H. P. Abdulqosimov O‘zmu iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi


 Iqtisodiyot nazariyasida inson modeli


Download 5.61 Mb.
Pdf ko'rish
bet17/296
Sana25.09.2023
Hajmi5.61 Mb.
#1687677
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   296
Bog'liq
1 tom Mamedov, H., Muminov, N., Umarov, A., Ismailov, A.

1.2. Iqtisodiyot nazariyasida inson modeli 
Inson shaxsi, uning yagonaligi, xilma-xil faoliyati, iqtisodiy hayotini 
ilmiy tahlil qilish, uning tarixiy shakllanishidan, harakat qilishidan kelib 
chiqqan holda inson modelini tuzish mumkin. Bu model o‘z ichiga quyidagi 
asosiy o‘lchamlarni oladi, ya’ni uning shaxs sifatidagi xarakterini, iqtisodiy 
faoliyatini, maqsadini, jismoniy xususiyatini, psixologiyasini, aql-zakovatini, 
umuman, insonlarning o‘z maqsadiga erishish yo‘lida namoyish etadigan 
hamma jihatlarini hisobga oladi. 


33 
Shu o‘rinda muhim bir narsani eslatmoq lozim, ya’ni hamma ijtimoiy-
gumanitar fanlar, jumladan, insonni, jamiyatni o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan 
fanlarning (falsafa, tarix, sotsiologiya va hokazo) hammasi o‘z predmeti, o‘z 
nuqtai nazari, o‘z maqsad-vazifasidan kelib chiqqan holda ularni tavsiflay 
oladi, shuning uchun ham bu fanlar ma’lum darajada bir tomonlamali 
xususiyati bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda hammaga ma’lum bir oddiy 
haqiqatni eslash joizdir. Masalan, qo‘li bilan filning oyog‘iga tekkan so‘qir 
kishi uni daraxt, ya’ni mening oldimda daraxt turibdi, deb faraz qilishi, filning 
xartumidan ushlasa, bu ilon deb ishonishi mumkin. Inson–shaxs to‘g‘risidagi 
aniq, to‘g‘ri tasnifni hamma gumanitar fanlar berishi mumkin, ammo ular 
o‘zlari erishgan bilim doirasidan tashqari chiqolmaydi. 
Albatta, «iqtisodiy inson» obrazini yoki «homo–economicus»ni bir 
tomonlama o‘rganish qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi, sababi u faqat 
«iqtisodiy inson» emas. Shunga qaramasdan kishilarning iqtisodiy faoliyati–
insonning shaxs sifatida o‘zini namoyish etishining muhim sohasidir. Chunki 
mehnat sharoiti, asosi hamda turli tomonlari ham alohida inson, ham butun 
jamiyat uchun xosdir. 
Shu o‘rinda insonlarning iqtisodiy faoliyatida muhim bo‘lgan psixologik 
holatlarni eslatib o‘tish lozim. Axir o‘tmish va hozirgi zamon 
nazariyotchilarining hammasi bo‘lmasa ham, aksariyati insonlarning iqtisodiy 
xulqini tushuntirishda «havas», «orzu», «afzallik», «niyat» degan 
tushunchalarga bekorga urg‘u berishmagan. 
Misol uchun, sobiq ittifoqdan ajralib chiqqan mustaqil davlatlar 70 yildan 
ko‘proq kommunistik mafkura muhitida, mustabid tizmda yashadilar. Hozirgi 
vaqtda ular bozor islohotlarini o‘tkazishda juda katta siyosiy va iqtisodiy 
to‘siqlarga duch kelishmoqda, sababi ular uzoq vaqt markazlashgan reja 
munosabatlarida bo‘lganlar. Endi esa, iqtisodiy alohidalik va iqtisodiy 
hamkorlik zarur. 
Hozirgi zamon inson modelining ko‘p yo‘nalishlari ichidan to‘rttasini 
ajratib ko‘rsatish mumkin: 
Birinchi yo‘nalish–bu ingliz klassik maktabi, marjinalizm (eng yuksak 
naflilik) va neoklassik yo‘nalish bo‘lib, bu yo‘nalish doirasida inson xudbin 
bo‘lib, moddiy boylikka, ya’ni pulga intiladi. Uning pulga qiziqishi sababli, 
rag‘bat «iqtisodiy inson» modelida asosiy o‘rin egallaydi. XVIII asrda ishlab 
chiqilgan bu modelning bugungi kungacha yetib kelishining sababi bor, 
hozirgi zamon iqtisodiyot nazariyasi darsligida ham uning o‘z o‘rni bor. 


34 
Bunday model keng ko‘lamli tushuncha, fikr, axborot olish, chuqur bilimga 
ega bo‘lish imkoniyatini, ya’ni erkin raqobat sharoitida biron maqsad 
ommalashishini ta’minlashdan iboratdir. Insonning bunday harakatida 
iqtisodiy tizim hech qanday boshqa tomonning (asosan, davlatning) aralashishi 
ortiqcha, aks holda, bozor tizimi deformatsiyaga uchraydi, bundan tashqari, 
erkin bozor muvozanatini saqlash qoidasiga rioya qilish talab etiladi. 
«Iqtisodiy inson» modeli doirasida kishilarning iqtisodiy xulqini tahlil 
qilishda ularning ratsional xulqidan foydalanish mo‘ljallanadi. 
Bunday harakat asosida cheklangan iqtisodiy resurslar sharoitida 
shaxslarning minimal sarf-harajatlar qilib, maksimal natija olishga intilishi 
yotadi. Kishilar o‘zlarining sub’ektiv manfaatlarini qoniqtirish uchun har safar, 
hamma joyda cheklangan iqtisodiy boyliklardan foydalanishning muqobil 
usullarini tanlashga majbur bo‘ladi. Shaxslar o‘zlarining ratsional xulqini 
amalga oshirishda erkin tanlov imkoniga ega bo‘lishlari shart. Kishilarning 
erkin tanlov darajasi rivojlanishi bilan iqtisodiy xulqi o‘sib boradi, bu sekin-
asta siyosiy, mafkuraviy, huquqiy, qat’iy tabaqalashgan va boshqa cheklangan 
erkinliklarning tugatilishiga olib keladi. 
Ikkinchi yo‘nalish – bu Keynsning institutsionalizm tarixiy maktabiga xos 
yo‘nalish. Unda inson modeli ancha murakkab ravishda berilgan. 
Rag‘batlantirish asosi o‘ziga faqat moddiy, pul boyliklariga intilishni emas, 
balki aniq psixologik xarakterga ega bo‘lgan elementlarni, ya’ni rahmdillik, 
biror maqsadga erishish bilan bog‘liq bo‘lgan an’analarni, obro‘-e’tibor, ta’sir 
va bo‘sh vaqtdan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi. Bu modelga erishishdagi 
qiyinchiliklar xo‘jalik sub’ektlarida kerakli darajadagi har xil axborotlarning 
yetarli emasligi, ular aql–zakovatlarining turli saviyasidan, xulqlarining bir 
xildaligi bilan bog‘liq odatlaridan, diniy tushunchalari va hokazolardan iborat. 
Bu sharoitlarda xo‘jalik sub’ektlarining erkin raqobat orqali o‘z 
maqsadlariga erishishining qiyinchiligi va iloji yo‘qligi, ayniqsa, shaxslardan 
tashqari guruhlar manfaatlari, xo‘jalik agentlarining o‘z maqsadiga intilishida 
guruhlar manfaatining ustunligini o‘zaro tashkillashtirish yo‘li bilan «iqtisodiy 
xudbinlik»ning cheklanganligiga barham berish kerakligi bilan xarakterlanadi. 
Bu maqsadlarda jamiyat ancha murakkab tuzilishga ega bo‘ladi, uning 
muvozanatini qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy munosabatlarga davlatning 
aralashishi talab etiladi. 
Uchinchi yo‘nalish - bunda hozirgi zamon voqeligini aks ettiradigan 
ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar sub’ekti modeli mutlaqo yangicha berilgan. Bu 


35 
modelda nafaqat moddiy boylik, balki pullik rag‘batlantirish asosiy o‘rin 
egallaydi. Bu modelning o‘zgarishida, yangicha o‘sishida shaxslarning 
ma’naviy, ruhiy, madaniy ehtiyoji (mehnat jarayonlaridagi ijtimoiy ahamiyati, 
murakkabligidan rozi bo‘lmoq) yotadi. Bundan tashqari bu modelga dunyo, 
jahon taraqqiyoti to‘g‘risida axborot olmoq–jahonda yashayotgan hamma 
kishilarning yuqori darajadagi ma’lumotga, madaniyatga ega bo‘lishi, 
ma’naviy, ruhiy erkinlikka erishish, har xil ehtiyojlarning qondirilishi, 
kishilarning ijtimoiy–siyosiy dunyoqarashlarining o‘zgarishi xos hisoblanadi. 
Muhimi O‘zbekiston Respublikasida, mustaqillikka erishganimizdan keyin 
insonlarning dunyoqarashi umuman o‘zgardi, vatan, millat, davlat bilan 
bog‘liq yangicha milliy g‘urur, milliy g‘oya, yangi fikrlar tug‘ildi. Misli 
ko‘rilmagan, tengi yo‘q yangi mafkura yaratildi. Jamiyatimiz mafkurasi 
xalqni–xalq, millatni–millat qilishga xizmat etmoqda. Shundan ma’lum 
bo‘ladiki, g‘oyaga qarshi faqat kuchli g‘oya, fikrga qarshi faqat kuchli fikr, 
jaholatga qarshi faqat so‘nmas, charaqlab nur sochib turgan ma’rifat bilan 
baxsga kirishish, kurashish mumkin. Bu model ijtimoiy o‘ziga xos insonning 
jamiyat 
tushunchasida 
demokratik–mustaqil 
poydevorga 
asoslangan, 
rivojlangan guruhlar o‘rtasidagi bog‘liqlik va yuvilib ketgan, qotib qolmagan 
ijtimoiy jamiyat o‘rtasidagi chegaradir. 
To‘rtinchi yo‘nalish – bu o‘ziga xos xususiyatga ega sobiq «sovet 
iqtisodiy insoni» modeli bo‘lib, o‘zining ildizi bilan eski mustabid, qatag‘on 
davrlarini o‘z ichiga oluvchi, inson iqtisodiy xulqining asosiy xususiyatlarini 
aks ettiruvchi, ma’muriy buyruqbozlik tizimidagi xo‘jalikdir. Bu model, 
avvalo shaxsning iqtisodiy xulqini, butun funksiyasini, shaxsiy farovonlikka 
intilishini aniqlashtiradi. Unda mehnat davlat uchun sarflangan, uning 
natijalari davlat tomonidan taqsimlangan. Shuning uchun mehnat xarajatlarini 
minimallashtirishga intilish ustun bo‘lgan, kayfichog‘lik, boqimandalik 
ilohiylashtirilgan, ko‘pincha davlat mulkini o‘g‘irlash, soxta kamtarinlik 
mehnat natijasiga ko‘ra emas, faqat o‘z ish joyida bo‘lganligini mukofotlash 
qat’iy kafolatlangan. 
Albatta, har qanday inson iqtisodiyot nazariyasini o‘rganishni boshlar 
ekan, xohlaydimi yo‘qmi, uni shunday savol qiziqtiradi: shaxsan uning 
iqtisodiyot bilan qanday bog‘liqligi bor? Haqiqatan ham bu muhim ahamiyatga 
ega, chunki, insonning xo‘jalik bilan aloqasi uning turmushini va shaxsiy 
farovonligini ta’minlaydi. Iqtisodiyot–oilaning, korxonaning, firmaning, 
davlatning, umuman jamiyatning xo‘jalik yuritish faoliyatidir. Asosiy vazifasi 


36 
kishilarni, jamiyat a’zolarini hayotiy zarur moddiy boyliklar bilan 
ta’minlashdilar. Moddiy boylik deganda biz – mahsulot, tovar va xizmatlar 
majmuasini, ya’ni kishilarning qandaydir ehtiyoji qondirilishini, mehnat 
natijasini tushunamiz. 
Inson hayotining muhim o‘lchovi bor: ya’ni, inson o‘zi uchun oiladan, 
jamiyatdan har xil moddiy boyliklarni oladi va yana qaytarib beradi. Insonlarni 
har xil yoshda solishtirib qaraganda, qiziq bir xususiyat ko‘zga tashlanadi: u 
o‘zicha nimani o‘zlashtiradi va nimani boshqalar foydasiga qoldiradi, bu bir 
xil emas. Shuning uchun har qanday inson jamiyat menga nima berdi deb 
emas, men jamiyatga nima berdim, deb yashashi kerak. 
Olimlar ishlab chiqarishda band bo‘lganlar o‘rtasida tekshiruv o‘tkazdilar. 
Ular hisoblab chiqqanlarida har qaysi inson har yili qancha milliy daromad 
yaratishi va qancha iste’mol qilishi ma’lum bo‘ldi. 
Yosh bolalarni rivojlanish davrida (16 yoshgacha) umuman, oila va 
jamiyat ta’minlaydi. Respublikamiz Konstitutsiyasiga binoan bolalarning 
mehnatidan ishlab chiqarishda foydalanish qat’iyan man etilgan, shuning 
uchun ham bolalar faqat iste’mol qiladilar. 
Yigit-qizlar taxminan 20 yoshdan boshlab o‘zlarini o‘z mehnati bilan 
qisman bo‘lsada ta’minlaydilar. Bu vaqtda ularning mehnati natijasida 
yaratilgan milliy daromad ularning shu vaqtda iste’mol qiladigan summasidan 
ancha ortib ketadi. Insonlarning ehtiyoji kengayib boradi va uni qondirish 
xohishi tezlashadi. Bu ularning ishlab chiqarish mahsulotini ko‘paytirish, ish 
sifatini yaxshilash va ish haqi miqdorini oshirishga imkoniyat yaratadi. 
30–40 yoshga yetgach, ular eng yuqori mehnat unumdorligiga va 
ehtiyojiga erishadilar. Eng ko‘p mahsulot ishlab chiqarish tufayli ishchilarning 
yaratgan daromadi, ularning shaxsiy o‘zlashtirish miqdoridan 3–4 marotaba 
oshib ketadi. 
Agar, bunga sof iqtisodiy nuqtai nazardan qaralsa, shuni sezish mumkinki, 
inson umrining ikkinchi va uchinchi davrida oilaga va jamiyatga yosh 
vaqtlarida olgan «qarzlar»ini qaytaryapti. Bundan tashqari, u «avans» sifatida 
o‘zining qarilik chog‘i uchun moddiy zamin yaratmoqda. Mana endi, biz 
yuqorida aytganlarimizni umumlashtiramiz. Bir ishchining, oilasining va 
umuman. jamiyatning hayotiy sharoitini yaxshilash, mehnatga qobiliyatli 
yoshida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishga erishishini bildiradi. Bunday 
natijaga erishish tufayli ishchilar jamiyatdan o‘zlarining ehtiyojini qondirish 
uchun qayta–qayta katta miqdorda moddiy boyliklar va xizmatlar oladilar. 


37 
Shu o‘rinda yana bir hayotiy muhim shartni eslash kerak. Oila jamiyatning 
ilk bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila boyligining asosiy manbai ikki yo‘l bilan 
to‘planadi. 
1. Mehnat uchun korxona va idoralar beradigan mukofot; 
2. Ijtimoiy fondlardan tushadigan to‘lovlar (stipendiya, nafaqa, davlatning 
moddiy yordami va hokazolar). 
O‘zbekistonda ham boshqa davlatlardagi kabi mehnat haqi deganda 
hamma pul tushumlari: ish haqi, pul mukofoti, mualliflik va boshqa gonorarlar, 
individual mehnat faoliyatidan tushadigan daromadlar va boshqalar 
tushuniladi. Yalpi daromadga tekin ta’lim qiymati, tibbiyot xizmati va 
boshqalar kirmaydi. 
Shu o‘rinda, bir narsa ma’lum bo‘ladiki, har qaysi inson va oilasining 
farovon hayoti–inson mehnati natijasi va birgalikdagi xo‘jalik faoliyati, 
umuman, jamiyatdagi iqtisodiy mavqei qandayligi bilan bog‘liq. Shu yo‘l bilan 
har bir hayotiy manfaat aniqlanadi. Albatta, biz juda ham muhim narsani aytib 
o‘tishimiz lozim, ya’ni har yili O‘zbekistonda aholiga pul ifodasida beriladigan 
ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar oshib bormoqda. Lekin o‘z 
navbatida bozordagi narx-navo, oziq-ovqat bahosi, transport haqi noo‘rin 
ravishda oshib ketmoqda. Buni iqtisodiyot, inson turmush darajasi, umuman, 
jamiyatning, davlatning obod va ozod rivojlanishi, kelajagi nuqtai nazaridan 
to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Yana shuni qo‘shimcha qilib aytish kerak: 1994 yilning 
1 iyunidan o‘zimizning milliy valyutamiz joriy etildi, bu davlatimiz, 
fuqarolarimiz hayotida misli ko‘rilmagan, tengi yo‘q tarixiy voqea bo‘ldi. 
Pul islohotida oldingi so‘m-kupon 1000: 1 qilib almashtirildi, lekin narx-
navo o‘z holida qoldi va yanada oshib ketdi. Agar narx-navo ham shu nisbatda 
kamayganida, qimmatchilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar edi. Har qanday 
islohotni o‘tkazish vaqtida albatta, davlat tomonidan kuchli nazorat bo‘lishi 
kerak. Shuningdek, bozor munosabatiga to‘liq o‘tmaguncha narx-navoni 
erkinlashtirib bo‘lmaydi. Bu aholi turmush darajasini pasayishiga olib kelishi 
mumkin. 
Ishchilarning aql–zakovati, qobiliyatini suiste’mol qilish, amaldorlar, 
boshqaruvchilar nazoratidan o‘zlarini muhofaza qilish maqsadida, ularning 
buyruqlarini chetlab o‘tish, yolg‘onchilik va qo‘shib yozish, xudbinlik, alohida 
jamoalar manfaatining davlat manfaatiga qarama–qarshi qo‘yilishi mustabid 
tizim uchun tabiiy hol edi. 


38 
«Sovet iqtisodiy insoni» modelining ikki yoqlama xususiyatga egaligi 
iqtisodiy rivojlanishining umumiy samarasini pasaytiribgina qolmay, shu bilan 
birga ahloq sohasida qo‘shimcha sarf-xarajatlarga olib kelgan. 
Qiziqarli tomoni shundaki, maqsadlarning ikki yoqlamaligini inson 
xususiyatlarining «homo economicus» modelida cheksiz ekanligidir. Xatto 
totalitar 
tizim 
doirasida 
ham 
inson 
o‘zining 
sarf-xarajatlarini 
minimallashtirishga va foydani maksimallashtirishga intilgan. Bu mutlaqo 
ratsional iqtisodiy xulq deganidir. 
Inson o‘zining nimalarni afzal ko‘rishini cheklangan resurslar dunyosida 
yuzaga chiqaradi, u har qanday xo‘jalik tizimida o‘zining sarf-xarajatlarini 
minimallashtirishga va foyda olishni maksimallashtirishga intiladi. Bu tamoyil 
har tomonlama izlanuvchi olimlarga uni nafaqat iqtisodiyot nazariyasida 
qo‘llash, balki odamlarning harakat qilish sababi boshqa noiqtisodiy hayot 
sohasiga ham bog‘liq, deb xulosa chiqarishlariga imkon berdi. 
Iqtisodiyot nazariyasida inson modelining qisqacha, asosiy tavsifi 
shulardan iborat. Albatta, ushbu darslikning hamma boblarida asosiy o‘rinni 
inson egallaydi. Shuning uchun kelgusi ikkinchi bobda iqtisodiyot nazariyasi 
fanining asosi va asoschilari to‘g‘risida va bu fanning fan sifatida paydo 
bo‘lishi tarixini o‘rganamiz. 

Download 5.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   296




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling