A k a d e m I y a kriminalistik taktika
Download 1.25 Mb. Pdf ko'rish
|
Krim-taktika
IV bob. KO‘ZDAN KECHIRISH VA GUVOHLANTIRISH TAKTIKASI 1-§. Ko‘zdan kechirishning mohiyati va umumiy qoidalari Ko‘zdan kechirish – jinoyat izlari, ashyoviy dalillarni topish, hodisa sodir bo‘lgan vaziyatni va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashtirish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki sud- ning hodisa sodir bo‘lgan joyni, murdani, hayvonlarni, tevarak-atrofni, binolarni, narsalar va hujjatlarni ko‘zdan kechirishdan iborat bo‘lgan tergov harakatidir (Jinoyat-protsessual kodeksining 135-moddasi). Ko‘zdan kechirish yig‘indi tushuncha bo‘lib, u o‘z ichiga quyidagi tergov harakatlarini qamrab oladi: – hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, murdani tashqi jihatdan ko‘zdan kechirish; – jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy-dalil sifatida tan olinishi mumkin bo‘lgan predmet va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, ashyoviy dalil kuchiga ega bo‘lmagan hujjatlarni ko‘zdan kechirish; – hayvonlar va ularning jasadlarini ko‘zdan kechirish; – hodisa sodir bo‘lmagan ochiq joylar va xonalarni ko‘zdan kechirish; – transport vositalarini ko‘zdan kechirish. Yuqorida qayd etilgan tergov harakatining turlari bir-biriga o‘xshash va farq qilish belgilariga egadir. Ularning bir-biriga o‘xshashligi shundan iboratki, tergovchi daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarning ta’rifini asoslaydi va hodisaning natijalarini bevosita o‘rganib va moddiy o‘zgarishlarni hisobga olib, hodisa to‘g‘risida voqelikka to‘g‘ri bo‘lgan ma’lumotlarni olishga harakat qiladi. Tergovchi shaxsan hodisa sodir bo‘lgan joyda vujudga kelgan shart-sharoitlarni bevosita kuzatadi, his etadi, eshitadi, o‘rganadi va baho beradi. Bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlarni qayd qiladi va dastlabki tadqiq qilishga harakat qiladi. Bunday harakatlar ko‘zdan kechirishning barcha turlariga mansub. Ko‘zdan kechirishning mohiyati va ma’lum maqsadlarda ishla- tilishi shu tergov harakatini o‘tkazishda qo‘llaniladigan uslublarning ta’rifini belgilab beradi (masalan, kuzatish, taqqoslash, o‘lchash, tavsiflash, eksperiment, modellashtirish va hokazo). 57 Kuzatish – faqat oddiygina ko‘zdan kechirish bo‘lib qolmay, balki bu diqqatni mutaxassislik yo‘nalishida hodisaning holatini aniqlash uchun tegishli belgilarni ajratib, ularni tavsif etishga qaratilgan harakatdir. Bunday kuzatish tajriba, mutaxassislikka oid bilimlar, belgilarni detalli tahlil etish, ularni bir-biri bilan taqqoslash, kelib chiqishi va aloqalarning tavsiflash harakatlari bilan uyg‘unlashadi. Kuzatishda jinoyatlarni sodir etish va yashirish tarzi, ularning tipik turlariga mansub bo‘lganligini aniqlash katta ahamiyatga ega. Kuzatishda ko‘z bilan ko‘rib aniqlangan tasavvurlar katta ahamiyatga ega. Zarur hollarda, ular hid bilish, sezish va eshitish tasavvurlari bilan to‘ldiriladi. Masalan, hid bilish, haroratini o‘lchash va ovozlarni eshitish alohida savollarni yechish hamda holatni baholashda, shuningdek, tusmollarni tuzish va ularni tekshirishda muhim rol o‘ynaydi. Taqqoslash – kuzatish bilan uzviy bog‘liq. Ushbu uslubning mohiyati shundan iboratki, u predmet va hodisalarni, ularning belgilarini taqqoslashda va shunga ko‘ra, ularning bir-biriga o‘xshashligi yoki o‘xshash bo‘lmasligi, kelib chiqishi va aloqalari to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon beradi. Taqqoslash uchun real obyektlar hamda fikran obyektlar birgalikda xizmat qilishi mumkin. O‘lchash – taqqoslashning bir turi bo‘lib, bunda o‘rganiladigan obyekt uzunlik, vazn, hajmiy etalonlariga ko‘ra taqqoslanadi. O‘lchash obyektlari sifatida ularning soni, vazni kattaligi, hajmi, predmetlar orasidagi masofa, makon chegaralari va boshqa obyektlar bo‘lishi mumkin. Odatda, ko‘priklarda o‘lchash asboblaridan foydalaniladi va bu obyektlarni aniq o‘lchashda isbotlash ahamiyatiga ega bo‘ladi. Tavsiflash – ko‘rikda yozma shaklda (bayonnoma tuzish orqali) amalga oshirilib, u aniq, qisqa va barcha jinoyat protsessi qatnashchilariga tushunarli bo‘lishi lozim. Tergov ko‘rigi bayonnomasida boshqa tergov harakatlari bayonnomalarida ham ehtimolda tutilgan fikrlar, xulosalar, shaxsiy baholashdan voz kechish lozim, chunki bayonnomalarda voqelikda aniq topilgan faktlar qayd qilinadi. Cheklangan doiraga ma’lum bo‘lgan terminlar batafsil ta’riflanadi. Bayonnomaga sxemalar, rejalar, fotosuratlar, videoyozuvlar ilova sifatida qo‘shiladi. Eksperimental uslub – tajribalar o‘tkazishdan iborat bo‘lib, ko‘rik jarayonida belgilarning to‘liq va obyektiv ravishda aniqlanishini ta’minlaydi. Ba’zi bir tajriba harakatlari, masalan, eshikning ochilishi, uning ochilishida ovoz chiqarishi, to‘siqni sindirish quroli va uni quroldan qolgan izlar bilan solishtirish jinoyatni sodir bo‘lish mexanizmi to‘g‘risida tushuncha hosil qilishga yordam beradi. Agar elementar 58 tajriba harakatlari ko‘rik chegarasidan chiqmasa va uning asosiy elementidan tarkib topgan bo‘lsa, ular ko‘zdan kechirish bayonnomasida qayd qilinadi. Agar tajriba harakatlari ko‘zdan kechirish harakati chegarasidan chiqib ketadigan bo‘lsa, ular mustaqil tergov harakati jarayonida amalga oshiriladi. Eksperiment jarayonida va uning natijalari bayonnomada o‘z aksini topadi. Modellashtirish – o‘rganish uslubi sifatida obyektlarning o‘xshash sifatlarini ishlab chiqib, ularni ishlatishdan iborat. Ko‘zdan kechirish jarayonida modellashtirishning qoliplarni har xil izlardan olish, hodisa sodir bo‘lgan joyni rekonstruksiya qilish (qaytadan tiklash) yoki alohida predmetni qaytadan tiklash, sxematik rejalar, foto, video, kino modellarni tuzish kabi turlari qo‘llaniladi. Ushbu uslublar odatda birgalikda qo‘llaniladi. Tegishli obyektga va hodisaning ta’rifiga qarab, muayyan vazifalarni hisobga oladi. Bu harakatning to‘liqligini, voqelikka to‘g‘riligini va natijalarining obyektivligini ta’minlaydi. Ko‘zdan kechirishning barcha turlari yagona tamoyillarga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunday tamoyillar sifatida quyidagilarni ro‘yxatga olish mumkin: 1) ko‘zdan kechirishning kechiktirib bo‘lmasligi; 2) uning voqelikka to‘g‘riligi, to‘liqligi va har tomonlama o‘tkazilishi; 3) maqsadga muvofiqligi; 4) texnik-kriminalistik uslublar va vositalar hamda mutaxassislar yordamidan foydalanish; 5) tadqiq etiladigan obyektlar bilan ishlaganda kriminalistik qoidalarga rioya qilish; 6) ko‘zdan kechirishni yagona rahbarlik asosida o‘tkazish. Ko‘zdan kechirishning kechiktirib bo‘lmasligi quyidagilar bilan belgilanadi: – tergovning tezkor ta’rifga egaligi bilan jinoyat alomatlari to‘g‘risidagi xabarga qonunchilikni ta’minlash manfaatlari nuqtai nazaridan vaqtni o‘tkazmasdan choralar ko‘rish, unda jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligini aniqlash, kelgusi harakatlar to‘g‘risida qaror qabul qilish; – izlar va boshqa obyektlarni aniqlash, qayd qilish va saqlab qolish zaruriyati bilan agar ular bo‘lib o‘tgan hodisaga nisbatan mumkin qadar aloqador bo‘lsa va kelajakda daliliy ashyo sifatida ishlatishga asos bersa; – ko‘zdan kechirishda jinoyatni soxtalashtirish holatlari hodisani obyektiv ravishda o‘rganishga va unga to‘g‘ri baho berishga to‘sqinlik qilsa; 59 – obyektlar yoki hodisaga aloqador barcha sharoitlarning o‘zgargani bilan (agar bu o‘zgarishlar tabiiy omillardan kelib chiqsa, ya’ni ob-havo, harorat, obyektning o‘ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy muhit, masalan, yo‘l- transport qoidalari, korxonalar faoliyati, insonlar xavfsizligining ta’minlanishi, mulkni saqlash sharoitlari va hokazolar o‘zgarsa). Ko‘zdan kechirishning obyektivligi bu tergov harakatining boshlanishida obyektlar qanday holatda aniqlangan bo‘lsa, ularni shundayligicha qayd qilish va dastlabki tadqiq etishdan iboratdir. Obyektivlik bu – voqelikka to‘g‘rilik demak. Voqelikka to‘g‘rilik ishga tanqidiy baho berishni talab qiladi va bir qolipdagi qarorlarni istisno qilib, ishga shoshmashosharlik va sovuqqonlik bilan yondashishga yo‘l qo‘ymaydi. Harakatning to‘liqligi va har tomonlamaligi tergov harakatini o‘tkazganda isbotlovchidan taktik va tezkor-qidiruv faoliyatiga nisbatan ahamiyatga ega obyektlarning belgilarini aniqlab, qayd etish va dastlabki tadqiq etishni talab qiladi. Uning to‘liqligi va har tomonlama bo‘lishi quyidagilar bilan ta’minlanadi: – ko‘zdan kechirishning to‘g‘ri tashkil etilishi, ko‘zdan kechirish qatnashchilari o‘rtasida ish faoliyatining to‘g‘ri taqsimlanishi, harakatlarning rejaga asosan o‘tkazilishi; – tergovchi tomonidan harakatni o‘tkazishda aynan bir o‘zining boshchilik qilishi; – kriminalistik vosita va uslublarining to‘g‘ri ishlatilishi; –tergovchi va boshqa qatnashchilar kasbiy tajriba va bilimlarning mavjudligi; – ko‘zdan kechirish vazifalarini amalga oshirish uchun ruhiy tomondan barcha harakatlarni safarbar qilish qobiliyati; – tergov harakatini o‘tkazish paytida bo‘lgan hodisaning suratini amaliy harakatlarga fikran solishtirish qobiliyati. Tergov harakatining to‘liq, har tomonlama va voqelikka to‘g‘ri bo‘lishi uning maqsadga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlaydi. Ko‘zdan kechirishning asosiy vazifalari quyidagicha: – tergovchi tomonidan tergov qilinayotgan hodisaga nisbatan uning moddiy sharoitlarini, hodisaning ta’rifini va holatlarini aniqlash maqsadida hodisa sodir bo‘lgan joyni, uning moddiy holatini bevosita o‘rganish; – jinoyat izlari va boshqa daliliy ashyolarni aniqlash, qayd qilish, olib qo‘yish va baholash; 60 – boshlang‘ich axborotga ega bo‘lish asosida jinoyatchining shaxsi, jinoyat qatnashchilari, hodisaning mexanizmi bo‘yicha umumiy va xususiy tusmollar tuzish; – tusmollarni tekshirish; – jinoyatchini «issiq izidan» qidirish va boshqa tezkor-qidiruv harakatlarni o‘tkazish bo‘yicha ma’lumotlar olish; – jinoyatning sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash; – obyektning o‘ziga xosligini aniqlab uning umumiy ta’rifini belgilash; – obyektni hodisa bilan bog‘lab qo‘ygan alomatlarini aniqlash; – bu alomatlarni (belgilarni) muayyanlashtirish, dastlab ularni jinoyat huquqiga, taktik va tezkor-qidiruvga oid ahamiyatini belgilash; – aniqlangan belgilarni saqlash, qayd qilish va dastlabki tadqiqot o‘tkazish. Ko‘zdan kechirishda texnik-kriminalistik vositalardan, shuningdek mutaxassislar yordamidan foydalanish uning sifatli o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tergov harakatini o‘tkazganda ko‘pincha mutaxassis-krimi- nalist, sud tibbiyot xodimi, avto-texniklar, yong‘indan saqlash xizmati (yong‘in xavfsizligi bo‘yicha) muhandislari yordamidan foydalaniladi. Bu mutaxassislar izlar va boshqa obyektlarning izlarini aniqlash, qayd qilish, olib qo‘yish va saqlashda, tergov ko‘rigining natijalari va jarayonini tavsif etishda, baho berishda boshqa qatnashchilarga maslahatlar beradilar. Shu harakatni o‘tkazishda tadqiq qilinayotgan obyektlar bilan ishlash bo‘yicha kriminalistik qoidalarga rioya qilish zarur. Aks holda, ehtiyotsizlik harakatlari tufayli hodisa izlarini tadqiq qilinayotgan obyektlarda yo‘qolib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, tergov harakati qatnashchilari tomonidan tadqiq qilinayotgan obyektlarda iz qoldirmaslik talab qilinadi. Ushbu qoidalarning eng muhimlarini quyidagicha qayd etamiz: – obyekt oldin diqqat bilan kuzatiladi, uning ta’rifi, turi, shakli, joylanish holati va boshqa belgilari aniqlanib, texnik-kriminalistik vositalar yordamida ko‘zdan kechiriladi; – obyektni ko‘zdan kechirganda uni buzish, dastlabki holatini o‘zgartirish mumkin emas, chunki u avval sinchiklab ko‘zdan kechirilib, hodisa sodir bo‘lgan joyda qay tarzda yotgani, bo‘lgani, uning ustida qanday izlar borligi aniqlanadi; 61 – obyektni yaxshi saqlab qolish va yaxshi qayd etish uchun keyinchalik tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida uni qanday bo‘lsa shunday shaklda olib qo‘yish lozim. Bunday holatda obyekt o‘rganilishi, fotosuratga olinishi va dastlabki aniqlangan joy bayonnomada har tomonlama tavsiflanishi lozim; – obyektning o‘zida qandaydir (biron-bir) yozuvlarni, belgilarni qayd etish mumkin emas. Obyektning aniqlangan joyi, vaqti va boshqa taxminiy belgilarini maxsus yorliqlarda yozish va ularni obyektga ip bilan bog‘lab qo‘yib, ko‘rsatish lozim, aks holda, obyektda mutaxassis tomonidan qoldirilgan iz muhim izlarning yo‘q bo‘lishiga olib keladi; – obyekt o‘ralishi lozim, chunki uni o‘ralgan holda saqlash oson bo‘ladi; – ko‘zdan kechirishni o‘tkazish umumiy obyektlardan xususiy obyektlarga qarab yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Hodisa joyidagi yoki boshqa ko‘zdan kechirish turini o‘tkazish yagona boshchilik asosida amalga oshiriladi, tergovchidan boshqa qatnashchilarni bevosita boshqarishni va tergov harakatiga rahbarlik qilishni talab qiladi. Bu esa harakatning rejali o‘tkazilishiga, voqelikka to‘g‘ri bo‘lishi va to‘liqligi ta’minlanishiga, olingan ma’lumotlarning tergov manfaatlarida ishlatilishiga imkon yaratib beradi. Ko‘zdan kechirishning taktik tamoyillari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Ular har qanday tergov ko‘rigini o‘tkazishda umumiy talab- qoida sifatida namoyon bo‘ladi. Ko‘zdan kechirish ketma-ketlik bo‘yicha dastlabki va qayta ko‘zdan kechirishga bo‘linadi. Dastlabki harakatda obyekt har tomon- lama ko‘zdan kechiriladi va uning barcha detallari o‘rganiladi. Qayta tergov harakati xilma-xil sabablarga ko‘ra, masalan, dastlabki ko‘zdan kechirish noma’qul sharoitlarda o‘tganligi sababli qayta o‘tkaziladi (masalan, yoritish sharoitlari yomon bo‘lganligi, obyekt yoki hodisa to‘g‘risida yangi xabarlar olinganligi va yangi tusmollarning vujudga kelganligi sababli yoki obyektni tekshirish qayta tergov ko‘rigi o‘tkazilishini talab qilsa yoxud dastlabki tergov ko‘rigi sifatsiz o‘tkazilsa). Qayta tergov harakatini o‘tkazish obyektning barcha yoki alohida elementlarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ko‘zdan kechirish hajmi bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha tergov harakatlarga bo‘linadi. Qo‘shimcha ko‘zdan kechirish harakatida faoliyat obyektning barcha xossalarini emas, balki alohida elementlarini ko‘zdan kechirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi (dastlabki ko‘rikda ular tekshirilmagan 62 va ko‘zdan kechirilmagan bo‘lsa). Asosiy ko‘zdan kechirish harakatida esa obyektning barcha elementlari ko‘zdan kechirilishi talab qilinadi. Ko‘zdan kechirishning o‘z vaqtida o‘tkazilishi daliliy ashyolarning olib qo‘yilishiga, ularni tadqiq etib, gumon qilinuvchi shaxslarning qaysi yo‘nalishda qidirilishini belgilab olishga sharoit yaratadi. Aks holda, jinoyat ishi bo‘yicha bir talay qiyinchiliklar vujudga keladi. Masalan, tergovchi o‘g‘irlik fakti bo‘yicha tezda hodisa sodir bo‘lgan joyga bormasdan, jabrlanuvchi ko‘rsatgan gumon qilinuvchi shaxslarni so‘roq qila boshlaydi. Hech qanday foyda bermagan so‘roqlardan keyin u hodisa sodir bo‘lgan joyga keladi va hodisa joyida jinoyatdan qolgan izlarning yo‘qolib ketganligini, ya’ni jabrlanuvchi jinoyatchilar sindirgan oyna siniqlarini tashlab yuborganini, oyoq izi qolgan polni yuvib, mebeldagi qo‘l izlarini artib yo‘q qilganini biladi. Ushbu kechikish tergov jarayoniga kattagina muammo tug‘diradi, chunki gumon qilinuvchi shaxsning aniqlanishiga vaqtni boy berish holati salbiy ta’sir etadi. 2-§ Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish – kechiktirib bo‘lmas tergov harakati bo‘lib, jinoyat alomatlariga ega hodisaning natijalarini maqsadga muvofiq ravishda faol o‘rganishdan iborat. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirganda quyidagi vazifalar amalga oshiriladi: 1) umumiy holatni o‘rganish va hodisaning muayyan natijalarini hisobga olish; 2) hodisa to‘g‘risidagi izlar va boshqa axborot manbalarini qidirish, ularni qayd etish, olib qo‘yish, dastlabki tadqiq qilish, baho berish va saqlab qo‘yish; 3) hodisa, uning qatnashchilari to‘g‘risida barcha faktik ma’lumotlarni yig‘ib, ularni tahlil qilish, hodisa va uning qatnashchilari to‘g‘risida ta’rifga ega bo‘lish va shu asosida zaruriy tusmollarni ishlab chiqish hamda tergov yo‘nalishlarini belgilash; 4) jinoyat izlarining «issig‘ida» tezkor-qidiruv choralari va tergov harakatlarini o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlar olish; 5) hodisaning salbiy oqibatlarini o‘rganish (agar bunday oqibatlar mavjud bo‘lsa). Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish kechiktirib bo‘lmas tergov harakati sifatida barcha hollarda, agar izlarning aniqlanishiga, 63 tadqiq etilishiga va saqlanishiga doir zudlik bilan chora qabul qilish lozim bo‘lsa, jinoyat alomatlarini qayd qilish maqsadida o‘tkaziladi. Garchi hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish hodisa joyini bevosita o‘rganishda asosiy vosita hisoblansa ham uning har qanday jinoyat bo‘yicha o‘tkazilishi tavsiya etiladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish O‘zbekiston Respublikasi JPKning 135-137, 141-moddalarida ko‘rsatilgan. Kriminalistikada hodisa sodir bo‘lgan joy bilan jinoyat sodir bo‘lgan joy o‘rtasida farq borligi qayd etilgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy – bu ma’lum ochiq joy yoki xonadon bo‘lib, aynan o‘sha joyda jinoyatning alomatlari yoki izlari topilgan deb hisoblanadi. Jinoyat sodir bo‘lgan joy deb esa aynan jinoyat yuz bergan joy ataladi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish murakkab, katta hajmli harakatdir. Uning murakkabligi obyektlarning ko‘pligi va ko‘zdan kechirish vazifa- larining ziyodligi, hodisa joyida bo‘lgan sharoitlarning meteorologik omillarga ko‘ra o‘zgarishi, ayrim obyektlarning xususiyatlari, odamlarni ataylab yoki ehtiyotsizlik bilan qilgan harakatlari sababli o‘zgarishi, ish faoliyatining uzunligi hamda chigal vaziyatlarda katta ruhiy ezilish va shu kabilar bilan belgilanadi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish taktikasi uchta asosiy elementdan, ya’ni jinoyat joyini ko‘zdan kechirish uchun tayyorgarlik ko‘rish, ko‘z- dan kechirish (ishchi bosqich) va yakunlovchi bosqichdan tarkib topgan. Hodisa joyini ko‘zdan kechirishning natijali bo‘lishi unga puxta tayyorgarlik ko‘rishdir. Shu bois, unga tayyorgarlik ko‘rish ikki bosqichni o‘z ichiga oladi: 1) hodisa joyiga chiqmasdan tayyorgarlik ko‘rish; 2) hodisa joyiga chiqqanda tayyorgarlik ko‘rish. Tergovchi hodisa to‘g‘risida xabar olgach, hodisa joyiga chiqishdan avval tergov-tezkor guruhi yig‘iladi, u ilmiy-texnik vositalar, aloqa vositalari va transport bilan ta’minlanadi. Amaliyotda ichki ishlar organlari va prokuratura tergovchilari, mutaxassis-kriminalistlar, jinoyat-qidiruv bo‘limining xodimlari, sud- tibbiyotchilar va kinologlar birgalikda navbatchilik qilishadi. Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida tergov-tezkor guruhining hodisa sodir bo‘lgan joyda qanday harakat qilishi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma mavjud. Navbatchilik qismi xodimi hodisa to‘g‘risida xabar olganidan so‘ng quyidagi harakatlarni amalga oshiradi: 1) xabar bergan shaxsning o‘zi kim, hodisa qayerda sodir bo‘lgan va qanday harakatlar sodir etilgan, bu harakatlarni kim sodir etgan yoki sodir 64 etishi mumkin, o‘sha shaxsning tashqi qiyofa belgilari, qayerga qochib ketganligi qayd qilinadi; 2) hodisa sodir bo‘lgan joyga zudlik bilan tergov-tezkor guruhini jo‘- natadi, hudud profilaktika inspektorini jinoyat sodir bo‘lgan joyga yuboradi yoki unga bu haqda xabar qiladi. Ayrim hollarda o‘zining yordamchisini jinoyat sodir bo‘lgan joyga yuborib, boshqa jinoyatlar sodir etilishiga qarshi choralar ko‘radi, hodisa sodir bo‘lgan joyni qo‘riqlash tadbirlarini belgilaydi; 3) boshqa ichki ishlar organlarini hodisa to‘g‘risida xabardor qilib, ularga jinoyatchilarning tashqi qiyofalari, ular olib ketgan buyumlar va transport vositalarining belgilari to‘g‘risida va jinoyatga aloqador boshqa ma’lumotni beradi, ularni ushlab olish maqsadida hodisa joyiga va jinoyatchilarning paydo bo‘lish ehtimoli bo‘lgan joylarga qidiruv guruhlarini yuboradi; 4) tergov-tezkor guruhi bilan muntazam aloqa qiladi, unga zaruriy yordam ko‘rsatadi, bu guruhdan keladigan axborotning tekshirilishini tashkil qiladi, kriminalistik va tezkor hisoblar bo‘yicha axborotni tekshiradi; 5) hodisa to‘g‘risida ichki ishlar organi rahbariyatiga xabar qiladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyga chiqqanda tergovchi va kinolog mumkin qadar xizmat kiyimida bo‘lishlari lozim. Tergov-tezkor xodimlari hodisa sodir bo‘lgan joyga birinchi bo‘lib yetib kelishganida quyidagi harakatlarni amalga oshirishlari, ya’ni jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishlari, jinoyat harakatlarini bartaraf etishlari va bu harakatlardan kelib chiqadigan zararni yo‘q qilishlari, uni bartaraf etish borasida chora ko‘rishlari, hodisa sodir bo‘lgan joyni qo‘riqlashlari, zarur bo‘lsa bunga jamoat vakillarini jalb qilishlari yoki qo‘shimcha kuchlarni chaqirishlari, hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shaxslarni aniqlashlari, jinoyatda gumon qilingan shaxslarni ushlash choralarini ko‘rishlari, barcha olib borilgan ishlar to‘g‘risida navbatchiga bayon qilishlari lozim bo‘ladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bir qancha ishlar amalga oshirilishi kerak. Jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joy tergovchi va tezkor-tergov guruhi kelmasdanoq qo‘riqlanishi lozim va ular bu joyga yetib kelgandan so‘ng ham qo‘riqlash ishlari olib boriladi. Buning uchun hodisa sodir bo‘lgan joyga notanish odamlarni yaqinlashtirmaslik zarur. Shu bilan birga, hodisa joyida bo‘lgan mulkni, holatni va izlarni saqlab qolish kerak, chunki bunday harakatlar jinoyat izlarining saqlab qolinishiga sharoit yaratadi. Qurol, gilzalar va boshqa predmetlar hamda (yomg‘irdan yoki qordan) buzilib qolishi mumkin bo‘lgan izlarni biror-bir narsa bilan yopib 65 qo‘yish tavsiya qilinadi. Yopib qo‘yiladigan izlarni kimyoviy moddalar saqlangan idishlar yoki o‘tkir hidga ega idishlar (sovun, tamaki saqlana- digan idishlar va hokazo) bilan bekitish tavsiya qilinmaydi, chunki ularning hidi obyektda bo‘lgan hidga ta’sir etishi va uni yo‘q qilishi mumkin va tegishli odorologik tadqiqotda bu obyektdan haqiqiy jinoyat vaqtida qoldirilgan hidni olish qiyin kechadi. Xizmat iti tegishli hidga ega bo‘lgan izni ololmaydi. Qo‘riqlashga mo‘ljallangan joy berkitilishi va unga olib boruvchi yo‘llar va chiqishlar nazorat ostida bo‘lishi lozim. Yong‘in natijalarini bartaraf etish choralari ko‘rilishi, avariyalar, avtomashinaning odamni urib yuborishi hollari, ularning o‘zaro to‘qnashishini kabi holatlarni aniqlash lozim. Hodisa joyidan axborotga ega barcha shaxslar, ya’ni jabrlanuvchilar, hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shaxslar, jinoyatni birinchi bo‘lib sezgan yoki moddiy javobgar shaxslar, obyektning rahbarlari aniqlanib, ularning barchasidan tushuntirish xati olinadi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish paytida xolislarni jalb qilish lozim. Ularni taklif etish masalasini joyga chiqishdan avval hal qilish lozim. Odatda xolislar (ular ikki nafardan kam bo‘lmasligi kerak) mahalliy xalq ichidan tanlanadi. Agar hodisa joyi turar joylardan, qishloqlardan uzoqda yoki ko‘zdan kechirish tunda o‘tkaziladigan bo‘lsa, u holda yaqin atrofda istiqomat qiluvchi shaxslardan xolis tanlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xolislar ishning qanday natija berishidan manfaatdor bo‘lmasliklari kerak. Xolislarni tanlashda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Hodisani birinchi bo‘lib aniqlagan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shaxslar, jabrlanuvchilarning tanishlari va qarindoshlarini, voyaga yetmagan shaxslarni xolis sifatida jalb etish mumkin emas. Ba’zi holatlarda agar xolislar ma’lum bilimlarga ega bo‘lsalar, bu ishga ijobiy ta’sir qiladi. Masalan, avariya joyini ko‘zdan kechirishda, agar xolislar texnologik jarayon bilan tanish bo‘lsalar, ular tergovchining e’tiborini muhim holatlarga qaratishlari mumkin. Xolislarning qonuniy huquq va burchlari tushuntiriladi. Zarur hollarda, ular tergov harakatida olingan ma’lumotlarni ovoza qilmaslik to‘g‘risida ogohlantiriladilar. Ko‘zdan kechirish vaqtida tergov-tezkor guruhining barcha a’zolari ishtirok etadilar. Ularning har biri o‘zining bilimlari va ko‘rikning vazifala- riga asoslanib, ishga baho beradilar. Hodisani birinchi aniqlagan shaxslardan so‘rov olganda, hodisa sodir bo‘lgan joyda (qandaydir bir hodisa joyiga) o‘zgarishlar kiritilganmi yoki yo‘qmi, biror obyektga tegilganmi yoki yo‘qmi, bularning barchasini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan so‘ng hodisaning jinoyatdan so‘nggi holati tiklanadi va ko‘zdan kechiriladi. 66 Tayyorgarlik paytida va hodisa joyini ko‘zdan kechirishda tergov- chi va tergov-tezkor guruhi qatnashchilari ishlash jarayonida xomaki yozuvlar, chizmalar, matnlar tuzadilar. Kerakli kriminalistik texnik vositalarni tayyorlab qo‘yadilar. Hodisa sodir bo‘lgan joyga borishda u yerda qatnashuvchilarning tarkibi to‘g‘risidagi savolni hal etish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish masalalari, boshqa tashkiliy va texnik choralarni o‘tkazish tergov harakatining sifatli o‘tkazilishini ta’minlab beradi. Ko‘zdan kechirishning boshqa bosqichlarida tezkor xodimlar tergovchi bilan kelishuv asosida tezkor-qidiruv choralarini amalga oshiradilar (masalan, xizmat-qidiruv itidan foydalanish, qochib ketgan jinoyatchini «issiq izlaridan» quvish va hokazo). Ko‘zdan kechirish harakati (ishchi bosqich) umumiy va detalli ko‘zdan kechirishdan iborat. Umumiy ko‘zdan kechirish bosqichida bir nechta vazifalar hal etiladi. Jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joyning umumiy holati bilan tanishib chiqiladi. Bunda harakatning barcha qatnashchilari ishtirok etadilar, hodisa joyi va uning sharoitlari bilan tanishib, ma’lum tushunchaga ega bo‘ladilar. Hodisa joyining geografik (territorial) o‘rni aniqlanadi. Uning aholi yashaydigan hududlarga, shosse va temir yo‘llarga yaqinligi, odamlar to‘planadigan manzillarga nisbatan joylashuvi muayyanlashtiriladi. Xonada esa uning ko‘chaga, xonadonga, ma’lum qavatga nisbatan joylashuvi, kirish va chiqish joylarining holati, oynalarning soni va ularning joylashuvi, ko‘makdosh xonalarning borligi aniqlanadi. Shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish dasturi belgilanadi. Bu dastur hodisaning ta’rifiga, muayyan tergov holatiga, ko‘zdan kechirish sharoitlariga qarab, kun va tun soatlariga, ob-havo sharoitlariga, yorug‘lik qorong‘ilik holatlariga, ko‘rish hajmiga, tergov guruhi tarkibini hisobga olgan holda belgilanadi. Ko‘zdan kechirish paytida O‘zbekiston Respublikasi JPKning ma’lum moddalariga binoan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bo‘yicha axborot olinishi lozim. Ko‘zdan kechirishda bu jarayonning boshqa vazifalari ham hal etilishi kerak, chunki ular hodisa yoki uning alohida tarkibiy qismlariga oid elementlar bo‘yicha tusmollar tuzish imkonini beradi, ya’ni jinoyatning subyekti, obyekti, subyektiv va obyektiv tomoni, predmeti to‘g‘risida tusmollar tuzish mumkin. Agar jinoyatning yaqqol alomatlari aniqlansayu, biroq gumon qilinuvchi qochib ketgan bo‘lsa, u holda qochib ketgan shaxsni tavsif- lovchi ma’lumotlarni, uning tashqi qiyofa belgilari, qanday kiyimda bo‘lganligi, qanday narsalarni olib ketganligi, qanday transport vositasidan foydalanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish kerak. 67 Murakkab vaziyatlar bo‘yicha ko‘zdan kechirish dasturi reja shaklida tuziladi. Rejada quyidagilarni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir: Ko‘zdan kechirish chegaralari. Bu chegaralarni biroz kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi va hodisa joyiga tutashgan yerlar hamda ko‘chalar, o‘rmonlar, yo‘llar, hovlilar, ko‘makdosh xonalar ko‘zdan kechirilishi lozim. Bundan tashqari, xizmat iti olib borgan yo‘nalish bo‘yicha ko‘zdan kechirish ham natijalar berishi mumkin. Ko‘zdan kechirish ketma-ketligi. Bunda uni o‘tkazish tarzlari, mutaxassisga, jinoyat-qidiruv bo‘limining xodimiga, profilaktika inspek- toriga va ko‘zdan kechirishning boshqa qatnashchilariga topshiriqlar berish, shuningdek, zaruriy hollarda rekonstruksiyani (holatni tiklashni) amalga oshirish, eksperimentlar o‘tkazish, jinoyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shohidlar va jabrlanuvchilarni chaqirib, tushuntirish xatlari olish tartibi ko‘rsatiladi. Odatga ko‘ra, detalli bosqichdan avval fotosuratga olish harakatlari amalga oshiriladi (zarur hollarda videotasvirga olish o‘tkaziladi) va hodisa joyining umumiy holati suratga olinishi lozim. Fo- tosuratga olganda oriyentirlash va hodisa joyining umumiy ko‘rinishini, shuningdek, hodisa joyida bo‘lgan ayrim obyektlarni (masalan, murdani, sindirilgan eshikni, yong‘in boshlangan joyni va shu kabi obyektlarni) birgalikda va alohida suratga tushirish kerak. Hodisa joyini fotosuratga olish uslubida qayd qilgandan so‘ng hodisa to‘g‘risida ma’lumot beradigan obyektlarni aniqlashga kirishiladi. Ularni qidirganda quyidagilarga ahamiyat berish lozim: – hodisa to‘g‘risida qanday boshlang‘ich axborot olingani va hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib kelgandan so‘ng qanday axborot ma’lum bo‘lganligi; – o‘zining dastlabki holatini tez o‘zgartirib yuboruvchi obyektlar va izlarga ahamiyat berish va ularni aniqlashga doir masalalarni tez vaqtda yechish lozim bo‘ladi. Bunday obyektlar va izlar vaqt o‘tishi bilan o‘zining dastlabki holatini yo‘qotib, ashyoviy dalil sifatida ishlatilishi qiyin bo‘lib qoladi (yerda va yo‘lda qolgan poyabzal va transport izlari, ochiq va nam bo‘lgan yuzaliklarda qolgan qon izlari, mikroobyektlar va hokazo); – kriminal holatni fikriy taassurot asosida tuzilgan ta’rifga e’tibor beriladi. Lekin shuni hisobga olish kerakki, fikriy taassurotlar hodisaning obyektiv, to‘liq va har tomonlama tekshirish tamoyillariga bo‘ysunishi lozim. Tergov vaziyati xususiyatlariga qarab hodisa joyini ko‘zdan kechirish bir necha tarzlarda amalga oshirilishi lozim. Ularni taxminiy ravishda konsentrik, ekssentrik, frontal, uzviy tarzlarda yoki birlashtirib 68 ko‘zdan kechirish tarzlari qo‘llaniladi. Konsentrik tarzda hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish hodisa joyining chetidan markaziga qarab yo‘naltirilgan bo‘ladi. Masalan, do‘konda o‘g‘irlik bo‘lganligini aniqlab ko‘zdan kechirishni hodisa joyida o‘g‘rini do‘konga kirgan joyidan (eshikdan, oynadan, devordan) mulklar o‘g‘irlangan joygacha o‘tkazish lozim, chunki jinoyatchi aynan shu joyda obyektlarning holatini o‘zgartirib, narsalarga qo‘l urgan, seyfni buzib o‘g‘irlikni sodir qilgan bo‘lish mumkin. Bir qator vaziyatlarda konsentrik usul yong‘inlar yoki qotilliklarni tergov qilganda ishlatilishi mumkin. Shunga asosan, tekshirish jabrlanuvchiga nisbatan qotilning yaqinlashgan yoki yong‘in ro‘y bergan joyiga qarab, chetdan markaz yo‘nalishida olib boriladi. Ekssentrik usulda tergovchi hodisa sodir bo‘lgan joyning fikran tanlangan markazidan hodisa joyining chetigacha ko‘zdan kechirish olib boradi (jasaddan uyga kirish joyigacha yoki jinoyat qurollarini yashirish joyigacha). Frontal (ma’lum bir chiziqda o‘tkazish) usul ochiq joyning holatini o‘rganish maqsadida shosse, temir yo‘l, daryo bo‘ylab o‘tkaziladi. Masalan, jasadni topish uchun bir necha odamdan, o‘ttizta- qirqta odamgacha bir chiziqda turib, bir necha metr masofaga ega ochiq joyni birgalikda, bir vaqtning o‘zida bir yo‘nalishda tekshirib chiqishadi va bunda ochiq joyda topilgan obyektlar qayd qilinadi. Uzviy ko‘zdan kechirish usulida holatga qarab, ochiq joyning ayrim qismlari, xonaning ayrim joylari ko‘zdan kechiriladi, aynan shu yerlarda jinoyat ishi bo‘yicha muhim axborot manbalari bo‘lishi mumkin. Uzviy usul qayta yoki qo‘shimcha ko‘zdan kechirish harakatida ham qo‘llaniladi. Turar joy, xizmat xonalarini ko‘zdan kechirganda ko‘zdan kechirishni ularning kirish eshigidan chap yo‘nalishda (soat yo‘nalishi bo‘yicha) yoki o‘ng yo‘nalishda (soat yo‘nalishiga qarama-qarshi yo‘nalishda) devorlar bo‘ylab olib borish tavsiya etiladi. Ko‘rsatilgan usulda ko‘zdan kechirishda tergovchi u yoki bu obyektni ajratib, uning jinoyat ishi bo‘yicha qanchalik muhimligini tahlil qiladi, holatini qayd etadi, bayonnoma uchun ko‘rsatadi, sxemada chizib qo‘yadi hamda ularni uzviy va detalli usullarda fotosuratga oladi. Shu paytda barcha o‘lchash harakatlari aniq bo‘lishi lozim va o‘lchash tasmasi orqali yoki chizg‘ich orqali obyektning qo‘zg‘almas ikkita oriyentirga nisbatan joyini belgilash zarur. Ikkita oriyentirning o‘zaro bir-biriga nisbiy joylashishi 90 gradus bo‘lishi lozim. Agar oriyentirlar bo‘lmasa, u holda biror yakka orentirni (masalan, yakka daraxt yoki toshni) tanlab, undan obyektgacha bo‘lgan masofani o‘lchash va ufq yo‘nalishlari yordamida (shimol, janub, sharq va g‘arb) obyektni shu 69 yakka oriyentirga bo‘lgan holatini belgilab, qayd qilish lozim. Albatta, obyektning oriyentirga nisbatan masofasi azimut o‘lchamlarida kompas bilan belgilanadi. Qayd etiladigan obyektlar tegishli raqam bilan yoy chiziqchasi asosida belgilanadi. Umumiy ko‘zdan kechirishdan so‘ng tergovchi detalli tadqiqot qilish bosqichiga o‘tadi va shu bosqichda obyektlarning holati o‘zgar- tirilmasdan ko‘zdan kechiriladi. Obyekt shunday ko‘zdan kechiriladiki, natijada uning har bir belgisi, o‘ziga xos alomatlari aniqlanib, qayd qilinadi, chunki bunday tadqiqot hodisaning holatlarini aniqlash uchun zarur hisoblanadi. Shu tadqiqot jarayonida izlar va boshqa obyektlarning o‘zaro joylashuvi, izlarning vujudga kelish mexanizmi va boshqa masalalar qonun talablari va ko‘zdan kechirish vazifalari bilan bog‘liq holda hal etiladi. Ko‘zdan kechirish qatnashchilari dastavval hodisa joyida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yuradilar. Bu yo‘nalishlar shunday belgilanishi lozimki, natijada ular hodisa joyida bo‘lgan holatning o‘zgarmasligi, izlarning nobud bo‘lmasligi va boshqa obyektlarning yo‘qolib ketmasligini ta’minlashi kerak. Detalli bosqich jarayonida, zarur holatlarda, masshtabli fotosuratga tushirish usuli qo‘llaniladi. Predmetlar, agar ular daliliy ashyo ahamiyatiga ega bo‘lsa, tanlab olib qo‘yish uchun tayyorlab qo‘yiladi, qon izlaridan, bo‘yoqlardan kirish yo‘li bilan namunalar olinadi va shishali probirkalarga tushirib, ularni mustahkam po‘kaklar bilan berkitiladi. Bundan tashqari, probirkalarga odam va hayvonlarga mansub soch va shunga o‘xshash narsalar, chekilgan sigareta qoldiqlari (ularda tupuk izlari bo‘lishi mumkin), gazmol tolalari, o‘ziga xos kir bo‘lgan moddalar, metall qirindilar va boshqa mikroobyektlar olinadi. Bir qator vaziyatlarda mutaxassis tomonidan dastlabki topilgan obyektlarning tadqiqoti ham amalga oshiriladi. Xolislarga bunday dastlabki tadqiqotlarning maqsadi va natijalari tushuntiriladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish katta ruhiy va idrokiy tirishqoqlikni talab qiladi. Hodisa joyida tegishli savollarni ishlab chiqish bilan birga, real vaziyatda ularga javoblar izlash kerak va bir vaqtning o‘zida tadqiqotning voqelikka to‘g‘ri bo‘lishini ham o‘ylash lozim. Fikrlash doirasiga mansub eng mas’uliyatli va murakkab vazifalardan biri muayyan obyektning jinoyat ishiga taalluqligini aniqlab, uning axbo- rotga ega bo‘lish ahamiyatini baholashdir. Ushbu vazifalarni yechish bu obyektning kriminal vaziyat yoki uning elementlari yoxud kriminal vaziyat bilan ehtimollik darajasi bo‘yicha bog‘langanligini aniqlashdan iboratdir. 70 Obyektning kriminal vaziyat bilan bog‘lanishi – bu shunday aloqaki, unda hodisa joyi va vaqti bilan mazkur obyekt uzviy bog‘langan bo‘ladi. Bunday bog‘lanish ko‘rsatkichlari moddiy aniqlik va bog‘lanishning nomlanishi bo‘yicha, obyektlarning makon va vaqt jarayonida hodisa bilan birligini ko‘rsatuvchi belgilarga asosan, ularning funksional, ya’ni ishlatish maqsadlari (masalan, do‘kon, turar joy, dam olish bog‘i va hokazo) va boshqa muhim o‘ziga xos belgilarini bevosita ko‘rsatib beradi, ularni o‘xshash obyektlardan ajratib, jinoiy-huquqiy masalalarni yechishga ko‘maklashadi (harakatda jinoyat tarkibi borligini va uning kvalifikasiyasini aniqlashga, shuningdek, jinoyat protsessiga oid savollarni yechishga, jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarish, isbotlanishi lozim bo‘lgan hollarni aniqlash va hokazolarga yordam beradi). Ehtimollik darajasiga ega bo‘lgan bog‘lanishlar sabab-oqibat va ma’lum vaqt ichida mavjud bo‘ladigan funksional (harakatchan) bog‘lanishlardir. Ular ham voqelikda o‘zining obyektiv asosiga ega va hodisa sodir bo‘lgan joydagi xilma-xil izlar, buzilishlar, obyektlarning bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tilishi, shakli, xususiyatlari va boshqa belgilarining o‘zgarishini ko‘rsatadi. Ammo bu bog‘lanishlarning aniq tasdiqlanishi (ayniqsa, sabab-oqibat bog‘lanishlar) bir qator vaziyatlarda juda og‘ir o‘tadi, chunki ularda aynan bir fakt bir necha sabablarning oqibati sifatida ko‘rinishi mumkin. Masalan, turar joyning kirish eshigidagi buzilish xonadon egasining (agar u kalitlarini yo‘qotgan bo‘lsa) majburiy harakatlari natijasida vujudga kelgan bo‘lishi mumkin. Murdaning oldida gumon qilinuvchining qon izlari aniqlanishi faqatgina qotillikka bilan emas, balki ishdagi boshqa asoslarga bog‘langan bo‘lishi ham mumkin. Bunday bog‘lanishlarning xilma-xil turlari va ko‘rinishlari bir necha tusmollar tuzilishini talab qiladi. Bunda hodisaning kelib chiqish sabablari bir necha xil bo‘lishi mumkin. Hodisa joyini ko‘zdan kechirishda shu kabi barcha sabablarni tekshirish kerak. Obyektlarning hodisaga mansubligini aniqlash bu obyektlardagi belgilarni (ayniqsa, bu obyektning ishlatish maqsadlarini ta’riflovchi belgilarni) o‘rganish bo‘lib, ularning boshqalar bilan taqqoslanishini talab qiladi. Bundan tashqari, obyektni tadqiq qilganda guvoh va jabrlanuvchilarning so‘rovga bergan javoblari tahlil etilishi kerak (masalan, jabrlanuvchidan hodisa sodir bo‘lgan joydan topilgan bosh kiyimi unga tegishli emasligi to‘g‘risida axborot olingan bo‘lsa, bu bosh kiyim gumon qilinuvchiga tegishliligi ehtimol tutilib, xulosa chiqarish 71 mumkin va shu asosda tergovchi hid bo‘yicha iz qidiruvchi kinolog yordamida jinoyatchining izini aniqlab, qidiruvni tashkil etishi mumkin). Mutaxassis tomonidan biror-bir obyektni dastlabki tadqiq qilish va o‘rganish asosida uning hodisaga mansubligi aniqlanadi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish paytida negativ holatlar katta ahamiyatga ega va ularning ta’rifi hodisa joyida aniqlangan faktlarga, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining tusmoliga zid bo‘lgan holatlar bilan ifodalanadi. Masalan, murdada juda ko‘p jarohatlarning aniqlanishi undan ko‘p qon oqqanligi to‘g‘risida dalolat bersa-da, lekin hodisa joyi- da oqqan qon izlari mavjud bo‘lmasa, bu holat salbiy bo‘lib, murdadagi tan jarohatlarining boshqa joyda yetkazilganligi yoki jinoyatchilar tomonidan hodisa joyida oqqan qon izlari qandaydir sabablarga ko‘ra yo‘q qilinganidan dalolat beradi. Jinoyatning inssenirovkasi (go‘yoki jinoyat sodir etilgani), jinoyat boshqa joyda sodir etilgani, jinoyatni sodir etishda boshqa qurollarning qo‘llanilgani, faktlar va hujjatlarning soxtalashtirilishi to‘g‘risidagi tusmollarni tekshirish uchun negativ holatlar ishlatiladi. Mikroobyektlar (mikrozarralar) jinoyatni ochishda va tergov qilishda muhim ahamiyatga ega, chunki ular hodisa sodir bo‘lgan joyda aniqlanganligi, jinoyatchining qayerga ketganligi, uning kiyimi qanday belgilarga ega bo‘lganligi to‘g‘risida va ishga doir boshqa muhim axborotlarni ashyoviy dalil sifatida olishga imkon beradi. Mikroobyektlarni qidirishni ko‘zdan kechirishning birinchi bosqi- chida boshlash zarur. Shuni ham hisobga olish zarurki, mikroobyektlar ularni olib yuruvchi predmet bilan yaxshi jipslanmaganligi uchun hodisa joyida har qanday shabada yoki yelvizakni vujudga keltirish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi, chunki buning natijasida mikroobyektlar o‘z joyini o‘zgartirishi mumkin. Bundan tashqari, predmetlarni bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tish mumkin emas, shuningdek, hodisani ko‘zdan kechiruvchilar kiyimidagi zarrachalar hodisa joyidagi zarrachalar bilan o‘zaro aralashmasligi uchun ular maxsus oq kiyimlar va poyabzallarda yurishlari zarur. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirganda tadqiq qilinayotgan predmetlarning yuzasiga tasodifan boshqa zarrachalar tushib qolmasligi, kir bo‘lmasligi, poyabzal bilan birga hodisa joyiga ortiqcha zarralar olib kiritilmasligi lozim. Hodisa joyida chekish va yoqilgan gugurt cho‘plarni tashlash man qilinadi. Mikroobyektlarni qidirish va olib qo‘yish texnikasi tergov harakatining barcha qatnashchilariga tushuntirilishi lozim. 72 Mikroobyektlarni qidirishdan avval hodisa sodir bo‘lgan joyda qanday mikroobyektlarni qidirish va ularning qayerda bo‘lishini hal qilish lozim. Holatni tahlil etish natijasida va hodisa sodir bo‘lgan joyning xususiyatlariga qarab mikroobyektlarni olib yuruvchi predmetlarni aniqlash lozim. Ularni qidirishda jinoyatchi qanday harakat qilganligi to‘g‘risidagi tusmol ishlatiladi. Quyidagilarni mikroobyektlarni olib yu- ruvchi obyektlar sifatida ko‘rsatish mumkin: sindirilgan to‘siqlar, jabrla- nuvchiga jarohat yetkazgan va jinoyatchi tomonidan qoldirilgan predmet- lar, notekis, chiqib turgan, qirrali narsalar yaqin orada bo‘yalgan devorlar, daraxtlar va butalarning shoxlari. Bundan tashqari, hodisa sodir bo‘lgan joydan jinoyatchi qanday narsalarni olib ketganligiga e’tibor berish zarur. Jinoyatchi o‘zi bilan olib ketgan narsalarda, bolta, temir tayoqlarda va boshqa predmetlarda qon izlari, odam terisining zarralari, soch va tuklari bo‘lishi mumkin. Sindirish qurollarida va ularning qismlarida alebastr, bo‘yoq, daraxt va sindirilgan to‘siqqa mansub boshqa meteriallar qolishi mumkin. Mikroobyektlar ko‘pincha ishqalanish natijasida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Agar mikroobyektlar to‘siqni sindirish qurolida mustahkam turgan bo‘lmasa, ularni olib o‘rab qo‘yish zarur. Mikroobyektlarni hodisa sodir bo‘lgan joyning buyum-narsalariga qarab qidirganda xonalarning pol qismi, hovlilarning yo‘lak qismlariga e’tibor beriladi. Bundan tashqari, qo‘l, barmoq, oyoq izlari, to‘siqni sindirish qurollari qoldirgan va transport vositalarining izlariga ahamiyat berish kerak. Chunki ularda yoki yon qismlarida mikroobyektlar bo‘lishi mumkin. Ular kattalashtirgich lupa va yoritkich asosida qidiriladi. Masalan, poyabzal izlarida o‘simliklardan qolgan izlar, yersimon qorish- malar qolishi mumkin. Qotillik va nomusga tegish jinoyatlarini tergov qilganda hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan tuproq ham daliliy ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki ularning mikrozarralaridan gumon qilinuvchi va jabrlanuvchining kiyimlarini aniqlash mumkin. Ko‘zga ko‘rinmas mikrozarralarni, masalan, texnik yog‘ qoldirgan izlarni aniqlash uchun ul’trabinafsha nurli yoritkichni ishlatish maqsadga muvofiqdir. Bunda o‘q otish qurolidan qolgan texnik yog‘ dog‘lari yaqqol ko‘rinadi. O‘q yaqin masofadan otilgan bo‘lsa, undan qolgan kuyish izlarini elektron-optik o‘zgartirgich asosida aniqlash mumkin. Mikroobyektlar aniqlangan narsalar olib qo‘yiladi va o‘rab, tadqiq qilish uchun yuboriladi. Mikroobyektlarni transport vositasida olib borish paytida yo‘qolish ehtimolini hisobga olib, ularni olib yuruvchi obyektlardan ajratib qo‘yish mumkin. 73 Aniqlangan mikroobyektlar ko‘zdan kechirish bayonnomasida batafsil ravishda qayd qilinadi va ularning quyidagi rekvizitlari ko‘rsatiladi: tashqi tuzilishi, oriyentirli ravishda kattaligi, rangi, shakli, tegishli olib yuruvchi predmetning joylashish xususiyati (lokalilapiyasi). Mikroobyektlarni masshtabli usulda, olib boruvchi predmetga qog‘ozda strelka rasmini chizib, shu strelkani mikroobyektga qaratib suratga olish to‘g‘ri bo‘ladi. Agar qog‘oz kattalik qilsa, u holda qog‘ozdan maxsus strelka shakli olinadi va olib yuruvchi predmetga mikroobyekt joylashgan yo‘nalishda o‘rnatiladi. Mikroobyektlarni olganda uni olib yuruvchi predmetga tasodifan chang yuqtirmaslik zarur. Buning uchun qo‘lga maxsus tibbiy qo‘lqop kiyib ishlash maqsadga muvofiqdir. Mikroobyektlar pinset yordamida olib qo‘yiladi yoki bunda nashtar, ninalar yordam berishi mumkin. Po‘lat va temir zarralarini daktiloskopik magnit cho‘tkasi bilan olish oson kechadi. Biologik zarralarni esa tibbiy mutaxassis yordamida olish to‘g‘ri bo‘ladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishning yakunlovchi bosqichida rejaga binoan qo‘yilgan barcha vazifalarning hal qilingani tekshiriladi. Agar biron-bir harakat esdan chiqib, bajarilmagan bo‘lsa, qo‘shimcha harakatlar o‘tkaziladi. Bu bilan ko‘zdan kechirish harakatining to‘liqligi ta’minlanadi. Hodisa joyidan olinadigan obyektlar o‘raladi va muhrlanadi, ularni saqlash choralari ko‘riladi. Daliliy ashyo sifatida ishlatiladigan, ammo hodisa joyidan olib ketish mumkin bo‘lmagan narsalarni saqlash tadbirlari ham belgilanadi. Agar ushbu tergov harakati ishtirokchilari tomonidan qandaydir bir ariza yoki takliflar taqdim etilsa, bu ariza va takliflar ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha tegishli choralar qabul qilinishi lozim. Hodisa joyini ko‘zdan kechirishga rahbarlik qiluvchi shaxs mutaxassislar va tezkor xodimlar bilan birgalikda vujudga kelgan muammolarni, ularning yechish yo‘llarini va tekshirish darajasini birgalikda muhokama qilib, bir qarorga kelish huquqiga ega. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishning yakunlovchi bosqichida ko‘zdan kechirish bayonnomasi, reja va sxemalar tuziladi. Ko‘zdan kechirish bayonnomasi asosiy protsessual hujjat bo‘lib, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish natijalarini qayd qiluvchi asos hisoblanadi. Bayonnoma hodisa sodir bo‘lgan joy to‘g‘risida to‘liq, obyektiv va aniq axborotga ega hujjat bo‘lishi lozim. Uning mazmunida hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish paytida qo‘llanilgan taktik va texnik-kriminalistik vosita va usullar, tergovchining harakatlari, shuningdek, ko‘zdan kechirish paytida aniqlangan izlar va ishga taalluqli 74 boshqa obyektlar ko‘rsatiladi. Ko‘zdan kechirishning ketma-ketligi qanday bo‘lsa, bayonnomada aynan shunday aks etishi lozim. Shuning uchun topilgan obyektlar aynan shu ketma-ketlikda qayd etiladi. Bayonnoma oxirida olib qo‘yilgan obyektlarning ro‘yxati beriladi. Bayonnomani tuzish paytida quyidagi talablarga rioya qilish kerak: 1) tavsif ko‘zdan kechirishga o‘xshab umumiydan xususiyiga qarab yo‘naltirilgan bo‘lishi, biror-bir alohida predmetning tavsifi muayyan aniq joyga bog‘lanib, qayd etilishi lozim; 2) tushunib bo‘lmaydigan jumlalar, ayrim maxsus terminlar (agar ular ta’riflanmagan bo‘lsa) bayonnomada aks ettirilishi man etiladi, barcha o‘lchash ko‘rsatkichlari o‘lchash standartlari asosida olib boriladi; 3) bayonnomaning matnini sxematik rejalar va fotosuratlar bilan birlashtirish lozim, ya’ni reja va fotosuratlarning raqamlari bayonnomada qayd etilishi kerak; 4) salbiy holatlarni tavsif etganda ular asosida xulosalarni bayonnomada qayd qilish, holatga baho berish man etiladi; 5) ko‘rik qatnashchilarining aniqlangan faktlarga nisbatan fikr va mulohazalari qayd etilishi mumkin emas va bu borada quyidagi fikr va mulohazalar istisno bo‘lishi mumkin: agarda bu fikr va mulohazalar topilgan obyektlarning kelib chiqishi to‘g‘risida bo‘lsa (masalan, jabrla- nuvchi hodisa joyida topilgan narsa unga mansub emasligini ko‘rsatadi). Hodisa joyining chizmasi (sxemasi) – bu joyning grafik rasmi. Unga farazli belgilar qo‘yilgan va u masshtabli yoki masshtabsiz bo‘lishi mumkin, ammo predmetlar orasidagi masofalar zaruriy ravishda ko‘rsatiladi. Chizma hodisa sodir bo‘lgan barcha joyni (xonadonni) o‘z ichida aks ettirishi lozim. Uning mazmunidagi mavjud barcha belgilar tushunarli bo‘lishi kerak, chizmada tergovga muhim bo‘lgan detallar ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, masshtab, asosiy obyektlarning kattaligi, har bir belgi tushuntirish izohiga ega bo‘lishi kerakligi, chizmani tuzish sanasi, tergovchi va xolislarning imzolari qayd etiladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyning umumiy va xususiy chizmalari mavjud. Umumiy chizmada hodisa sodir bo‘lgan joydan tashqari unga tutash bo‘lgan obyektlar ham ko‘rsatiladi (masalan, xonadoning umumiy chizmasi va tegishli ko‘zdan kechirilgan xonaning chizmasi ko‘rsatiladi). Xususiy chizma hodisa sodir bo‘lgan joyning holatini ta’riflab beradi va tegishli detallarga (masalan, o‘g‘irlik bo‘lgan xonaning detallariga) e’tiborni qaratadi. Xonaning xususiy chizmasi bir yuzalikda yoki epor shaklida chizilishi mumkin. Yuzalikli suratda vertikal yuzalikdan ko‘rinadigan va hodisa joyida bo‘lgan barcha obyektlar tushiriladi (tepadan ko‘rish). 75 Agar devorlarda va shipda qon izlari aniqlangan bo‘lsa, u holda epyursimon chizma chiziladi va epyurga kiruvchi boshqa yuzaliklar xonaning pol yuzasi bilan bir yuzalikda chiziladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasiga hodisa sodir bo‘lgan joyning fotosuratlari ilova qilinishi lozim. Ular tegishli fotojadvalga tushirilib, quyidagi ketma-ketlikda ko‘rsatiladi: avvalambor oriyentirlash fotosurati, keyin umumiy hodisa sodir bo‘lgan joyning ko‘rinishi, undan so‘ng uzviy fotosurat va detalli fotosuratlar qo‘yiladi. Har bir fotosuratga tushuntirish matni yozilishi kerak. Fotojadvalni tergovchi va xolislarning imzolari bilan tasdiqlash hamda fotojadvalda suratga olgan mutaxassis imzo qo‘yishi lozim. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish paytida aniqlangan izlar va boshqa daliliy ashyolar agar ular tegishli kriminalistik ro‘yxat (qo‘l, oyoq izlari, to‘siqni sindirish qurollari va hokazolar)ning obyektlari bo‘lsa, kriminalistik ro‘yxatlar bo‘yicha tekshiriladi. Agar bu izlar va daliliy ashyolar ro‘yxatga olingan bo‘lmasa, ular zaruriy ravishda ro‘yxatga olinishi kerak. Agar tergov-tezkor guruhi hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan vaqtda hodisa sodir bo‘lgan joy o‘zgarib qolgan bo‘lsa (masalan, jasad bir joydan ikkinchi joyga sudralgan bo‘lsa, sochib tashlangan narsalar bir joyga taxlangan bo‘lsa), bunday hollarda tergov-tezkor guruhi kelish paytida qanday holat bo‘lsa, hodisa sodir bo‘lgan joy shunday holatda ko‘zdan kechiriladi. Rekonstruksiya (tiklash) dastlabki va takroriy ko‘zdan kechirish vaziyatlarida o‘tkazilishi mumkin. Rekonstruksiya asosida pred- metlarning holati dastlabki holatga keltiriladi, hodisaning izlari tiklanadi. Rekonstruksiya tayyorgarlik, amalga oshirish, natijalarni qayd qilish, tiklangan holatda ko‘zdan kechirish harakatini o‘tkazish va uning natijalarini qayd qilishni o‘z ichiga oladi. Rekonstruksiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun hodisa sodir bo‘lgan joyda qanday o‘zgarishlar ro‘y berganligi to‘g‘risida barcha axborotlarni o‘rganish kerak. Jabrlanuvchilar, hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yoki jinoyatni birinchi aniqlagan shaxslar, gumon qilinuvchilar, xolislarning ko‘rsatuvlari yoki tushuntirishlarini jamlash lozim. Dastlabki ko‘zdan kechirish natijalari (bayonnoma va unga ilova qilingan barcha hujjatlar), tezkor-qidiruv ma’lumotlari o‘rganilishi kerak. Shundan so‘ng rekonstruk- siyaning mazmuni va usullarini belgilash lozim. Rekonstruksiyaning asosiy shartlari quyidagilardan iborat: – holat to‘g‘risida birinchi bo‘lib xabar bergan shaxslar ishtirok etishi kerak; 76 – haqiqiy yoki yasama obyektlarni ishlatish lozim (yasama obyektlarni ishlatish haqiqiy obyektlar yo‘qligida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ularning haqiqiy obyektlarga o‘xshashligi rekonstruksiyaning maqsadlariga, obyektlarning xususiyatlariga bog‘liq. Ularning belgilari o‘xshash bo‘lishi lozim); – rekonstruksiya hodisa joyida o‘tkazilishi lozim; – zarur bo‘lganda mutaxassislar va ekspertlar shu harakatlarda ishtirok etishlari mumkin; – lozim bo‘lsa ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchining ishtiroki ta’minlanishi kerak; – tergovchining hodisa to‘g‘risidagi mexanizmi qanday bo‘lganli- gini nazarda tutish hamda guvohlar va boshqa shaxslarning bergan ko‘rsatuvlari va tushuntirishlarining haqiqatga to‘g‘ri bo‘lishiga asosan rekonstruksiyaning bir necha variantlari ishlatiladi; – rekonstruksiyaning jarayoni va natijalari hodisani ko‘zdan kechirish bayonnomasi va unga ilova qilingan hujjatlarda qayd etiladi; – bayonnomada rekonstruksiyaning barcha manbalari ko‘rsatilishi lozim. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasining mazmuni ushbu tergov harakatining har tomonlama olingan natijalaridan qisqaroq bo‘lib, tergov harakatida qilingan tahlillar bayonnomada aks etmaydi. Jinoyatni ochish va tergov qilish uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan axborotning yo‘qolishini bartaraf etish maqsadida tergovchi tomonidan ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tuzilishi maqsadga muvofiqdir. Ma’lumotnomada olingan axborotga baho beriladi, jinoyatni ochish bo‘yicha eng samarali yo‘nalishlar qayd etiladi, tegishli tusmollar tuziladi va ularni tekshirish yo‘llari ko‘rsatiladi. Bunday ma’lumotnoma tergov rejasini tuzishda yordam beradi. Download 1.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling