Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari


Tarixiy fonetikaning o‘rganilishi


Download 5.91 Mb.
Pdf ko'rish
bet9/363
Sana02.12.2023
Hajmi5.91 Mb.
#1780763
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   363
Bog'liq
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)

Tarixiy fonetikaning o‘rganilishi. O‘zbek tilining fonetik, morfologik, leksik, sintaktik 
xususiyatlari o‘tgan asrlardan o‘rganila boshlangan. O‘zbek tilining tarixiy fonetikasi bo‘yicha 
dastlabki tadqiqotlarning yuzaga kelishida A.N.Kononov [3], K.K.Yudaxin [4], S.Malov [5], 
A.N.Samoylovich [6], A.M.Shcherbak [7], A.K.Borovkov [8] kabi turkolog olimlarning 
xizmatlari katta bo‘lgan. 
Keyinchalik G‘.Abdurahmonov [9, 10], S.Ashirboyev [11], A.Rustamov [12], H.Ne’matov 
[1], Q.Mahmudov [13], Q.Sodiqov [14], E.Fozilov [15], N.Rahmonov [16]larning ishlarida 
o‘zbek tilining unli, undoshlar tizimi, taraqqiyoti, singarmonizm, urg‘u kabi masalalar turli 
davrlar adabiy yodgorliklari misolida tadqiq qilindi. 
O‘zbek tilining turli taraqqiyot davrlarida yaratilgan yozma yodgorliklar, ilmiy va badiiy 
asarlar tarixiy-fonetik tadqiqot uchun eng asosiy manba vazifasini o‘taydi, chunki har bir yozma 
yodgorlikda shu yodgorlik yaratilgan davr tili o‘z aksini topadi. Har bir yozma yodgorlikni 
atroflicha o‘rganish asosida shu yodgorlik yaratilgan davrdagi o‘zbek tilining xususiyatlari, 
jumladan, fonetik qonuniyatlarini aniqlash mumkin [1:6]. 
Unlilar taraqqiyoti. Qadimgi turkiy va eski o‘zbek tilidagi unlilar miqdorini belgilashda 
olimlar tomonidan turlicha fikrlar bildirilgan. Jumladan, K.K.Yudaxin Lutfiy, Amiriy ijodidagi 
tuyuqlar tarkibidagi shakldosh so‘zlarni tahlil qilib, chig‘atoy adabiyotining taniqli 
namoyondalari singarmonizm qonuniyati buzilgan, 6 unlili sheva vakillari bo‘lgan degan 
xulosaga keladi [4:67]. A.M.Shcherbak tuyuq janridagi shakldosh so‘zlarni turlicha talaffuzi 
orqali unlilarga baho berib bo‘lmasligini, Navoiy tuyuqlarida ara (ora) so‘zi arā (aro) so‘zlari 
bilan qofiyadosh bo‘lib kelishi vazn talabi bilan ekanligini, o‘zbek tilida ham boshqa turkiy tillarda 
bo‘lgani kabi tovushlar uyg‘unligiga amal qilinganini, shu asosda 8 ta unli mavjud bo‘lganini aytadi 
[7:66]. 
N.Rahmonov va Q.Sodiqovlar qadimgi turkiy tilda tovush qurilishining muhim 
belgilaridan biri unda unlilar hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra old va orqa qator unlilarga bo‘linishini 
aytadi: “Old qator unlillari “ingichka”, orqa qator unlilari esa yoʻgʻon talaffuz qilinadi. 
Tovushlarning hosil boʻlish jarayonidagi ayni hodisa fonologik xarakterga, ya’ni ma’no farqlash 
xususiyatiga ega: at (ot, hayvon) – ät (et, goʻsht), ot (olov) – öt (oʻt qopi)”. Yuqoridagi asosga 
ko‘ra quyidagi 8 ta unlini sanab o‘tadi: a, ä, i, ï, o, ö, u, ü [16:69]. Unlilarning yo‘g‘on-
ingichkalik xususiyatiga ega bo‘lishiga sabab sifatida singarmonizm temir qonun bo‘lgani, 
qadimgi turkiy tilning fonetik qurilishi, morfo-fonologik tizimi ana shu qonunga bo‘ysunganini 
e’tirof etadi [16:76]. G‘.Abdurahmonov, A.Rustamovlar ham qadimgi turkiy tilda 8 ta unli old 
qator-orqa qator, tor-keng, lablanish-lablanmaslik xususiyatiga ko‘ra farq qilishini aytadilar [9: 
7]. H.Ne’matov ham eski o‘zbek tilining kelib chiqish manbai bo‘lgan va qoraxoniylar davlatida 
rasmiy adabiy til vazifasini o‘tagan eski turkiy tilda 8ta unli fonema borligini qayd etgan [1:15], 
N.Abdurahmonov [17:20], B.Abdushukurov ham [18:31] 8 ta unli mavjudligini ta’kidlaydilar. 
G‘.Abdurahmonov, A.Rustamovlar Navoiy davri vokalizmi haqida gapirar ekan, bu 
davrda quyidagi 9 ta unli mavjud bo‘lganini aytadi: i, i:, e, a, Ͻ, o, ө, u, γ. Qadimgi turkiy 
tildagi i-ы fonemalari bu davrda konvergensiyaga uchrab, bir i fonemasiga aylangan bo‘lib, 
cho‘ziq a: fonemasi iste’molda bo‘lgan deyiladi [10:13-14]. Bizningcha, bu fikrga qo‘shilib 
bo‘lmaydi, chunki XV asrlarda ham singarmonizmga to‘la amal qilinganligini aksariyat 
mutaxassislar e’tirof etadi. Shunday bo‘lgach, i-ы yumshoq-qattiq unlilar Navoiy tilida ham 
qo‘llangan. To‘g‘ri, cho‘ziq-qisqa unlilar arab, fors tillarida ma’no farqlovchi alohida fonemalar 
hisoblanadi, tilimizga bu tillardan juda ko‘p so‘zlarning kirib kelishi bilan ulardagi ma’no 
farqlash vazifasi ham kirib keldi, lekin bu milliy o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan xususiyat 
hisoblanadi. Ikkinchidan, unlilar cho‘ziqligi vazn talabi asosida bo‘lganligi yuqorida aytib 


11 
o‘tildi, shuning uchun cheklangan so‘zlarda qo‘llangan cho‘ziq a:” ni alohida fonema sifatida 
e’tirof etib bo‘lmaydi. Mualliflarning o‘zlari ham “u” fonemasi cho‘ziqligi haqida gapirib, 
bunday cho‘ziqlik vazn talabi bilan ekanligini, shuning uchun bunday cho‘ziqlikni fonemalik 
xususiyatiga ega bo‘lmagan deb e’tirof etishadi: “ “u” ning tojik va arab so‘zlarida, ayniqsa, 
she’rda cho‘zib talaffuz qilinadigan varianti ham bor. Masalan, she’rda “zor”, “hur” kabi 
so‘zlardagi unlilar doim cho‘zib talaffuz qilinadi. Biroq bu unlilardagi cho‘ziqlikni fonemalik 
xususiyatiga ega bo‘lgan deyishga yetarli lingvistik asosimiz yo‘q. [10:13-16]. 
O‘zbek tilida unlilarning cho‘ziq-qisqaligi haqida H.Ne’matov shunday fikr bildiradi: “Endi 
unlilarning cho‘ziq-qisqaligi haqida ikki olim - Mahmud Koshg‘ariy va Alisher Navoiyga 
murojaat etamiz. Mahmud Koshg‘ariy turkiy so‘zlarning unli tovushlarini tavsiflab shunday 
yozadi: “Unlilarni cho‘ziq yoki qisqartirib talaffuz qilish so‘zga zarar bermaydi” . “Devon”ning 
boshqa joyida yana ham aniqroq qilib yozadi: yig‘a:ch deyish ham mumkin, yig‘ach deyish ham 
mumkin, tanu:q deyish ham, tanuq deyish ham mumkin. Lekin ismlarda ham, fe’llarda ham 
qisqartirish yaxshi va to‘g‘ridir”. Mahmud Koshg‘ariyning bu so‘zlaridan faqat bitta xulosa 
chiqarish mumkin: XI asr adabiy tilida cho‘ziq unlilar bo‘lmagan, lekin ayrim so‘zlarni cho‘ziq 
unli bilan talaffuz etish o‘sha davr shevalarida mavjud bo‘lgan; unlilarning cho‘ziq-qisqaligi 
fonologik vazifani o‘tamagan. Eski turkiy tilda “a” va “a:” ziddiyati fonologik bo‘lmaganligi 
uchun cho‘ziq-qisqalik alohida fonemalarni emas, balki fonemaning ko‘rinishlarini farqlagan. 
Alisher Navoiy eski o‘zbek tilining fonetik imkoniyatlari, she’r tuzish va qofiyalardagi 
qulayliklari haqida to‘xtalib, bu tildagi unlilarning qisqa ham, cho‘ziq ham talaffuz etilishi 
sheriyat uchun qulay ekanini ta’kidlaydi. Buyuk mutafakkir, jumladan, turkiy so‘zini ara sifatida 
talaffuz etib, forscha sara, dara so‘zlari bilan ham, ara: sifatida talaffuz etib, cho‘ziq unlili 
forscha sara:dara: so‘zlari bilan ham qofiyalash mumkinligini uqtiradi. Alisher Navoiy bergan 
ma’lumotlaridan ham qat’iy xulosa chiqarish mumkin: turkiy so‘zlarda cho‘ziq-qisqalik 
fonologik vazifa bajarmagan va unlining cho‘ziq-qisaligi vazn va qofiya bilan belgilangan. 
Shunday qilib, eski turkiy hamda eski o‘zbek tilida unlilar cho‘ziq va qisqalik bilan fonologik 
jihatdan farqlanmagan [1:26-27]. 

Download 5.91 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   363




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling