Ayollarda ginekologik kasalliklar fayzullayeva gulmira baxodir qizi
Bob. AYOL JINSIY A’ZOLARINING ANATOMIYASI VA FIZIOLOGIYASI
Download 239.88 Kb.
|
Fayzullayeva Gulmira AYOLLARGA GINEKOLOGIK KASALLIKLAR
- Bu sahifa navigatsiya:
- TASHQI JINSIY A’ZOLAR (Genitalia externa)
- Katta jinsiy lablar
1. Bob. AYOL JINSIY A’ZOLARINING ANATOMIYASI VA FIZIOLOGIYASI
Ayol jinsiy a’zolari tashqi va ichki jinsiy a’zolarga ajratiladi. Tashqi jinsiy a’zolar, asosan, jinsiy his a’zolari hisoblanadi; ichki jinsiy a’zolar homilani yetiltirish va bola tug‘ish funksiyasini o‘taydi. TASHQI JINSIY A’ZOLAR (Genitalia externa) Tashqi jinsiy a’zolarga qov, katta va kichik (uyatli) jinsiy lablar, klitor, qin dahlizi, uning katta bezlari — Bartolin bezlari kiradi, Tashqi va ichki jinsiy a’zolar o‘rtasidagi chegara qizlik pardasi (hymen) hisoblanadi. Qov (mons pubis) simfizning oldingi va yuqori tomonida joylashgan, teri ostidagi yog‘ qatlami qalin bo‘ladigan uchburchak tepacha (qov do‘mbog‘i)dan iborat. Qovning yuqori chegarasi terining ko‘ndalang egatchasidan iborat bo‘lib, qov usti burmasi deb ataladi; qovdan o‘ng va chap tomonda qov burmalari bor, qov orqa tomondan katta jinsiy lablarga qo‘shilib ketadi. Qovni jun bosgan. Voyaga yetgan ayolda qovdagi junning yuqori chegarasi gorizontal chiziq shaklida bo‘ladi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq erkaklarda qov junining yuqori chegarasi yuqoriga tomon o‘tkirlanib, qorinning oq chizig‘i bo‘ylab ba’zan kindikkacha boradi. Bolalik davrida qov junsiz bo‘ladi, keksalik davrida esa qovdagi jun siyraklashib qoladi. Qov junining o‘sishi tuxumdonlarning va qisman buyrak usti bezlari po‘stlog‘ining faoliyatiga bog‘liq. Ba’zi ayollarda qov juni erkaklardagiga o‘xshash joylashgan yoki yetarlicha qalin bo‘lmaydi, bu esa jinsiy a’zolarning yaxshi yetilmasligidan va tuxumdonlar funksiyasining yetarli emasligidan dalolat beradi. Katta jinsiy lablar (labia pudendae majora) — uzunasiga ketgan, jinsiy yoriqni ikkala tomondan chegaralab turadigan ikkita teri burmasidan iborat. Teri ostida qalin yog‘ qatlami bor, undan qon tomirlar, nervlar va fibroz tolalar o‘tadi. Katta jinsiy lablar oldingi tomonda qov terisiga o‘tadi, orqa tomonda esa sekin-asta torayib pastga tushadi va o‘rta chiziqda bir-biriga qo‘shilib, orqadagi bitishma (commissura labiorum posterior)ni hosil qiladi. Katta jinsiy lablar sirtini jun bosgan, ter va yog‘ bezlari bor. Katta jinsiy lablarning ichki yuzasi shilliq pardaga o‘xshaydigan nozik pushti teri bilan qoplangan. Katta jinsiy lablar orasi jinsiy yoriq (rima pudyendi) deb ataladi. Katta jinsiy lablar bag‘rida qin dahlizining katta bezlari – Bartolin bezlari (glandulae Bartholinii) joylashgan. Ular yumaloq, loviyadek keladigan alveolyar-naysimon bezlardir. Bezlarning alveolalari epiteliy bilan qoplangan, bu epiteliy sekret ishlab chiqaradi. Orqadagi bitishma bilan orqa chiqaruv teshigi (anus) o‘rtasidagi joy oraliq (perineum), deb ataladi. Oraliq muskul-fassiyadan tuzilgan plastinka bo‘lib, tashqaridan teri bilan qoplangan; terida orqadagi bitishmadan opqa chiqaruv teshigigacha davom etadigan chiziq ko‘rinadi, u oraliq choki (raphe perinyei) deb ataladi. Tashqaridan qaraganda oraliq balandligi (orqadagi bitishmadan orqa chiqaruv teshigigacha bo‘lgan masofa) 3–4 sm. Oraliq yuqoriga (ichkariga) tomon torayib boradi, chunki qin va to‘g‘ri ichak bir-biriga yaqinlashib keladi. Shu tariqa, oraliqning muskul-fassiya qatlami yuqoriga tomon torayib boruvchi ponaga o‘xshaydi. Download 239.88 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling