Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
2008 yil, 20 may, Nortgempton.
Devid uyga qaytmagan o'sha tunda Ella tushida qorin raqsiga tushayotgan yalim yalang'och ayollarni va darvishlarni ko'rdi; u yo'l bo'yidagi karvonsaroyda ovqatlanayotgan jangari askarlarni ham ko'rdi; ularga go'sht solib pishirilgan somsalar va turli shirinliklar solingan likoplar ketma-ket tashib keltirilar edi. Keyin Ella o'zini ko'rdi. U allaqanday begona mamlakatda goh g'ala-g'ovur bozorda, goh qandaydir qo'rg'onda kimnidir izlar edi. Uning atrofida ko'p odamlar asta harakatlanar edilar, ular ham allaqanday eshitilmas musiqa ohangi ostida raqs tushar edilar go'yo. Ella allanima so'ramoqchi bo'lib, uzun mo'ylabli semiz kishini to'xtatdi, lekin nima so'ramoqchi bo'lganini esidan chiqarib qo'ygan edi. U kishi tushunmay unga qarab qo'ydi va nari ketdi. Keyin u yana kimlar bilandir gaplashmoqchi bo'ldi, lekin hech kim unga javob bermas edi. U avvaliga mahalliy tilni bilmaganim uchun meni tushunishmayotgandir, deb o'yladi. Lekin keyin qo'lini og'ziga olib borgach, dahshat bilan o'zining og'zi yo'qligini bildi. Sarosimaga tushib, o'zining qanchalik o'zgarganini ko'rish va tushunish uchun hamma yoqqa qarab ko'zgu izlay boshladi, lekin hech qaerda ko'zgu yo'q edi. Keyin Ella yig'lab yubordi va g'alati tovushlardan uyg'onib ketdi. U ko'zlarini ochganida, Spirit (iti) zo'r berib orqa eshikni tirmalayotganini ko'rdi. Biron hayvon pillapoyaga chiqqan bo'lsa kerak. It ayniqsa sassiqko'zanlarni yomon ko'rardi. O'tgan yil qishda ulardan biri bilan to'qnashib qolganini haligacha esidan chiqarmagan bo'lsa kerak. O’shanda Ella bir necha hafta unga o'rnashib qolgan sassiq hidni ketkazish uchun itni cho'miltirgan bo'lsa ham, kuygan rezinkanikiga o'xshagan bu hid sira ketmagan edi. Ella devorda osilib turgan soatga qaradi. O'n besh minut kam uch. Devid hamon qaytmagan edi va balki hech qachon qaytmas. Janet qo'ng'iroq qilmadi. Qattiq umidsizlikka tushgan Ella uning qachondir qo'ng'iroq qilishidan gumonda edi. Eri va qizi undan yuz o'girganlaridan dahshatga tushgan holda Ella muzxona eshigini ochdi va bir necha daqiqa u yerdagi masalliqlarga ko'z yugurtirdi. Vanilli- olchali muzqaymoq egisi kelar edi, lekin semirishdan qo'rqib, nafsini tiydi, muzxona eshigini keskin yopib nari ketdi. Qizil vinoli shishani ochdi. Bu yengil, unga yoqadigan achchiq-chuchuk ta'mlar aralashgan, yaxshi vino edi. Faqat ikkinchi qadahni to'ldirayotganida Ella Devidning qimmatbaho «Shato Margo 1996» bordosini ochishi ham mumkinligini o'ylab qoldi. Nima qilishini bilmay, noxushlik bilan shishaga qarab qoldi. Kun bo'yi charchagan va yurgan yo'lida uyqusi kelib turgan Ella elektron pochtasiga ham bir nazar solib qo'ymoqchi bo'ldi. O'ndan ortiq keraksiz xabarlar orasida Mishelning qo'lyozmani o'qish bo'yicha ishlar qandayligi haqidagi savoli va Aziz Z. Zaxaradan kelgan xat bor edi. Azizam Ella (Sizni shunday atashimga ruxsat etsangiz, albatta)! Xatingiz menga Gvatemalaning Monostenango deb atalgan qishlog'idaligimda yetib keldi. Bu odamlar hamon mayya kalendariga rioya etib kelayotgan kamdan-kam joylardan biri. Men qo'ngan mehmonxonaning naq ro'parasida xilma-xil ranglardagi yuzlab mato parchalari bilan bezangan xohish-istaklar daraxti ko'rinib turipti. Uni bu yerda chilparchin bo'lgan (parchalangan yuraklar) daraxti deb atashadi. Yuraklari chil-chil bo'lgan odamlar, singan yuraklariga shifo istab, iltijo qilgan holda mato bo'lagiga o'z ismlarini yozishadi va daraxt shoxlariga osib quyishadi. Sizning e-mail ingizni o'qigach, mening shu daraxt yoniga kelib, Siz bilan qizingiz yarashib ketishingizni tilab, duo qilganim Sizga nisbatan uncha katta behurmatlik bo'lib ko'rinmas, degan umiddaman. Zero, muhabbatning biron uchquni ham uvol ketmasligi kerak, chunki Rumiy aytganidek, muhabbat - tiriklik chashmasidir. O'tmishda menga bir narsa yordam bergan edi. Men atrofimdagi odamlarga ular o'zlari istaganlariday yashashlariga xalal berishdan, ularni o'zgartira olmaganimdan, ruhan ezilishlardan o'zimni to'xtatdim. Agar ruxsat etsangiz, Sizga (boshqa insonlar hayotiga) aralashishdan ko’ra (boshga tushgan ishlarga) rizolik vaziyatida bo'lishni maslahat bergan bo'lardim. Ba'zilar «rizolikni» (mo'minlikni) «zaiflik» deb tushunar ekanlar, ular katta xatoga yo'l ko'yadilar, vaholanki, zaiflikning bunga mutlaqo aloqasi yo'q. Rizolik (mo'minlik) insoniyat bir jamoa bo'lib yashashi shartlarini tinchlik bilan (qarshiliksiz) qabullashi shakli bo'lib, bunga biz hozirda o'zgartira olmaydigan yoki tushuna olmaydigan barcha vaziyatlar ham kiradi. Mayya jadvaliga ko'ra, bugun yaxshi kun. Astrologiyaviy o'zgarishlarning ko'pi endi sodir bo'ladi va ular insonlarda yangi ong shakllanayotganidan darak bermoqda. Men bu xatni quyosh botmasidan oldin, ya'ni bugungi kunning oxiriga qolmasdan yetkazishga ulgurishim kerak. Ishq kutmagan vaqtingizda va kutmagan yeringizda Sizni tutib oladi. Sizga samimiyat ila Aziz. Ella butkul begona inson dunyoning boshqa chekkasida turib unga ezgulik tilab duoi iltijo qilganidan ta'sirlangan holda noutbukni yopdi. Ko'zlarini yumib, istaklar daraxtiga bog'langan matoga kimning ismi yozilganini va uning shamoldagi varrak kabi silkinayotganini tasavvur etdi. Bir necha daqiqadan so'ng Ella oshxona eshigini ochdi va hovliga chiqib, salqin esgan shamol lazzatini tuydi. Mamnuniyat his etmayotgan, notinch Spirit yonida turar va zo'r berib havoni iskar edi. U oldin ko'zlarini qisdi, keyin uzoqda qo'rqinchli bir nimani ko'rayotganday, ko'zlarini ochdi va quloqlarini ding qildi. Oy yorug'ida Ella va iti yonma-yon turar va har ikkisi ham zim-ziyo qorong'ulikka qarab, u yerda harakatlanayotgan narsadan va noma'lumlikdan bir xilda qo'rqqanlaricha turar edilar. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling