Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida


Download 1.48 Mb.
Pdf ko'rish
bet9/65
Sana14.05.2023
Hajmi1.48 Mb.
#1460256
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   65
Bog'liq
Ishqqa oid 40 qoida

Qadrli Aziz 3. Zaxara! 
Mening ismim Ella va men adabiyot 
agentligining topshirigi bilan Sizning «Shirin 
shakkoklik» romaningizni o'qiyapman. 
Hozircha uning faqatgina bir necha varagini 
o'qishga ulgurgan esam-da, u menga juda 
yoqqanini tan olaman. Bossning bu boradagi 
qarashi qanday bo'lishidan qat'i nazar, mening 
shaxsiy fikrim shu. Siz bilan bitim tuzish yo 
tuzmaslik masalasida u buni nazarga oladi, 
deya olmayman ham. 
Nazarimda, Siz hayotning ma'nosi ishqda 
ekaniga va boshqa hamma narsalar katta 
ahamiyatga ega emasligiga ishonasiz. Afsuski, 
men bu fikringizga uncha qo’shila olmayman. 


Lekin Sizga yozayotganimning sababi bu emas. 
Men Sizning «Shirin shakkoklik» romaningizni 
o'qishim ajablanarli tarzda o'z hayotimda sodir 
bo'lgan kutilmagan bir hodisa bilan bir vaqtga 
to'g'ri kelib qolgani uchun yozmoqdaman. 
Hozir men katta qizimni juda erta turmush 
qurish kerak emasligiga ishontirishga 
urinayotgan edim. Kuni kecha men uning 
yigitidan ular bu rejalaridan qaytishlarini 
iltimos qildim. Endi esa qizim mendan 
nafratlanayapti va men bilan gaplashmayapti 
ham. Menimcha, qizim Siz bilan hamfikr bo'lsa 
kerak, chunki ikkingizning ham sevgiga bo'lgan 
qarashlaringiz bir xil. 
Sizga o'z muammolarim yukini ortganim uchun 
uzr so'rayman. Men buni istamagan edim. 
Blogingizda hozirda Siz Gvatemalada 
ekaningiz aytilgan ekan. Dunyo bo'ylab 
sayohat qilish ajoyib bo'lsa kerak. Agar Siz 
mabodo Bostonga ham kelib qolsangiz, balki 
uchrashib, bir finjon qahva ichish chog'ida 
suhbatlasha olarmiz. 


Sizga barcha ezguliklarni tilagan holda 
Ella 
Ella o'zining shinam sokin oshxonasida o'tirgan 
holda, yaqin orada ham, olis kelajakda ham 
uchratishi mumkinligi sira kutilmagan, 
noma'lum bir insonga bu xatni qanday yozib 
yuborganini o'zi ham anglamay qoldi. 
Ustoz 
1242 yil, aprel, Bag'dod. 
Shame Tabriziyning kelgani Bag'dodda 
bilinmadi, ammo men uning darbadar 
darvishlarning nochorgina qo'nalg'asida 
birinchi marta paydo bo'lgan kunni sira 
esimdan chiqarmayman. O'sha kuni biz e'tiborli 
mehmonlarni kutayotgandik. Qozikalon o'z 
yaqinlari bilan biznikiga tashrif buyurgan edi; 
men uning tashrifi oddiy do'stlik izhoridan 
kattaroq bo'lsa kerak, degan fikrda edim. 
So'fizmga salbiy munosabatda ekani ma'lum, 


bu qozi bizni, shuningdek, o'ziga tegishli bu 
mintaqadagi barcha so'fiylarni o'z nazorati 
ostidan chetda emasligimizni menga 
eslatmoqchi bo'lib kelgan edi. 
U keng yuzli, qorni osilgan va kalta 
barmoqlariga qo'sha-qo'sha uzuklar taqib olgan 
edi. Qoziga ovqatdan parhez qilish joiz edi, 
lekin hech kim, hatto o'z tabiblari ham bu 
haqida unga og'iz ocha olmagan bo'lsalar 
kerak, deb o'ylayman. Bizning tomonlarda 
obro'si katta edi. Undagi izzattalablik va 
hukmdorlik maylining kuchliligi elga doston 
bo'lgan edi. Taniqli imomlar oilasiga mansub 
bu kishi uchun bir qalam tortish bilan istagan 
kishisini dor ostiga ravona qilish yoki xuddi 
shu zaylda jinoyatchini kechirib, zindondan 
chiqarib yuborish cho't emas edi. U hamisha 
kimxobdan va boshqa qimmatbaho matolardan 
tikilgan kiyimlar kiyib yurar va o'z 
hukmdorligiga ishonchi katta edi. Menga uning 
o'ziga bino qo'yganligi yoqmas edi, lekin 
jamoamiz tinchini ko'zlab bu hokimiyat vakili 


bilan yaxshi munosabatda bo'lishga urinar 
edim. 
- Biz dunyodagi eng badavlat shaharda 
istiqomat qilmoqdamiz, - der edi qozi og'ziga 
anjir solarkan 
- Bugun Bag'dod mo'g'ullardan qochgan 
qochoqlar bilan to'lib ketdi. Biz ularga 
boshpana berayapmiz. Bugun Bag'dod 
dunyoning markaziga aylandi, shundaymi, 
Bobo Zamin? 
- Bu shahar haqiqiy xazina, - ehtiyotkorlik 
bilan dedim men. - Lekin shaharlar ham 
bandalarga o'xshashini esimizdan 
chiqarmasligimiz kerak. Ular ham tug'ilishadi, 
bolalik va yoshlik davrlarini boshdan 
kechirishadi, keyin keksayishadi va oxiri qazo 
qilishadi. 
Hozir Bag'dodning ayni yoshlik chog'i. Garchi 
biz hozir xalifa Xorun ar-Rashid davridagidek 
boy bo'lmasak-da, shahrimiz savdo-sotiq, san'at 
va she'riyat markazi ekanidan faxrlansak 
arziydi. Biroq ming yildan keyin Bag'dod 


qanday bo'lishini hech kim bilmaydi. Hammasi 
o'zgarib ketishi mumkin. 
- Bu tushkunlik qayoqdan keldi? - Qozi bosh 
chayqadi va boshqa idishdagi xurmoga qo'l 
cho'zdi. - Abbosiylar hukmdorligi abadiy 
qoladi va biz hamisha gullab-yashnaymiz. 
Agar xoin va buzg'unchilar o'rnatilgan 
tartibotni buzishga harakat qilishmasa, albatta. 
O'zlarini musulmon deb ataydigan, ammo 
kofirlardan ham badtar xavfli kimsalar bor. 
Zero, dinimizni noto'g'ri talqin etishdan ko'ra 
xavfliroq hech nima yo'q. 
Men unga javob bermaslikni lozim topdim. 
Qozi islomni so'fiyona va qisman 
individualistik talqin etganlarni buzg'unchilar 
deb hisoblashi ma'lum edi. U bizni din 
Qonunlari (Aqidalar)ga va marosimlarga 
bepisandlikda va shuning tufayli, o'zi kabi 
hokimiyatning boshqa vakillarini ham hurmat 
qilmaslikda ayblar edi. Goho menga u barcha 
so'fiylarni Bag'doddan haydab chiqarishga 
tayyor turganday tuyulardi. 


- Sizning birodarlaringiz bezarardirlar va lekin 
barcha so'fiylar Qonunga qat'iy bo'ysunadilar 
deb bo'ladimi? - so'radi qozi soqolini silarkan. 
Unga qanday javob berish mumkin? Xudoga 
shukurki, ayni shu payt eshik taqillab qoldi. 
Mallasoch xizmatchi yonimga kelib qulog'imga 
bir darbadar darvish mehmon bo'lib kelganini, 
u men bilan, albatta, bog'lanishi kerakligini va 
boshqa hech kim bilan gaplashmoqchi 
emasligini ta'kidlayotganini aytdi. 
Bunday hollarda men odatda mehmon kutib 
turishini va toki kelgan odamlarni 
kuzatmagunimcha uni xoli bir xonaga olib 
kirishlarini va ovqatlantirishlarini so'ragan 
bo'lar edim. Lekin hozir qozi meni noqulay 
ahvolga solib qo'ygani uchun, bu darbadar 
darvishni yonimizga taklif etsam yomon 
bo'lmasa kerak: balki u turli mamlakatlarda 
ko'rgan-kechirganlarini hikoya qilib, 
vaziyatdagi taranglikni yumshatar, deb o'ylab 
qoldim. Shu o'y bilan mehmonni yonimizga 
taklif etishlarini so'radim. 


Bir necha daqiqadan so'ng eshik yana ochilib, 
boshdan-oyoq qora kiyim kiygan odam kirib 
keldi. Ozg'in, holdan toygan, yoshi 
nechadaligini bilib bo'lmaydigan bu odam 
darhol diqqatimni o'ziga tortdi. Qirra burunli, 
ichkariroq botgan qora ko'zli va qora qoshli, 
peshonasiga qalin jingalak sochlari tushib 
turardi. Qaytarma yoqasiga qalpoq qo'shib 
tikilgan uzun plash va qo'y terisidan tikilgan 
etik kiygan edi. Bo'ynida bir necha tumor osilib 
turardi. Qo'lida yog'och kosasini - darbadar 
darvishlarning xayr-ehson solinadigan idishini 
ushlab turardi - bu izzatparastlik va kibrning 
yengib o'tilganligi majozi edi. Menga uning 
qozi va uning hamrohlariga uncha e'tibor 
bermagani darhol ravshan bo'ldi. Uning o'zini 
daydi yoki gadoy sifatida qabul qilishlari 
mumkinligining ham unga farqi yo'qday edi. 
Men kirish va o'zini tanitish uchun ruxsat 
berishlarini kutib, eshik oldida turganini 
ko'rganimdayoq uning boshqa darvishlarga 
o'xshamasligini darrov ilg'adim. Bu uning 


ko'zlarida, xatti-harakatlarida, butun qiyofasida 
ko'rinib turardi. U kichkina va zaif bir zarra 
bo'lib ko'ringani bilan, bamisoli qudratli eman 
daraxti urug'ini o'z ichiga olgan mevasi kabi 
edi. 
- Xush kelibsan, darvish, - dedim men va 
qo'lim bilan ro'paramdagi ko'rpachadan joy 
ko'rsatdim. 
Darvish hamma bilan salomlashib, atrofdagi 
barcha odamlarga e'tibor bilan va hech narsani 
nazaridan chetda qoldirmagan holda o'tirdi. 
Keyin uning nigohi qozida to'xtadi. Nazarimda, 
ular bir daqiqadan kam bo'lmagan vaqt 
mobaynida biron bir so'z aytmagan holda, bir-
birlaridan ko'z uzmay qolishdi. Ular ijtimoiy 
pillapoyaning butkul qarama-qarshi 
tomonlarida turgan bu kishilar - bir-birlari 
haqlarida nimalarni o'ylayotganlari men uchun 
juda qiziq edi. 
Men darvishni iliq echki sutidan ichishga, 
shirin anjir va xurmodan tanovul qilishga taklif 
etdim, lekin u bularni odob bilan rad etdi. 


Ismini so'raganimda ismi Shams Tabriziy 
ekanini va u Xudo izlab kezgan darbadar 
darvish ekanini aytdi. 
- Xo'sh, topdingmi Uni? - so'radim men. 
Darvishning yuziga soya tushganday bo'ldi; u 
boshirg'itdi. 
- Albatta, U hamisha va hamma yoqda men 
bilan birga. 
Qozi odob saqlashni xayoliga ham 
keltirmasdan, hingillab kuldi: 
- Nima uchun siz darvishlar o'z hayotingizni bu 
qadar murakkablashtirib yuborasiz, shuni hech 
qachon tushunmaganman. Hamon Xudo 
xamisha va hamma yoqda sen bilan birga ekan
nima uchun dunyo kezib Uni izlab yurasan? 
Shams bir zum boshini quyi soldi va bir necha 
daqiqa javob qilmadi. Keyin boshini ko'tardi. 
Uning chehrasi sokin, ovozi bir tekis edi: 
- Chunki Uni faqat izlaganlar topa oladilar. 
- Bu so'z o'yini, - masxaraomuz kuldi qozi. - 
Sen bizni bir umr bir yerda yashab 
kelayotganimiz uchun Xudoni topa 


olmaysizlar, demoqchimisan? Bo'lmagan gap. 
Hamma senga o'xshab juldur kiyimlar kiyib, 
darbadar yurishi shart ekanda. 
Kulgu ovozlari keldi: odamlar shu zayl 
o'zlarining qozi bilan hamfikr ekanliklarini 
bildirardilar. Bu baxtsiz, zaif, xukmronlik 
lavozimidagi odamlarga yoqishni istaydigan 
kishilar kulgusi edi. Men allanechuk bo'lib 
ketdim. Qozi bilan darvishni birga uchrashtirib, 
xato qilib qo'yganim ravshan edi. 
Shams qoziga deydi: 
- Nazarimda, siz meni to'g'ri tushunmadingiz. 
Men inson tug'ilgan shahrida Xudoni topa 
olmaydi, deganim yo'q. Xudoni qayerda 
bo'lmang, o'sha yerda topish mumkin, - davom 
etdi darvish. - Biron marta ham o'z uyidan 
ketmagan, shunga qaramay, Xudoni topgan 
insonlar ham bor. 
- To'g'ri! - quvonch bilan xitob qildi qozi, lekin 
uning xursandligi uzoqqa bormadi. 
Darvish gapida davom etdi: 
- Men hozir siz kiyib yurganingizdek, kimxob 


va ipak matolardan tikilgan liboslar kiyish va 
qimmatbaho taqinchoqlar taqish bilan kishi 
Xudoni topa olmasligini nazarda tutgan edim, 
qozikalon. 
Xonaga og'ir sukunat cho'kdi. Hammaning 
nafasi ichida edi. 
- Seni darvish desam, tiling haddan ziyod 
o'tkir-ku,- dedi nihoyat qozi. 
- Agar burch taqozo etsa, butun dunyo 
hiqildog'imdan olib, jim bo'lishga majbur 
etmoqchi bo'lsa ham, aytishim kerak bo'lgan 
narsani aytaman. 
Qozi qovog'ini uydi, keyin xuddi murosaga 
kelgan kabi yelkalarini qisdi. 
- Boringki, - shunday bo'la qolsin, - dedi u. - 
Mayli, bizga sen kabilar ham kerak. Sen 
kelishingdan salgina oldin biz aynan 
shahrimizning naqadar go'zalligi haqida 
gaplashayotgandik. Sen ko'p joylarni kurgan 
bo'lsang kerak. Ayt-chi, dunyoda Bag'doddan 
go'zalroq shahar bormi? 
O'tirganlarga bir-bir qarab chiqarkan, Shams 


ovozini balandlatmay dedi: 
- So'zsiz, Bag'dod - buyuk shahar, lekin 
dunyoviy go'zallikning umri qisqa bo'ladi. 
Shaharlar unda yashovchi insonlarning qalblari 
tufayli ravnaq topadi. Agar bu qalblarda Haqqa 
ishonch yo'qolgan bo'lsa, shaharlar ham 
tanazzulga uchraydi. Hamisha shunday bo'ladi. 
Men o'zimni tuta olmay bosh irg'idim. Shams 
Tabriziy menga o'girildi va men uning 
ko'zlarida do'stona hamfikrlikni ko'rdim. U 
menga qarab turarkan, nazarimda, quyoshning 
iliq nurlari tekkanday bo'ldi. Shunda men 
uning ismi jismiga monand ekanini angladim. 
Bu insondan hayotiy quvvat taralib turardi. U 
chindan ham Shams - «quyosh» edi. 
Lekin qozi bunday fikrda emas edi: 
- Siz, so'fiylar, hamma narsani haddan ziyod 
murakkablashtirasiz. Xuddi shoirlar va 
faylasuflar kabi. Shuncha gapning nima keragi 
bor? Odamlarning ehtiyojlari juda oddiy. 
Yo'lboshchilar ularning shu oddiy ehtiyojlari 
qondirilishini va hech kim to'g'ri yo'ldan 


og'masligini nazorat qilib tursalar bo'ldi. 
Buning uchun esa ular qonunlar (shariat)ga 
og'ishmay amal qilishlari yetarli. 
- Qonun, misoli sham, - javob qildi Shame 
Tabriziy, - u yoritadi. Lekin biz qorong'uda 
sham yorug'ida faqat bir yerdan boshqa yerga 
o'tishimiz mumkinligini ham unutmasligimiz 
kerak. Agar biz bor e'tiborimizni faqat shamga 
qaratib, aslida qayoqqa ketayotganimizni 
(yo'lni) unutsak, yaxshi bo'ladimi? 
Qozining basharasi burishib ketdi. Qiyofasi 
tund edi. Men qo'rqib ketdim. Ishi odamlarni 
so'roq qilish va jazolash bo'lgan qozi bilan 
Aqoid borasida bunday gap talashish daryo 
oqimining xavfli joyiga borib qolishiday gap 
edi. Shams buni bilarmikin? 
Darvishni bu yerdan olib chiqib ketish uchun 
bahona izlar ekanman, uning ovozini eshitdim: 
- Hamma uchun umumiy bo'lgan bir qonun 
bor. 
- Bu qanday qonun? - gumonsirab so'radi qozi. 
Shams gavdasini tik qildi, nigohini ko'rinmas 


bir kitobga qaratganday edi va dedi: 
- Har bir inson Muqaddas Qur'onni o'z 
layoqatida va mohiyatga kira olishi darajasida 
tushuna oladi. Bunda to'rt daraja bor. 
Birinchisi, tashqi daraja va ko'pchilik shu 
daraja bilan qanoatlanadi. Ikkinchisi, ichki 
daraja. Uchinchisi, ichkining ichkisi. 
To'rtinchisi esa shuday chuqurki, uni so'zlar 
vositasi ila ifodalab bo'lmaydi, shuning uchun 
uni tafsirlab ham bo'lmaydi, 
tafsirlanmaganicha qoladi. Butun e'tiborni 
shariatga qaratgan ulamolar, - ko'zlari yaltirab 
davom etdi Shams, - tashqi ma'nolarni 
bilishadi. So'fiylar ichki ma'nolarini biladilar. 
Avliyolar ichkining ichkisini biladilar. 
To'rtinchisini esa, faqat Xudoga yaqin turuvchi 
payg'ambarlar biladilar. 
- Sen oddiy so'fiy Qur'onni ilohiyotchi olimdan 
chuqurroq tushundi, demoqchimisan? - so'radi 
qozi barmoqlari bilan piyolani chertar ekan. 
Darvishning lablari bilinar-bilinmas kinoyali 
jilmayishga burildi va javob qilmadi. 


- Ehtiyot bo'l, birodar, - dedi qozi, - Sen aytgan 
gap bilan yashirin shirk orasida masofa juda 
yaqin. 
Uning so'zlarida tahsid bor edi, darvish buni 
ilg'amaganga soldi. 
- Ochiq shirk nima o'zi? - savol berdi u. Javob 
bo'lmagach, og'ir xo'rsindi. - Ruxsatingiz bilan 
bir rivoyatni aytib beray. 
Bir kuni Muso payg'ambar yolg'iz o'zi tog'u 
toshlarda ketayotib bir cho'ponga duch kelipti. 
Cho'pon qo'llarini osmonga ko'tarib, Xudoga 
nola qilardi: «Ey Xudojon Sen qayerdasan, kel, 
sochlaringni bitdan tozalay, quloqlaringni 
tozalab qo'yay, senga choriq tikib beray va 
nainki o'z jonim, balki qo'ylarim, farzandlarim 
ham senga qurbon bo'lsin. Qaerdasan, borib, 
dastyoring bo'lsam, sut, qaymoqlarim bilan 
qorningni to'ydirsam, boshing og'risa, silab-
siypasam, yuz-ko'zingdan o'psam. 
Oyoqlaringni uqalasam...» 
Bularni eshitgan Muso cho'ponni koyib ketipti: 
«Ey, gumroh, to'xta! Sen nimalar deyapsan 


o'zi? Axir Xudo choriq ham, to'n ham 
kiymaydi, yemaydi ham, ichmaydi ham, Uni 
nega o'zingga o'xshatasan. U Quyosh misoli, 
sen esa misoli bir chivinsan...» Cho'pon bu 
gaplarni eshitib xijolatdan uyalib, qattiq xafa 
bo'lgancha jim qolipti. Keyin Muso unga bir 
nechta duoni o'rgatib, qaytib ketipti. 
O'sha kuni kechasi Muso ovoz eshitipti. Bu 
Parvardigori olamning ovozi edi. 
«Ey Muso, sen nima qilib qo'yding? Sen 
cho'ponni men uchun naqadar qadrli ekanini 
bilmasdan uni koyiding. U balki qoidaga 
muvofiq duo qila olmagandir ham, lekin u 
otashin so'zlayotgan edi. Uning qalbi, niyatlari 
toza edi. Balki uning so'zlari sening 
quloqlaringga shakkoklik bo'lib eshitilgandir, 
lekin Men uchun ular shirin shakkoklik edi». 
Muso (a.s.) o'zi xato qilib qo'yganini darhol 
tushundi. Ertasi erta bilan turib, toqqa, cho'pon 
bilan uchrashgan yeriga bordi. Uni topdi. Bu 
safar cho'pon u aytganday duo o'qirdi. U 
ehtirossizgina qilib, tushunarsiz jumlalarni 


valdirardi. Qilgan ishidan 
afsuslangan Muso (a.s.) cho'ponni elkasidan 
qoqibdi va debdi: «Do'stim, men senga 
nohaqlik qilibman. Iltimos, meni kechir. Sen 
o'zing bilganingday duo qil. Xudo uchun 
asosiysi shu». 
Buni eshitib, cho'pon yengil tortipti. Ammo u 
avvalgi o'z duosiga qaytmapti. Lekin Muso 
o'rgatgan duo ham unga ma'qul ko'rinmapti. U 
Xudo bilan gaplashmoqning boshqa usulini 
topibdi. Chunki Xudoga beg'ubor ishqi 
yoqqanidan endi o'zining avvalgi shirin 
shakkokligi darajasidan yuqoriroq pog'onaga 
ko'tarilgan edi. 
- Bundan ko'rinadiki, odamlar Xudo bilan 
qanday gaplashishlariga qarab xukm chiqarish 
kerak emas ekan, - rivoyatdan xulosa chiqardi 
Shams. - Har bir insonning o'z yo'li va o'z 
duosi bor. Xudo biz haqimizda aytgan 
so'zlarimizga qarab xukm chiqarmaydi. U 
bizning qalbimizga teran nazar soladi. Qonun-
qoidalar (aqidalar) asosiy emas, asosiysi, 


bizning qanchalar sofligimiz. 
Qoziga zimdan nazar solar ekanman, uning 
sokin va o'ziga ishonch bilan o'tirishi niqob 
ekanini, bu niqob ostiga g'azab yashiringanini 
tushundim. Ayni chog'da, aqlli odam sifatida u 
o'zining noqulay vaziyatga tushib qolganini 
tushunar edi. Qoidaga ko'ra darvishni qo'polligi 
uchun jazolash kerak edi, lekin u holda bu 
oddiy darvishning qozikalonga qarshi 
gapirishga jur'at qilgani hammaga ma'lum 
bo'lib qolar edi. Shuning uchun o'zini go'yo bu 
rivoyatga aloqasi yo'qday, beparvo tutishi 
afzalroq edi. 
Quyosh bota boshlagan edi. Qozi, uni muhim 
ishlar kutib turganini aytib, o'rnidan turdi. 
Menga bosh irg'itib va Shams Tabriziyga 
sovuq qarash qilib, xonadan chiqdi. Uning 
mulozimlari ketidan ergashdilar. 
- Qozi seni yomon ko'rib qoldi, deb qo'rqaman, 
- dedim men darvish bilan yolg'iz 
qolganimizda. 
Shams sochlarini yuzidan olib tashladi va 


jilmayib qo'ydi: 
- O, hechqisi yo'q. Men odamlarga kamdan-
kam yoqaman. Bunga o'rganib qolganman. 
Meni qo'rquv bosdi. Bunday mehmonlar bizda 
uncha ko'p uchramasligini anglab turardim. 
- Seni Bag'dodga nima yetaklab keldi, darvish? 
Men uning javobini juda bilgim kelardi, lekin, 
shunisi qiziqki, uni eshitishdan qo'rqar edim 
ham. 
Ella 

Download 1.48 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   65




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling