BITISHUV ALOQASI Tobe soʻz hokim soʻzga grammatik shakl yordamida emas, balki tartib va ohang orqali bogʻlanadigan sintaktik aloqa turi: keng yaylov, tinch hayot, yaxshi qiz, tez yurmoq kabi.
BOBO TIL Genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq tillarning kelib chiqishi va taraqqiy etish manbai (asosi) deb qaraladigan til; qiyosiy-tarixiy metod bilan tiklanadigan mavhum lingvistik model. Masalan, turkiy tillar (o‘zbek, uyg‘ur, qirg‘iz, qozoq, turkman tili va b.) uchun qadimgi turkiy til bobo til hisoblanadi.
BOʻGʻIN KOʻCHIRISH – ayn. Soʻz koʻchirish.
BOʻGʻIN Soʻzning nutqda alohida (ajratib) talaffuz qilish mumkin boʻlgan eng kichik boʻlagi. Boʻgin bir tovushdan yoki tovushlar guruhidan iborat boʻlishi mumkin: o-na, o-ta, bo-la, bal-ki kabi.
BOʻGʻINLI YOZUV Grafik shakl boʻgʻinning ifodasi uchun xizmat qiladigan yozuv. Masalan, yapon yozuvi.
BOʻGʻIZ TOVUSHI – q. Boʻgʻiz undoshi.
BOʻGʻIZ UNDOSHI Boʻgʻiz boʻshligʻida hosil boʻladigan undosh tovush. Masalan, hamma, hozir, ham soʻzlaridagi h undoshi.
BOGʻLAMA Ot kesimni ega bilan bog‘lab, uning bo‘lishli-bo‘lishsizligi, mayli, zamoni va shaxs-sonini ifodalashga xizmat qiladigan so‘zlar. Masalan, Tolib rassom boʻldi, Tolib rassom boʻlyapti, Tolib rassom boʻlmoqchi gaplarida boʻl yordamchisi rassom soʻzi bilan qoʻllanib mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarining ifodalanishi uchun xizmat qiladi, kesimda ana shunday ma’nolarning voqelanishiga imkon yaratadi. Bogʻlama vazifasini bajaruvchi birlik oʻz lugʻaviy ma’nosini qisman bajarishi yoki faqat bogʻlama vazifasini bajarishi mumkin. Shunga koʻra, bogʻlamaning ikki turi farqlanadi: 1) sof bogʻlama (q.), 2) yarim mavhum bogʻlama (q.).
BOGʻLANGAN QO‘SHMA GAP Tarkibidagi sodda gaplar oʻzaro teng bogʻlovchilar yordamida birikkan (teng aloqali) qoʻshma gap: Ra’no tabassum bilan javob berdi va unda bir oz qizarinish belgisi bor edi. (A. Qodiriy) Umuman, go‘zallik kishi uchun katta baxt ammo kishini bezovchi barcha sifatlar ichida mehnatsevarlik bebaho ziynatdir. (R. Usmonov)
Do'stlaringiz bilan baham: |