UYUSHIQ TO‘LDIRUVCHI Toʻldirilmishga bir xil ma’no hamda bir xil grammatik aloqa usuli va vositasi bilan boglangan toʻldiruvchilar: Bu yerda nodir o‘simliklarni, chuqur daralarni, sirli g‘orlarni, kamyob parrandalarni, zangori yaylovlarni uchratamiz. (A. Aminov) Azizbek bo‘lsa javohir qadalgan tojlar, oltin taxtlar, nozanin parivashlar, dongdor mahramlar haqidagina o‘ylar edi. (A. Qodiriy)
UZUAL MA’NO (lot. usus – odat, qoida) Soʻzda lugʻaviy sifatida bor, umum tomonidan qabul etilgan, umum qoʻllanishdagi ma’no. Masalan, bosh soʻzining «tananing boʻyindan yuqori qismi», «boshliq», «rahbar» ma’nolari; katta soʻzining «hajm, oʻlchami nisbatan ortiq, ulkan», «yosh jihatdan ortiq» ma’nolari uzual ma’nolardir. Qiyos. Okkazional ma’no.
V
VARVARIZM (yun. barbarismos). Ona tiliga oʻzlashmagan, oʻzga til hodisasi sifatida qoʻllanadigan soʻz yoki ibora. Varvarizazmlardan, odatda oʻzga yerga xos rasm-odatlarni tasvirlashda, mahalliy koloritni yaratishda foydalaniladi: madam, missis va b.: Ich madam, potom gulyatga boramiz (Oybek).
VERGUL Tinish belgilaridan biri (,). Bu belgi, masalan, quyidagi hollarda qoʻyiladi: a) qoʻshma gap komponentlari orasida: Kumushbibi boshlovchi qizlar bilan uyga kirdi, undan taralgan atir islari bilan uy to‘ldi.(A. Qodiriy); b) undalmalarni ajratish uchun Ozod, echkemardan qo‘rqasanmi? (M. Xidir); v) uyushiq boʻlaklarni ajratishda: Narigi qirg‘oqdagi mevazorlarda o‘rik, olcha, olma, shaftolilar qiyg‘os gullab yotibdi. (H. G‘ulom) va b.
VOKABULA (lot. vokabulum – soʻz). 1. Leksikologiya va leksikografiyaning oʻrganish manbai sifatidagi alohida olingan soʻz.
2. Lugʻat maqolasining bosh soʻzi.
VOKALIZM (lot. vokaliz – unli) – q. Unlilir tizimi.
VOLAPUK (volapuk < ingl. world – dunyo, speak – gapirmoq, ya’ni dunyo tili). 1880-yilda nemis katolik ruhoniysi Shleyxer tomonidan tavsiya etilgan sun’iy xalqaro til.
Do'stlaringiz bilan baham: |