ADABIYOTSHUNOSLIK (ar. adab, fors. – tanish, o‘rganish) Badiiy adabiyotning kelib chiqishi, mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarni o‘rganuvchi fan. Adabiyotshunoslikning obyekti bo‘lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko‘lami-predmeti juda keng. Zamonaviy adabiyotshunoslik fani uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid. Uning matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya singari yordamchi sohalari ham mavjud.
ADRESLILIK Bolalar adabiyotida kitobxonlar yoshiga mo‘ljallab yozilgan asarlarga nisbatan qo‘llanadi. Shunga ko‘ra maktabgacha tarbiya yoshidagi kichkintoylar, kichik maktab yoshidagi bolalar hamda o‘smirlar kitobxonligi o‘zaro tafovutlanadi.
AFORIZM (yun. ta’rif, ixcham ifoda) Muallifi ma’lum bo‘lgan, ixcham shaklda va ta’sirli ifoda etilgan umumlashma fikr. M: Navoiy aforizmlari (Tilga e’tiborsiz- elga e’tiborsiz, Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur).
AFSONA (f. hikoya, naql; uydirma) oʻzbek xalq og‘zaki ijodining eng qadimgi, an’anaviy va keng tarqalgan janrlaridan biri. Hayotiy voqelikni xayoliy uydirmalar orqali bayon etadigan, biror ma’lumot haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya qilinadigan og‘zaki nasriy asar. Aristotel afsonalarni “haqiqatdan xabar beruvchi yolg‘on hikoyalardir” deb ko‘rsatadi. M:“Toʻmaris” afsonasi.
ALIFBE-MANZUMA Abidsedariylar asosida yozilgan majmua hisoblanadi. Shermuhammad Munisning “Savodi ta’lim”, A.Otinning “Yakka baytglar”i arab alifbosidagi harflarni yod olish va ularni eslab qolishga asoslangan she’riy baytlari badiiy va metodik xususiyatlari bilan adabiyot tarixida o‘z o‘rniga ega. Muhimi shundaki, ular yaratgan majmualar aynan o‘quvchilarning ilk savod chiqarishlari, boshlang‘ich maktablarda o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, metodik ahamiyatga ega. Oʻquvchilarning yozishni oʻrganishlarini osonlashtirish uchun arab yozuvi asosidagi oʻzbek alifbosidagi 28 harfning shakli, nimalarga oʻxshashligi va imlo xususiyatlarini birma-bir ta’riflangan she’riy shakldagi asar.
Do'stlaringiz bilan baham: |