TUB SOʻZ Yasovchi qismlarga ajralmaydigan soʻz: suv, yer, non, osh, tarix, ol, yaxshi, kecha, men va b.
TUB SHAKL So‘zning grammatik ma’noni shakl yasovchi qoshimcha va yordamchi so‘zsiz ifodalovchi shakli: o‘qi, tekisla, qalam, katta kabi. Jumladan o‘qi tub shakli buyruq, kelasi zamon, II shaxs, birlik, tasdiq, bosh nisbat, hurmatga betaraflik kabi ma’nolarini ifodalaydi.
TO‘GRI MA’NO Voqelik bilan bevosita bogʻlanadigan, uni bevosita anglatish xususiyatiga ega boʻlgan ma’no. Masalan, qoplon soʻzining bosh ma’nosi.
TO‘GʻRI TARTIB Sintaktik tuzilma qismlarining (gap boʻlaklarining, qoʻshma gap predikativ qismlarining va h.) ma’lum qonun-qoidalar asosida odatdagicha joylashuvi. Masalan, oʻzbek tilida aniqlovchining aniqlanmishdan, eganing kesimdan oldin joylashuvi toʻgʻri tartib hisoblanadp: Tiniq suv. Qushlar sayradi.
TO‘LDIRUVCHI ERGASH GAP Bosh gapning olmosh bilan ifodalangan yoki nazarda tutilgan (qoʻllanmagan) toʻldiruvchisini izohlaydigan, bosh gap kesimini toʻldiradigan ergash gap: Shuni bilingki, xalq o‘z ishini bilib qiladi. (Oybek) Kim umumning manfaati uchun xizmat qilsa, uni xalq hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.
TO‘LDIRUVCHI Hokim soʻzga boshqaruv yoʻli bilan bogʻlanib, bu soʻz anglatgan harakat, predmet, belgiga nisbatan obyekt boʻlib keladigan boʻlak: Qanisan, bolam? Manavi choyni ich. (S. Ahmad) Belkurak bilan daraxtlarning tagini yumshatadilar. (M. Ismoiliy) Harakat bilan obyekt orasidagi munosabatning turiga koʻra toʻldiruvchi ikki asosiy turga boʻlinadi: 1) vositali toʻldiruvchi (q.); 2) vositasiz toʻldiruvchi (q.).
TO‘LIQ ASSIMILATSIYA Soʻzda bir tovush boshqa tovushni ham artikulatsiya oʻrni, ham artikulatsiya usuli, ham akustikasi jihatidan bir xil qilib olishi. Masalan, bir + ta > bitta, tok + ga > tokka kabi.
TO‘LIQ GAP Matn va nutq sharoitisiz ham fikrning toʻla (aniq) ifodalanish imkoniyatiyai beradigan boʻlaklari mavjud boʻlgan gap: Ona tabiatimizni hamisha toza, pokiza saqlash haqida qayg‘urmog‘imiz lozim. (Sh. Rashidov) Olmada A belgili darmondori va ancha miqdorda S belgili darmondori bor. (K. Mahmudov)
Do'stlaringiz bilan baham: |