A k a d e m I y a kriminalistik taktika
-§. Dastlabki tergov bosqichida tusmollarni tuzish
Download 1.25 Mb. Pdf ko'rish
|
Krim-taktika
2-§. Dastlabki tergov bosqichida tusmollarni tuzish va tekshirish Tusmollarni tuzganda quyidagi asosiy talablarga rioya qilinadi: – har bir tusmolni tuzish uchun asos bo‘ladigan omillarni har tomonlama aniqlab, o‘rganish lozim; – har bir faktni to‘g‘ri ta’rif va tavsiflashga intilish lozim. Shuningdek, har bir tusmol yagona bir hodisani tavsif qilishi to‘g‘risida unutmaslik kerak. Shu bois, taxminiy tavsif ziddiyatlarga ega bo‘lsa, bir necha tusmollarni tuzishga to‘g‘ri keladi; – tekshirishni yakunlamasdan biron-bir tusmolning ahamiyatini haddan tashqari baholash yoki nazar-pisand qilmaslik maqsadga muvofiq bo‘lmaydi; – voqelikda ehtimol tutilgan hodisalar bo‘yicha tegishli tusmollar tuzilib, ularning barchasi ayni bir vaqtda tekshirilishi lozim va bunda vaqt omili, vosita va uslublarga egalik holati hamda isbotlovchi axborotning bo‘lmasligi ehtimoli ham hisobga olinishi kerak. Dastlabki tergov jarayonida bir necha tusmollarni tuzish – tergov uslublaridan biri bo‘lib, jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashni ta’minlab beradi. Tusmolni tuzishda axborot har qanday protsessual va noprotsessual manbalardan olingan bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, ushbu axborot jino- yat ishiga taalluqli va ahamiyatli bo‘lishi kerak. Tusmolni tuzishda turli axborot manbalaridan foydalanish shunday ta’riflanadi: Tusmol – bu da- lil emas, balki ehtimollik darajasiga ega fikrdir, ya’ni tergovchining fikri, uning hodisa to‘g‘risidagi tasavvuri, faktlarni ehtimollik jihatidan tushuntirib beradigan ta’rifdir. Tusmolning o‘zi hech narsani isbotlashga qodir emas. U faqatgina faktlarni aniqlash va tadqiq qilishga yordam be- radi. Tusmol faktlarga tayanadi, lekin ularni almashtirishga qodir emas. Tusmolni tuzish uchun tergovchi tomonidan bevosita aniqlangan hodisa joyidagi mavjud holatlar, ko‘rsatmalar, hujjatlar (agar ular hodisa 28 to‘g‘risida axborotga ega bo‘lsa) barchasi ahamiyatga ega bo‘ladi. Har qanday axborot analiz (tahlil) va sintez usullari bilan tadqiq etilishi, tekshirilishi lozim. Tahlil faktlarni bir-biridan fikran bo‘laklarga ajratib, har bir bo‘lakni (elementni) alohida ko‘zdan kechirishdan yoki o‘rganishdan iboratdir. Sintez esa ushbu elementlar faktlarni fikran bir- biri bilan birlashtirishdan iborat. Tahlil qilish uchun savollar qo‘yish vositasidan foydalanish odatda yaxshi samara beradi. Bu vosita faktlarning o‘rganilishiga, detal- lashtirilishiga, yangi ma’lumotlarning aniqlanishiga ko‘maklashadi. Rim huquqshunoslari «yetti a’zoli formulani» ishlab chiqishgan bo‘lib, bu formula voqea to‘g‘risida tegishli ta’rifni shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shadi. «Formula» quyidagi savollarni o‘z ichiga qamrab oladi: nima sodir bo‘ldi, qachon, qayerda, qanday yo‘l bilan, kim tomonidan, kimning yordami bilan yoki nimaning yordami bilan, nimaga (nima uchun, qanday maqsadlarda). Ushbu «formula» hali ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Tusmolni tuzishda tahlil funksiyalaridan biri alohida olingan faktlar orasidagi aloqalarni aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Ammo tahlilning o‘zi bu masalani hal etmaydi. Bu boshqa mantiq usullari induksiya, deduksiya va analogiya tomonidan hal etiladi. Induksiya (lotincha – yo‘naltirish) fikrlash turlaridan biri bo‘lib, yagona xususiy fikrdan umumiy xulosa chiqarishdir. Induktiv umumlashtirish asosida mantiqiy xulosa yangi bilimni shakllantiradi va xulosaning asosi bo‘lgan fikrlardagi axborotdan farq qiladi. Bu bilim faktlar orasidagi sabab va oqibatlarning bog‘lanishini bevosita tushuntirib, ularning vujudga kelishi holatini ham ta’riflashi mumkin. Induktiv umumlashtirish tusmol sifatida namoyon bo‘lib, faktlarni yanada chuqurroq o‘rganishga yordam beradi. Tusmolni induksiya asosida tuzishning mantiqiy mexanizmini quyidagi misolda ko‘rsatish mumkin: masalan, shaharning har xil tumanlarida bir necha bosqinchilik holatlari qayd etilgan. Faktlar o‘rganib, tahlil etilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, jinoyatchi kechki paytda katta binolarning yo‘laklarida ayollarga tan jarohati yetkazib, tajovuz qilar va ularning pul va qimmatbaho buyumlarini olib ketar ekan. Jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarida jinoyatchining tashqi qiyofasi belgilari (bo‘yi, kiyimi, so‘zlashish xususiyatlari) bir-biriga mos keladi. Ushbu faktlarni induktiv umumlashtirish yuqoridagi jinoyatlarni aynan bir kishi sodir etganligi to‘g‘risidagi tusmolni shakllantirishga sabab bo‘ladi. Quyidagi faktlar orasida o‘ziga xos bog‘liqlik mavjud bo‘lib, 29 jinoyatning tarzi, joyi, vaqti, tajovuz predmeti, jinoyatchining belgilari bir-biriga mos keladi. Bunday induktiv xulosa chiqarish hali dalil bo‘lmasa-da, lekin ushbu xulosani isbotlovchi dalillarni topib, ularning tekshirilishi taqozo qilinadi. Tusmollarni tuzishda deduksiya ham ishlatilishi mumkin. «Deduksiya» lotincha xulosani ishlab chiqish demakdir, ya’ni xulosa sifatida tushuniladi. Ehtimollik darajasiga ega bo‘lgan xulosa umumiy fikrlardan olinib, ilm va tajriba qoidalariga asoslanib chiqariladi. Masalan, yo‘l-transport hodisasini tergov qilganda, qumli yo‘l yuzasida protektorning izlari yaqqol aks etgan. Protektorning izlarini o‘rganish natijalari (g‘ildiraklarning eni, qarama-qarshi g‘ildiraklarning o‘zaro masofasi, protektor suratining tuzilishi) ma’lumotnomalardagi mavjud axborotlar bilan taqqoslanib, bu axborotlar ilmiy jihatdan ishonchli bo‘lgan ma’lumotlar sifatida tan olindi. Bunday vaziyatda deduktiv fikrlash shundan iboratki, alohida faktlar bilan ilmda mavjud bo‘lgan axborotning o‘zaro aloqasini (ehtimollik darajasiga ega bo‘lsa- da) topish jinoyat ishi bo‘yicha tusmol bo‘ladi va avtomashinaning qaysi turga mansubligini ko‘rsatadi. : Induktiv va deduktiv tusmollar o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq. Jumladan, faktlarni induktiv umumlashtirishda hodisa joyini ko‘zdan kechirish va boshqa kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlarini o‘tkazish natijasiga tayanib, tusmol tuziladi va hodisaning qanday sodir bo‘lganligi ehtimollik nuqtai nazaridan ta’riflanadi (masalan, o‘g‘irlik bo‘lganmi yoki o‘g‘irlik sodir etilmaganmi). Ushbu tusmolni umumiy asos sifatida olib tekshirganda, tergovchi uni yangi faktlar bilan solishtiradi va deduktiv yo‘l bilan xususiy tusmollarni tuzadi. Ular alohida faktlarni umumiy tusmol asosida bir-biri bilan bog‘liqligini va kelib chiqishini ko‘rsatib beradi. Tusmollarni tuzganda analogiya va uning mohiyatidan quyidagicha foydalaniladi: ikkita hodisani, jumladan, «A» hodisasini kuzatib quyidagi belgilar «a», «b», «v» larga ega ekanligi aniqlanadi. «B» hodisasi esa «a», «b», «v» belgilariga ega bo‘lsa-da, bundan tashqari, «g» belgisiga ham ega ekanligi aniqlanadi va shunga ko‘ra, «A» hodisa «g» belgisiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqariladi. Analogiya usulida alohida olingan faktlarni bir-biri bilan (alohida belgilarning bir-biri bilan o‘xshash tomonlarini) solishtirib, tajriba va kriminalistik bilimlarga asoslangan holda muayyan vaziyat tahlil etiladi. Mazkur usul kriminalistik hisoblarning ishlatilishini ta’minlab beradi. Masalan, «Neksiya» avtomashinasida ayol kishining nomusiga tegilgan. 30 Jabrlanuvchi mashinaning qizil rangda ekanligini, uning umumiy ko‘rinishini eslab qolgan. Tergovchi ushbu belgilar to‘g‘risidagi axborotni IIV Axborot markaziga yuboradi va u yerdan Yunusobod tumani IIB tomonidan «Neksiya» 01 Z 707 ZW qizil rangli avtoulovi qayd etilganligi ma’lum bo‘ldi. Uning egasi V., 1970-yil tug‘ilgan bo‘lib, turar joyi ham aniq. Shu ma’lumotlarga ko‘ra, V.ning jinoyatga aloqadorligi to‘g‘risida tusmol tuzildi. Mashina ko‘zdan kechirilganda gumon qilinuvchining jabrlanuvchidan olib qo‘ygan buyumlari va jinoyatining boshqa izlari topildi. V. ushlandi va fosh etildi. Ushbu holatga ko‘ra, analogiya usuli Axborot markazi tomonidan qidirilayotgan avtomashinaning aniqlanishi va shu asosda tusmol ishlab chiqilib, jinoyatning ochilishi yuz berdi. Analogiya gumon qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi tusmollarni tuzishda keng qo‘llaniladi. Qidirilayotgan shaxsning tashqi qiyofasi jinoyatni sodir etish va yashirish tarzlari, jinoiy tajovuzi obyekti (predmeti), izlarning ta’rifi va boshqa qiyoslash belgilari sifatida xizmat qiladi. Tusmol tuzishda ko‘zga tashlanadigan belgilar katta rol o‘ynaydi. Bu tashqi qiyofa belgilari (tirtiqlar, tatuirovkalar, so‘zlash xususiyati), yaqqol ko‘rinadigan mahorat ko‘nikmalari (masalan, soxta pullarni yasash ko‘nikmasi), jinoyat sodir etishning maxsus usullari (odamga haddan tashqari azob yetkazish, sadizm, buzuqlik harakatlari), yasama qurollarning ishlatilishi («nunchaklar», qo‘rg‘oshindan ishlangan «qo‘lqoplar», o‘q otar qurollar), portlash uskunalarini niqoblash (portfelga, chemodanga) kabilar bo‘lishi mumkin. Ko‘zga tashlanadigan belgilar tusmollarni tuzishda va tekshirishda yo‘l ko‘rsatuvchi oriyentir sifatida xizmat qiladi. Tusmollarning mantiqiy xususiyatlaridan biri – uning juz’iy xulosa oqibatlarni tuzib oydinlashtirish imkoniyati. Bu fikran bajariluvchi «operatsiya» deduksiya usulida amalga oshiriladi. Ehtimollik kuchiga ega bo‘lgan asosiy fikr tushuntirishni olib undan deduksiyalash usulida xususiy xulosalar chiqariladi. Masalan, agar «A» sababning voqelikda bo‘lishi to‘g‘ri bo‘lsa, u holda, ehtimol bizga aniq bo‘lgan «a», «b», «v», faktlaridan tashqari (ular esa «A» bilan bog‘liq), hozircha aniqlanmagan «g», «d», «ye» faktlar ham «A» bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin, deb tusmol tuziladi. Tusmollarni muayyanlashtirish ulardan mantiqiy, asoslangan xulosalar chiqarish uchun ma’lum qoidalarga rioya qilishni talab etadi: – har bir tusmoldan voqelikda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan oqibat holatlarini chiqarish lozim; – har bir tusmol faktlarga asoslangan bo‘lishi mumkin; 31 – tusmol mantiqiy jihatdan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi mumkin va o‘zining mazmunida ziddiyatlarga ega bo‘lmasligi lozim; – zaruriy oqibatlarni tasodifiy oqibatlardan ajratish lozim; – tusmol tergov va tezkor-qidiruv harakatlari asosida tekshiriladi; – tusmollar imkoni boricha aynan bir paytida tekshirilishi lozim. Tusmollarni tekshirish – bu ularning mazmunida aks etgan qandaydir bir hodisa va faktlar to‘g‘risida tadqiq qilish demakdir. Tusmollarni tekshirish ularni ishlab chiqishga o‘xshab, faktik ma’lumotlarga ko‘ra amalga oshiriladi. Lekin tusmolni ishlab chiqish uchun tergovchi har qanday ma’lumotlarni (hatto tezkor yo‘l bilan olingan ma’lumotlarni ham) ishlatishi mumkin, chunki bunday usul tusmollarni kurashda tergov yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashga yordam beradi. Tusmollarning tekshirilishi jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatning aniqlanishiga yordam beradi. Shuning uchun tusmollar dalillar asosida va qonunga rioya qilish yo‘li bilan tekshiriladi. Bu esa tusmollarni tekshirishda tezkor-qidiruv imkoniyatlarini inkor qilmaydi, lekin tezkor yo‘l bilan olingan ma’lumotlar tergov yo‘li bilan tekshirilishi va dalillar asosida ishga biriktirilishi lozim. Tezkor ma’lumotlar jinoyat bo‘yicha dalil hisoblanmaydi va «faqat ular asosida tusmol tekshirildi» deb aytish noto‘g‘ri bo‘ladi. Tusmollarni tuzish va tekshirish jarayoni uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda tergovchi (yoki boshqa layoqatli shaxs) hodisa bo‘yicha ehtimollik darajasiga ega bo‘lgan fikrni shakllantiradi. Ikkinchi bosqichda ehtimollik darajasiga ega fikrdan voqelikda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan natijalar chiqariladi. Uchinchi bosqichda olingan natijalarni tergov jarayonidagi ma’lumotlar bilan taqqoslash o‘tkaziladi. Tusmollarning tekshirilishi ularning muayyanlashtirilganligi va «yoyilgani» bilan uzviy bog‘langan va bu yoyilish tegishli savollarni qo‘yib, ularni hal etish yo‘llarini belgilashdan iborat. Tusmolni mantiqiy yoyishdan keyin uni amaliyotda tekshirish boshlanadi va u tergov rejasiga asosan tergov harakatlari yoki tezkor-qidiruv choralari o‘tkazish yo‘li bilan olib boriladi. Olingan axborot har bir tusmol hamda tusmollar tizimiga ko‘ra baholanadi. Tusmolni isbotlangan deb xulosa chiqarish tergov jarayonida u bilan birgalikda yoki keyinroq tuzilgan boshqa tusmollar voqelikda ro‘y bermagan bo‘lsa va bu tegishli dalillar bilan tasdiqlansa, ro‘yobga chiqadi hamda bu tusmol aniq bilimga aylanadi. Tusmolning aniq bilimga aylanishi dalillar yig‘indisi asosida tan olinadi. Tusmolni yo‘q qilish (chippakka chiqarish) holati ish bo‘yicha unga zid bo‘lgan dalilning aniqlanishi bilan voqelikda yuz beradi. Shu bois, uchun tusmolni tekshirishda eksperiment 32 alohida o‘rin egallaydi. Agar eksperiment yo‘li bilan harakatlarning amalga oshirilishi mumkin bo‘lmasa va shu harakatlar to‘g‘risida avval tusmol tuzilgan bo‘lsa, bu tusmol natija bermagan hisoblanadi. Masalan, eksperiment natijalari jinoyatchining bergan ko‘rsatmasiga asosan uning tegishli xonaga kirganligini inkor etsa yoki tintuv paytida olingan izlar bu tergov harakatini o‘tkazish davrida topilgan predmet bilan qoldirilmaganligi ayon bo‘lib qolsa va boshqa vaziyatlarda tusmollarning bittasidan tashqari ayrimlari yoki barchasi yo‘qqa chiqariladi. Aynan bitta tusmolning tasdiqlanishi aynan bir hodisa bo‘yicha tuzilgan boshqa tusmollarning yo‘q qilishini ko‘rsatadi. Shunga asosan, ularning barchasi dalillar bilan solishtirilishi lozim bo‘ladi. Agar qonunda ko‘rsatilgan isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar dalillar asosida aniqlangan, jinoyat ishi bo‘yicha faktlarni ta’riflashda barcha ziddiyatlar hal qilingan va ish bo‘yicha yagona xulosa chiqarilgan bo‘lsa, tegishli hodisaga asosan tusmollarning tekshirilishi yakunlangan deb hisoblanadi. 3-§. Jinoyatlarni tergov qilishda rejalashtirishning asosiy belgilari va funksiyalari «Tergovni rejalashtirish» tushunchasi. Tergovni rejalashtirish tergovchi faoliyatining maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’minlab beruvchi omildir. Shu sababdan uni jinoyat ishi bo‘yicha olib boriladigan barcha ishlarning omilkorlik jihatidan natijali bo‘lishini ta’minlaydigan uslub sifatida qabul qilish kerak. Tergovni rejalashtirish zaruriy talab bo‘lib, unga ta’sir etuvchi va amaliyotda uchraydigan bir qator omillar mavjud. Birinchisi, jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi kerak bo‘lgan barcha holatlarni, qonun talabiga binoan, har tomonlama, to‘liq va ob’yektiv tarzda aniqlash lozimligidir. Ular jinoyat ishini rejalashtirganda tergovning umumiy maqsadini va muayyan vazifalarini har bir tusmolga va har bir holga nisbatan aniq belgilash kerakligi, barcha jinoyat protsessi qatnashchilarining qonunlarga rioya qilgan holda harakat qilishi lozimligi kabi talablarni qo‘yadi. Ikkinchisi, bu vaqt omili hisoblanadi. Masalan, dastlabki tergovning umuman va alohida institutlarini olib ko‘rsak (masalan, ayb e’lon qilib, ayblanuvchini so‘roq qilish), vaqt bilan belgilangan. Bu masala jinoyat sudlovi va jamoat manfaatlari hamda tartibini saqlashda, ularning natijali bo‘lishini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Vaqtning o‘tishi jinoyatdan qolgan izlarga bevosita ta’sir ko‘rsatishi, guvohlarning esida qolgan hodisalarni esdan chiqishi, jinoyatchining qochib ketishi, 33 dalillarning yo‘q qilinishi, o‘zgalarga sotib yuborilishi yoki yashirilishi, jinoyatchining qilgan jinoyatini o‘ylab, barcha xatti-harakatlarini niqoblashi yoxud jabrlanuvchi bilan guvohlarga ta’sir ko‘rsatib, ularning bergan ko‘rsatuvlaridan bosh tortishga majbur qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, ishni rejalashtirganda vaqtni e’tiborga olish lozim. Vaqtni belgilash har bir tergov harakatini olib borishda, jinoyat ishi bo‘yicha eng murakkab ekspertiza va taftishlarni (iqtisodiy jino- yatlarni tergov qilganda) o‘tkazishda, guvohni (jabrlanuvchini) so‘roq qilish uchun uning ishlash sharoitlari, sog‘lig‘i, qanday holatda bo‘lgan- ligi va boshqa holatlarni inobatga olganda, surishtiruv idorasiga maxsus talabnomalar va topshiriqlarni berganda, mutaxassislarni taklif etish va ulardan maslahatlar olish, jinoyat ishlari va boshqa hujjatlarni o‘rganishda, himoyachini taklif qilganda yoki qonun asosida ko‘rsatilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishda lozim bo‘ladi. Vaqt omilini hisobga olish tergovchining ko‘zdan kechirish, tintuv, so‘roq qilish, eksperiment o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish, ko‘rsa- tuvlarni joyida tekshirish va boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish uchun ajratiladigan vaqt jarayonini hisobga olib, uning fakt bo‘yicha davomiyligini farazli ravishda belgilashini talab qiladi. Bunday murak- kab harakatlar ko‘pincha rejalashtirishni talab qiladi va bu o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Agar tergovchining qo‘lida bir necha jinoyat ishi harakatda bo‘lsa, bunday hollarda vaqt omili birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Bunday hollarda ushbu jinoyat ishlarining rejalari o‘zaro kelishilgan holda koordinatsiyalanadi. Uchinchisi – bu tashkiliy omil. Bunda tergovchi ixtiyorida tergov faoliyatining maxsus vosita va usullari mavjud bo‘ladi hamda ular ish bo‘yicha haqiqatning aniqlashini ta’minlaydi. Tashkiliy omilning ishlatilishi tergovni tashkiliy jihatdan yaxshi rejalashtirilganligini, tumanda, shaharda tezkor holatning hisobga olinishini, ichki ishlar organlarining voqelikdagi real imkoniyatlarini, jamoatchilik yordamini, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalarining tergovga ko‘makla- shuvini, ichki ishlarning har xil xizmatlarining tergovchi bilan maqsadga muvofiq va birgalikda harakat qilishi darajasini hisobga olishni taqozo etadi. Tergovni omilkorlik jihatidan tashkil qilish ishni o‘z vaqtida va aniq rejalashtirishni ta’minlaydi. Kriminalistikada rejalashtirish tamoyillari asosida muayyan jinoyat ishi bo‘yicha uni tergov qilishda asosiy talablar yig‘indisi tushuniladi. Bunday tamoyillar sifatida har bir ishni uning xususiyatiga qarab 34 rejalashtirishni unga mos qilish, ya’ni o‘ziga xoslik, muayyanlik, voqe- likka mos kelishi, har bir ishni aniq belgilash, uni amaliyotda amalga oshirish va harakatchanlik talabiga rioya qilish tamoyillari qayd etilgan. O‘ziga xoslik tamoyili har bir ish bo‘yicha rejalashtirishni amalga oshirganda jinoyatning aniq yoki taxmin etilgan tarkibiga, jamoat uchun (ijtimoiy) xavflilik darajasiga, jinoyat to‘g‘risidagi axborotning mazmundor va to‘liqligiga, axborot manbalarining o‘ziga xos bo‘lishiga, jinoyat jarayoni ishtirokchilarining xatti-harakatlariga va ishning boshqa xususiyatlariga qarab ish tutishni taqozo etadi. O‘ziga xoslik tamoyilini kriminalistika fani tavsiyalarini rejalashtirishda ishlatilish talab qilinadi, chunki aynan ularda tergov va tezkor-qidiruv faoliyatining eng omilkor tajribasi umumlashtirilgan. Rejalashtirishning o‘ziga xosligi tergovchi- ning kasbiy tajribasi va maxsus bilimlarini muayyan holatda ishlatish ko‘nikmalarida aks etadi. Muayyanlik tamoyili ish bo‘yicha muayyan tusmollarni tuzishni, haqiqatni aniqlash maqsadida tusmollarni tekshirish uchun muayyan yo‘llar va usullarni belgilashni talab qiladi. Tergov qilish muddatlari, jinoyat ishi bo‘yicha va har bir tusmolga nisbatan aniqlanadigan barcha savollar, alohida tergov harakatlarining vazifalari, tezkor xodimlarga beriladigan topshiriqlar, albatta, muayyan bo‘lishi kerak. Agar tergovni bir guruh tergovchilar olib borayotgan bo‘lsa, muayyanlik tamoyili har bir tergovchiga berilgan vazifalarni jinoyat ishi bo‘yicha alohida rejalashtirish va bu rejalarni umumiy jinoyat ishi bo‘yicha tergov qilish rejasiga mos kelishini talab qiladi. Harakatchanlik tamoyil shuni anglatadiki, jinoyat ishi bo‘yicha tergov rejasi (ayniqsa murakkab ishlar bo‘yicha) yangi axborotning oqib kelishiga qarab o‘zgarib boradi. Rejaga muayyan qo‘shimcha va o‘zgar- tishlar kiritiladi. Ular tergovning to‘liq, voqelikka mos va har tomonlama olib borilishini ta’minlaydi. Harakatchanlik tamoyili rejalashtirishning xilma-xil usullarida, uning bosqichli bo‘lishida aks etadi. Rejalash- tirishning bosqichli bo‘lishi dastlabki tergov bosqichlariga bog‘liq. Voqelikka to‘g‘ri bo‘lish tamoyilida tergov rejasi tomonidan qayd etilgan barcha maqsadlar va tergovning vazifalari voqelikka to‘g‘ri bo‘lib, Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar doirasidan chetga chiqmasdan amalga oshirilishi kerak. Voqelikka to‘g‘ri bo‘lmagan (bajarilishi mumkin bo‘lmaydigan) vazifalarni qo‘yish, u yoki bu harakat vaqtini asossiz uzaytirish yoki qisqartirish, jinoyat ishi bo‘yicha maqsadga muvofiq bo‘lmagan, bekorga vaqtni oladigan va ishni haddan tashqari cho‘zib yuborishga olib keladigan choralarni rejalashtirish mumkin emas. 35 Rejalashtirishning voqelikka to‘g‘ri bo‘lishi tergovchi tomonidan hozirgi zamon ilmi va texnikaning real imkoniyatlariga baho berishda ham aks etadi. Ko‘pincha bu imkoniyatlar asossiz ravishda inkor qilinadi, natijada ayrim savollar yechilmay qoladi, daliliy ashyolar va juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan axborot aniqlanmaydi, «o‘qilmaydi» va amaliyotda ishlatilmay qoladi. Oqibatda esa jinoyatchi o‘z manfaatlarini ko‘zlab, jinoiy javobgarlikdan qochib qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Rejalashtirish tamoyillari kriminalistika fani tomonidan tergov, tezkor-qidiruv, ekspert va sud amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish asosida ishlab chiqilgan. Ularning barchasi birgalikda amalga oshirilib, tergovning tashkiliy jihatdan yaxshi ta’minlanishiga asos bo‘ladi. Tergov qilishda rejalashtirish bir necha funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, modellashtirish tergov jarayonini tashkil etib, boshqarish va dalillarni bir tizimga keltirishni ta’minlaydi. Modellashtirish (ya’ni tergov qilish jarayonida jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni o‘rganish maqsadida) voqelikda bo‘lgan qandaydir bir obyekt- ni tiklash uchun unga o‘xshash jihatlarni ishlab chiqib, ularni sinovdan o‘tkazishni talab qiladi va u bir necha yo‘nalishlardan iborat. Ushbu bir necha yo‘nalishlar ichidan hodisaning holatlarini va ularning tergov qilish yo‘llarini fikran modellashtirish o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Modellashtirish funksiyasi vujudga kelgan muammolar va tusmollarga doir axborotning fikran to‘planishi va tahlil etilishini ta’minlaydi va maqsadga erishishda eng natijali yo‘llarning topilishiga yordam beradi. Bu murakkab jarayon bo‘lib, tegishli tergov rejasida, chizmalarda, yozmalarda va boshqa ko‘makdosh materiallarda o‘z aksini topadi hamda jinoyatchi va jinoyatga aloqador barcha holatlarni aniqlash to‘g‘risida, tergovchining tasavvurini qayd etadi. Tergov rejasi analog bo‘lib, uning fikran modeli qog‘ozda aks ettiriladi. Tergov jarayonini tashkil etish va boshqarish funksiyasi to‘rtta pog‘onadan iborat bo‘lishi tan olingan. Rejalashtirish sohasida krimina- listik tavsiyalar asosan muayyan jinoyatni tergov qilish va alohida tergov harakatlarini o‘tkazishga doir uchinchi va to‘rtinchi pog‘onalarga man- sub. Bu funksiya tergovning omilkorlik jihatidan tashkil etilishini ta’min- laydi. Tergovchi rejani ishga solganda vujudga kelgan vazifalarni ketma- ketlik asosida hal etishga, tusmollarni tekshirishga, vaqtdan unumli foydalanishga, tergov vaziyatlarida ayrim chigalliklar yuzaga kelishini hisobga olib, o‘zining taktik fikrlarini amalga oshirishga bel bog‘laydi. Tergovchi qo‘lidagi bir necha jinoyat ishlari harakatda bo‘lsa, u holda boshqarish va nazorat funksiyasi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. 36 Muayyan jinoyat ishlari rejasi asosida tergovchi haftalik yig‘ma-reja tuzadi va har bir jinoyat ishi bo‘yicha harakatlarning bir maromda olib borilishi ta’minlanadi. Bu rejada hayotda uchraydigan ehtimoldan holi bo‘lmagan tasodiflar hisobga olinadi (masalan, guvohlarning kasalligi yoki boshqa joyga jo‘nab ketishi, belgilangan vaqtda tanib olish uchun ko‘rsatishni o‘tkazishning imkoniyati yo‘qligi). Natijada vaqtning bekorga sarf bo‘lmasligi ta’minlanadi. Rejaning mavjudligi tergov bo‘linmasining boshlig‘iga, prokurorga tergovchi ish faoliyatini nazorat qilib borish, o‘z vaqtida unga zaruriy maslahat va ko‘rsatmalar berish yoki rejani o‘zgartirish imkonini beradi. Bundan tashqari, reja tergovning o‘zini o‘zi nazorat qilishga, jinoyat ishi bo‘yicha muddatlarni o‘tkazib yubormaslikka, tusmollarni tekshirish darajasini baholashga, dalillarning haqiqiyligini aniqlashga, ularning to‘liqligi, ishga taalluqligi va qonun asosida kiritilganini tekshirishga vosita bo‘lib xizmat qiladi. Modellashtirish, tergovni tashkil etish va boshqarish funksiyasi bilan birga, dalillarni tartibga keltirish (tizimlashtirish) funksiyasi ham mavjud. Ma’lumki, tergovning boshlang‘ich davrida dalillar to‘g‘risidagi axborot mavjud bo‘lsa-da, noto‘liqlik va isbot kuchiga ega axborotlarning bir-biriga zid bo‘lishi, ayniqsa, jinoyat tarkibiga kiruvchi elementlarga nisbatan ularning bir tartibga keltirilmaganligi namoyon bo‘ladi. Tergovni rejalashtirish tergov jarayonini bir yo‘nalishga kiritib, muayyan vazifalarni hal etishga yo‘llaydi, bir-biridan uzoqlikda bo‘lgan dalillarni yaqinlashtirib, to‘liq bir tizimni yaratishga imkon beradi va ushbu tizim hodisani voqelikda qanday bo‘lganligini aks ettiradi. Bu esa ziddiyatlarga o‘rin qoldirmaydi va faktlar orasidagi aloqalarni yaqqol ko‘rsatib beradi. Download 1.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling