Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari


Download 5.91 Mb.
Pdf ko'rish
bet7/363
Sana02.12.2023
Hajmi5.91 Mb.
#1780763
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   363
Bog'liq
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)

 Sharhlash metodi. Arealdagi tillar va shevalarni oʻrganishda hamda dialektologik atlas 
tuzishda faktlarning sharhi muhim o‘rin tutadi. Ular quyidagi aniq lingvistik vazifalarni 
bajaradi: 
1) o‘rganilayotgan til yoki shevalarning aloqada bo‘lgan (qo‘shni) til va shevalar bilan 
interferensiyasi natijalarini talqin qilish. Interferensiya til va dialektlar hamkorligi (kontakt) 
mavjud hududlarda yuz beradi. Bu ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Bunda ekstralingvistik 
faktorlar, til va dialekt egalarining ijtimoy faolligi, ularning kasb-kori, muloqot tarzi, ularda 
gaplashuvchi shaxslar miqdori va geografik muhiti, ularning tili yoki shevasini o‘rganishga 
imkoniyatning mavjudligi muhim ahamiyatga ega. Shuni aytish kerakki, interferensiyada tillar 
va shevalarning o‘zaro ta’sirni aniqlash qiyin emas, balki bu hududda u yoki bu izoglossaning 
nima uchun o‘zlashtirilganligini izohlash qiyinchilik tug‘diradi. Bunda bir narsa ma’lumki, 
interferensiyada qatnashayotgan til yoki dialekt begona til va dialektning o‘z tizimida bo‘lmagan 
faktlarini o‘zlashtiradi hamda ular o‘z tilini shu lingvistik hodisalar (fonetik, leksik, grammatik) 
hisobiga to‘ldiradi. 



Ma’lumki, o‘zbek tili qozoq, qirg‘iz, qoraqolpoq, turkman va tojik tili hamda uning 
shevalari bilan kesishgan o‘rinlarga ega. Shevalar kesishgan joyda har ikkala tilga o‘xshamagan 
shevalar paydo bo‘ladi. So‘zsiz, bu shevalardagi o‘zbek tiliga xos bo‘lgan xususiyatni ajratib 
olish muammosi paydo bo‘ladi. Bu muammo sharhlash, talqin qilish orqali hal qilinadi. Masalan, 
turkman tili bilan aralash va qo‘shni yashaydigan o‘zbeklar shevasida egalik affiksi va o‘rin-
payt, chiqish kelishiklari o‘rtasida n undoshining orttirilishi izohlar yordamida oydinlashtiriladi: 
qo‘lida ~ älindä, qolidan ~ älinnän. Qirg‘iz tilida bunday pozitsiyada interkalyar n undoshining 
yo‘qolib borishi ham o‘zbek tili shevalari bilan interferensiyaning natijasidir. 
2) ijtimoiy omillarni hisobga olish. interferensiya natijalariga baho berishda turli xildagi 
ijtimoiy omillarni hisobga olish katta ahamiyatga egadir. Ma’lumki, ijtimoiy omillar o‘ziga xos 
qonunlariga ega bo‘ladiki, ba’zan ular til yoki sheva egalariga shu tilning, shevaning aloqa 
imkoniyatlariga qarshilik ko‘rsatib qolishi mumkin. Bunda odatlanib qolish kuchli ta’sir 
ko‘rsatadi. Masalan, o‘zbek tiliga chegaradosh bo‘lgan qozoq va qirg‘iz tillariga o‘zbek tilining 
ta’siri kuchli bo‘lsa-da, bu tillarda so‘z boshidagi š undoshi č undoshiga o‘tmagan. Bunga yana 
bir necha misollarni keltirishga imkoniyat bor. Jumladan, N. Z. Hojiyeva qoraqalpoq va qirg‘iz 
tillarining janubiy shevalarida so‘z boshida “j (y, й)”lashishning saqlanib qolishini o‘zbek 
tilining kuchli ta’siri deb qaraydi [Гаджиева 1975, 199]. Bunga shimoliy o‘zbek qarluq 
shevalarida qozoq tilining kuchli ta’siriga qaramay, singarmonizm qonunining saqlanib 
qolayotganini ham ko‘rsatish mumkin. Demak, til qarshiligi bor. Agar hamkorlikdagi (kontakt) 
til yoki shevalardan biri aholi miqdori jihatidan ko‘pchilikni tashkil etsa, bunda aholi soni kam 
bo‘lgan til yoki shevaga kuchli ta’sirini oʻtkazishi mumkin. To‘g‘ri, bunda o‘zlashish darajasi 
haqida ham fikr yuritish mumkin bo‘ladi. Bunga Qashqadaryodagi (masalan, Kitob tumani 
Chechak qishlog‘i shevasi) “j (y, й)”lovchi shevalar “ǯ (j, дж)”lovchi shevalarga qorishuvi 
natijasida “j“lovchi shevalar aholisining ko‘pligi tufayli “j”lashishning ustun kelishi misol bo‘la 
oladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqorida til va dialektlardagi jarayonlar chegara zonalar 
bilan bog‘liq holda sharhlandi. Aslida, sharhlash til va dialektlarni har qanday sharoitda 
o‘rganishda qo‘llanishi mumkin, lekin uni muammoli, munozarali o‘rinlarda qo‘llash maqsadga 
muvofiq bo‘ladi.
3) muayyan hududda turg‘unlashmagan til hodisalarini sharhlash. Ikki sheva yoki 
dialektga xos xususiyatlarning shu sheva va dialektlarda qo‘llanishi hamda ulardan birining 
g‘olib kelmasligi interferensiyaning tugallanmaganligini, ya’ni bir sheva ikkinchi shevaga singib 
ketmaganligini bildiradi. Bunga o‘zbek tilidagi  ā va a,  j va ǯ hodisasining parallel qo‘llanishi 
misol bo‘la oladi. 
4) konvergensiya hodisalarini farqlash. Ma’lumki, o‘zbek tili taraqqiyotida shahar tipidagi 
shevalarda  ö ↔ o, ü ↔ u i:↔ ї: unlilari konvergensiyaga uchragan. Ular ham kartada izohlar 
bilan beriladi. 
Innovatsion markazni aniqlash. Bu tamoyil, albatta, til tarixi bilan bog‘langan. U yoki bu 
izoglossaning paydo bo‘lish nuqtasini aniqlashda til tarixi faktlariga tayaniladi. O‘zbek 
shevalarida “ǯlashish o‘rnida “j”lashish (qipchoq lahjasi shevalarida ǯaxšї o‘rnnida jaxšї
varianti paydo bo‘lmoqda hamda u tobora kengroq tarqalmoqda. Aslida, j (y, й)” undoshining 
innovatsion nuqtasi qarluq lahjasi shevalari bo‘lgan. Hozirgi singarmonizmni yo‘qotgan shevalar 
ham qadimda singarmonizmli bo‘lgan. Bunda ham innovatsiya nuqtasi sifatida qadimgi turkiy til 
qatnashadi. 
Til substratlari ta’sirini aniqlash. Umumiy tilshunoslikda til substrati degan tushuncha bor. 
Ularning muayyan tilga ta’sirini o‘rganishda quyidagilarga e’tibor qaratilishi lozim: 1) til 
substratini til strukturasining turli sathlaridan o‘rganish kerak, ya’ni tilning fonetik, leksik, 
grammatik sathlarida mavjudligini aniqlash lozim bo‘ladi; 2) til substratlarini konkret bir tilning 
uzviy (tabiiy) unsuri sifatida va uning taraqqiyoti sifatida qaralmaydigan holatda belgilash lozim 
bo‘ladi; 3) substrat sifatida qaralayotgan til hodisalari yakka va uzib olingan bo‘lmasligi, balki 
uning ko‘rsatkichlari sistem tuzilishga ega bo‘lishi kerak; 4) til substratlarini tadqiq qilishda 
toponimiya, gidronimiya ma’lumotlaridan keng foydalanish zarur. 



Ma’lumki, substrat hokim til yoki shevaning qoldiqlari bo‘lib, muayyan hududda uning 
elementlari qolgan bo‘ladi. Masalan, hozirgi Xorazm shevalarida “Avesto” tilining substratlarini 
uchratish mumkin, jumladan, Xorazm (Hvairizm), Asfandiyor (Spandudota), Bahrom (Varxram). 
O‘zbek va tojik shevalari interferensiyasi sharoitida tojik shevalariga xos xususiyatlar shu 
shevalarda saqlanib qoladi. Bu substratlar ham izohlar bilan kartalarda aks ettiriladi [Ashirboyev 
2021, 109].
Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday ta’sir natijasi bo‘lgan til hodisalarini substrat deb 
talqin qilish to‘g‘ri emas. Adabiyotlarda “ā”lashishning paydo bo‘lishi, singarmonizmning ayrim 
shevalarda amalda yo‘qligi, -ki bog‘lovchisining (yuklamasi) o‘zbek tilida saqlanib qolishi 
substrat bilan bog‘lashga moyilliklar sezilib qoladi, lekin ular qachonlardir g‘olib bo‘lgan tilning 
qoldiqlari emas, balki oʻzbek tilining tarixiy taraqqiyoti mahsulidir.
Bu metodlarning barchasi bir metodikani joriy qiladi Bu metodika obyektni kuzatish 
metodikasi deyiladi. Bu metod dialektologiyada ham, areal lingvistikada ham faol qo‘llanadi 
[Решетов, Шоабдураҳмонов 1962, 24; Велиев 1960, 86; Афлетунов 1960, 96].
Shuni ta’kidlash mumkinki, areal metodlar etnografiya va arxeologiyada ham xalqlarning 
joylashuvi va madaniyatlarning tarqalishini o‘rganishda qo‘llanadi. 

Download 5.91 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   363




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling