Meduza boshli juzg‘un yoki qizil qandim (Calligonum caput Medusae Schrenk) Balandligi 2 m gacha yetadigan, shoxlari yaxshi rivojlangan bu o‘simlik poyalari kuchsiz qayrilgan, kulrang va yashil bo‘ladi. Shoxchalari oqish-kulrang, tugunlari yo‘g‘onlashgan, shu joylaridan bittalab yoki bir nechta tutam bo‘lib mayda yashil assimilyatsion novdalar o‘sib chiqadi. Gullari mayda, kalta bandli. Uch yoshga kirgan o‘simliklar aprel oyida gullaydi. Mevalari 4 qirrali yong‘oqcha shaklida bir ikki sm uzunlikda sharsimon sariqqizg'ish, shoxchan, kuchli chirmashgan tikanli, ular har bir poyachalarida 2-3 qator bo'lib joylashadi. Shamol yordamida dumalab harakatlanadi. May—iyun oylarida yetiladi. Yog‘ochi zich, og‘ir, po‘stining ostki qatlami tor yo‘l-yo‘1 sarg‘ish pushti bo‘lib, o'zagi pushtisimon rangda. Mayda duradgorlik ishlanmalar uchun va yonilg‘I uchun ishlatiladi. Tez o‘sadi, 11 yoshli tanasining diametri 8 sm gacha yetadi. Qumlami ushlab qolishda ishlatiladi. Keng tarmoqlangan ildiz tizimi qumni bog‘lab tashlaydi. Yem-xashak zaxirasi hamdir. Oshlovchi o‘simliklar sifatida ham qo'llanilishi mumkin.
Androsov yulg‘uni (Tamarix Androssowii Litw.) Andrasov yulg‘unining balandligi 8 metrga yetadigan daraxt yoki buta. Poyalari mayda va uzun, barglari mayda, shakli o‘zgargan, po‘stsimon, novdalari bilan birga qo‘shilib to‘kilib tushadi. Tuzlar bilan to'yingan novdalari yerga to‘kilib, tuproqni quritadi va sho'rlantiradi. Gullari pushti, oq rangda, shingilchasimon yoki ro'vaksimon to‘pgulga birlashgan. Mevalari 3-4 bo‘lakchaga ajraladigan ko‘sak, bir uyali bo‘lib, ichida ko‘plab urug‘lari joylashgan. Yosh novdalarining rangi qoramtir, silliq, qavatchalarga kam ajraluvchan; katta yoshdagi novdalari esa to‘q kul rangda. 1 yoshdagi poyalarida barglari och yashil yoki sarg’ish bo’lib poyalarini to’liq qoplagan. Yashil poyalarining barglari tuxumsimon, uzun, uchli. Gullari yirik (6 sm), shingillarga birikkan, oq yoki och-yashil tusda. Mevasi kichik (4-5 mm) ajraluvchi ko‘sak, ichida 10 tagacha urug‘ bo‘ladi. Yog‘ochi zich, chiroyli. Kichik hajmli, manzarabop (chiroyli) ishlanmalari yasashda qo‘llanilsa bo‘ladi, lekin bundan foydalanish darajasi past, chunki yirik tanali daraxti deyarli uchramaydi. Faqatgina temir yo‘l yoqalaridagi qumlarni mustahkamlash uchun ekiladi. Markaziy Osiyo va Kavkaz orti mamlakatlarida qumli tuproqlarda qumni mustahkamlash va ko‘kalamzorlashtirishda foydalaniladi. Bundan tashqari, terini oshlash sanoatida yulg'un bebaho va arzon xomashyodir. Po‘stlog‘ida, ko‘k massasida bir yillik poyalari, barglari tarkibida 5—10 % oshlovchi moddalar mavjud. Mahalliy aholi azaldan terini oshlashda undan foydalangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |