Shahar restoranlari – shahar ichida joylashgan bo‘ladi, belgilangan ma’lum soatlardagina ishlaydi. Ular taom, gazaklar, ichimliklarning keng assortimentini tavsiya etadi, asosan tushki va kechki ovqatlar tayyorlanadi.
Vokzal restoranlari – temir yo‘l, aerovokzallarda joylashgan bo‘ladi va yo‘lovchilarga kechayu-kunduz xizmat qiladi. Bunday restoranlar taomnomasida taomlar, gazak va ichimliklar cheklangan bo‘ladi.
Mehmonxona majmualariga tegishli mehmonxona tarmog‘i tarkibiga ikkita restoran – firma ta’ miga ega bo‘lgan serhasham, taom va ichimliklarning bahosi yuqori darajada bo‘lmagan kichik restoranlar kiradi.
Shahar tashqarisidagi, milliy va tematik restoranlar taomnomalarida taom va ichimliklar miqdori yakka sharoitda firma taomi va mahsulot assortimenti asosida tuziladi.
Kema restorani – turistlar va yo‘lovchilarga xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Bu restoranlarda nonushta, tushlik, kechki ovqat tayyorlanadi, ovqat, qandolat mahsulotlari, sovutilgan ichimliklar, yo‘l anjomlari sotiladi. Yo‘lovchilarga xizmat qilish ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladi. Oziq-ovqatlar uchun abonementlar sotish qo‘llaniladi.
Yirik yo‘lovchi teploxodlari – bir yoki bir necha salon-restoranlarga, bufetlar, barlar, jihozlangan oshxonaga ega. Salon-restoranlarda joylar 48 dan 150 gacha bo‘ladi. Ular quyidagi mebellar bilan jihozlanadi: stol, stul, servant. Zalda bufet ham bo‘ladi. Stol va servantlar polga mahkamlab o‘rnatiladi.
Vagon-restoranlar – uzoq masofalarga qatnovchi temir yo‘l po’ezdlarida bo‘ladi. Odatda bunday restoranlar bir kecha-kunduzdan ortiqroq safarga boruvchi yo‘lovchilar uchun xizmat qiladi.
Kupe-bufetlar – bir kecha-kunduzdan kam yo‘l yuradigan poyezdlarda bo‘ladi. Kupe-bufetlar uchun po’ezdda 2-3 ta kupe savdo qilish va yordamchi xona sifatida ajratiladi. Kupe-bufet salondan to‘siq-vitrina bilan ajratiladi, sovutgich shkaf va vagon osti yashiklariga ega. Asosiy taomlar assortimenti: buterbrod, pishirilgan tuxum, sut-qatiq mahsulotlari, sosiskalar, sardelkalar; issiq ichimliklardan – choy, kofe, kakao bo‘ladi, qandolat va non-bulka mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar, meva va boshqalardir. Yo‘lovchilarga bufetchi xizmat qiladi. Ovqat tashuvchi ofitsiant boshqa vagonlardagi yo‘lovchilarga taomlar yetkazib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |