O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar:
1. Abu Ali Ibn Sinoning psixologik bilimlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi nimadan iborat?
2. Forobiyning psixologik bilimlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi nimadan iborat?
3. Ibn-Al-Xaysamning ko‘rish idroki haqidagi tasavvurlariga ta’rif bering.
4. Ibn-Ro‘shdning ruh haqidagi tasavvurlari nimadan iborat edi?
5. G‘azzoliy ta’limotining mazmun-mohiyati nimadan iborat?
5 MAVZU. ONG XAQIDAGI PSIXOLOGIK TASAVVURLAR. O‘RTA ASRLAR VA UYG‘ONISh DAVRI EVROPA MUTAFAKKIRLARINING PSIXOLOGIK G‘OYALARI
O‘rta asrlarda psixologiyaning markaziy muammosi ruh muammosi bo‘lib qolaverdi va bu muammo turli mutafakkirlar tomonidan faol o‘rganilib, ular orasida Avreliy Avgustin, Foma Akvinskiy, Rodjer Bekon va Uilyam Okkamlar alohida ajralib turadi.
Avreliy Avgustin (354–430) — episkop va xristian mutafakkiri, Platon g‘oyalarini xristian doktrinasiga integratsiya qilishga urinib ko‘rgan. Avreliy Avgustin ruhni moddiy vujudiy xususiyatga ega bo‘lmagan mustaqil, o‘lmas substantsiya, de hisoblagan. Ruh u yaratgan g‘oyalar kabi boqiy. Ruh iroda, tafakkur, xotira kabi funktsiyalarga ega bo‘lganligi uchun ham vujudiy mohiyatdan ustundir. Vujud ruh tomonidan amalga oshiriladigan bilish jarayoniga xalaqit beradigan mayllardan voz kechishi kerak.
Avreliy Avgustin irodaning aqldan ustunligi g‘oyasini ilgari surgan, uning fikricha iroda inson ruhiy hayotining asosi bo‘lib, insonning harakatlari bevosita iroda bilan bog‘liq. Inson ruhi tug‘ma g‘oyalardan iborat, bu g‘oyalarni faqat iroda yordamidagina ro‘yobga chiqarish mumkin. Bilishning sababi faqat Xudo, iloxiy haqiqatni esa aql bilan emas, iroda yordamida bilish mumkin.
Foma Akvinskiy (1225G‘26 –1274), xristian faylasufi va teologi, Aritotel g‘oyalarining bir qismini cherkov ehtiyojlari uchun moslashtirgan. Foma Akvinskiy g‘oyalari to‘laqonli ta’limot (tomizm)ga aylantirilib, bu ta’limot katolik cherkov tomonidan kanonizatsiya qilingan. Foma Akvinskiy ruhning eng muhim va yagona qobiliyati – anglash qobiliyatidir, deb hisoblagan.
Ruh materiyaga bog‘liq bo‘lmagan, o‘ziga xos “sof” ob’ektdir. Ruh boqiy va mangudir. Foma Akvinskiyning fikricha ruh quyidagi sxema doirasida mavjud bo‘ladi: Ruh tanish aktini amalga oshirayotganda unga sezgi yoki tushuncha shaklida ob’ekt obrazi namoyon bo‘ladi, keyin u shu aktni o‘zi amalga oshirganligini anglaydi va nihoyat har ikkala operatsiyani amalga oshirgandan so‘ng, ruh "o‘ziga" qaytadi, ya’ni endi obraz yoki aktni emas, o‘zining noyob mavjudot ekanligini anglaydi. Foma Akvinskiy ruhda inson bilish jarayoniga yo‘nalish beradigan intentsiya, yoki “ichki so‘z” bor, deb hisoblagan.
Foma Akvinskiy Aristotel g‘oyalariga tayanib quyidagi ruh tipologiyasini ishlab chiqqan: 1) o‘simliklarga xos bo‘lgan va fiziologik jarayonlarni boshqaradigan o‘simlik (vegetativ) ruhi; 2) hayvonlarga xos bo‘lgan va hissiy idrokni boshqaradigan hayvon (sensitiv) ruhi; 3) faqat insonga xos bo‘lgan aqlli ruh.
Aqlli ruh insonga intellektual qobiliyat beradi va o‘zida vegetativ hamda sensitiv ruhni birlashtiradi.
Foma Akvinskiy ikki xil haqiqat mavjud deydi: 1) tabiatning moddiy olamiga taalluqli, aql yordamida aniqlanadigan haqiqat; 2) e’tiqod va iloxiy ne’mat yordamida etishiladigan iloxiy haqiqat. Bilim bilan e’tiqod o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, bilim e’tiqodga yon berishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |