Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
Lingvistik geografiya metodi. Bu metod areal lingvistikaning o‘z o‘rganish metodidir. Bu
metod orqali fonetik, leksik va grammatik qiymatga ega bo‘lgan izoglossalar guruhi yoki tanlab olingan izoglossalar kartalarga joylashtiriladi. Shuningdek, lingvistik geografiya barcha lingvistik tadqiqotlarga, hudud boʻyicha yaratilgan lugʻatlarga asoslanadi [Айдаров 1991, 190]. Har qanday ishda bo‘lgani kabi areal lingvistikada ham maqsad va vazifalardan kelib chiqib, dastur tuziladi. Bu dasturga, albatta, anketa savollari ilova qilinadi. Lingvistik geografiyada, avvalo, o‘rganilayotgan sheva kartasi uchun asos sifatida aholi geografiyasini aks ettirishga mo‘ljallangan kontur karta olinadi va aholi punktlari raqamlari belgilab chiqiladi. Sheva faktlari uchun shartli belgilar tizimi ishlab chiqiladi. Izoglossalarning tarqalishini ko‘rsatuvchi chiziqlarni tortish rejasi tayin qilinadi. Ranglar tanlanadi va bo‘yash texnikasi belgilab olinadi. Anketa metodi. Bu termin fransuz tilidan [enquete] olingan bo‘lib, tekshiruv, so‘rov ma’nolarini bildiradi va uning xalq amaliyotida va fanda ko‘p turlari bor. Anketa tadqiqot ishlarida qo‘llanadigan rasmiy va norasmiy o‘tkaziladigan tadbirning hujjatidir. Areal tadqiqotlarda, shu jumladan, dialektologik tadqiqotlarda ham bu hujjat joriy etiladi. Anketa ijtimoiy talablar bilan birga takomillashib bormoqda va uning hozir elektron shakllari paydo bo‘lgan. Aslida areal, dialektologik tadqiqotlar uchun tayyor anketalar yaratilmaydi, balki ilmiylik tamoyillari asosida uning namunalari yaratilishi mumkin. Bunday anketalar tadqiqotchining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib tuziladi. O‘zbek dialektologiyasida bunday anketalarning bir necha namunalari bor. Ular: Borovkov A. K. O‘zbek sheva-lahjalarini tekshirishga doir savol-javoblar. 1944. Mirzayev M. Buxoro oblastidagi o‘zbek shevalarini o‘rganish uchun anketa, Buxoro, 1955. Aliyev A. O‘zbek tilining Namangan dialekti bo‘yicha material to‘plovchilar uchun anketa. Namangan, 1964. Bu anketalar metodik qo‘llanma maqomida bo‘lib, ular tavsiya xarakteriga ega, shevalarni o‘rganuvchilar bu ishlardan o‘z anketalarini yaratishda ijodiy foydalanib keldilar. Anketalar dialektologik ekspeditsiyalarda (ilmiy, o‘quv) o‘ziga xos yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi. Anketadan muayyan areal tili va shevalar o‘rganilganda ikki toifadagi shaxslardan til va sheva faktlarini to‘plashda foydalaniladi: 1) respondentlar. Ular bilan ishlash uchun maxsus tayyorgarlik ko‘riladi. Ulardan bu ishlarga uquvi bo‘lishi talab qilinadi, lekin respondentlardan anketa savollariga javob olish har doim ham to‘liq bo‘la bermaydi; 2) tadqiqotchining o‘zi. Bunda anketa tadqiqotchiga dastur vazifasini bajaradi va rejadagi ma’lumotni olish uchun tuziladi. Dialektometriya metodi. Bu termin dialect-o-metry tushunchalaridan olingan bo‘lib, areallarni o‘rganishning statistik metodi hisoblanadi. Bu metod obyektning qaysi jihati tadqiqotchining maqsadi va vazifasiga mos ravishda rejalashtirilgan hisob-kitoblarni o‘z ichiga oladi. Masalan, shevaning adabiy tilga yaqinlik darajasi hajm jihatdan bir xil bo‘lgan matn asosida hisoblab chiqiladi, shevalardagi fonemalar va ular variatsiyalarining qo‘llanish o‘rinlari, kelishik affiksi variantlari miqdori, uning boshqa shevalar bilan statistik qiyosi va b. Bunday tadqiqot o‘zbek shevashunosligida hali amalga oshirilmadi. Til (sheva) faktlarini qayd qilish metodi. Muayyan til (shevalar) areali doirasida til (sheva) faktlari qayd qilinadi [Гаджиева 1975, 191]. Bu jihatdan dialektologiya va lingvistik geografiya metodlari mos keladi. Aslida bu ish dialektologik tadqiqotlarining boshlanishidir. Muayyan arealdagi til va sheva faktlarini qayd qilishda ikki usuldan foydalaniladi: 1) bevosita eshitish yoki respondentlar anketa javoblari; 2) maxsus texnik vositalar (diktofon, smartfon va b.). Til (sheva) faktlarini qayd qilishda quyidagi tamoyillarga e’tibor qaratiladi: - til va sheva faktlarining haqqoniyligini ta’minlash. Bu muammoni oʻrganishda dialektologik tadqiqotlarda muayyan qiyinchilikka duch kelinadi, balki aksariyat oʻrinlarda 7 shevaning o‘z normalari va unga boʻlgan ta’sirlarni farqlash lozim boʻladi. Odatda shevadagi izoglossa vazifasini bajaruvchi faktlarni bir sheva vakilidan yozib olinadi. Bu fakt ko‘pincha tasodifiy bo‘lib chiqishi mumkin. Sheva faktining haqiqiy ekanligini bir shaxs ma’lumoti emas, balki shu shaxs ma’lumotlarining barchasini shevaning boshqa vakillaridan tasdiqlatib olish kerak. Bu ish matnning boshqa sheva vakillariga o‘qib berish orqali amalga oshiriladi. Shevaning o‘z lingvistik tizimi, normalari bo‘ladi. To‘g‘ri, shevaning o‘z normalari bo‘lishi adabiyotlarda qayd etilmagan, lekin u haqiqat bo‘lib, aslida, dialektologik ishlarda shevaga xos xususiyat deb yuritib kelinmoqda; - til va shevalardan yig‘ib olingan materiallar til tarixini yoritishda foydalanishga moslab tahlil qilinishi kerak. Boshqacha aytganda, har bir sheva fakti tarixiy rivojlanish natijasi ekanligi e’tiborga olinishi lozim; - shevadagi tovushlarni izohlashda uning topologik (topo – joy, logos – ma’lumot, bilim) xarakteristikasini berib borish kerak, ya’ni har bir tovushning o‘z o‘rni, ya’ni so‘z boshi, o‘rtasi, oxirida kela olish imkoniyatlari ko‘rsatilishi lozim; - tovushlarning fonomorfologik (morfonologik) o‘zgarishlarini izchil yoritish talab qilinadi. Bunda har bir so‘z o‘zgarishida hosil bo‘ladigan fonetik jarayonlarining yoritilishi ko‘zda tutiladi, ya’ni asos va affiks oppozitsiyasida tovush o‘zgarishlariga xarakteristika beriladi. Masalan, begä kä (bu yerga kel - Turkiston) iborasida begä so‘zidagi fonetik o‘zgarishlar morfologiya bilan bog‘langan. Ojna – oʻyin, ätä – ot kabi qoʻllanishlar morfonologik jarayonlarni koʻrsatadi. Bunday misollar shevalarning me’yoriy xususiyatlarida ham, oralik shevalarda ham mavjud; - dialektlarni o‘rganishda har bir izoglossaning dastlabki holatini o‘rnatish muhim. Bu talabni fonetik, grammatik va leksik hodisalarni yoritishda qo‘llash zarur. Albatta, buning uchun asos qilib adabiy til fakti olinadi va kichik etimologik izlanish olib boriladi. Masalan, bjaqa (qipchoq) – bu yoqqa, ekäv – ikkobi tarzida qiyoslanadi; - dialektologik izlanishlarda tovushlarning tipologiyasiga jiddiy e’tibor beriladi. Bunda tovushning tilshunoslikda ma’lum bo‘lgan tasnifi prinsiplariga amal qilinadi, masalan, t va d, p va b tovushlarining fonetik mosligi sabablari ular tasnifidagi yaqinlik bilan bog‘liq ekanligi aytiladi; - shevalarni shunchaki tanlab olib emas, balki ularni keng qamrov asosida (total) o‘rganish areal lingvistikaning asosiy prinsipi hisoblanadi. Total o‘rganishning yorqin misoli J. Jileron va E. Edmonlarning “Fransiyaning lingvistik atlasi” bo‘la oladi. Ularning fikricha, dialektlar rang-barangligi bo‘lmasa, adabiy til ham bo‘lmaydi. Shu tufayli ham ular fransuz tilining barcha dialektlarini atlasda aks ettirishga erishgan; - dialektlarni o‘rganishda, albatta, migratsion jarayonlarni hisoga olish zarur bo‘ladi. Bu esa keyinchalik izoglossalarning innovatsion markazini aniqlashga yordam beradi. Demak, shevalarni o‘rganishda sheva faktlari shunchaki qayd qilinmaydi, balki uning mazmunidagi biror dialektal hodisaning mohiyatini aniqlash nazarda tutiladi. Download 5.91 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling