Boqiy darbadar
«MENING SHAHRI HAYBARIM» KITOBINING
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
«MENING SHAHRI HAYBARIM» KITOBINING
SO‘NGGI BOBIDAN PARCHA
«...Ha, bu voqea mening sokin hayotimni ostin-ustin qilib yubordi, barcha bilganlarim va tasavvurlarim tamomila o‘zgarib ketdi, hayotimga timsollar va ishoratlarning girdoblari bo‘ron yanglig‘ ufurilib kirib keldi... chunki men azaldan orzu qilgan narsalarimning puch ekanini va ahamiyat bermaganim narsalarning g‘oyatda qadrli ekanini aynan shu – abadiy saodat shahriga kirganimda anglab yetdim.
...Shaharning ko‘chalariga qora marmar yotqizilgan, yo‘laklar ustini qalin chang va qurib, taqirga aylangan loy qatlami qoplagan edi. Bu, balki yomg‘irlarning ishimikin? Qalin chang ustiga yoqqan yomg‘ir loy hosil qilganu ustiga yana chang o‘tirgan, shu tariqa quruq qatlam yuzaga kelgan... Lekin devorlarni ham g‘ubormi, changmi qoplab olgan. Hech qaerda odam sharpasi ko‘rinmas edi.
Bu shaharda binolar qalashtirilib, bir-birining ustiga mingashtirilib qurilgan edi. Bizlar ko‘nikkan me’moriy go‘zallik degan narsadan asar ham yo‘q, kichkina eshikchalar hayhotday binolarning ost qismida qing‘ir-qiyshiq bo‘lib ko‘zga tashlanar, kichkina kulbachalarning devorlarida esa ulkan va qiyshiq darchalar bor edi. Men ko‘chalarni ko‘rib ham hayratga tushdim, bu shaharchadagi bironta ko‘cha, bironta bino mulohaza bilan qurilmabdi. G‘aroyiblik aqlni shoshirardi, mangu barhayot insonlar yashaydigan shodu xurramlik shahrining bunday bo‘lishi aqlga sig‘masdi.
Ko‘chalar bo‘ylab o‘tib borarkanman, oddiy kishilik hayotining bironta nishonasini ko‘rmadim. Na bolalarning shodon qichqirishlari, na kulgilar, na musiqa... Nainki ovoz, odam sharpasining o‘zi ko‘rinmasdi. Go‘yo mangu odamlar bu shaharni tashlab qaylargadir chiqib ketishganga o‘xshardi. Balki yer ostida qasrlar qurishgan va o‘sha yerda yashashayotgandir? Biroq yer usti turganida, yer ostida yashashning ne ma’nisi bor? Daraxtlarning yaproqlari oz edi, ba’zilarining shoxlariga gala-gala qop-qora chumchuqlar qo‘nib olishgan bo‘lib, ular na ovoz chiqarar, na don-dun terar, faqat sinchiklab boqishgancha, meni jimgina kuzatishar edi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling