Ikkinchidan, prezentatsiyalar faqatgina matndan iborat bo‘lmasligi kerak. Chunki, inson bir vaqtning o‘zida ham o‘qiy, ham tinglay olmaydi. Agar slaydga ko‘p matn qo‘yilgan bo‘lsa, tinglovchi matnni o‘qiyotgan paytda spikerni umuman eshitmaydi.
Shuni esda tutishimiz lozimki, slaydni tayyorlashdan maqsad spikerga matnni eslatish emas, sizning auditoriyaga gapirayotgan gaplaringizning ma’nosini kuchaytirishdir.
Uchinchidan, prezentatsiyada sifatsiz, xira, e’tiborni tortmaydigan rasmlar mavjud bo‘lsa, bu taqdimotning sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Odatda biron fikr mohiyatini bitta so‘z yoki rasm bilan izohlashning imkoni bo‘lsa, ko‘pchilik slaydni ko‘p sonli obyektlar bilan bezashga harakat qilishadi.
Sifatsiz rasmlar, hatto slaydda aqlli gaplar yozilgan bo‘lsa ham, prezentatsiya haqida noxush taassurot qoldiradi. Ko‘proq vaqt sarflab bo‘lsa-da, yoqimli taassurot uyg‘otadigan rasmlarni qidirib topgan ma’qul.
Prezentatsiyani qanday qilib sifatli va mukammal tayyorlash haqida ko‘plab olimlar o‘z fikrlarini bildirganlar.
Rossiyalik olim Aleksey Kapterevning fikriga ko‘ra, “proyektorni yoqish uchun ikkita sabab bor:
Birinchidan, siz bundan keyin nima haqida gapirishni unutishingiz mumkin. Ehtimol, Power Point ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi, ammo ulardan kamida bittasini hal qildi ‒ biz nutqimiz matnini unutish qo‘rquvidan xalos bo‘ldik.
Ikkinchidan, aslida slaydlar “qog‘oz parchalari” ning yangi versiyasiga aylandi. Ma’ruzachilar slayd proyektorini teleprompter sifatida ishlatishni boshladilar”3.
Bizningcha, yuqorida qayd etib o‘tilgan muammolar eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar hisoblanadi va ko‘pchilik taqdimotchilar bunga e’tibor berishmaydi.
Ikkinchi savolga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu xususda notiqlik san’ati haqida so‘z yuritmasdan iloj yo‘q. Notiqlik shunday san’atki, u har bir davrda o‘sha zamonning mafkurasiga xizmat qilib kelgan.
Shu ma’noda notiqlikni dudama xanjarga o‘xshatishadi. Ya’ni u ikki tomonni ham kesuvchi quroldir. Bir tomonda adolat tursa, ikkinchi tomonda adovat turadi. Kim undan qanday foydalanishiga bog‘liq.
“Notiqlik san’ati, avvalo, kishining qobiliyati va iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan bilim sohasidir. Bu san’at azaldan shaxsning aqlini charxlaydi va nutqiy mahoratini rivojlantirishga xizmat qiladi”4.
Do'stlaringiz bilan baham: |