Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida


Download 1.48 Mb.
Pdf ko'rish
bet4/65
Sana14.05.2023
Hajmi1.48 Mb.
#1460256
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65
Bog'liq
Ishqqa oid 40 qoida

A.Z. Zaxara 
«ShIRIN ShAKKOKLIK» 
Roman 
So'fiylar Qur'onning birinchi - «Al Fotiha» 
surasiga va uning birinchi «Bismi Allahi Ar-
Rahmoni Ar-Rahim» (Mehribon va rahmli 
Alloh nomi bilan boshlayman) oyatiga jo 
bo'lgan sir haqida gapiradilar. Va 
Bismillohning mohiyati «ba» harfidir. Va «ba» 
harfi ostida nuqta bordir. Butun koinot mana 
shu «ba» harfi ostidagi nuqtadadir. 
«Masnaviylar «B» harfidan boshlanadi. 
Romanning har bir bobi ham shunday 
boshlangan... 


SO'ZBOShI 
Diniy ziddiyatlar, siyosiy bahslar va hokimiyat 
uchun olib borilgan tinimsiz kurashlar tufayli 
o'n uchinchi asrda Anatoliyada ahvol juda 
suronli edi. G'arbda salibchilar Ierusalimga 
ketayotib, Konstantinopolni (Rimning sharqiy 
imperiyasi - Vizantiyaning poytaxti bo'lgan 
hozirgi Istanbulni) bosib olgan va talon-toroj 
qilgan edilar, bu esa Vizantiya imperiyasining 
inqirozga yuz tutishiga olib kelgan edi. 
Sharqdan esa harbiy daho Chingizxon 
boshchiligidagi qo'shin jadal olg'a siljib 
kelayotgan edi. Markazda esa, Vizantiya 
o'zining yo'qotgan kuch-qudratini qayta 
tiklashga urinayotgan chog'ida, turk qabilalari 
o'zaro jang qilishardi. Bu xristianlar xristianlar 
bilan, xristianlar musulmonlar bilan, 
musulmonlar musulmonlar bilan jang olib 
borayotgan bemisl xaos (boshboshdoqlik, 
tartibsizlik) davri edi. Qayoqqa qaramang
hammayoqdan nafrat va azobu uqubat, boz 


ustiga kelajak vahimasi ham ufurib turardi. 
Mana shu xaosning markazida taniqli islom 
ulamosi Jaloliddin Rumiy yashar edi. Uni 
Mavlono - «Ustoz» deb atar edilar, chunki 
Konyaning o'zida va undan tashqarida uning 
minglab shogirdlari bor edi va barcha 
musulmonlar uni o'zlarining yo'lchi yulduzlari 
deb hisoblar edilar. 
1244 yil Rumiy o'zining g'ayrioddiy xulqu 
atvori va noshar'iy nutqlari bilan ajralib 
turadigan, darbadar darvish - Shams bilan 
uchrashadi. Bu uchrashuv har ikkisining ham 
hayotini o'zgartirib yuboradi. Ayni paytda bu 
uchrashuv, so'fiylar ikki ummonning 
birlashuviga qiyos etgan, mustahkam va 
hayratlanarli do'stlikning boshlanishiga ham 
olib keladi. Bu g'alati inson bilan tanishgach, 
Rumiy o'z ta'limotining bosh yo'nalishidan 
chetlashib, ehtirosli sufiy shoirga, ishq 
targ'ibotchisiga va darvishlar ekstatik holga 
olib keluvchi raqs uslubining yaratuvchisiga 
aylanadi. Omma ongiga fanatizm 


(mutaassiblik) o'ta singdirilgan va shu bilan 
bog'liq ziddiyatlar va to'qnashuvlar davrida 
Rumiy barcha insonlarni bir-biridan (e'tiqodi 
bo'yicha) ajratmaydigan yalpi umumiy 
ma'naviyatni yoqlab chiqdi. O'sha vaqtda ham 
hozirgi kunlardagiday, e'tiqodi boshqa 
odamlarga qarshi tashqi jangni jihod deb 
hisoblaydigan ko'pchilikning qarashlariga 
qarshi o'laroq, Rumiy insonni o'z soxta 
«men»iga, o'z nafsiga qarshi ichki jang olib 
borishi va g'alabasiga olib keladigan jihodni 
himoya qildi. 
Bu g'oyalarni yoqlovchilar uncha ko'p emas 
edi, shuningdek hamma ham o'z qalbini ishq 
uchun ocha olmas edi. Shams bilan Rumiy 
oralaridagi ma'naviy bog'lanish turli g'iybatlar, 
egri qarashlar va hujumlar manbaiga aylandi. 
Ularni tushunishmas, ularga hasad qilishar, 
balchiqqa bular edilar va oxir-oqibat eng yaqin 
kishilari ularga xiyonat qilishdi. Birinchi 
uchrashuvlaridan keyin uch yil o'tgach, ular 
fojiali tarzda bir-birlari bilan ajrashdilar. 


Lekin bu tugallangan voqea emas. 
Aslida bu tarixning nihoyasi yo'q. Va hozir, 
sakkiz asrdan keyin ham, Shams va Rumiy 
ruhlari hamon tirik va oralarimizda ufurib 
turibdi. 
Qotil 
1252 yil, noyabr. Aleksandriya. 
Bechora murda yotipti. Ustida qalin suv 
qatlami. Lekin ko'rar ko'zlari charaqlab turipti, 
bamisoli, qayoqqa bormayin, osmonlardan 
turib meni dahshat bilan kuzatib yurgan ikki 
qora yulduz kabi. Men endi 
Aleksandriyadaman va yana sayohat qilsam 
meni arralayotgan bu xotiralardan, 
quloqlarimga eshitilib turgan bu ingrashdan, 
so'yilgan odamning so'nggi nafasi chiqishidan 
oldin aytgan, uning oxirgi kalimasi «kechir» 
degan vidolashuv hayqirig'idan qutulaman, deb 
umid qilaman. 
Birovni o'ldirsang, u odamdan nimadir o'zingga 


o'tadi - uning oxirgi nafasi, oxirgi qilgan 
harakati. Men buni qurbon bo'lgan odamning 
«tavqi la'nati» deyman. O'sha «narsa» senga 
yopishib oladi, teringning ostiga, yuragingga 
kiradi va ichingda yashaydi. Meni ko'chada 
ko'rayotgan odamlar bu haqida bilishmaydi va 
lekin men o'zim o'ldirgan barcha odamlardan 
nimalarnidir o'z ichimda saqlab yuraman. 
Ularni men xuddi ko'rinmas marjon kabi 
bo'ynimga osib yuraman, ularning mening 
vujudimga og'ir teginishlarini his etib turaman. 
Garchi yoqimsiz esada, men bu yuk bilan 
yashashga o'rganib qolganman va buni o'z 
ishimning bir qismi deb hisoblayman. Qobil 
Hobilni o'ldirganidan buyon har bitta qotilda 
uning o'ldirgan odami nafas oladi. Men uchun 
bu yangilik emas. Men bundan hatto xafa 
bo'lmayman. Xafa bo'lmay qolganman. Lekin 
nega men bu oxirgi qatldan keyin sira o'zimga 
kela olmayapman? 
Bu safar hammasi boshqacha bo'ldi, 
avvalboshdan hammasi noto'g'ri ketdi. 


Masalan, men bu ishni qanday olgan edim? 
Yoki, to'g'rirog'i, bu ish meni qanday topgan 
edi? 1248 yil erta bahorida men Konyadagi 
ishratxonaning egasi bo'lgan, jahldor 
erkakshoda ayolning xizmatida edim. 
Fohishalarni itoatda saqlash va o'zini to'g'ri 
tutishni istamaydigan tashrif buyuruvchilarni 
tiyib qo'yish mening xizmat vazifamga kirar 
edi. 
O'sha kunni xuddi kechagina bo'lganday 
eslayman. Menga Xudoni izlash istagida 
ishratxonadan qochib ketgan fohishani topib 
kelish buyurilgan edi. Bu kabi jononalar 
mening yuragimni ko'p marta vayron qilishgan
shuning uchun jahlim chiqib, uni tutib olib, 
yuzini bironta erkak hatto qaragisi 
kelmaydigan qilib, dabdalasini chiqarmoqchi 
bo'lib turgan edim. Bu ahmoq xotinni endi 
qo'lga kiritay deb turganimda birdan uyim 
ostonasida sirli xat paydo bo'ldi. Savodsiz 
bo'lganim uchun uni madrasada o'qiydigan 
talabaga olib borib, unga pul berib o'qitdim. 


Xat muallifi yashirin (anonim) edi, «Bir nechta 
chin e'tiqod egalari» degan imzo qo'yilgan edi. 
«Bizga sening qayerdan kelganing va avval 
nima bilan shug'ullanganing ishonchli 
manbadan ma'lum. Sen Qotillar jamoasining 
a'zosi bo'lgansan! (Qotillar yoki Assasianlar 
jamoasi (1096-1252) - salibchilarni o'ldirish 
uchun diniy va siyosiy arbob Hasan Ibn 
Sabboh tomonidan tuzilgan fanatik-
musulmonlar jamoasi). Bizga shuningdek, 
Hasan Ibn Sabbohning o'limidan keyin va 
jamoangiz rahbarlari turmaga qamalganidan 
keyin jamoaning mavqei o'zgargani ham 
ma'lum. Sen Konyaga jazodan qochib 
kelgansan, shundan buyon yashirinib 
yuribsan». Va xatdan ularga bir ish yuzasidan 
mening xizmatim shoshilinch kerak bo'lib 
qolganini bildim. Shuningdek, menga bu ish 
uchun katta haq to'lanishi va’da qilingan va 
agar men rozi bo'lsam, qorong'u tushganda 
shahardagi ma'lum qovoqxonaga borishim 
kerakligi aytilgan edi. U erga kirgach, men 


derazaga eng yaqin stol yoniga, eshikka orqa 
o'girib, faqat polni ko'rish mumkin bo'lgan 
holda boshimni egib o'tirishim kerak edi. 
Shundan keyin bir yoki bir necha odam mening 
yonimga kelib o'tiradi va men bilan uzil-kesil 
bitimga keladi. Men ulardan hamma kerakli 
ma'lumotni olaman. Ular yonimga 
kelayotganlarida ham, suhbat vaqtida ham, 
ketayotganlarida ham men boshimni 
ko'tarmasligim va ularning betlariga 
qaramasligim kerak edi. 
G'alati maktub edi u. Ammo men shu 
paytgacha buyurtmachilarning injiqliklariga 
o'rganib ketgan edim. 
Ko'p yillar mobaynida turli odamlar meni ishga 
yollagan va ko'pchiligi o'z ismlarining sir 
saqlanishini istar edilar. O'z tajribamdan bilar 
edimki, buyurtmachi o'z ismini qanchalik 
qattiq yashirsa, u qurbon etiluvchiga shuncha 
yaqin bo'lib chiqardi. Lekin mening bu bilan 
ishim bo'lmagan. Mening ishim o'ldirish. 
Alamut (Alamut - joyning nomi, ma'nosi: 


burgut uyasi. Qotillar jamoasining qal'asi)dan 
ketgach, men o'zim uchun shunday hayotni 
tanlagan edim. 

Download 1.48 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling