Iqtisodiy foyda – umumiy tushum bilan iqtisodiy xarajatlar o‘rtasidagi farq.
Iqtisodiy sikl – iqtisodiyotda yuksalishning inqiroz bilan almashinib va uning takrorlanib turishi.
Inqiroz (tanglik, tushkunlik, burilish) – siklning qisqarishi yoki ishlab chiqarish hajmini, iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayish fazasi.
Kam ta’minlangan oilalar – jon boshiga yashash minimumidan ortmaydigan, kam daromad oluvchi oilalar.
Konsolidatsion–yig‘ma byudjet – davlat byudjeti va nobyudjet fondlarining birgalikda atalishi.
Konsepsiya – qarashlar, fikr yuritish, dunyoni anglash usullari.
Kredit – iqtisodiy kategoriya, vaqtincha o‘z egalari qo‘lida bo‘sh turgan mablag‘larni boshqalar tomonidan ma’lum muddatga, haq to‘lash sharti bilan qarzga olish va qaytarib berish yuzasidan kelib chiqadigan munosabatlar.
Kredit berish tamoyillari – kredit berishning qonun-qoidalari va bank tomonidan mijozlarga qo‘yiladigan shartlarning nazariy mazmuni.
Kredit mexanizmi – iqtisodiy mexanizmning tarkibiy qismi bo‘lib, o‘z ichiga kreditlash sharoitlari, usullari, kreditni boshqarish tartibini oladi.
Kredit emissiyasi – banklar tomonidan ssuda berish, yangi chek hisoblarini ochish, naqd pulsiz cheklar yordamida yoki boshqa yo‘llar bilan mamlakatning pul massasini ko‘paytirish.
Ko‘p ukladli iqtisodiyot – turli mulk shakllari va har xil xo‘jalik turlari yaxlitligidan tashkil topgan iqtisodiyot.
Qo‘shilgan qiymat – bu har bir korxona, firma tomonidan yaratilgan mahsulotning bozor narxida ifodalangan hajmi bo‘lib, undan sotib olib ishlatilgan xom ashyo, materiallar chegirib tashlanadi.
Laffer egri chizig‘i – soliq stavkasi (0 dan 100% gacha) bilan byudjetga tushadigan soliq tushumi o‘rtasidagi bog‘lanishni ifodalaydi, soliq stavkasining qaysi miqdorida soliq tushumi eng yuqori darajada bo‘lishini ko‘rsatadi.
Lerner indeksi – monopoliya hukmronligi darajasini ko‘rsatuvchi iqtisodiy ko‘rsatkich.
Do'stlaringiz bilan baham: |