Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 194 — E-voh, bizni ham sadrlar suduri lavozimidan bekor qildilar! — deb titrab-qaltirab xabar berdi. — Sunniyparastlar meni «rofiziy» deb toshbo‘ron qilishlariga sal qoldi. Shayx Ansoriy sunniylarni bizga qarshi qo‘zg‘atib, o‘zi g‘oliblardek tantna qilmoqda! Bu ne bedodlik, janobi Bayramxon?! Sizni Akbar vakili saltanat lavozimidan olib tashlaganini Ansoriy masjidda yigirma ming namozxonga e’lon qilganda, dushmanlaringiz: «O-o! Xudoga shukur!» deb yubordilar. Shohquli mahram ham barcha imtiyozlaridan mahrum etilganligi haqida farmon oldi-yu, uni yirtib-yirtib oyoqlari bilan tepkiladi: — Mana, mana, Akbarning farmoni! Biz uning o‘zini taxtdan ag‘dargaymiz! O‘rniga boshqa temuriyzoda topilgay! Shohquli mahram Komronning o‘g‘li Abulqosimni izlay boshladi. Shunda Bayramxon Abulqosimni Akbar Dehliga olib ketganini esladi... Zimdan puxta tayyorlangan bu to‘ntarish Bayramxonni esankiratib qo‘ydi. Selday yopirilib kelayotgan o‘zgarishlarni tahlil qiladigan ahvolda emas, nuqul kuyib yonadi. Atrofidagilar esa butun aybni Akbarga to‘nkab, olovga moy sepganday isyonkor gaplar qilishadi: — Bu quturgan amirzodaning jazosini bermoq kerak! — Hajga o‘zi borsin! — Axir haj yo‘lida o‘ldirilganlar ozmi? Bayramxon barcha yaqinlariga va oila a’zolariga darhol ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Muhtasham ko‘shklarda, Hasht Bihisht bog‘ining chamanzorlari orasida davron surib yurgan mingdan ortiq odam bugun xuddi uy-joylarini suv bosayotganday shitob bilan Agradan ko‘cha boshladilar. Bayramxon Akbardan xat keltirgan Adhamxonni chaqirdi va unga o‘zining qisqagina javobini tutqazdi: «Amirzoda! Men haj yo‘lida halok bo‘lishni istamaymen. Otangiz Qandahorda ekanida inilari uni hajga jo‘natmoqchi bo‘lishganini onangiz Hamida begim yaxshi eslatsalar kerak. Siz o‘shanda beshikda edingiz. Otangiz hajga borishning o‘lim bilan tugashini bilgani uchun hatto beshikdagi yolg‘iz o‘g‘lini tashlab, Qazvinga ketgan va o‘sha yoqlarda jon saqlagan edi. Uni hajga quvmoqchi bo‘lganlar — oxir-oqibatda o‘z qilmishlarining jazosini olganlari sizga ma’lum. Bu achchiq saboqni unutib bo‘lmagay. Men sizga mehrimni berdim, farzandimdan ziyod ko‘rdim. Oqibat shu bo‘ldimi?» Bayramxon xatining oxiriga alamli bir ruboiysini ilova qildi: «Avval meni xizmatingga mahram qiding, Bazming aro hamzabonu hamdam qilding, Oxir yana iltifotni kam qilding Rasvoyi tamomi ahli olam qilding». * * * Adhamxon ko‘ka bu javobni dehliga yetkazib borganda Bayramxon Jamna va Ganga oralig‘idagi duoba* yo‘llari bilan Laxo‘rga qarab ketmoqda edi. Uning odamlari: — Siz Laxo‘rga kirishingiz bilan Laxo‘rning bek-u navkarlari Akbarga qarshi bosh ko‘tarurlar! — deb ishontirgan edilar. Savr oyining isiq kunlarida salkam oltmish yoshli Bayramxon har kuni otda ellik mildan* yo‘l bosib, to‘rt kunda Sirhindga yaqinlashdi. Bu orada Akbar va Pirmuhammad atkalar Dehlidan yo‘lga chiqishgan ekan. Laxo‘rga Dehli yaqinroq bo‘lgani uchun ular Sirhindga oldinroq yetishgan va Laxo‘rning yo‘lini Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 195 to‘sishga ulgurishgan edi. Bhiradan Shamsiddin atka odami bilan Akbarga kelib qo‘shildi. Sharqdagi Kalpidan kelgan Aliqulixon janubdagi Malvadan chaqirilgan Bahodirxonlar ham Akbar tomoniga o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Bayramxon yakkalanib qoldi. «Panjobda hamma bizga qo‘shilib isyon qilgay!» degan karomatlar yolg‘on chiqdi. To‘rt kun qattiq issiqda shosha-pisha yo‘l yurishdan xotinlar va bolalar urinib, kasallanib qolishdi. Bundan narida xavf-xatar behisob. Shuning uchun Bayramxon Salima begimni, Noziya bibini, to‘rt yashar Abdurahim va boshqa bola-chaqalarini Sirhindda qoldirdi-da, o‘zi mingdan ortiq sodiq kishilari bilan janubi sharqdagi Bikanirga yo‘l oldi. Orqadan Akbarning to‘rt sarkardasi birlashib, Bayramxonnikidan uch barobar katta qo‘shin bilan ta’qib etib kelmoqda. Shu orada choparlar Bayramxonga Akbarning yana bir maktubini keltirib berishdi. «Bizning saroyimiz ham, dilimiz ham siz uchun hamon ochiq, — deb boshlanardi Akbarning maktubi.— Siz zamonaning eng buyuk donishmand siymosi bo‘lganingiz uchun biz sizni xonbobo deb ulug‘lar edik. O‘sha ehtiromimiz hali ham yo‘qolgan emas. Kuchlar nisbatini ko‘rib turibsiz. Agar siz yengilsangiz, men uchun ham bu qora kun bo‘lg‘ay. Chunki ota-boladay odamlarning bir-biri bilan jang qilib, qon to‘kishini xudo ham kechrimagay, tarix ham. Ochiq aytay: men siz bilan urushishni istamaymen. Birinchi bo‘lib o‘q otmaslik haqida farmon berganmen. Sizdan iltimos, adovat yo‘lidan qayting. Bir vaqtlar mening hazrat otamni inilari bilan yarashtirgan paytlaringizni eslang. Og‘a-ini adovatiga astoydil qarshi turgan mas’ud damlaringizni menga so‘zlab berganlaringiz yodimda turibdir. Hajga borgingiz kelmasa saroyga qayting, biz sizni eng yuksak e’zoz bilan kutib olgaymiz, barcha unvonlaringizni tiklagaymiz». Bu maktub ta’sirida Bayramxonning Akbar bilan ota-boladay yaqin bo‘lgan paytlardagi iliq tuyg‘ulari uyg‘ondi. «O‘zim elchi bo‘lib, o‘rinsiz adovatlarni bartaraf qilib yurgan edim-ku, endi menga ne bo‘ldi?» deb dilidagi kuduratni bosishga urindi. Ammo bek-u a’yonlarini mashvaratga chaqirib, ularning fikrlarini eshitgan sari yana avzoyi o‘zgara boshldai. — Biz taslim bo‘lsak, Pirmuhammad atka qasos olmaguncha tinchimagay! — dedi Valibek. — Akbarga bildirmay o‘ldirib yuborish iliklaridan kelmagaymi? Shayx Gadoyi so‘z oldi: — Bu maktubni ham Pirmuhammadga o‘xshagan ayyor tulkilar yozgan! «Adovat yo‘lidan qayting» emish. «tarix ham, xudo ham kechirmagay» emish! Yosh yigit otasidan katta Bayramxonga bundoq aql o‘rgatgani kulgili emasmi? Yaqin odamlarining bu gaplari ham Bayramxonga asosli tuyuldi. Akbar o‘zi Hisor Feruz degan joyda turgani ma’lum. U Bayramxon bilan urushishni o‘ziga ep ko‘rmayotgani rost bo‘lishi mumkin. Lekin hozir Akbarning qo‘shiniga Pirmuhammad atka boshchilik qilmoqda. Bayramxon Akbarga yozgan javobida: «Siz menga qarshi turgan to‘g‘onlarni ochib yubordingiz, endi bu toshqinni o‘zingiz ham idora etolmagaysiz! — dedi. — Men Pirmuhammad atka kabilarga taslim bo‘lib, xor-zorlikda o‘lgandan ko‘ra jang maydonida mardona halok bo‘lishni afzal ko‘rgaymen». Akbar bu javobni olgandan so‘ng, oldingi safga Pirmuhammadni emas, Shamsiddin atkani qo‘ydi va «iloji boricha urushmang!» deb farmon berdi. Pxilaur degan joyda Shohquli mahram boshliq qizilboshlar Shamsiddin atkaning qo‘shiniga to‘satdan hujum qildi. Shamsiddin atka Akbarning buyrug‘iga bo‘ysunib, o‘q otmadi va chekindi. Ammo «yog‘iy mag‘lub bo‘lib chekindi» deb ruhi ko‘tarilgan Shohquli mahram hujumni yanada kuchaytirdi. Gunakur degan joyda Shamsiddin atkaga Pirmuhammad va Aliqulixonlar o‘z qo‘shinlari bilan yordamga yetib keldilar. Ular Shohqulibekni uch tomondan qurshab olib, qilich bilan chopib tashladilar. Bayramxon boshqa sodiq kishilarini qutqarish uchun yov otliqlariga qarshi ellikta mast filni jangga soldi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 196 Biroq bu fillarni minib borayotgan filbonlar orasida keksa La’l Chandning tarbiyasini olgan, uning o‘g‘li Bhishanga do‘st bo‘lgan, shu tufayli Akbarga zimdan yon bosadigan hind mahavatlari bor edi. Ular mast fillarning yo‘l tanlamasdan botqoqlik orqali hujumga borayotganini sezsalar ham, o‘zlarini sezmaganga soldilar. Oldingi fillar botqoqqa botib yurolmay qoldilar. Orqadagilari boshqa yoqqa burilib, to botqoqlikni aylanib o‘tgunlaricha Pirmuhammad atka va Aliqulixonlar Valibekni ham, Bayramxonning boshqa yuzlab bek-u navkarlarini ham qirib tashladilar. Bayramxon qolgan qutgan ozgina odami bilan tog‘ tomonga chekindi va qoyatosh ustiga qurilgan Tilvor qal’asiga kirib, uning darvozasini bekittirdi. Qasoskor Pirmuhammad atka qal’ani uch ming qo‘shin bilan o‘rab oldi. Agrada boshlangan suv toshqini go‘yo shu tog‘largacha ko‘tarilib kelganday bo‘ldi. Qal’a nochor, zahira yo‘q, Bayramxonning elliktagina odami qolgan. Pirmuhammad atka boshliq qo‘shin bu qal’aga selday yopirilib kirishi va Bayramxonni halok etishi yoki asir olib, qo‘lini orqasiga bog‘lab chiqishi muqarrar edi... Bu dahshali toshqinni boshlagan Akbar uni chindan idora etolmay qoldi-yu, uzoqdan turib, Bayramxonga yana yordam qo‘lini cho‘zdi. Oq bayroq ko‘targan elchi Akbarning qisqagina maktubini qal’aga olib kirib, Bayramxonga topshirdi. Xatning boshidagi: «Xonbobo! — so‘zi Bayramxonga mas’ud kunlarini eslatib, vujudiga nurli bir harorat berganday bo‘ldi.— Ishoning, xonadonimizga qilgan avvalgi yaxshiliklaringizni men keyingi dilsiyohliklarning barchasidan baland qo‘ygaymen. Sizning qoningizga tashna qasoskorlar borligi rost. Menga imkon bering, sizni ularning tajovuzidan qutqaray. Ne shartingiz bo‘lsa, ayting, faqat endi adovatni bas qilaylik, boshqa qon to‘kilmasin. Bu farmon emas, balki iltimos!» Bayramxon Akbar cho‘zayotgan qo‘lni bu gal qaytarolmadi. Akbar uni faqat vaqtincha qutqarishi va himoya qilib turishi mumkin, Bayramxon buni bilardi. Ammo lashkarboshi bo‘lib olgan Pirmuhammad atka Bayramxonni yo‘q qilmaguncha tinchimasligi aniq edi. Javob xatida Bayramxon Akbarga faqat bittagina iltimosini aytdi: «Pirmuhammad atka mendan iloji boricha uzoqda yursin. Munimxon, xolisroq odam kelib meni huzuringizga olib borsa, qaytishga rozimen». Oradan ikki kun o‘tgach, Tilvor qal’asini qamal qilib yotgan qo‘shin Akbarning farmoni bilan Agraga qaytarildi. Oltmish yashar nuroniy mo‘ysafid Munimxon Bayramxonni Tilvordan olib chiqqanda suv toshqini go‘yo bosilgan, hammayoq tinchib qolgan edi. ______________ * D u o b a — ikki suv oralig‘i. * E l l i k m i l — sakson kilometrga yaqin. * * * Bir vaqtlar Humoyunning Komron bilan yarashgan paytini ko‘rgan Akbar, saroyga Bayramxon qaytadigan paytda oyoq tagiga chiroyli poyandoz to‘shatdi. Bayramxon shu poyandoz oldiga kelib otdan tushdi-yu, Akbarning taxti qo‘yilgan joygacha yuz qadam masofani qirmizi poyandoz ustidan yurib bordi. Akbarga yaqinlashganda bir tizzasini yerga qo‘yib yukunmoqchi bo‘ldi. Shunda Akbar unga peshvoz chiqib, qo‘lidan oldi-da, o‘rnidan turg‘azdi, unga quchoq ochib: — Xonbobo! — dedi. Bu qadar iliq munosabatni kutmagan Bayramxon Akbarni bag‘riga olib, yuzini uning yelkasiga bosdida, yig‘lab yubordi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 197 — Amirzodam!.. O‘sha ming otliq arava.. meni olib qochib ketgan ekan... Keyin bildim... — O‘tgan ishga salavot! — dedi Akbar va atroflarini o‘rab turgan bek-u a’yonlariga yuzlandi. — Janoblar, bugundan e’tiboran otalig‘imizning xoni xonon unvonlari qayta tiklandi. Hammangiz xoni xonon janoblarini bizning ma’naviy otamiz o‘rnida ko‘rib, munosib ravishda e’zozlagaysizlar! Ertasi kuni shu ma’noda maxsus farmon yozilib, barcha viloyatlarga yuborildi. So‘zda Bayramxonning avvalgi mavqeyi tiklandi. Lekin amalda Bayramxonning raqiblari Akbarning pinjiga kirib olishgan. Mavqeyi baland Pirmuhammad atka Bayramxon bilan yakkama-yakka duch kelib qolsa achchiq kinoyalar qiladi: — Xoni xonon janoblari bizni bir piyola suv kabi chimchiloqlari bilan to‘kib-sochib yubormoqchi edilar... Lekin taqdir ekan, aksi bo‘ldi!.. Bayramxonni hokimiyat hovliqtirgan paytida chindan katta ketib aytgan gaplari endi uni o‘sal qiladi-yu, atkaning bu kinoyalariga daf’atan, javob topolmaydi. Ammo uyga qaytganda, dardini qog‘ozga to‘kib she’r yozadi: Bayramxonga base g‘ariblik kor etdi, G‘urbat ani xor-u zor-u bemor etdi. Yo rabki, balolarga giriftor o‘lsun Har kimki ani g‘amga giriftor etdi. Dushmanlari saroyda yana uning ustidan kulmoqchi bo‘lganlarida Bayramxon shu o‘tkir satrlarni ularga go‘yo nayza qilib otdi. she’riy nayza Bayramxonni xor-u zor qilib alamdan chiqayotgan Pirmuhammad atkaning qulog‘iga yetganda uning joni chiqib ketdi: — Bu — qarg‘ish-ku! — dedi atka va she’rni yaxshilab ko‘chirtirdi-da, Mohim enagaga eltib ko‘rsatdi: — Qarang, biz Bayramxonni amalidan tushirganimiz uchun hammamizni «balolarga giriftor bo‘linglar!» deb qarg‘abdir! — Faqat bizni emas, podshohni ham qarg‘agan! — dedi Mohim. — Axir Bayramxonni hokimiyat tepasidan ag‘darib g‘amgin qilgan eng ulkan odam Akbarshoh emasmilar?! — Naqadar donosiz, Mohim! Podshohimizni bu she’rdan o‘zingiz ogoh qiling, otalig‘ining chayonday chaqishini bilib qo‘ysinlar! Mohim enaga hozir Akbarning eng ishongan kishisi bo‘lib qolgan edi. Bayramxonning she’ri saroyda qanaqa gap-so‘zlarga sabab bo‘layotganini Akbarga aytib berdi: — Bayramxonga shuncha yaxshilik qilsangiz ham, qarg‘ishini qo‘ymaydilar! Ilohim siz-u bizga tilagan balolari o‘ziga ursin! Akbar Mohim enagaga bolaligidan ishonib o‘rgangan. Enaganing shu izohi ta’sirida Bayramxonning she’ri unga ham qarg‘ishday tuyuldi. Otalig‘i o‘zining boshiga o‘zi kulfat keltirganini nega o‘ylamaydi? Agar uyida Salima begim ham Bayramxonni g‘amga giriftor qilayotgan bo‘lsa, buni nega o‘zidan ko‘rmay, boshqalarga yomonlik tilaydi? Shu gaplar ta’sirida Akbar bilan Bayramxonning orasiga yana sovuqlik tushdi. Bayramxonni hajga jo‘natish haqidagi gap qayta qo‘zg‘aldi. Akbar bu gapga na «ha», na «yo‘q» demas, lekin uning sukuti — rizolik alomati ekanini ko‘pchilik sezadi. Bayramxon fisq-u fasodga to‘lgan saroydan ketmasa bo‘lmasligini sezdi-yu, odamlariga ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Jo‘nashiga bir kun qolganda Akbarning xonayi xosiga kirdi. Akbar uning g‘amgin va kasalmand yuziga qarab o‘ng‘aysizlandi. — Nahotki bizni butunlay tark etmoqchi bo‘lsangiz? Axir biz... sizning ko‘magingizdan... yaxshi maslahatingizdan umidvor edik. — Maslahatgo‘ylaringiz yetarli, amirzodam. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 198 — Ammo bu hokimiyat... siz aytgan ming otliq arava... Meni shoshirib qo‘ymoqda!.. Uni olishdan ham boshqarish mushkul ekan... Akbar endi yoshlikdagidek samimiy gapirgani uchun Bayramxon ham unga iliq javob berdi: — Ota-bobolaringizga umr bo‘yi azob bergan bu arava hali sizning boshingizga ham ko‘p kulfatlarini solsa kerak. Maslahat shulki, tizginlarni mendan tortib oldingiz, endi boshqalarga bermang. Mendek odamni hovliqtirgan hokimiyat Mohim enagadek ayol kishini yoki Adhamxondek yigitchani xato yo‘llarga olib kirib ketishi hech gap emas. Aravani haydaydigan odam uning ustida o‘ltirsa ham, «aravakash», ya’ni aravani tortib boruvchi hisoblanadur. Kecha-yu kunduz shu ming g‘ildirakli aravani o‘zingiz tortib bora- yotgandek mehnat qilmasangiz murodga yetolmagaysiz. Hamma ishda tanaffus bo‘lmog‘i mumkin, ammo hokimiyat aravasi kecha-yu kunduz tinimsiz yurgay, sal bexabar qolsangiz manfaatparastlar uni boshqa tomonga burib ketgaylar yoki tashqi g‘animlar g‘aflat paytida kelib tortib olgaylar. Akbar Bayramxonning so‘zlarida katta bir haqiqat borligini dil-dilidan sezib, og‘ir tin oldi: — Bu so‘zlaringizni ham, menga qilgan barcha yaxshiliklaringizni ham unutmagaymeng, xonbobo. Mendan ne talabingiz bor, buyuring, bajonidil ado etay! Bayramxon boshini solintirib bir lahza jim qoldi. Akbarning dil yorib gapirgani unga ham eng yashirin dardini aytish imkonini berdi: — Siz yosh bo‘lsangiz ham, hozir menga sirdoshsiz. Yoshlikda bergan ko‘ngil unutilmas bir balo bo‘lur ekan. Keksayganimda yoshlik olovini dilimda qaytadan yondirmoqchi bo‘ldim. Lekin bu mumkin emas ekan... O‘zimni ham, Salima begimni ham behuda azoblarga qo‘yganimni keyinroq fahmladim. Noziya bibi — o‘g‘lim Abdurahimning onasi... Menga mehri yaxshi... Uni birga olib ketgaymen. Salima begim Agrada qolgay... Mening dushmanlarim naqadar ko‘pligi sizga ma’lum. Agar kunim bitsa... umidim borki, Salima begimni siz himoyasiz qoldirmassiz... Bo‘g‘iq tovush bilan vasiyatga o‘xshatib aytilgan bu so‘zlardan Akbarning eti jimirlab ketdi: — Xonbobo, sizni tangrim o‘zi asrasin! Men sizga keragicha qo‘riqchilar bergaymen, safaringiz bexatar bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘rgaymiz. Ammo albatta qaytib keling, biz sizni kutgaymiz! Bayramxon bosh chayqadi: — Endi qaytolmasam kerak! Endi qolgan umrimni shoir bo‘lib o‘tkazmoqchimen. Men turkman elidanmen. Shu elga qaytsam, zora eldoshlarim meni o‘zlarining shoirlari deb qabul qilsalar... endi... alvido! Ular ma’yus vidolashdilar. * * * Bir vaqtlar Zarafshon bog‘ida bog‘bon bo‘lgan Muborizxon (avvalgi Afzalbek) Akbar va Pirmuhammadning gaplarini Bayramxonga yetkazib yurib uning yaqin odamiga aylangan edi. Biroq Bayramxon yengilib, Akbarga eng yaqin odam — Adhamxon va uning onasi Mohim enaga bo‘lib qolganini ko‘rgan Muborizxon, hamon Bayramxonning xizmatida yurgan bo‘lsa ham, endi uning ichki sirlarini Adhamxonga yetkazib turdi va uning sodiq xufiyasiga aylandi. Adhamxon kelajakda Bayramxon kabi vakili saltanat bo‘lish orzusida edi. Buning uchun avval Bayramxonni, undan so‘ng Munimxonni yo‘q qilish fikriga tushgan. Muborizxon shu rejalarni amalga oshirishda unga astoydil xizmat qilsa Adhamxon uni haligacha Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 199 ushalmay kelayotgan orzulariga yetkazishi, katta amal va mulk in’om etishi mumkin. Muborizxon Bayramxonning eng ishonchli xizmatkorlari qatorida safarga birga chiqdi. Adhamxon unga Ahmadoboddan naridagi Patan shahrining kutvali Musaxon Pulodiy bilan yashirin aloqa bog‘lashni buyurdi. Patan Gujarat podshosiga qarar, bu yerda Akbarning hukmi o‘tmas edi. Adhamning oshnasi Musaxon esa Agrada Bayramxon bilan chiqisholmay, poraxo‘rlikda ayblanib, to‘rt yil burun Patanga ketib qolgan, ammo Adhamxon bilan haligacha maktub yozishib turar edi. Endi Adhamxon bilan Pirmu- hammad atka Bayramxonni Patanda o‘ldirish rejasini shu Musaxon bilan til biriktirib tuzdilar. Muborizxon ikki orada maxfiy vositachi vazifasini o‘tadi. Rejani bevosita amalga oshiradigan qotillar — bundan besh yil oldin Sirhinddagi jangda buyruqni bajarmagani uchun Bayramxon tomonidan qatl ettirilgan Muzaffar Lohanining qarindoshlari orasidan tanlandi. Bayramxon hajga boradigan mo‘ysafidlar kabi oq so‘f* rido kiygan, qurol-yarog‘i yo‘q. Uning shuhrati butun Hindistonga tarqagan, Ajmir va Ahmadobod orqali Patangacha bo‘lgan bir oylik yo‘l davomida Bayramxonni yaqindan bir ko‘rishga, uning ikki og‘iz so‘zini yoki biron bayt she’rini eshitishga ishtiyoqmand odamlar to‘da-to‘da bo‘lib atrofini o‘rab olishar edi. To‘planganlar orasida, albatta, uning boshiga tushgan kulfatlar va mag‘lubiyatlarni ham eshitgan, «hokimiyatdan quvilgan katta amaldorning ahvolini bir ko‘rib qo‘yaylik!» deb sovuq sinchkovlik bilan tikiladigan noxayrixohlar ham yo‘q emas. Bayramxon ayniqsa shularni yomon ko‘rardi. U shon-shuhratning og‘ir yukidan ham bezgan, iloji bo‘ganda yolg‘iz sayr qilgisi, yangi she’rlar va dostonlar haqida o‘y surgisi kelardi. Patan kutvali Musaxon Po‘lodiy eski xafagarchiliklarni unutganday bo‘lib, Bayramxonni go‘yo iliq qarshi oldi, unga shahar chetidagi ko‘kalamzor va xilvat o‘rmonzorlarni ko‘rsatdi. Shimoliy o‘lkalarda qish chillasi boshlangan bo‘lsa ham, Patanda havo xuddi ko‘klam paytidagidek, so‘lim, g‘arb tomonda uncha uzoq bo‘lmagan dengizdan sarin shabada esib turardi. Bayramxon mana shu gashtli havoda o‘rmon ichida yolg‘iz sayr qilishga chiqdi. Jamol va boshqa qo‘riqchi yigitlariga javob berib yubordi. Bayramxonning yonida faqat «sadoqatli» Muborizxon qoldi. U esa Muzaffar Lohanining o‘g‘li Muborak bilan yashiriqcha uchrashib til biriktirib qo‘ygan edi. Serbarg jamn* va amalbed* daraxtlari orasidan yigirma-o‘ttizta odam chiqib kela boshlaganda Bayramxon: «Sinchkov tomoshabinlar shu yerda ham tinch qo‘yishmaydi- ya!» — deb xiyol ranjidi. Ammo atrofini o‘rab kelayotgan odamlarning vajohati qo‘rqinchli ekanini ko‘rib seskanib ketdi. — Muborizxon! — deb hamrohini chaqirdi. Biroq Muborizxon uni xundor dushmanlariga tutib berib, o‘zi allaqachon g‘oyib bo‘lgan edi. Bayramxon yigitlardan birining qo‘lida sovuq yiltiragan ikki uchli xanjarni ko‘rdi. «Jamudxar» deb ataladigan bu dahshatli xanjarning sopi qaychinikiga o‘xshar, ikki uchi badanga sanchilgach, har ikki dastasi barmoqlar bilan qisilar va a’zolarni qaychiday qirqib, qiymalab, odamni til torttirmay o‘ldirardi. Bayramxonning sarosimali xayolida Panipatdagi chodirda o‘ldirilgan Turdibek gavdalandi. Uning ham biqiniga mana shunaqa ikki tig‘li xanjar sanchilganda, bechora ko‘zlari kosasidan chiqqudek qiynalib, ingrab jon bergan edi. Ammo hozir ikki uchli jamudxar baland bo‘yli mo‘ylovdor afg‘on yigiti Muborak Loxanining qo‘lida edi. — Mening otamni sen Sirhindda qilich bilan chopdirgan eding, qotil! — deb Muborak jamudxar tutgan qo‘lini baland ko‘tardi. — Endi qasos qaytgay! Bayramxonning nazarida, ikki tig‘ uning ikki ko‘ziga sanchiladigandek ko‘rindi. Bayramxon qo‘llari bilan yuzini to‘sdi-da, ketiga tisarildi. Orqadan bostirib kelgan yigitlar Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 200 uni Muborak tomonga qattiq itarib yubordilar. Bayramxon chirpirak bo‘lib uchib, Muborakka yelkasi bilan urildi. Shu payt ikki tig‘li xanjar uning ikki kuragi ostiga g‘archillab sanchildi... Qon to‘kib quturgan qotillar Bayramxonning xotini bilan bolasini ham o‘ldirmoqchi va bor-budini talamoqchi bo‘ldilar. Lekin Jamol boshliq turkman yigitlari Noziya bibi bilan Abdurahimni Patandan sog‘-salomat olib chiqib ketdilar. Bayramxonni qonga belangan kiyimi bilan sallasiga o‘rab Patanda shahidlardek dafn etdilar*. Otasidan ayrilib Agraga yig‘lab qaytgan Abdurahimni Akbar qo‘liga ko‘tarib, bag‘riga bosdi: — Mendan ham xatolik o‘tdi, otalig‘imni hajga yubormasam bo‘lardi!.. Endi otangga uzolmagan qarzlarimni senga uzgaymen, Abdurahimjon! Akbar bugungi bosh vazir Munimxonga buyurdi: — Maxsus farmon yozdiring: Abdurahimni men farzandlikka olurmen. Podshoh o‘g‘liga qanday kiyim-u taom, qancha xizmatkor-u ulufa lozim bo‘lsa hammasi tayin etilsin. Hali Akbarning o‘zi farzand ko‘rmagan o‘n to‘qqiz yoshli yigit bo‘lgani uchun u Abdurahimni farzandlikka olgani ba’zilarga erish ko‘rindi. Lekin uning eng yaqin ko‘kaldoshi Azizxon Abdurahimga bek atka qilib tayin etildi. Gulafshon bog‘i soqchi va xizmatkorlari bilan Abdurahimning ixtiyoriga berildi. Agraning eng fozil odamlari Abdurahimni shahzodalarday tarbiyalab parvarish qila boshladilar. Bayramxonga aza tutib qora kiygan uch xotinidan biri Salima begim bo‘ldi. Akbar otalig‘ining Agradagi uyiga fotihaga borganda ichkari hovliga kirib Salima begimdan ko‘ngil so‘radi. Hamida begim Salimaning oldida o‘tirgan ekan. Yosh beva yum-yum yig‘lab dedi: — U kishi o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasdimi? Koshki bizda ham sati* odati joiz bo‘lsa, men ham o‘sha olovda kuyib kul bo‘lganim yaxshi edi! Endi o‘n sakkiz yoshga kirgan juvonning bunchalik kuyinishi Hamida begimni taajjubga soldi: — Voy, Salimajon, sizga ne bo‘ldi? Hali gulday yoshligingiz turibdir... — Ochilmay so‘lgan gul endi kimga kerak, hazrat begim?! Baxtim qora bo‘lmasa shu kunlar boshimga tusharmidi?! Akbar Salimaning nega bunday deyayotganini tushunib turardi. U endi o‘zini Akbarga nomunosib sezib shunchalik kuyunmoqda edi. Lekin Akbarga u hali ham avvalgiday go‘zal ko‘rinar, uning dardini Akbar dil-dilidan sezgani sari ko‘ngli buzilib, tomog‘iga yosh tiqilib kelardi. — Salima, — deb Akbar ovozi olinib gapirdi, — men sizni o‘shanda himoya qila olmadim... O‘zimni haligacha gunohkor sezurmen... Vaqti kelgay, bu gunohimni albatta yuvgaymen.. Tuprog‘imiz bir joydan olingan, toleimiz ham bir bo‘lg‘ay!.. Bu gaplar Salima begimga tasalli berdi, ammo Hamida begimni o‘ylantirib qo‘ydi. Nahotki Akbar shu bevani olmoqchi bo‘lsa? Bayramxonning yigirmasi, qirqi va boshqa marosimlari o‘tgach, Salima azadorlik kiyimlarini yechdi. U Hasht Bihisht bog‘ida kuzgi gullar qiyg‘os ochilgan paytlarda bodom gulli qabo kiyib yurganini Akbar ko‘rdi-yu, onasining oldiga bordi. Tomoq qirib, iymanib gap boshladi: — Bir vaqtlar Salimani kelin qilish orzusida edingiz, onajon... Hamida begim afsus bilan: — Nasib qilmagan ekan-da, — dedi. Akbar hozir otasidan ham durkun va ko‘hli yigit bo‘lgan. Salima begim Bayramxonga uzatilgan yillari Hamida begim o‘g‘liga marhum Hindol mirzoning qizi Ruqiya begimni olib bergan edi. Lekin Akbar unga ko‘ngilsiz, uch yildan beri farzand ham ko‘rishmadi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling