Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida


Download 1.48 Mb.
Pdf ko'rish
bet11/65
Sana14.05.2023
Hajmi1.48 Mb.
#1460256
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   65
Bog'liq
Ishqqa oid 40 qoida

Xizmatchi 
1242 yil, aprel, Bag'dod. 
Men qozikalonni quyuq ta'zim va tavoze bilan 
eshikka qadar kuzatib qo'ydim va idish-


tovoqlarni yig'ishtirib olish uchun darhol 
orqaga qaytdim. 
Ajabki, Bobo Zamon (Ustoz) va darbadar 
darvish, avval qanday o'tirgan bo'lsalar 
shunday, biron so'z ham aytmasdan o'tirardilar. 
So'zsiz suhbat - bu qanaqasi, tushunmay ko'z 
qirimni tashlar edim men. Qiziqishning 
zo'ridan yostiqlarni tuzatayotib, chiqindilarni 
yig'ishtirayotib, gilamdagi ushoqlarni terib 
olayotib vaqtni ataylab cho'zardim, lekin oxiri 
chiqib ketishimga to'g'ri keldi. 
Istar-istamas oshxonaga kirganimda, men 
kurgan zahoti oshpaz menga buyruqlar berib 
tashladi. 
- Peshtaxtani art, yerni supur! Idishlarni yuvish 
esingdan chiqmasin! O'choq va devorlarni artib 
kuy! Keyin sichqonning qopqonini tekshir! 
Men so'fiylar xonaqohiga kelganimga yarim 
yilcha bo'ldi, oshpaz esa meni hamon 
turtkilaydi. Kun bo'yi itday charchayman, u esa 
o'zi berayotgan bu azoblarni ruhiy tayyorgarlik 
deb ataydi, go'yoki chirk bosgan idishlarni 


yuvish ruhiy ish emish. 
Gapga uncha chechan bo'lmagan bu odam 
faqat bir hikmatni - «Ozodalik - duo bilan 
barobar, duogo'ylik - bu tozalik demak» degan 
gapni tinmay takrorlayverardi. 
- Agar shunday bo'lsa, u holda Bag'doddagi 
barcha ayollar allaqachon avliyo bo'lib ketgan 
ekanlar, - deb yubordim unga javoban bir kun 
jasorat qilib. 
O'shanda u mening boshimga yog'och qoshiqni 
otib yuborgan va bor ovozi bilan baqirgan edi: 
- Bunday gaplar yaxshilikka olib bormaydi, 
bola! Darvish bo'lishni istasang, mana shu 
yog'och qoshiqday so'zsiz bo'l. Mahmadonalik 
- solikka xos fazilat emas. Kam gapirib, ko'p 
o'yla! 
Men oshpazni yomon ko'rardim, lekin ko'proq 
qo'rqardim undan. Hech qachon buyruqlarini 
bajarmay qoldirmagan edim. Shu bugungi 
kechga qadar. 
Oshpaz sal chalg'igan zahoti, qiziqishdan 
toqatim toq bo'lgancha, oyoq uchida yurib 


oshxonadan chiqdim, darbadar darvish haqida 
biron bir narsa bilishga qaror qilib, asosiy 
mehmonxona eshigi oldiga keldim. Kim o'zi 
bu? Bu yerga nima uchun keldi? U boshqa 
darvishlarga o'xshamas edi. Uning nigohlari 
hatto tavoze bilan bosh eggan vaqtlarida ham 
o'tkir va mustaqil edi. 
Eshik tirqishidan qaradim. Avvaliga hech nima 
ko'rinmadi. Birozdan keyin ko'zlarim 
mehmonxona nimqorong'usiga ko'nikkach, 
ustoz bilan darvishning yuzlarini farqlay 
boshladim. 
- Shams Tabriziy, senday insonni Bag'dodga 
nima olib keldi? - so'radi ustoz. - Bizning 
shahrimizni tushingda ko'rib keldingmi? 
Darvish bosh chayqadi: 
- Yo'q, tushimda ko'rib kelmadim. Menda 
namoyonlik sodir bo'ldi. Men hech qachon tush 
ko'rmayman. 
- Hamma tush ko'radi, - dedi muloyimlik bilan 
Bobo Zamon. - Sen balki ularni eslab 
qolmassan. Lekin bu tush ko'rish yo'q, degani 


emas. 
- Tush ko'rmayman, - o'z gapida qattiq turdi 
darvish. - Men Xudo bilan shunga 
kelishganman. Bolaligimda men farishtalarni 
ko'rardim va ko'zlarimga koinot sirlari ochilar 
edi. Men ko'rganlarimni ota-onamga aytardim, 
lekin bu ularga yoqmas edi, ular menga boshqa 
ertak to'qimaslikni buyurishdi. Do'stlarimga 
aytib berardim, lekin ular meni xayolparastga 
chiqarishdi. Keyin ko'rganlarim haqida 
o'qituvchilarimga aytdim, ular ham shunday 
javoblar qilishdi. Nihoyat, odamlar barcha 
g'ayrioddiy narsalarni tush yoki xayol, deb 
hisoblashlarini tushundim. 
Keyin darvish xuddi qandaydir shovqinni 
eshitganday, to'satdan jim bo'lib qoldi. Shunda 
g'alati ish bo'ldi. U o'rnidan turib, qaddini 
rostladi va men tomonga qaraganicha, sekin-
asta eshikka yaqinlashdi. Go'yo mening 
yashirincha kuzatayotganim unga ma'lumday 
edi. 
Nahotki, u eshik ortidagini ko'rar ekan? 


Yuragim juda qattiq dukillardi. Oshxonaga 
qochib ketishni istardim, lekin bunday qila 
olmasdim. Qo'llarim, oyoqlarim, butun tanam 
qotib qolganday edi. Eshik ortidan Shamsning 
tim qora ko'zlari menga qarab turardi. Meni 
dahshat bosdi, lekin ayni paytda butun tanam 
bemisl kuchga to'ldi. 
Darvish yaqin keldi, kaftini eshik dastasiga 
qo'ydi, lekin hozir eshik ochiladi va u meni 
ushlab oladi, deb turganimda, nimadir uni 
to'xtatdi. Menga uning yuz ifodalari ko'rinmas 
edi va men uni nima uchun maqsadini amalga 
oshirmaganini tushunmadim. Biz ik- kimiz 
eshikning ikki tomonida, menga chidab 
bo'lmas darajada uzun ko'ringan ikki daqiqa 
mobaynida, shu tariqa turib qoldik. Keyin 
darvish menga orqasini o'girdi, eshikdan nari 
ketdi va o'z hikoyasini davom ettirdi: 
- Biroz kattaroq bo'lganimdan keyin men har 
sa-far Uni ko'rganimda bu tush emasligini 
bilishim uchun, mendan tush ko'rish 
qobiliyatini olib tashlashini Xudodan iltijo qilib 


so'radim. U rozi bo'ldi, shuning uchun men 
buni aniq bilaman, tush ko'rmayman, menga 
voqelik o'zi namoyon bo'ladi. 
Shams Tabriziy xonaning narigi tomonidagi 
deraza oldida to'xtadi, tashqarida yomg'ir 
shivalab turardi, u gapida davom etishdan oldin 
yomg'irga uzoq qarab turdi: 
- Xudo mendan tush ko'rish qobiliyatini oldi. 
Biroq buning o'rniga U menga boshqalar 
ko'rgan tushlarini tushunish imkonini berdi. 
Men odamlarga ular ko'rgan tushlari ma'nosini 
tushuntiraman. 
Men Bobo Zamon, odatda hamisha menga 
qilganiday, uning bunday puch gapiga 
ishonmasligi va darvishning ustidan kulishiga 
amin edim. 
Ammo u buning o'rniga hurmat bilan bosh 
irg'adi: 
- Sen boshqalarga o'xshamaydigan ko'rinasan. 
Qani endi ayt-chi, men sen uchun nima qilib 
berishim mumkin. 
- Bilmadim. Aslida, siz menga o'zingiz buni 


ayta- siz, deb umid qilgan edim. 
- Qanday qilib? - hayron bo'lib so'radi Ustoz. 
- Men qirq yil darbadar darvish bo'lib yurdim. 
Tabiat qonunlarini tushunishni o'rgandim, 
jamiyat qonunlari esa hamon menga qorong'u. 
Agar kerak bo'lib qolsa, men yirtqich hayvon 
bilan jang qila olaman, biroq insonga zarar 
yetkaza olmayman. Men osmondagi barcha 
yulduz turkumini, o'rmondagi har qanday 
daraxtni nomma-nom aytib bera olaman va 
tangri Taoloning O'zidan nusxa olib yaratgan 
har bir insonni ochiq kitob kabi o'qiy olaman. 
Ustoz moychiroqni yoqqunicha Shams yana 
biroz jim qoldi. Keyin davom etdi: 
- Qoidalardan birida: «Sen Xudoni hamma 
narsalarni va hamma odamlarni bilish orqali 
bila olasan, chunki xudo nafaqat masjiddadir, u 
sinagogda ham yoki boshqa ibodatgohlarda 
hamdir. Ammo shunda ham uning 
qayerdaligini bilishni istasang, Uni O'z 
sodiqlari qalbidan izla» deyilgan. Uni ko'rib, 
tirik qolgan kimsa yo'q, shuningdek uni ko'rib, 


o'luvchi ham yo'q. Uni topgan hamisha Uning 
bilan birga qoladi. 
G'ira-shira yoritilgan xonada Shams Tabriziy 
o'zi bo'lganidan baland ko'rinardi va sochlari 
yelkalariga tushib tutardi. 
- Men ko'p yillar o'z duolarimda Xudoga iltijo 
etib, o'z ilmimni bo'lishmog'im uchun 
suhbatdosh so'radim. Nihoyat 
Samarqanddaligimda menga namoyonlik 
berildi. Menga Bag'dodga borishim va u yerda 
maqsadim amalga oshishi mumkinligi aytildi. 
Menimcha, siz menga suhbatdosh bo'ladigan 
kishi ismini bilasiz, uning qayerda istiqomat 
qilishini bilasiz va menga aytasiz, hozir emas, 
keyinroq bo'lsa ham aytasiz. 
Sekin-asta Yerga kech tushgan, lekin oy nuri 
xonani yoritganidan keyingina men vaqt 
allamahal bo'lib qolganini payqagan edim. 
Oshpaz meni rosa izlagan bo'lsa kerak. Lekin 
menga baribir edi. Qoidani buzayotganim 
menga birinchi marta yaxshi ko'rinar edi. 
- Mendan qanday javob kutayotganingni 


tasavvur ham eta olmayapman, - g'o'ng'illab 
qo'ydi ustoz. - Lekin hamon menga buni senga 
ochish buyurilgan bo'lsa vaqti-soati kelganda 
bu menga ma'lum bo'lishiga ishonaman. Unga 
qadar biz bilan qol. Mehmonimiz bo'l. 
Buni eshitgach, darbadar darvish tavoze bilan 
ta'zim qildi va minnatdorlik bilan Bobo 
Zaminning qo'lini o'pdi. Shundan keyin ustoz 
darvishga g'alati savol berdi: 
- Sen o'zingdagi barcha ilmni boshqa insonga 
berishga tayyorman, deding. Sen Haqiqatni 
xuddi qimmatbaho dur kabi o'z kaftingda 
ushlab turibsan va uni kimgadir taqdim etishni 
istaysan. Lekin o'z qalbini ruhiyat nuri uchun 
ochish oddiy inson uchun juda murak- kab 
masala. Sen bunda Xudoga tegishli huquqqa 
da'vo qilmoqdasan. Buning uchun sen qanday 
badal to'lay olasan? 
Men darvishning bergan javobini bir umr 
esimdan chiqarmayman. 
- Badaliga boshimni bermoqchiman. 
Butun tanamda chumoli o'rmalayotganday 


bo'ldi, titrab ketdim. Tirqishdan yana qarab, 
ustoz ham mendan kam larzaga tushmaganini 
ko'rdim. 
- Balki, gaplashganimiz buguncha yetarlidir, - 
tin oldi Bobo Zamin. - Sen charchagansan. 
Ruxsating bilan xizmatchimizni chaqiray. U 
yotar joyingni ko'rsatsin, toza ko'rpa-to'shak va 
bir piyola sut bersin. 
Shams Tabriziy yana eshikka o'girildi, u meni 
ko'rib turganiga hech shubham qolmadi. Boz 
ustiga, u nafaqat tashimni, balki butun 
qalbimni ham ko'rib turganday, undagi o'zim 
hali bilmaydigan sirlarni ham biladiganday edi. 
Hoynahoy, u Bobildagi Xorut va Morutdan 
Qur'on rad etgan jodularni ham bilib olgan 
chiqar. Yo bo'lmasa, u eshik va devor 
tashqarisini ko'rishga qobil bo'lgan g'ayrioddiy 
insoniy qobiliyatga ega bo'lsa kerak. Harqalay 
u meni qo'rqitib yubordi. 
- Xizmatchingizni chaqirishga hojat yo'q, - 
dedi darvish ovozini biroz balandlatib. - Men 
uning yaqin yerdaligini va bizni eshitib 


turganini his etayapman. 
Men shunday qattiq oh tortib yubordimki, 
nazarimda, bu hatto qabristondagi o'liklarni 
ham uyg'otib yubordi. Sarosimalikdan sakrab, 
qorong'u joyga berkinmoqchi bo'lib, bog' 
tomonga otildim. Biroq u yerda meni 
kutilmagan noxushlik poylab turgan edi. 
- Shu yoqda ekansanda, yaramas! - oshpazning 
ovozi keldi menga, u qo'lida supurgi bilan 
chopib kelardi. - Boshing baloga qoldi endi, 
bola, baloga qoldi! 
Men boshqa tomonga sakrab qochdim va 
supurgiga qoqilib ketishimga oz qoldi. 
- Beri kel yo oyoqlaringni sindiraymi! - 
ketimdan chopib, pishillab baqirardi oshpaz. 
Lekin men to'xtamadim. Buning o'rniga o'qday 
otilib bog'dan chiqib ketdim. Ko'zlarimga 
Shams Tabriziyning yuzi ko'rinmay qolguncha 
chopaverdim, egri-bugri yolg'izoyoq yo'ldan 
chiqib, katta ko'chaga chiqdim, keyin esa katta 
ko'cha bo'ylab chopdim, chunki hech to'xtay 
olmay qolgandim. Ko'krak qafasimda yuragim 


dukillar, tomog'im qurib ketgan edi, men esa 
baribir chopaverdim, toki tizzalarim qayrilib, 
yerga ag'darilib tushgunimcha chopdim. 
Ella 

Download 1.48 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   65




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling