Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet32/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
208
— Hovliga sig‘dirib bo‘lmas, — dedi Mohim enaga. — Qal’ada o‘tkazsak-chi, hazrat 
begim? 
Hamida begim Akbarni Salimaga uylntirganda katta to‘y qilolmagan edi. Endi podsho 
saroyi joylashgan qal’ada Mohim enaga shunday katta to‘y berishi Akbarning obro‘si 
uchun yaxshi bo‘larmikin? 
— Bu to‘y ham o‘zimizniki, — dedi Akbar. — Qal’ada qilsak, faqat bek-u a’yonlarni emas, 
eng obro‘li hind rojalarini ham taklif etgaymiz. Umarqutga ham taklif yuborgaymiz. Balki 
roja Virsal Prasad ham yetib kelgay. Rupa enaga tirik bo‘lsa uni ham shu to‘yga aytib 
keltirgaymiz. 
— Koshki edi! — deb Hamida begim Akbarning niyatini endi astoydil ma’qulladi. 
Umarqutga boradigan choparga taklifnomani begimning o‘zi yozdi. 
Akbarning maqsadi — Mohim enaganing to‘y harakatlarini ham xayrli tomonga burish va 
mamlakatning muslim-u hind aholisini bir-biriga yaqinlashtirish edi. 
Akbar Munimxonga buyurib, Dehli, Agra, Jaypur va boshqa yaqin viloyatlardagi nufuzli 
rojalar va raylarni saroyga chaqirdi-yu, hindlar bilan hamkorlik qilish, madaniyat, 
obodonchilik ishlarida hamjihat bo‘lish borasida mashvarat o‘tkazdi. U yig‘ilganlarga 
otasi uchun qurilayotgan maqbarada, Agra qal’asini qayta tiklash va kengaytirishda hind 
hunarpeshalari, me’morlari, korgarlari muslimlar bilan qanday inoq ishlayotganlarini 
aytib berdi. 
— Ishda hamkor bo‘lganimiz kabi, to‘ylarni ham birga o‘tkazmog‘imiz kerak, — dedi. — 
Men muhtarama Mohim enaga nomidan bizga xayrixoh barcha sohib-ixtiyor roja-raylarni 
to‘yga taklif qilurmen. Hozir dargohimizda onalar-u enagalarning mavqelari baland, biz 
ularga farzandlarcha oqibat ko‘rsatish harakatidamiz. Shuning uchun sohib roja-roylar 
to‘yga ahli ayollari bilan kelsalar biz ularni o‘z opa-singillarimiz qatorida ehtirom 
qilgaymiz. 
* * * 
 
To‘y arafasida Umarqutdan Rupa enaga va uning tog‘asi Virsal Prasad uch filga sovg‘a 
yuklab kelayotganlari ma’lum bo‘ldi. Izlab yurgan odamlari topilganidan benihoya 
suyungan Hamida begim mehmonlarga peshvoz chiqishni Akbardan iltimos qildi. 
Akbarning buyrug‘i bilan eng salobatli fillardan o‘ntasi gulshodalar va zarbof yopinchiqlar 
bilan bezatildi. Ularning yelkalariga mahdianbar* deb ataladigan va mo‘tabar ayollar 
o‘ltiradigan hashamatli shiyponsimon kajavalar o‘rnatildi. Mahdianbarlarning biriga 
Hamida begim, ikkinchisiga Mohim enaga, yana boshqalariga Jajji enaga bilan Hakima 
enagalar chiqib o‘ltirishdi. Akbarning o‘zi oldingi filda xuddi yurib borayotgan taxtga 
o‘xshash oltin mahmilda o‘ltiribdi. Pirmuhammad atka boshliq mulozimlar va yuzga 
yaqin qo‘riqchi navkarlar fillarning yon-verida otliq kelmoqda. 
Shahar chetida tantana bilan kutib olingan Rupa enaga va Virsal Prasad Akbarni Hamida 
begim yordamida zo‘rg‘a tanidilar. Chunki uni bir oylik chaqaloqlik paytidan beri 
ko‘rmagan edilar. Lekin yigirma yildan beri ko‘rishmagan onalar va enagalar bir-birlari 
bilan yig‘lab ko‘rishdilar. 
Virsal Prasad oltmishdan oshib, uzun mo‘ylovi oppoq oqargan mo‘ysafidga aylangan edi.  
Akbar cho‘g‘day yasatilgan fillardan biriga Virsal Prasadni mindirdi. O‘zi va onasi oldingi 
fillarga chiqdilar. Boshqa enagalar ham tantanali fillar karvonida aziz mehmonlarni 
shahar bo‘ylab olib o‘tdi-lar-u Puran qal’aning to‘ridagi eng yaxshi bir ko‘shkka 
joylashtirdilar. 
Akbar saroyida «atka xayl»* deb ataladigan juda e’tiborli bir toifa borligi ko‘pchilikka 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
209
ma’lum edi. Bu guruhga enagalar, bir onani emgan ko‘kaldoshlar va ularning otalari — 
atkalar kirar edi. Endi mana shu imtiyozli «atka-xaylga» Rupa enaga bilan Virsal Prasad 
ham tantanali suratda kiritilgani Dehli va uning atrofida duv-duv gap bo‘lib tarqaldi. 
Chunki musulmon podshosi Akbarning g‘ayridin hind enagasi ham borligi ko‘pchilik 
uchun favqulodda bir yangilik edi. Mutaassib shayxlar Akbarning hind enagaga 
ko‘rsatgan ehtiromlarini qoralashib, chekka-chekkada sasib: «Podshomiz kufr yo‘liga 
kirdi, buning kasofati yomon bo‘lgay!» degan karomatlarni qilishar edi. 
Ammo Salim otaga o‘xshagan xalq vakillari bu xushxabarni bir-birlariga quvonib 
yetkazdilar. Shu favqulodda hodisa tufayli Mohim enaga qilayotgan to‘yning obro‘si yana 
ham oshib ketdi, unga taklif qilingan bek-u amirlardan tashqari, Dehli va uning 
atrofidagi viloyatlarning roja va raylari to‘yga ahli ayollarini ham olib kela boshladilar. 
Bir hafta davom etgan bu to‘y kunlarida butun Dehli karnay-surnay tovushiga, kuy va 
ashulalar jarangiga, yasan-tusan odamlarga, rang-barang bezaklar va gulshodalarga 
to‘lib ketdi. Jamna bo‘yidagi ochiq saylgohlarda raqqosalar, morbozlar, ko‘zboylog‘ich 
sehrgarlar, dorbozlar, lo‘lilar ertadan-kechgacha tomosha ko‘rsatardilar. To‘yga kelgan 
eng nufuzli amirlar, roja va raylarni Puran qal’ada Mohim enaga bilan Akbarning o‘zi 
kutib olmoqda edi. 
Hamida begim to‘yga kelgan ko‘hlik qizlar orasidan Akbarga munosib kelin tanlamoqda 
edi. To‘yning uchinchi kuni Sanganirdan kelgan bir qiz odamning hushini oladigan 
darajada go‘zal ekanligi og‘izdan-og‘izga o‘tib, Hamida begim bilan Akbarning qulog‘iga 
yetib bordi. Akbar bu qizni ko‘pchilikning orasida ko‘rganda xuddi oddiy marjonlar 
orasida turgan olmos donasini uchratganday yuragi «jig‘» etdi. Qizni boshqalardan 
ajratib turgan farq — faqat yuzining go‘zalligida emas, balki yulduzining issiqligida
kishini darhol o‘ziga tortadigan alohida ohanrabosi borligida edi. O‘g‘lining bu qizga 
nazari tushganini sezgan Hamida begim Mohim enagaga shipshidi: 
— Sanganirlik qizni xonayi xosga boshlab keling. 
Bu go‘zal qiz to‘yga qirq yoshlardagi katta akasi — mardona qiyofali, xushmo‘ylov, 
novcha Bhagvan Das bilan kelgan edi. To‘yboshi ularni podshoning xonayi xosiga 
boshlab kirdi. 
Xona to‘ridan Akbar bilan Hamida begim ularga peshvoz chiqdilar. Aka-singil kaftlarini 
juftlab boshlari ustiga qo‘ygan holda ularga ta’zim qildilar. Mohim enaga avval Bhagvan 
Dasni tanishtirdi: 
— Roja Bhari Malning katta o‘g‘li... 
Akbar hindchalab qizning otini so‘radi. Akbarning til bilishidan ko‘zlari chaqnab ketgan 
qiz: 
— Jodha Bay, — deb o‘z otini aytdi. Shunda qizning tovushi ham Akbarga juda sehrli 
tuyuldi. 
Qiz ortiqcha tortinmasdan, o‘zini aslzodalarga xos bir odob va erkinlik bilan tutar edi. 
Hamida begim va Mohim enaga ularni yakkama-yakka qoldirish uchun Bhagvan Dasni 
to‘rdagi naqshin kursi tomon boshlab ketdilar. 
Akbar Jodha Bayni xonaning ulardan uzoqroq burchagida turgan miz yoniga taklif qildi. 
Miz ustida taxtasi sadaf bilan bezatilgan, donalari fil suyagidan yasalgan chiroyli 
shaxmat turgan edi. Qiz donalari joy-joyiga terib, go‘yo o‘ynash uchun tayyorlab 
qo‘yilgan shaxmatga qiziqib qaradi. 
— Mumkinmi? — deb oq donali piyodani qo‘liga olib tomosha qildi-da, keyin o‘ynagisi 
kelganday uni ikki katak oldinga surdi. 
— Shaxmat o‘ynashni bilurmisiz? — hayratlanib so‘radi Akbar. Qiz tasdiq ma’nosida bosh 
irg‘adi. 
Shundan keyin Akbar o‘rtadagi qora donali piyodani bir katak oldinga surdi. Qiz kulib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
210
aspni o‘yinga chiqardi. Akbar farzin yonidagi filni yurdi. Ikkovlari mizning ikki tomoniga 
o‘ltirib astoydil o‘ynashga kirishdilar. 
Akbar o‘yin bahona qizning butun vujudidan yog‘ilib turgan nafosat va go‘zallikdan zavq 
oladi, unga qaraydi-yu, ammo ko‘zi to‘ymaydi. Jodha Baydan mushkka ham, anbarga 
ham o‘xshaydigan ammo ulardan yoqimliroq gul hidi kelib turadi. Peshana ustidagi qalin 
va mayin qora sochlari ustiga kapalaklarni eslatadigan tilla bargak taqilgan. Zar qo‘shib 
to‘qilgan pushtirang sarisining tagidan ko‘kraklari bo‘rtib turibdi. Sari tagidan kiyilgan 
kalta yenglik nimchasi beliga yetib-etmay tugaydi. Xipcha beli va qornining ikki enlik 
joyida silliq badani ochiq turibdi. Ammo uning badani ham Akbarga nur bilan yo‘g‘rilgan 
yuzi kabi tiniq va musaffo ko‘rindi. 
 Jodha Bay o‘zining husni bilan odamlarni mahliyo qilishga go‘yo o‘rganib qolgan. Akbar 
o‘yinni unutib, hushi boshqa yoqqa ketib qolayotganidan qiz zavqlanib jilmaydi-da: 
— Farziningiz... — dedi. 
Hozir qiz o‘z fili bilan Akbarning himoyasiz qolgan farzinini olib qo‘yishi mumkin edi. 
Akbar buni endi payqab bosh chayqadi: 
— Rani  Jodha Bay, siz faqat mening farzinimni emas, dilimni ham yutib olmoqdasiz. 
Bunchalik tovono ekansiz. Ustozingiz kim? 
— Ustozim — bilim. Firdavsiyning so‘zlari esingizdadir? 
— Qaysi so‘zi? 
...«Har kaski dono ast tovono buvad»*. 
Jodha Bay forsiy tilni ham yaxshi bilishi Akbarning unga bo‘lgan e’zoz-e’tiborini yana bir 
daraja oshirdi. 
— Rani Jodha Bay, saroyda qolsangiz... shu tovonoligingizdan biz ham bahramand 
bo‘lsak... maylimi? 
Qiz endi jiddiylashdi, allanarsadan xavotirlanganday bo‘lib o‘rnidan turdi va akasi 
tomonga qaradi: 
— Hazratim, e’tiboringizdan behad minnatdormen! Ammo men saroyda qololmagaymen. 
— Nechun? 
— Mening ixtiyorim ota-onamda. Hozir og‘am bilan uyga jo‘nab ketgaymen. 
— Ammo mening sizdan ajragim kelmas! 
— Undoq bo‘lsa, endi o‘zingiz Sanganirga mehmon bo‘lib boring. Biz bajonidil kutib 
olgaymiz. 
Jodha Bay saroydan cho‘chir, bu hashamatli dargoh unga begona va xatarli tuyulardi. 
Shuni sezgan Akbar qizni akasi oldiga boshlab keldi. Xayrlashib ketayotganda Bxagvan 
Das ham: 
— Hazrat begim, muhtarama enaga, agar podsho hazratlari bilan birga Sanganirga 
tashrif buyursalaringiz biz behad sarfaroz bo‘lurmiz! — dedi. — Otamiz Bhari Mal ham 
sizlarni mehmon qilish orzusidalar. Hind enagangiz Ruparani yuksak e’zoz bilan kutib 
olganlaringiz onamizning quloqlariga ham borib yetgan. Butun xonadonimiz sizlarga 
buyuk hurmat-u umid bilan qaraydir. 
Aka-singil jo‘nab ketdi-yu, Jodha Bayning qiyofasi, gaplari, qiliqlari Akbarning diliga 
naqshlanib qolganday bo‘ldi. Bu qizni yana ko‘rgisi kelaverdi, xayollari erta-yu kech u 
bilan band bo‘ldi. 
O‘g‘lining holatini sezgan Hamida begim Sanganirga Qilichbek Andijoniy degan amirni 
maxsus maktub bilan yuborib, Jodha Bayni kelinlikka so‘radi. Roja Bhari Malning javobi 
ijobiy, yosh podshoga qarindosh bo‘lish sharafi uning diliga yoqib tushgan, faqat qizlari 
bo‘lajak kuyovning Sanganirga kelishini va to‘yni hind odatiga binoan shu yerda 
boshlanishini zaruriy shart qilib qo‘ygan edi. 
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
211
____________ 
* M a h d — beshik ma’nosini ham anglatadi. Onlar ko‘zda tutiladi. Anbar — shiyponning bir turi. 
* X a y l — oila, xonadon. 
* Tarjimasi: bilimli, dono odam tovono, ya’ni qudratli ham bo‘ladi. 
 
* * * 
 
Hamida begim yana arosatda qoldi. Saroyda orzu-havasli katta to‘y qilay desa, 
mutaassib shayxlar-u sadrlarning ko‘zi oldida brahman chaqirib, hindcha nikoh o‘qitib 
bo‘lmaydi. Ammo begim Salim otaga qo‘l berib, bhaqtiga e’tiqod qo‘ygani uchun qizni o‘z 
diniga sodiq qolishga haqli deb hisoblaydi. 
Umarqutdan kelgan Rupa enaga hozir bunday nozik ishlar bo‘yicha Hamida Begimning 
yaqin maslahatchisiga aylangan edi. Akbar, Mohim enaga — hammalari kengashib, kelin 
istaydigan hindcha nikohni Jaypurda qila qolishni ma’qul ko‘rdilar. Bu hodisaga oliy 
tabaqaning e’tiborini tortmaslik va gap-so‘zni ko‘paytirmaslik uchun: «Podsho 
Sanganirga to‘yga emas, balki ovga borgay» deb e’lon qildilar. 
Keyingi paytlarda Akbar qo‘lga o‘rgatilgan qoplonsimon jonivor — chita bilan ov qilishni 
yaxshi ko‘rardi. Chitaboqar ovchilar chitabonlar deb atalardi. Temir qafasda boqiladigan, 
bo‘yniga maxsus tasma bog‘langan chitalarni tuya qo‘shilgan katta aravalarga ortib, 
Dehlidan yuz milcha janubi g‘arbdagi Sanganirga tomon yo‘l olganlarida hut oyi kirib, 
kunlar ancha isigan, daladagi bug‘doylar boshoq tortib qolgan edi. 
Besh yuz askar qo‘riqlab borayotgan mavkabda yasan-tusan fillar ustidagi 
maxdianbarlarda Hamida begim, Mohim enaga va Rupa enagalar ham kelmoqda edilar. 
Oliy mehmonlar kelayotganidan xabar topgan roja Bhari Mal o‘g‘li Bhagvan Das va 
boshqa yaqinlari bilan Akbarga viloyat chegarasida peshvoz chiqdi. Akbar va peshvoz 
chiqqan mezbonlar Diosa degan qishloqqa yaqinlashganlarida, uning aholisi yov 
bosishdan qo‘rqib, tog‘ tomonga qocha boshladi. Favjdor degan filini minib kelayotgan 
Akbar Bhari Maldan: 
— Nechun bunday bo‘ldi? — deb so‘radi. — Biz yaxshi niyat bilan kelayotganimizni 
aytmagan edingizmi? 
— Hazratim, aytgan edim! Biroq bu joylar Sambxal viloyatiga qarashli. Viloyat hokimi 
mirzo sharafiddin janoblari aholiga nisbatan juda shafqatsiz. Odamlar undan yurak 
oldirib qo‘yganlari uchun endi sizdan ham qochmoqdalar. 
Akbar o‘ng tomonida borayotgan Qilichxon Andijoniyga buyurdi: 
— Sharafiddin mirzoga odam yuboring, zudlik bilan yetib kelsin. 
Kechki payt mirzo Sharafiddin unga peshvoz chiqib, otidan sakrab tushdi-da, Akbar 
mingan filning oyog‘i tagiga cho‘kkalab yukundi. 
Janob Sharafiddin mirzo, siz mahalliy aholini bizdan bezdirib qo‘yibsiz... 
— Hazratim, mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa kechiring! 
Akbar chap yonida otliq turgan Bhari Malga yuzlandi: 
— Qaysi qarindoshingizni bu bek garovga olib, hibsda saqlamoqda? 
— Akamning o‘g‘li Jay Mal bilan Raj Sinx degan nevaram hibs qilingan. 
— Begunoh odamlarni garovda saqlashga kim buyruq berdi, taqsir? 
 Sharafiddin mirzo ota tomonidan mashhur Xo‘ja Ahror avlodlariga borib taqalar, ona 
tomonidan esa temuriylarga qarindosh edi. Akbar davlatida temuriylar mo‘tabarroq 
bo‘lgani uchun Sharafiddin «xo‘ja» unvonidan voz kechib, «mirzo» unvonini afzal 
ko‘rgan edi. Lekin Akbar hozir «taqsir» deb kinoya qilish bilan undan go‘yo mirzo 
unvonini tortib oladigandek ko‘rindi. Bundan qo‘rqib qaltiray boshlagan Sharafiddinxo‘ja: 
— Hazratim, mendan o‘tgan bo‘lsa afvu etgaysiz!— dedi. — Yaxshi ko‘rgan farzandlarini 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
212
garovda tutsam, bu rajputlar isyon ko‘tarolmagay, degan fikrda shu gapni qilganmen! 
— Fikringiz xatodir, taqsir. Begunoh yigitlarni shu bugunoq hibsdan bo‘shating, izzat-
ikrom bilan uylariga jo‘nating! 
— Bosh ustiga, hazratim! 
Sharafiddinxo‘ja shosha-pisha orqasiga qaytdi va o‘sha kuni garovdagi ikki yigitni 
bo‘shatibgina qolmay, har biriga bosh-oyoq sarupo kiydirib, bittadan otni anjomi bilan 
hadya qilib jo‘nattirdi. 
Akbar bo‘lajak qallig‘i Jodha Bay yurtida mumkin qadar yaxshi xotira qoldirishga, adolatli 
va shafqatli bo‘lishga harakat qildi. 
Jodha Bay turadigan joylarga yaqinlashganlari sari Akbarning dilida nafis va go‘zal hislar 
kuchayib borar, ammo tashqi hayot unga bir-biridan dag‘al va xunuk muammolarni 
ko‘ndalang qilardi. 
Sanganir atroflarida aholi ko‘p, shuning uchun ov qiladigan jonivor kam. Podshohning 
aravalarga ortib kelingan chitalari va ularni qo‘lga o‘rgatgan chitabonlar o‘zlariga ish 
topolmay, aholiga tomosha bo‘lib qoldilar. 
Hindlar chitani yo‘lbarsdan ham xatarliroq yirtqich deb hisoblaydilar. Beli ingichka, dumi 
va tanasi uzun, butun terisi oq-sarg‘ish hol-hollardan iborat bu yirik qoplon nihoyatda 
chaqqon bo‘ladi, qattiq sakrasa, hatto, filning ustiga chiqa oladi. Eng chopqir kiyikni ham 
quvib yetadi. Goho o‘rmonda odamxo‘r chitalar ham uchrab turadi. 
Shunday xatarli yirtqichni qo‘lga o‘rgatib, qafasda olib yurgan chitabonlarning dimog‘lari 
baland, o‘zlarini podshohning suygan ovchilari qilib ko‘rsatib, do‘q-po‘pisalar ham 
qilishadi. 
Bir joyda yaxshi kiyingan o‘rta yashar kishi temir qafasga yaqin kelib chitani tomosha 
qilar ekan, chitabon bu odamning oyog‘idagi chiroyli etikka xushtor bo‘lib qoldi. Birdan 
qafasning og‘zini ochdi-yu, chitaning bo‘ynidagi charm halqasidan tutib: 
— Etikni yech! — dedi haligi odamga. — Yechmasang hozir chitani qo‘yib yuborurmen, 
seni tilka-pora qilgay. 
Chitaning sarg‘ish ko‘zlari olovlanib, o‘zi irillardi. Qo‘rqib ketgan bechora tomoshabin 
chiroyli etigini chitabonga yechib berdi. 
Yaxshi kiyingan odam yalangoyoq yurishdan qiynalib tovoniga toshlar va tikanlar qadalib 
kelayotganda Akbar qarshisidan chiqib qoldi. Yalangoyoq kishi yig‘lab turib: 
— Hazratim, adolat qiling! Arzimni tinglang! Hazratim! — deb murojaat qildi. Akbarning 
ishorasi bilan qo‘riqchilar yalangoyoq kishiga yo‘l berdilar. Akbar bugun ot mingan edi. U 
ot ustida turib yalang oyoq kishining arzini eshitdi-da: 
— Qani, yuring, o‘sha chitabonni bizga ko‘rsating!— dedi. 
Chitabon tortib olgan etigini allaqachon oyog‘iga kiygan, eski etigi qafas oldida turar edi. 
Akbardan qo‘rqib, haligi odamning etigini darrov yechib bera boshladi. Bo‘lajak 
qaynotasi Bhari Malning oldida qattiq xijolat chekayotgan Akbar: 
— Bu chitabon bizning xizmatimizdagi barcha odamlar sha’niga dog‘ tushurmishdir! — 
dedi va chap tomonda turgan bekka murojaat qildi: — Janob Chig‘atoyxon, hukmimizni 
jarchilar Jaypur aholisiga e’lon qilsinlar! Maxsus farmon yozib, barcha viloyatlarga 
yubortiring, toki butun mamlakat ogoh bo‘lsin. Bizning xizmatimizda yurib aholiga zulm 
o‘tkazadigan, zo‘ravonlik bilan uning kiyim yoki buyumlarini tortib oladigan kimsalar 
shafqatsiz jazo olurlar! Mana bu chitabon maydonga olib chiqilsin, birovning etigini tortib 
olib kiygan oyog‘i kesib tashlansin! 
O‘sha kuni bu farmon xaloyiqning ko‘zi oldida amalga oshirildi. Xalq Akbarni adolati va 
qat’iyati uchun maqtay boshladi. 
* * * 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
213
 
Bu maqtovlar, albatta, Jodha Bayning qulog‘iga ham yetib bordi. Hozir hammaning tilida 
shu qizning nomi. Jodha Bayni bir ko‘rishga, ikki og‘iz so‘zini eshitishga mushtoq 
ixlosmandlari ko‘payib ketdi. 
Lekin ota-onalari Jodha Bayni chet ko‘zlardan yiroqda tutishar va nikoh to‘yiga 
tayyorlashar edi. Kuyov tomondan besh yuz odam kelgan, ular hammasi roja Bxari 
Malning qasriga sig‘maydi. Akbar Sanganir degan ko‘kalamzor, xushmanzara joyni o‘ziga 
qarorgoh qilib tanladi. Mavkabning yuklarini va chodirlarini bir necha yuz tuyalar, fillar 
va xachirlar ko‘tarib kelmoqda edi. Maxsus odamlar tog‘ etaklaridagi ko‘kalamzorga uch 
yuzta rang-barang chodir tikdilar. Ular orasida eng hashamatlilari Akbar uchun, uning 
onasi, enagalari va boshqa yaqinlari uchun o‘rnatildi. Bo‘lajak kelin-kuyov uchun 
mehtarlar* ikki qavatli ko‘shkni eslatadigan boloxonador chodir qurishdi. Bu chodirning 
o‘tov keragalariga o‘xshagan yig‘ma yog‘ochlari eng qattiq mahva daraxtidan yasalgan. 
Uning sinchga o‘xshagan yo‘g‘on xarilarini fillar ko‘tarib kelib, xartumlari bilan tiklab 
beradilar. Ikki oshiyonli, zinapoyali binoning yog‘och qovurg‘alari bir-biriga mahkam 
ulanib, yaxlit va mustahkam «quti»ga aylangandan so‘ng, ustiga chodirning qalin va 
go‘zal pushtirang matosi tortildi. 
Odam bo‘yi keladigan va «damoma» deb ataladigan ulkan nog‘oralar chalindi, ularga 
qo‘sh karnaylar, qo‘sh surnaylar jo‘r bo‘ldi-yu, to‘y shodiyonasi boshlandi. Reja bo‘yicha 
to‘y bir hafta davom etishi, shu orada kelin tomon ham, kuyov tomon ham barcha orzu-
havaslarini amalga oshirib ulgurishlari kerak edi. Havo ochiq, kunlar baxmalday mayin, 
ayni to‘y-tomoshalar o‘tkazadigan payt edi. 
Hamida begim mana shunday baxmal mavsumda Sind viloyatining Pothur degan joyida 
chodirlar ichida Humoyun bilan o‘tkazgan unutilmas damlarini eslar, Akbar — o‘shandagi 
olovli muhabbatning mahsuli ekanini o‘ylar, endi shu o‘g‘li sevib qolgan hind qizi ham 
tabiat bag‘riga o‘rnatilgan chodirda haqiqiy baxt topishini istardi. 
Biroq kuyov-kelinning ikki dinga mansubligi va nikohni ikki joyda, ikki xil o‘qitish 
muammosi onani tashvishga solmoqda edi. Hindcha nikoh uqiydigan puraxitlar*qiz 
tomonda bor, ammo ikki dinni barobar ko‘radigan sadr yoki shayx topish qiyin. 
Saroydagi shayxulislom Ansoriy yoki sadrlar suduri Abdunabi ikki dinli nikohga rozi 
bo‘lishmadi. Ular, hatto, Qur’onu payg‘ambarni tan oladigan shialar bilan kelisholmaydi-
yu, kofir sanaladigan brahman va kohinlar bilan qanday til topishadi? 
Hamida begim o‘ylab-o‘ylab, Salim otani chaqirishga qaror berdi. Saroyga bormasa, 
Sanganirga kelishi mumkin-ku. Sekri bu yerga uncha uzoq emas, otda bir kunlik yo‘l. 
Begim Salim otaga maktub yozib, Chig‘atoyxon Toshkandiydan berib yubordi. 
«taqsir, yoshlik paytimizda sizning otangiz ham Jamna bo‘yida to‘y qilib, to‘ng‘ich o‘g‘lini 
hind qiziga uylantirmoqchi bo‘lganini aytib bergan edingiz. O‘shanda musulmon 
mutaassiblari ham, johil brahmanlar ham bunga qarshi chiqib, to‘yini buzganlari, 
otangizni zindonga tashlaganlari yodingizda bordir. Yillar o‘tib, zamonlar o‘zgardi. 
O‘g‘limiz Akbarshohga men kabi oq sut bergan hind enaga Rupa bibi hozir mening 
yonimda. O‘shanda otangiz amalga oshirolmagan hind-musulmon to‘yini endi biz 
o‘tkazmoqchimiz. Shunga sizning ishtirokingiz va ko‘magingiz zarur bo‘lib qoldi. Biz 
o‘rmon ichida, tabiat bag‘rida turibmiz. Bu yer — podshoh saroyi emas. Shuning uchun, 
albatta, tashrif buyurarsiz deb umid qilurmen. 
Ixlosmandingiz Hamida bonu begim». 
 Bu maktubni olib jo‘nagan Chig‘atoyxon uch kun bedarak ketdi. To‘y oxirlab bormoqda. 
Ertaga kechasi nikoh o‘qitilishi kerak. Begim keyin bilsa, Salim ota otga minishni 
istamabdi. Chig‘atoyxon uning piyoda yurishiga moslanib, bir kunlik yo‘lni uch kunda 
zo‘rg‘a bosib o‘tibdi. U navkarini oldinroq yuborib, bu voqeadan Akbarni va begimni 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
214
xabardor qildi. Salim otaning Dehlidagi Humoyun qabriga ham haj qilganda piyoda 
borganini Akbar onasidan eshitgan edi. Mo‘ysafidning hurmati uchun Akbar ham 
qarorgoh chetigacha piyoda borib, Salim otaga peshvoz chiqdi. Uni farzandlarcha 
ehtirom bilan kutib oldi-da, oldindan tayyorlab qo‘yilgan mehroblik chodirga olib kirdi. 
Salim otani to‘rga o‘tkazib, o‘zi pastroqqa cho‘kka tushdi: 
— Taqsir men sizning ta’rifingizni Sirhindda Abdulla Niyoziydan eshitgan edim. 
— Ha, Abdulla Niyoziy Biana xalqini Islomshoh zulmiga qarshi ko‘targan juda jasoratli 
odam edi. 
— U kishi sizning to‘g‘ringizda ham xuddi shunday fikrda ekanlar. Keyin, hazrat, onam 
menga ko‘p voqealarni aytib berdilar. Otamizga unutilmas yaxshiliklar qilgan ekansiz. 
Men sizni ma’naviy otamdek aziz bilurmen. 
So‘nggi so‘zlardan ko‘zlari yaltirab ketgan Salim ota Akbarga: 
— E, o‘g‘lim! — deb murojaat qildi. — Yaratganning oldida shoh-u darvesh — barchamiz 
barobar inson farzandimiz. Men ikki yil Arabistonda bo‘ldim, qancha xalqlarni ko‘rdim. 
Hamma joyda ham inson— shu inson, bani bashar asli o‘zi bir. Qancha tojdorlarni 
ko‘rdik. Sherxon nechog‘li qudratli, aqlli, nayrangni ko‘p ishlatib, avlodlarini yomonlikka 
o‘rgatdi, oqibatda, bari xalqning qahriga uchrab yo‘q bo‘lib ketdi. Bugun kelganimning 
sababi — sizdan umidim katta. Ota-bobolaringizning nek ishlarini davom etkizib, el-
ulusning olqishini olgaysiz. 
— Mutashakkirmen, taqsir. 
 
Dasturxon yozilib, to‘y ziyofati yeyilgach, peshin namoziga tahorat oldilar. Namozga 
Salim ota oldinga turib imomlik qildi. Namozdan so‘ng ota tashqariga chiqmoqchi bo‘ldi. 
Shunda Akbar unga shogird kabi xizmat qilib kovushini oyog‘i tagiga to‘g‘rilab, juftlab 
qo‘ydi. Ammo Akbarning tengdoshi va ko‘kaldoshi Adhamxon shayx Salimning 
yalangoyoq eshkakchilar orasidan chiqqan kambag‘al yigit bo‘lganini Mohim bibidan 
eshitgan edi, shuning uchun cholni pisand qilmay, kinoya bilan tirjayib kuldi. O‘zi 
bechorahol oiladan chiqqan bu yigit kambag‘al o‘tmishini eslatadigan odamlarni 
suymaydi. Adhamxon oliy tabaqaning eng boy aslzodalari qatorida shayxulislom 
Ansoriyga qo‘l berib, murid bo‘lgan. 
Akbar tirjaygan ko‘kaldoshiga «haddingdan oshma!» degandek tikildi. Biroq Adhamxon 
tap tortmay ko‘zini Akbarning ko‘ziga qadadi: «Shu isqirt cholga kavush to‘g‘rilab berib, 
bizni ham yerga urdingiz, axir biz sizga ta’zim qilib, yukunib yuribmiz!» demoqchi bo‘ldi. 
Akbar Adhamxonning naqadar taltayib, kalondimog‘ bo‘lib borayotganini shunda baralla 
payqadi. 
Kelinni olib kelish uchun borayotganlarida Adhamxon uning o‘ng tomonida eng yaqin 
kuyov jo‘rasi bo‘lib bormoqchi bo‘ldi. Biroq Akbar o‘ng yoniga ikkinchi ko‘kaldoshi Azizni 
oldi. Adhamxon orqa qatorda qolib, qovog‘i birdan osilib ketdi. 
 
_____________ 
* M e h t a r l a r — chodir o‘rnatuvchilar. 
* P u r a x i t — hindlarning mulla-imomi.
 
* * * 
 
Ulkan bir tog‘ qoyasi ustiga qurilgan roja Bxari Malning qal’asida bir haftadan beri 
ma’yus kuylar yangraydi, qizlar davra bo‘lib, tug‘ilgan dargoh bilan xayrlashuv qiyinligi 
haqida ashula aytadilar. Azaliy udum shunday: kuyov tomonda naqoralar sevinch bilan 
«taka-tum» qiladi, karnaylar quvnab «ha-xu»laydi, chunki oilaga yangi bir odam — 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling