Bohodir eshov
Gugo Grotsiyning huquq va davlat haqidagi ta’limoti
Download 0.73 Mb.
|
Jahon -siyosiy mafkuraviy ta’limotlar tarixi
6. Gugo Grotsiyning huquq va davlat haqidagi ta’limoti
Gugo Grotsiy (1583-1645) – mashhur gollandiyalik mutafakkir va siyosiy arbob. Davlat va huquq to’g’risidagi ilk burjua ta’limotining, tabiiy va xalqaro huquqning nazariy asoslarini yaratganlardan biri. Grotsiyni shuhrat cho’qqisiga olib chiqqan asari 1625 yilda yozib tugallangan “Urush va tinchlik huquqi to’g’risida” nomli asari hisoblanadi. Ushbu asar uch kitobdan iborat bo’lib, unda tabiiy huquq, xalqlar huquqi (xalqaro huquq) va ommaviy huquq tamoyillariga ta’rif beriladi. Shuningdek, Grotsiyning siyosiy-huquqiy qarashlari “O’lja huquqi to’g’risida” (1609), “Gollandiya huquqini o’rganishga kirishish” (1631) kabi asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Grotsiy qarashlarining muhim jihatlaridan biri shundaki, u siyosiy mavzudagi muammolarga yurisprudentsiya nuqtai-nazaridan yondashadi va muammoning huquqiy jihatlariga asosiy e’tiborni qaratadi. Grotsiyning ta’kidlashicha, yurisprudentsiya predmetini huquq va adolat, siyosiy fanlar predmetini esa maqsadga muvofiqlik va foyda tashkil etadi. Gugo Grotsiy fikriga ko’ra yurisprudentsiyaga “ilmiy tus” berish uchun narsalarning qaysi asosdan kelib chiqqanligini aniqlab olish muhimdir. Ya’ni: u qabul qilish orqali tarkib topganmi yoki tabiatning o’zidan kelib chiqqanmi? So’nggisigina ilmiy tusga ega bo’lishi mumkin. Chunki u (tabiiy huquq) doimo o’ziga aynan o’xshash bo’ladi. Qabul qilish orqali vujudga kelgan davlat qoununlari, shartnomalar, xalqlar huquqi va boshqalar vaqta nisbatan o’zgaruvchan bo’ladi, turli joylarda turlicha zuhur etadi. Shu boisdan ham ularni ma’lum ilmiy tizimga solishning imkoni bo’lmaydi. Shundan kelib chiqib, Grotsiy yurisprudentsiyada “tabiiy, o’zgarmas” va “manbai ma’lum iroda bilan bog’liq” qismlarni bir-biridan farqlash lozimligini uqtiradi. Grotsiy nuqtai nazariga ko’ra, tabiiy huquq chin ma’nodagi huquqdir. U bir vaqtning o’zida adolat hamdir. Tabiiy huquqning manbai biror kimsaning foydasiga, manfaati yoki irodasiga bog’liq bo’lmaydi. Uning manbai o’zaro muloqotga moyil bo’lgan ijtimoiy mavjudot sanalmish insonning ongli tabiatidan kelib chiqadi. Inson o’zi kabilar bilan o’zaro muloqotda bo’lishi, o’zi yashayotgan jamiyat uchun umumiy bo’lgan qoidalarni bilishi va ularga og’ishmay rioya qilishi kerak. Ushbu umumiy qoidalarga rioya qilish esa huquq manbai sanaladi. Umumiy qoidalar: boshqalar mulkiga ko’z olaytirmaslik, shu mulkni va undan olingan foydani o’z egasiga qaytarish, bergan vadasi ustidan chiqish, keltirgan zararni qoplash va boshqalar. Qolgan barcha qonunlar, shu jumladan ilohiy qonunlar ham iroda bilan bog’liq bo’lib, tabiiy huquq tamoyillariga mos kelishi lozim. Xudo ham tabiiy huquqqa zid keladigan qoidani yarata olmaydi. Chunki tabiiy huquq abadiy va o’zgarmasdir. Shu sababli tabiiy huquq xudo tomonidan ham o’zgartirilishi mumkin emas. G. Grotsiy o’zining tabiiy huquq kontseptsiyasida muhim normativ ahamiyat kasb etuvchi yurisprudentsiyaning aksiomatik tizimini hamda alohida davlatlarning ichki munosabatlarida va davlatlararo munosabatlarda vujudga keladigan aniq holatlar uchun qo’llash mumkin bo’lgan umumiy qoidalarni yaratishga intildi. Davlatning va ichki davlat huquqining kelib chiqishi tabiiy huquq mavjudligi bilan bog’liqdir. Shartnomalarga rioya qilish tabiiy huquq bilan belgilanadi. Ana shu manbadan ichki davlat qonunlari yaratiladi. Ichki davlat huquqining yaratilishi “tabiiy holat”dan “fuqarolik holati”ga o’tish tarzida ta’riflanadi. Siyosiy sohada huquqning adolat tamoyiliga siyosatning foyda va maqsadga muvofiqlik tamoyili qo’shiladi. Grotsiy davlatni va davlat qonunlarini siyosiy hodisa sifatida ta’riflaydi. Xalqaro huquqda yoki uning ta’biri bilan aytganda, xalqlar huquqi negizida ham ma’lum bir sub’ektlar irodasi ifodalangan bo’ladi. Shu boisdan ham xalqaro huquqning kelib chiqishi tabiiy huquq ildizlariga borib taqaladi. Xalqlar huquqi davlatlarning o’zaro kelushuvi natijasi o’laroq, vujudga keladi. Bu ta’rifning bugungi kunda qanchalik to’g’ri ekanligi hozirgi davr xalqaro huquqiy munosabatlari mohiyati tahlilidan ham ko’rinib turibdi. Ushbu huquq qoidalar barcha xalqlar yoki ularning ko’pchiligi irodasining mushtarakligi natijasida shakllanadi va majburiy yuridik kuchga ega bo’ladi. Grotsiyning ta’kidlashicha, tabiiy huquq talablaridan kelib chiquvchi adolat va foydaning (huquq va kuchning) o’zaro muvofiqlashuvi davlatda o’zining munosib ifodasini topadi. “Davlat, — Grotsiy nuqtai nazariga ko’ra, — erkin insonlarning umumiy foyda va huquqa rioya qilish maqsadida tuzilgan mukammal ittifoqidir”. Ushbu ta’rifdan ham ko’rinib turibdiki, Grotsiy davlatning kelib chiqishi shartnoma asosida amalga oshganligi to’g’risidagi nazariyaning tarafdori bo’lgan. Mulk umumiy bo’lgan, ya’ni davlat vujudga kelgunga qadar bo’lgan davrni Grotsiy “tabiiy holat” sifatida tavsiflaydi. Uning ta’riflashicha, davlatning kelib chiqishi ilohiy asosga ega emas. Davlat insonlarning achchiq tajribasi mevasidir. Alohida turmush tarzini kechirishga o’rgangan oilalar zulm-zo’ravonliklar qurboniga aylanadilar. Ular o’z kuchlari bilan bu jabr-stamlarga qarshi tura olmaydilar. Natijada ular o’zlari kabi boshqa oilalar bilan birlasha borib, davlatni yaratadilar. Grotsiy shu fikriga tayangan holda, davlatning kelib chiqishi insonlar irodasiga bog’liq, degan xulosaga keladi. Uning talqin qilishicha, o’z ijtimoiy mazmuniga ko’ra davlat ko’pchilikning ozchilikka qarshi kelishuvidir, ya’ni kuchsizlar va ezilganlarning kuchlilar va qudratlilarga qarshi ittifoqidir. Oliy hokimiyatning mohiyati boshqa hech qanday hokimiyatga bo’ysunmaslikda hamda uning vakolatlari va xatti-harakatlari boshqa bir hokimiyat tomonidan bekor qilina olmaslikda namoyon bo’ladi. Oliy hokimiyat deganda suveren hokimiyat nazarda tutiladi. Oliy hokimiyatning, ya’ni suverenitetning umumiy sohibi — (“mukammal ittifoq” sifatida) davlatdir. Biroq hokimiyatga egalik shu xalq an’analari, odatlari va qonunlaridan kelib chiqqani holda bir yoki bir necha shaxsga tegishli bo’lishi mumkin. Grotsiy Arastu, Tsitseron va boshqa mutafakkirlarning fikrlarga tayangan holda, davlat boshqaruv shakli turlarini tasnif qilar ekan, podshoh hokimiyati, aslzodalar hokimiyati, erkin fuqarolar jamoasi, demokratik respublika kabilarni keltirib o’tadi. Biroq Grotsiyning ta’kidlashicha, boshqaruv shakli u qadar muhim emas. Shu bilan birga mutafakkir tiraniya boshqaruv shakliga o’ta salbiy munosabatda bo’lgan. Chunki, bunday davlat boshqaruvi zo’ravonlik va huquqiy tartibotning yo’qligiga asoslangandir. U o’z qarashlarida yakka hokimiyatchilik va aristokratik boshqaruv shakllari tarafdori ekanligini yaqqol namoyon etadi. Grotsiy oliy hokimiyatning xalqqa tegishli bo’lishini inkor etmaydi. Biroq u xalqning hokimiyat organlari faoliyatiga qarshi chiqa olish huquqini qo’llab-quvvatlamaydi. Shunday bo’lsa-da, Grotsiy, xalq bu huquqdan, ma’lum shartlarga rioya qilgani holda, foydalana olishi mumkin, deb hisoblaydi. Xalqning ushbu huquqdan foydalanishi davlatga katta zarar etkazmasligi, ko’plab begunoh kishilarning o’limiga sabab bo’lmasligi lozim. Hozirgi davr uchun ham dolzarb bo’lgan mavzulardan biri — bu erkinlik va tinchlik (inson huquqlari va barqarorlik) mavzularining o’zaro munosbati mavzusidir. Grotsiy bu borada to’xtalib, nizoli vaziyatlar yuz berayotgan bir paytda jamiyat va davlat hokimiyati uchun tinchlik (barqarorlik) ahamiyatliroqdir, degan xulosaga keladi. Ma’lumki, XX asrning birinchi choragiga qadar, aniqrog’i, Brillian-Kellog tinchlik pakti tuzilguniga qadar urush huquqiga xalqaro huquq mohiyatini belgilovchi omil sifatida munosabat bildirib kelingan. Chunki bu davrga qadar xalqaro huquq normalari, birinchi navbatda, urush bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Grotsiyning xalqaro huquqni rivojlantirishdagi buyuk xizmatlaridan biri shundaki, u, urush va huquq bir-biriga zid bo’lgan hodisalardir, degan fikrga qarshi chiqib, urushning ibtidosi ham, intixosi ham huquq normalari bilan tartibga solinishi lozimligini belgilovchi nazariy asosni yaratadi. Grotskiy urush tabiiy holat bo’lib, u tabiiy huquq bilan ham, ilohiy qonunlar va davlat huquqi bilan ham taqiqlanmaganligini alohida ta’kidlaydi. Sababi shundaki, har bir inson, shu bilan birga davlatlar ham buzilgan huquqlarini himoya qilish huquqiga ega. Shundan kelib chiqib, muallif har qanday urushlarni ikki turga: adolatli urush va adolatsiz urushga ajratadi. Adolatli urushlarga u bevosita sub’ektlar huquqlari buzilishi natijasida vujudga kelgan urushlarni kiritadi. Masalan, tajovuz amalga oshirilganda mudofaa qilish, davlat birligini saqlab qolish, mulkni himoya qilish va boshqalar. Adolatsiz urush huquqqa xilofdir. Grotsiyning siyosiy-huquqiy qarashlarida tinchlik mavzusi ustuvor o’rin tutadi. Uning uqtirishiga ko’ra, urush olib borishdan ko’zlangan asosiy maqsad — tinchlikka erishishdir. Gugo Grotsiy chin ma’noda “xalqaro huquqning otasidir”. Mutafakkirning davlatlarning o’zaro munosabatlarida tenglik, hamkorlik tamoyillariga asoslangan yangi xalqaro huquqiy munosabatlar tizimini shakllantirishning nazariy jihatlarini yaratishdagi xizmatlari beqiyosdir. Grotsiy o’z ta’limoti bilan ixtiyoriy ravishda o’rnatiladigan va suveren davlatlar tomonidan rioya qilinishiga asoslangan huquqiy tartibotning tashabbuskori va da’vatchisi bo’lib qoldi. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling