Diniy ekstremizm va fundamentalizm
Download 48.4 Kb.
|
DINIY EKSTREMIZM VA FUNDAMENTALIZM
Milliy gʻoya - bizning gʻoya. U har birimizga kelajakka ishonch, madad, kuch-gʻayrat beradi. Bizlarni bunyodkor ishlarga, Vatan, Millat, Mustaqillik himoyasi yoʻlida birlashtiradi, safarbar qiladi. U Oʻzbekiston xalqini Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayotga eltuvchi hayotiy dasturimizdir. Ayni shu fikrni barchamizning e’tiqodimizga aylantirish, kelajagimiz boʻltan yoshlar ongiga singdirish eng muqaddas, sharafli burchimizdir.
Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyot strategiyasini, oʻzbek xalqining buyuk davlat barpo etish borasidagi maqsad-muddaolarini, milliy gʻoyamizning har bir oʻzbekistonlikning mustahkam e’tiqodiga, mehnatga, kelajakka, bir-biriga munosabatlarida ustuvor namoyon boʻlishiga erishish pirovard maqsadimizdir. Bugungi kunda bizga qarshi ma’naviy qoʻporuvchilik olib borayotgan mafkura poligonlari oʻz maqsadlariga erishish uchun hech narsani ayamayapti, hamma vositalarni ishga solmoqda, qancha-qancha mablagʻ sarflamoqda. Eng zamonaviy usul-uslublarni qoʻllamoqda. Informatsion xurujlar, axloqsizlik falsafasi, oʻz demokratiya modellarini zoʻrlab joriy etish, xalqimiz ayniqsa, yoshlarimiziing vatanparvarlik tuygʻularini kuchsizlantiruvchi «dunyo fuqaroligi»ni targʻib qilib, yoshlarimizni oʻziga rom etadigan turli shou-tomoshalar, koʻngilochar koʻrsatuvlar, musiqiy kanallar orqali buzgʻunchi gʻoyalar kirib kelmoqda. Shu sababli bunday informatsion tajovuzlarning mohiyatini ochib berish uchun faqat «Gʻoyaga qarshi -gʻoya, fikrga qarshi - fikr, jaholatga qarshi - ma’rifat» asosida faol va qarshi targʻibot, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya yoʻli bilan kurash olib borish mumkin. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, joylarda bu borada hali-hanuz begʻamlik, loqaydlik, oʻziboʻlarchilik holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda. Holbuki, bir haqiqat barchamiz uchun ayon boʻlishi kerak: hushyorlik, ogoh boʻlib yashash — bu bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat boʻlishi lozim. «Biz bugun yurtimizda yangi hayot barpo etar ekanmiz bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim, - deb ta’kidlagan edi Yurtboshimiz. - Ya’ni, kommunistik mafkura va axloq normalaridan voz kechilgandan soʻng, jamiyatda paydo boʻlgan gʻoyaviy boʻshliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot boʻlgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini oʻz ichiga olgan «ommaviy madaniyat» yopirilib kirib kelishi mumkinligi barchamizga ayon boʻlishi kerak». Alohida e’tibor bering: «Chetdan», «biz uchun mutlaqo yot», «ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini oʻz ichiga olgan» ommaviy madaniyat yopirilib kirib kelishi mumkin. Bu fikrda «ommaviy madaniyat»ning eng mukammal, umuminsoniy ta’rifi bor. Ya’ni «ommaviy madaniyat» bu bizga chetdan kirib kelayotgan, oʻzbekona qadriyatlarimizga mutlaqo yot ma’naviy va axloqiy qarashlar. Aqlli, talabchan, ziyrak odamlar oʻzlari eydigan, ichadigan, kiyadigan, eshitadigan, koʻradigan, oʻqiydigan mahsulotlariga yuksak talab qoʻyishadi. Yaxshi mahsulot koʻp mablagʻ, vaqt, yuksak aql, texnologiyani talab qiladi. Bunda «ommaviy madaniyat» ishlab chiqaruvchilariga foyda kam tushadi. Ularga esa foyda juda kerak. Juda koʻp kerak. «Ommaviy madaniyat» mahsulotlari «kitch» mahsulotlar deyiladi. Kitch (nemischa) «arzonlashtirish», «arzon narsaga aylantirish» degani. Sotsiolog German Broxning fikricha, kitch - «oʻxshatish, taqlid qilish tizimi» (1969 yil). Olim nimani nimaga oʻxshatish haqida gapirayotir? Albatta, qalbaki narsani asl narsaga. Yomon narsani yaxshi narsaga. Xunuk narsani goʻzal narsaga. Bu — uyida qoʻlbola usulda tikilgan kostyumga dunyodagi mashhur firma, kompaniyaning belgilarini yopishtirib qoʻyishga oʻxshaydi. Demak, kitch - asl narsa emas, uning nusxasi, qimmat narsaning arzonlashtirilgan yasamasi. Sun’iy narsa yaratish, demakdir. Bunday nusxa olish axloqqa ham qoʻllanmoqda. Ya’ni, mehribon boʻlish emas, mexribonga oʻxshab koʻrinish, haqiqiy doʻst boʻlish emas, haqiqiy doʻstga oʻxshash va h.k. Yaxshilik oʻrnini «yaxshilik» egallaydi. Shakl mazmunni siqib chiqaradi. Umuman, bugungi kunda ma’naviy tahdidlarning turlari koʻpayib bormoqda. Yaqinda «Oʻzbekiston» nashriyotidan «Erkin va farovon hayotni yuksak ma’naviyatsiz qurib boʻlmaydi» deb nomlangan kitob chiqdi. Kitobning 25-betida shunday soʻzlar yozilgan: «Hozirgi paytda insoniyat hayotiga katta xavf tugʻdirayotgan xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkoagressiya va SPID singari ofatlarni koʻpchilik yaxshi biladi. Lekin bugungi kunda hamma ham bilavermaydigan, oshkora koʻzga tashlanmaydigan, ma’naviy ongimizni izdan chiqarishga qaratilgan jiddiy xatarlar ham borki, hoziroq ularning oldini olmasak, keyin kech boʻladi. Bular Gʻarb olamida keng tarqalgan egotsentrizm va erkinlik niqobidagi axloqsizlik falsafasidir». «Menga nima» deb qarash, loqaydlik, bepisandlik, oʻzini, oʻz manfaatini boshqalarnikidan ustun qoʻyish, xudbinlik, hamma, hamma narsalar mening huzur-halovatimga xizmat qilishi kerak, deyish, shuhratparastlik, kibr, mahmadonalik, tajanglik, birovni eshita bilmaslik, xatosini tan olmaslik, sovuqqonlik, tanqidga chidamsizlik - egotsentrizm dardiga duchor boʻlgan odamning belgilari. Xalqimizda xudbinlar - faqat oʻzini koʻruvchilar toʻgʻrisida «yoʻldan ozgan», «aynigan», degan iboralar yuradi. Bu gaplar ilgari el ichida koʻp bilan yurib, keyin koʻpdan ayrilib, oʻz qobigʻiga kirib olgan, elga aralashmaydigan odam haqida. Atoqli yozuvchilarimiz xudbinlikning oʻzbeklikka isnodligini turli personajlar tilidan aytganlar. Mana ayrimlari: «Siz shu kungacha barcha ixtiyorni oʻgʻlingizga topshirib, bolani bola qilmadingiz, bir xudbin qildingiz», deydi Oʻzbek oyim Yusufbek Hojiga (A. Qodiriy. «Oʻtgan kunlar»). Yoki: «Boʻstonbuvi xarakterida ... hukmronlik va oʻz rayini oʻtkazishga moyillik, oʻjarlik va xudbinlik kuchli» (A.Qahhor. «Ayajonlarim»), 3000 yillik tariximizda toʻplangan oʻzbek maqollari bizni farzandlarimizni egotsentrizmdan himoya qilishga, birlashishga chorlayapti. Xudbinlik, egotsentrizmni qoralayapti: «Kengga — keng dunyo, torga — tor dunyo», «Yomon - oʻz gʻamida, Yaxshi - el gʻamida», «Boylik boylik emas, birlik boylik», «Oti birning joni bir», «El qadrini bilmagan har baloga yoʻliqar», «Oʻzim, degan oʻrdan chiqolmas», «Qirq kishi bir yon boʻlsa, qingʻir kishi bir yon boʻlar». Bizda ana shu kasalning bir parchasi - loqaydlik bor. Atrofimizda boʻlayotgan ulugʻ, ertaga oʻzbek nomini olamga doston qiladigan, tarixiy ishlarni sezmaslik. Tuppa-tuzuk farzandlarimizni oʻz domiga tortgan, boshqa pokiza farzandlarimizga ham iflos panjalarini choʻzayotgan har xil manfaatparast guruhlarning nopok kirdikorlariga nisbatan bizda loqaydlik bor, oʻzbekning bagʻrikengligi, soddadilligi shunga kelganda pand berayotganga oʻxshaydi. Afsusga oʻrin yoʻq. Oʻzligimizda, oʻzbekligimizda bagʻrikeng loqaydlikka qarshi davo bor. Bu jamoaviylik. Koʻpdan ayrilmay yashash. Yaxshi-yomon kunlarda koʻpga suyanish. Egotsentrizm bizlarni odamovi qilib, boʻlib, parchalab tashlashga urinmoqda. Najot - milliy mafkuramizda. Undagi Ijtimoiy hamkorlik gʻoyamizda. Jamoaviylikda. Bir birimizni qoʻllab-quvvatlashimizda. Ijtimoiy hamkorlik - azaliy boyligimiz. Lekin u ishlatilsagina, foyda keltiradi. Xuddi stanok, mashina, er, kompyuter, oyoq ostida yotgan, lekin biz bilmayotgan oltindek. Ishlatilmasa, ulardan foyda yoʻq. Zarar bor. Jamoaviylikning yaxshiligini aytib-aytib, amal qilinmasa ham - zarar. Masalan, yoshlar tarbiyasida. «Tarbiya hammaning ishi» deymiz. Avvalo, har bir ongli oʻzbekistonlik oilasidagi tarbiya ishlari uchun burchli. Undan soʻng, qoʻshnilari, mahalla, koʻcha-koʻydagi tanish-notanish bolalar xulqi uchun jamoaviy burchga ega. Biz begona bolaning yaxshi ishini koʻrib, maqtasak, yomon qiligʻini koʻrib, tergab, tuzatmasak, boshqalarning ham bizning oʻgʻil-qizimiz, nevaramiz bilan ishi boʻlmaydi. «Menga nima» deb oʻtib ketaveradi. Demak, biz har bir oʻzbekistonlik bolaning xulqi uchun javobgarmiz. Bola yomon qiliqni qaerda qiladi? Dadasi, amakisi, akasi, oyisi, xolasi, ammasi yoʻq joyda. Siz oʻsha paytda ota, ona, amaki, aka, togʻa boʻling. Ogʻzidagi sigaretini tashlattiring. Ana shunda har bir kishi boshqa vatandoshining bolasiga amaki, togʻa, amma, akadek yaqin jonkuyarga aylanadi. Ana shundagina qaysidir vatandoshingiz sizning oʻgʻlingiz tortayotgan sigaretni, qoʻlidagi shpritsini tashlattiradi. Ana shunda «Tarbiya hammaning ishi» degan shior harakatga, ishga aylanadi. Jinoyat kamayadi, yoʻqolib ketadi. Chunki jinoyat, huquqbuzarlik, qonunbuzarlik, axloqsizlik koʻpayishi uchun ham sharoit kerak, odamlarning bir-biriga, kattalarning bolalarga, oʻsmirlarga ishi boʻlmasligi, «Menga nima» degan muhit kerak. «Biz hech kimdan kam boʻlmaymiz!» degan shior bilan qurollangan amaliy jamoaviylik «Menga nima» degan loqaydlikni quritadi. Oʻzlikka qaytish oson, yoqimli, roxatbaxsh ish emas. U millat ma’naviyatiga daxldorlikni, oʻzimizdagi loqaydlikni oʻzimiz fosh qilishimizni soʻrayotir. Faol fuqarolik pozitsiyasi - nurga, egotsentrizm, xudbinlik - soyaga oʻxshaydi. Afsuski, ba’zi hollarda faol fuqarolik pozitsiyamizni qaerda, qanday namoyon qilishda ikkilanamiz. Tortinamiz. Andisha qilamiz. Vaholanki, biz qurayotgan fukorolik jamiyati taomillari mustaqnllikni mustahkamlash, uni himoya qilishda faollikni har kuni, hamma joyda talab qiladi. Ma’naviyatga chetdan boʻladigan salbiy va oʻta salbiy ta’sirlar bor va boʻladi. Yaqin kelajakda bu xavf-xatarlar kamayadi, deb oʻylash, kamida soddadillik, rosmana aytganda, jinoyatkorona beparvolik boʻlar edi. Tashqi ma’naviy taxdidlarni toʻxtatish, ta’kidlash, izohlash oson emas. Shunday ekan, har qanday tashqi gʻoyaviy axloqiy ta’sirga nisbatan mafkuraviy immunitet, ya’ni, har bir oʻzbekistonlikda tashqi gʻoyaviy ta’sirni «ma’naviy elakdan oʻtkazish qobiliyati»ni shakllantirish ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarimizning birinchi vazifasi boʻlmogʻi zarur. Toki odamlarning oʻzi har bir axborotni, yangilik va bilimni aql tarozusida tortib, ma’naviyat elagidan oʻtkazib, yaxshini ajratib olsin, yomonni daf etib, yonidagilarni ham bundan ogoxlantirsin. Yana bir muhim jihat - ma’naviy zaminni ma’naviyatsizlik, axloqsizlik kabi begona oʻtlardan tozalash darkor. Loqaydlikning ijtimoiy ildizi nimadan iborat? LOQAYD, ya’ni qayd etmaslik, e’tibor bermaslik, daxldor his etmaslik, oʻzini chetga olish - bugungi kunda xalqimiz orasida eng keng tarqalgan ijtimoiy illat boʻlsa, ehtimol. Bilib qoʻyinglar, tashqi gʻoyaviy ta’sir ichki ma’naviy loqaydlik, zaiflik bor joyda ildiz otadi. Binobarin, ma’naviyatni pasaytiruvchi, ichdan emiruvchi illat va nuqsonlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish muhim tarbiyaviy vazifa boʻlib qolaveradi. Xalqimiz ichida «falonchi yoʻldan ozdi», «aynidi» «yoʻldan urishibdi», «xiyonat qildi», «ishonchdan chiqdi», degan iboralar yuradi. Bular bir odam haqida ilgaridan mavjud boʻlgan tushuncha, xulosaning oʻzgarganini odamlar bir-birlariga shunday bildiradilar. Bu biror kishi haqida xalq fikrining yo yaxshi, yo yomon tomonga oʻzgarganini, bundan keyin unga munosabatda, u bilan hamkorlik qilishda shuni hisobga olinglar, degan ma’noni bildiradi. Bunga sabab - odamning biror sinov vaziyatida oʻz obroʻsi, hurmatini saqlab, unga ilgaridan bildirib kelinayotgan ishonchni himoya qilgani yoki aksincha, oqlamaganini, ishonchdan qolganini bildiradi. Shu holatni mafkuraviy immunitetning oʻzbeklarimiz kundalik hayotidagi koʻrinishlaridan biri, desa boʻladi. Aslida mafkuraviy immunitetning ichki tuzilishi qanday? Mafkuraviy immunitet - odam oʻz hayotida amal qiladigan anglangan qoidalar yigʻindisi. Yoki ramziy qilib, uni shaxsning mafkuraviy «konstitutsiyasi» deb atasa ham boʻladi. Bu konstitutsiya ikki asosga tayanadi. Birinchisi: u yashayotgan milliy-ma’naviy muhitda qabul qilingan me’yorlar. Ikkinchisi: shu me’yorlarning odam dunyoqarashida oʻzlashtirilgan qismi. Demak, shaxs va jamiyat mafkurasi uygʻunligi jamiyatni, davlatni kuchli qiladi. Aks holda, odamlar mafkurasi hammani birlashtirib turuvchi umummilliy gʻoya, mafkura, dunyoqarashdan qanchalik uzoklashsa, bunday jamiyat shunchalik mafkuraviy parokandalikka yaqinlasha boradi. Bu muammoni milliy tarbiya, mafkuraviy profilaktikaga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot ishlari bartaraf qiladi. Mafkuraviy immunitetni shakllantirish jamiyat hayotining eng nozik jihatlaridan, yoshlarning milliy his-tuygʻulari, maqsad va intilishlari, ma’naviy-ma’rifiy va ruhiy-axloqiy darajasiga bevosita bogʻliq hodisa. Shunday ekan, yoshlarimiz yot mafkuralarning «mehribonligi», «xolisligi» va «betarafligi», «yoqimliligi», «doʻstonaligi» ortida nima yotganini anglay bilishlari lozim. Ya’ni, ularning zamirida muntazam taktikasini oʻzgartirib turuvchi jonsarak aqidaparastlik targʻiboti turganini tanishga, tushunishga oʻrgatib borish kerak. Shunday ekan, ayrim yoshlarimizning har xil yot gʻoyalarni xolis axborot manbai sifatida qabul qilayotganlarini ham nazardan qochirmaslik kerak. Yot mafkuralarni koʻr-koʻrona qabul qilishning qulay zamini - maishiy qulaylikka ortiqcha intilish, tashqi goʻzallikka haddan tashqari berilish, buyumparastlik, boqimandalik va milliy turmush tarzida odatiy hol boʻlib qolgan afzallik va ne’matlardan ongsiz ravishda foydalanish, ularni ma’naviy qadriyat sifatida toʻla anglay bilmaslikdir. Bu kabi dunyodagi mavjud murakkab mafkuraviy vaziyat yoshlarimizda mafkuraviy immunitetni tarbiyalashni faollashtirish kerakligini talab qiladi. Bu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlarimizda ishonchni, mustaqil, ijodiy fikrlashni shakllantirish, Vatanning taqdiriga mas’ullik hissini rivojlantirishdir. Va, albatta, bizga yot boʻlgan odatlar va qarashlarga nisbatan sobit e’tiqodni yaratishdir», - degan fikrlarida oʻz ifodasini topgan. Download 48.4 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling