PROSODIYA (yun. prosodia – naqarot, urgʻu) Nutqning ton balandligi, davomliligi kabi ritmik-intonatsion tomonlariga berilgan umumiy nom.
PROTEZA (yun. prothesis – oldida turuvchi) Ma’lum talaffuz qulayligi uchun soʻzning boshida tovush orttirilishi (tovush paydo boʻlishi). Masalan, stol – ustol, shkaf – ishkof, stakan – istakon kabi.
PSIXOLINGVISTIKA Tilshunoslikning nutq faoliyatini nutq akti mazmuni bilan soʻzlovchining maqsad-niyati orasidagi aloqadorlik nuqtayi nazaridan oʻrganuvchi sohasi. Psixologiya bilan lingvistikaning sintezi sifatida yuzaga kelgan bu soha nutqni idrok etish, tilni egallash kabi masalalarni oʻrganadi.
PUBLITSISTIK USLUB Funksional uslubning bir turi boʻlib, u ijtimoiy-siyosiy soʻz va iboralarning qoʻllanishi bilan, janrlarning xilma-xilligi va buning natijasida til vositalaridan uslubiy foydalanishning rang-barangligi va shu kabi belgilari bilan xarakterlanadi. Publitsistik uslub ijtimoiy-siyosiy adabiyotda, vaqtli matbuotda, siyosiy chiqishlarda, majlislardagi nutq va sh. k. larda oʻz ifodasini topadi.
PUNKTUATSION TAHLIL Gapda tinish belgilarining punktuatsiya qoidalariga mos holda yo unga zid holda ishlatilganligi, shuningdek, punktuatsiya qoidalari talab etadigan u yoki bu tinish belgisining qoʻllanmaganligini belgilash nuqtayi nazaridan boʻladigan tahlil.
PUNKTUATSIYA (lot. punktuation < punktum – nuqta). 1. Tinish belgilarini qoʻllash qoidalari toʻplami: O‘zbek punktuatsiyasi.
2. Matnda tinish belgilarining qo‘yilishi: Abdulla Qahhor asarlari punktuatsiyasining o‘ziga xos xususiyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |