ikkita rasadxona qurdirdi. Ikkala rasadxonani ham al-
Xorazmiy boshchiligida O’rta Osiyo va Xurosondan kelgan olimlar boshqarishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |