SOʻROQ BELGISI Soʻroq gaplar oxiriga qoʻyiluvchi tinish belgisi (?): Endi ketib qolmaysizmi? (Gʻ. Gʻulom)
SOʻROQ GAP Biror noma’lum narsa-hodisani bilish uchun murojaatni ifodalovchi, soʻroq mazmunli gap: Anovi qor odamni sizlar yasadilaringmi? (O. Husanov) Rafiq, nayni kim chaldi? (Oybek) Asosiy xususiyatiga (vazifasiga) koʻra soʻroq gap ikki turga boʻlinadi: 1) javob talab qiladigan soʻroq gap yoki sof soʻroq gap, 2) javob talab qilmaydigan soʻroq gap yoki ritorik soʻroq gap.
SOʻROQ OHANGI Soʻroqni ifodalovchi ohang; oʻziga xos tonga, yuqori tonga ega ohang: Otni o‘rganishimga shu bola sabab bo‘lgan. – Bola sabab bo‘lgan? (A. Qahhor)
SOʻROQ OLMOSHLARI Noma’lum shaxs, narsa, belgi kabilar haqida soʻroqni bildiruvchi olmoshlar: Kim, nima, qanday, qachon, qancha kabilar.
SOʻROQ YUKLAMALARI Gap va uning biror boʻlagiga oid soʻroqni ifodalovchi yuklamalar. Masalan, -mi, -chi yuklamaliri: Qishloqdan keldingmi? Rozi bo‘lmasa-chi?
SOʻROQ Tinglovchini biror narsa-hodisa haqida ma’lumot berishga qoʻzgʻatuvchi ifoda.
T
TOVUSH KUCHI Tovush toʻlqinining amplitudasiga, ya’ni yuqori koʻtarilish nuqtasi va quyi tushish nuqtasi oraligʻiga bogʻliq boʻlgan sifati: tebranish kengligi qancha katta boʻlsa, tovush ham shuncha kuchli boʻladi.
TABIIY TIL Haqiqiy ma’nodagi, ya’ni fikr alishuv quroli sifatida avloddan avlodga oʻtib kelayotgai til. Q. Sun’iy til.
TABU Diniy e’tiqod, irim, qoʻrqish va shu kabilar ta’sirida soʻzning ishlatilishini cheklash yoki man etish; ishlatilishida shunday cheklangan, man etilgan soʻz. Masalan, chayon soʻzi oʻrnida eshak, oti yoʻq soʻzlarining qoʻllanishi.
TAKROR 1. ayn. Takroriy soʻz.
2. Ayni so‘zning sintaktik birlik sifatida ikki va undan ortiq holda qo‘llanishi, oddiy takror: E, keling, keling. (S. Zunnunova)
TAKT URGʻUSI Nutq takti tarkibidagi mazmunan muhim soʻzni ajratuvchi urgʻu.
Do'stlaringiz bilan baham: |