Yordamchi so‘zlar tasnifi
Xitoy tili yordamchi so‘zlarning keng tizimiga ega: old ko‘makchilar, ort ko‘makchilar, bog‘lovchilar, yuklamalar, klassifikatorlar, gap bo‘laklari ko‘rsatkichlari, predikativlik neytralizatorlari. Shuningdek, yordamchi so‘zlarga maxsus leksik unsur (element)lar deb atalmish alohida bir guruh so‘zlar qo‘shiladi.
Ko‘makchilar turlari
Xitoy tilidagi ko‘makchilar ma’nosi bo‘yicha 5 ta turga bo‘linadi. Har bir turi o‘zining ma’no va sintaktik xususiyatlariga ega.
1. Sub’ekt-ob’ektiv munosabatlarni ifodalovchi ko‘makchilar: 给 gei (kimga?),用yong (nima bilan?), 被 bei (kim bilan?), 替 ti (kim uchun?), 对于 duiyu (nimaga nisbatan?), 关于 guanyu (nima haqida?) va boshqalar.
2. Makon munosabatlarini bildiruvchi ko‘makchilar: 在zai –da, ichida, 到 dao –ga, tomonga, 上 shang -ga, 向 xiang –ga, 从 cong – dan va boshqalar
3. Zamon (vaqt) munosabatlarini anglatuvchi ko‘makchilar: 在 zai -da, 从 cong -dan, 到 dao –gacha va boshqalar.
4. Maqsad munosabatlarni ifodalovchi ko‘makchilar: 为 wei, 为了weile, 为着 weizhe - uchun, haqi uchun.
5. Sabab munosabatlarni bildiruvchi ko‘makchilar: 因 yin, 因为 yinwei, 为了 weile -ni deb, uchun, sababli, -ga ko‘ra.
Old ko‘makchilar
Umumiy tavsif
Old ko‘makchilar (predloglar) (前置词qianzhici) – sub’ektiv-ob’ektiv, makon, zamon va maqsad munosabatlarini anglatuvchi yordamchi so‘zlardir. Ko‘makchilar gapning uyushib kelmagan gap bo‘laklari: kesim va to‘ldiruvchi, kesim va hol o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalaydi.
Xitoy tilidagi ko‘makchilar fe’llarning hosil shakl (derivat)lari hisoblanadi. Grammatikalash jara yonida bularning ba’zilari mos keladigan fe’llarning zamon shakllariga ega bo‘ldi: 为了weile,为着weizhe - uchun, haqi uchun. Ko‘makchilar fe’llarning ba’zi sintaktik xususiyatlarini saqlab qolgan. Masalan, kesimga nisbatan prepozisiyada to‘ldiruvchi yoki ko‘makchili hol kelsa, inkor yuklamasi kesimdan oldin emas, ko‘makchidan oldin qo‘yiladi.
Xitoy tilidagi ko‘makchilar aksariyat holatlarda o‘zi hosil bo‘lgan fe’llar bilan birga joylashadi: 在 zai – joylashmoq va 在 zai - ichida, ustida; 到 dao – kelmoq, yetib kelmoq, va 到 dao –gacha, ga, tomonga; 向 xiang –qaragan bo‘lib, 向 xiang – ga, ro‘parasida, qarshisida.
Ba’zi holatlarda fe’l va ko‘makchiga xos bo‘lgan vazifalarni farqlash etimologik ohangdagi farqlarga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |