Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet37/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
243
Endi Akbarning xayoli Gujarat va uning janubiy qirg‘oqlarini egallab olgan farangilarga 
ketdi. Ular Akbar tuzayotgan kuchli davlatdan manfaatdor emas. Hindistonni parcha-
parcha qilib, uning bir viloyatini boshqasi bilan urushtirib, hammasini zaiflashtirib, so‘ng 
mamlakatga o‘zlari xo‘jayin bo‘lishni ko‘pdan beri orzu qilishadi. Gujaratdagi 
Muzaffarshohni Akbarga qarshi gij-gijlab yurganlar ham mana shu farangilar. Ular Goa 
orolini bosib olganlariga oltmish yil bo‘lganini, shundan beri butun Hindistonni o‘zlariniki 
qilish niyatida ekanini Akbar biladi. U ikki yildan beri Gujarat yurishiga tayyorgarlik 
ko‘rar ekan, Muzaffarshohni yenggandan so‘ng Goadagi istilochilarni ham dengiz ortiga 
quvib yubormoqchi ekanini mashvaratlarda bek-u a’yonlariga aytgan. Ehtimol, shu 
a’yonlardan qaysi biri uning bu niyatini farangilarning quloqlariga yetkazgandir. Dehli-yu 
Agrada ularning xufiyalari ham yurganini mana bu to‘fang ko‘rsatib turibdi. Ular 
Akbarning Gujarat va Goa oroliga yurish boshlashini kutib o‘ltirmasdan, uni Po‘lat 
vasvasning qo‘li bilan oldinroq mahv qilishga intilgan bo‘lsalar kerak. 
— Farangilar Po‘lat vasvas bilan qanday til topishgan? — so‘radi Akbar vazir Jamildan. — 
Orada turgan vositachilarni topmoq kerak! 
— Vasvasdan shuni so‘rasak, Adhamxonni aytdi. Holbuki, Adhamxonning o‘lganiga o‘n 
yil bo‘ldi. 
— O‘q-yoyni kim berganini aytmadimi? 
— Osmondan tangri yuborgan emish! Lekin vasvas bir vaqtlar Sharafiddin mirzoning 
xizmatida bo‘lganini aytdi. 
Akbarning xayoli yana Gujarat tomonga ketdi. Chunki Sharafiddin mirzo Sambhal 
viloyatida hokim bo‘lganda ko‘p zolimliklar qilgani uchun Akbar uni lavozimidan mahrum 
qilgan edi. Ota urug‘i mashhur Xo‘ja Ahror avlodidan tarqagan, ona tomondan sa-
marqandlik temuriyzoda Sulton Mahmudga chatishgan. Sharafiddin Mirzo Akbardan 
arazlab Gujarat tomonlarga ketib qolgan. Akbarning yangicha siyosatidan norozi bo‘lgan 
boshqa mirzolar — Husayn Boyqaro avlodlari ham Gujarat tojdori Muzaffarshoh 
tomoniga o‘tib ketgan. Ular o‘sha yoqlarda Akbarga qarshi ig‘volar qilib yurganlarini 
xufiyalar aytib kelgan edi. Balki endi ular Akbarning Dehlidagi yashirin dushmanlari bilan 
til biriktirgandir? So‘ng o‘zlarini panaga olib, Po‘lat vasvasni ishga solgandirlar? Akbar 
shu taxminni aytgandan keyin vazir Jamil Po‘lat vasvasni biladigan odamlarni izlab topib, 
unga yuzlashtirdi. Lekin esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan Po‘lat vasvas tanishlarining qaysisi 
bilan qayerda uchrashganini xotirlay olmas, uni jinoyatga olib kelgan zanjirning ko‘p 
halqalari yodidan tushib qolgan edi. 
— «Podsho sizni o‘ldirtirgay» degan gapni kimdan eshitdingiz? — degan savolga: 
— Osmondan vahiy keldi, — deb javob berardi. 
Po‘lat vasvas Ubaydulla mahdum degan mullaning xizmatida ham bo‘lgan, bu odam 
uning kasalini davolashga uringan edi. Tergovchi shuni aniqlagach, vasvasga Ubaydulla 
mahdum haqida savol bera boshladi: 
— Hazratimni «dahriy» deb ayblagan odam Ubaydulla mahdummidi? 
— Yo‘q, undan kattarog‘i. 
— Shayx Ansoriymi? 
— Men uni bilmaymen. Tangrining o‘zi bilan so‘zlashganmen. Podshoni osmon «dahriy» 
degan. 
— Ubaydulla mahdum bilan oxirgi marta qachon ko‘rishgan edingiz? 
— Besh yil... yo‘q, bir yil... esimda yo‘q! Podshongiz buzuq! Uni Salim Cheshti yo‘ldan 
urgan. Bianadagi isyonchilar Akbarni aynitgan... 
— Salim ota pok odam edi. 
— Pok bo‘lsa nechun Sakina bonuga ko‘z olaytirgan? 
— Qaysi Sakina bonuga? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
244
— Ubaydulla mahdumning jufti haloli. Uni Salim Cheshti bilan Biana mahdiylari aynitgan! 
Tergovchi Ubaydulla mahdumni topdirib, guvohlikka chaqirdi. Uning to‘rtinchi xotini — 
o‘n sakkiz yoshli Sakina bonu Salim Cheshtiga emas, Akbarga arzga borgan ekan. 
Ungacha Salim ota olamdan o‘tgan, lekin vasvasning xayolida hamma narsa aralashib 
ketgan edi. 
Ubaydulla mahdum katta xotinlarining chaquviga ishonib, Sakina bonuni qattiq 
kaltaklagan ekan. Akbar bu go‘zal juvonning kaltak zarbidan ko‘kargan yuziga qarab, 
unga rahmi keldi-yu, munshisi Ashrafxonga buyruq berdi: 
— Ubaydulla mahdumni mening nomimdan ogohlantiring, agar bu munglikka yana jabr 
qilsa, qozikalonga aytib, nikohidan chiqartirgaymiz! Mahdumning o‘zini Bangolaga 
badarg‘a qildirgaymiz! 
Akbarning bu tahdididan so‘ng Ubaydulla mahdum Sakina bonuga yaxshi muomala 
qiladigan bo‘lgan, juvon tinchib qolgan edi. Lekin uydagi gap ko‘chaga chiqqani va 
Ubaydulla mahdumning yosh xotini Akbar bilan ko‘rishib, gaplashganining o‘zi saroyda 
turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan edi. Oxirida bu mish-mishlarni kimdir Po‘lat vasvasga 
teskari qilib yetkazgan va uning jinini ataylab qo‘zg‘atgan edi. Lekin kim shunday qilgan? 
Vasvasni Akbarga qarshi qayrab solganlar kimlar? Po‘lat vasvas buni aniq aytib 
berolmas, so‘z topolmay qolganda «osmondan vahiy keldi», «tangrim o‘zi aytdi» deb 
yolg‘on vaj ko‘rsatardi. 
Akbar tabiblarga buyurib: 
— Vasvasni davolab ko‘ringlar, balki tuzalganda haqiqatni topish oson bo‘lgay? — dedi-
da, o‘zi Dehlidan Fathobodga ketdi. 
Oradan ikki hafta o‘tganda xabar keldiki, tabiblar vasvasni davolab, aqlini sal joyiga 
keltirgandan so‘ng, u qilgan ishining butun dahshatini endi sezadi, boshini hibsxonaning 
tosh devoriga bor og‘irligi bilan uradi-yu, ikki kun behush yotib jon beradi. 
Akbar buni Sekrida turib eshitdi, «balki g‘animlar o‘z jinoyatlarini bekitish uchun uni shu 
tarzda o‘ldirgandirlar?» degan taxmin xayolidan o‘tdi. 
Dushman o‘nta bo‘lsa, gumon mingta. Yelkasidagi jarohat uch oyda tuzalgan bo‘lsa ham, 
uning achchiq og‘riqlari Akbarning esidan chiqmaydi. Tashqi dushmanlarining bir cheti 
Turonda bo‘lsa, bir cheti uzoq Farangistonda turganligi, ular ichkaridagi qora kuchlar 
bilan til biriktirib, Akbarning joniga qasd qilishlari mumkinligi xayolidan nari ketmaydi. 
Uyqusiz tunlarda ichki-tashqi dushmanlarning qaysisidan qanday saqlanish haqida 
o‘ylanardi. 
 
_____________ 
* N i n b — akasnikiga o‘xshash barglari va shoxlari to‘p bo‘lib, tepasi soyabonga o‘xshab turadigan baland daraxt. 
* D e l a g a y — yaktakka o‘xshash kiyim astarsiz to‘n.
 
*  *  * 
 
Shu orada Agradan Sekriga shayxulislom Abdulla Ansoriy bir guruh sallasi katta din 
peshvolari bilan Akbarni ko‘rishga keldi. 
Yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa ham, hali juda tetik bo‘lgan Ansoriyning uchi kindigiga 
tushadigan uzun oq soqoli bor. Yonida salobatli qozikalon Muhammad Yazdiy, jikkak 
imom Abduqodir Badavni va yana shunga o‘xshagan besh-oltita ulamolar Akbarga uzoq 
umrlar tilashdi. 
Akbar ko‘kaldoshi Aziz ko‘ka bilan birga Abdulla Ansoriyni yangi poytaxt bo‘ylab olib 
o‘tishdi va bitgan binolarni ko‘rsatishdi. 
Barcha viloyat amirlari ming-ming odamlari va ot-ulovlari bilan ishlayotganliklari uchun 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
245
muhtasham imoratlar juda tez qad ko‘targan edi. Akbarning tog‘ ustidagi saroyi, ko‘lga 
qaragan salqin yonbag‘irdagi rani Jodha Bay ko‘shki va Salima begimlar uchun qurilgan 
ikki oshiyonlik go‘zal imoratlar allaqachon pardozdan chiqqan edi. 
Ansoriy buning hammasini ko‘klarga ko‘tarib maqtadi-da, keyin tagdor qilib so‘radi: 
— Hazratim, bu poytaxtdan shayxulislom uchun ham o‘rin berilgaymi? 
— Yuring, taqsir, siz uchun maxsus joy tanlaylik,— dedi Akbar va uni ataylab Salim ota 
maqbarasi oldiga boshlab keldi. 
Ansoriy bir vaqtlar o‘limga buyurgan g‘oyaviy dushmanining yaxlit sadaf bilan 
ziynatlangan oq marmar maqbarasini ko‘rganda ichidan zil ketdi, ovozi titrab, zo‘rg‘a 
tilovat qildi. Akbar unga tikilib turib: 
— Taqsir, xabaringiz bor, — dedi. — Yashirin g‘animlarim mana shu maqbarani 
qurganim uchun meni dahriylikda aybladilar. Po‘lat telbani ishga solib hatto o‘ldirmoqchi 
bo‘ldilar!.. 
Akbar «O‘sha yashirin dushmanlar orasida sizning ham odamlaringiz bo‘lsa biror kuni 
qo‘lga tushib qolar», demoqchi edi. Shayx Ansoriy buni payqadi-yu, siri fosh bo‘lishidan 
qo‘rqib, darhol duo-yu fotihaga qo‘l ochdi: 
— Po‘lat vasvas go‘rida to‘ng‘iz qo‘psin! Parvardigori olam barcha g‘animlaringizni 
vasvasning ko‘yiga solsin! Siz yangi poytaxtda uzoq umr ko‘ring, hamisha zafar yoringiz 
bo‘lsin! 
Shayx Ansoriyning tilyog‘lama gaplari dilidagi adovatni yashirishning bir vositasi edi. 
Riyokorlikda me’yorni ham unutib, Akbarning g‘animlari qatorida o‘zini ham 
qarg‘ayotganini sezmas edi. 
Akbar o‘q yeb tortgan azoblarining alamiga uni yana bir boplagisi keldi-yu, Salim ota 
maqbarasidan ancha narida hind uslubida qurilib bitay deb qolgan ikki oshiyonlik chiroyli 
imoratni ko‘rsatdi: 
— Mana buni roja Birbal uchun qurdirdik. 
Ansoriyning roja Birbalni ham ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Shuni biladigan Akbar: 
— Siz uchun xuddi mana shu yerdan hovli-joy ajratmog‘im mumkin, — dedi. 
Roja bilan qo‘shni bo‘lish va Salim ota maqbarasi yonida yashash Abdulla Ansoriy uchun 
doimiy qiynoqqa aylanib ketishi muqarrar edi. 
— Hazratim, nariroqda madrasa qurilgan ekan. Bizga o‘sha tomondan joy ko‘rsatsangiz. 
— Mayli-yu, lekin madrasa ham Salim ota nomiga qurilgan. Unga shayx Muborakni bosh 
mudarris qilmoqchimiz. 
Shayx Ansoriyning yana kayfi uchdi: 
— Qaysi shayx Muborak? 
— Siz uni ham «dahriy» deb o‘limga buyurgan ekansiz. Ammo biz ko‘kaldoshimiz Aziz 
ko‘ka yordamida taftish qilib bildik. Shayx Muborak o‘ta diyonatli, bilimi zo‘r, qalbi pok 
alloma ekan. Gujaratdan chaqirib oldik. 
— Lekin u xalqni podshoga qarshi qo‘zg‘atgan isyonchi-ku! 
— Qaysi podshoga qarshi qo‘zg‘atgan? Islomshohga qarshimi? Siz o‘zingiz ham 
Islomshohga qarshi borib, bizning hazrat otamizga yashirin ma’lumotlar yuborib 
turgansiz-ku, taqsir? 
— Bu rost!.. 
— Qani, yuring, agar shayx Muborakka yaqin bo‘lay desangiz, sizga madrasa yonidan uy 
soldiraylik. 
— Meni ma’zur tuting, hazratim! Hozircha Agrada turganim ma’qulga o‘xshaydir. O‘sha 
yerdagi uy-joyim yaxshi. Keksa odamning ko‘chishi qiyin... 
Yangi poytaxtga yangicha siyosat tarafdorlarini yig‘ish niyatida bo‘lgan akbar shayx 
Ansoriyni, «ko‘chib keling, boshqa joy ko‘rsatay», deb qistamadi. Bundan alami kelgan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
246
Ansoriy oro berilgan soqolining uchini asabiy ezg‘iladi-da: 
— Hazratim, yangi poytaxatning masjidi jome’si qayerga qurilmoqda? — deb so‘radi. — 
Axir juma kunlari xutba o‘qimoq kerak-ku! 
«Agar biz nomingizni xutbaga qo‘shib o‘qimasak, sizning podsholigingizni hech kim tan 
olmagay!» demoqchi edi shayx Ansoriy. Akbar uning ochiq aytilmagan bu tahdidini gap 
ohangidan payqadi. 
Ansoriyning diniy hokimiyati hali juda kuchli. U bilan birga kelgan ulamolardan tashqari, 
yuzlab qurolli muhtasiblar, shayxulislomga murid bo‘lgan bek-u a’yonlar, masjidda uning 
ortida turib namoz o‘qiydigan minglab qavmlar din peshvolarini ilohiyot vakillari deb 
biladilar, ularga hayiqib qaraydilar va ko‘r-ko‘rona ergashadilar. Akbar Ansoriyning diniy 
hokimiyatini tan olmasa, imom-u ulamolar avom xalqni unga qarshi qo‘zg‘atib g‘ulu 
ko‘tarishlari mumkin. Ansoriyning tagdor savoliga javoban: 
— Taqsir, masjidi jomeni saroy yoniga qurmoqdamiz, — dedi va shu bilan unga beixtiyor 
yon berganday bo‘ldi. 
Akbarni Ansoriyga bog‘lab turgan eskicha e’tiqod iplari hozir unga o‘rgimchakning 
yopishqoq to‘ridek noxush tuyuldi. Bu to‘rni yorib chiqib ketish uchun Akbar o‘z atrofiga 
yangicha imon-u e’tiqod tarafdorlarini yig‘mog‘i va ularga suyanmog‘i kerak... 
*  *  * 
 
Kalta qora soqolida jingalasi bor, yuz-ko‘zi arablarnikiday xiyol jigarrang tus berib 
tovlangan, lablari qalin Abdulfazl Akbarning kutubxonasida odob bilan cho‘kka tushib 
o‘ltiribdi. Xontaxta ustida uyum-uyum kitoblar: biri arabcha, biri forscha, biri qadimgi 
sanskrit tilida, yana biri turkiycha. Akbar yigirma uch yoshli Abulfazlning turfa tilli bu 
kitoblarni yaxshi bilishini, birini biriga qiyoslab, bemalol tahlil qilishini ko‘rdi-yu, taajjub 
bilan so‘radi: 
— Aslingiz qaysi ulusdan? 
— Bobokalonimiz arab ekanlar, — dedi Abulfazl.— Besh asr burun Hindistonga kelib 
qolganlar. Onalarimiz — hind ayollari. Hind-arab qoni besh asr aralashib, axiyri biz 
paydo bo‘lganmiz. 
Abulfazlning akasi Fayoziy ham iste’dodli shoir edi. Ko‘p yil quvg‘inda yurib o‘g‘illarini 
shunchalik bilimli va ma’rifatli qilib tarbiyalagan shayx Muborakka Akbar o‘zicha yana bir 
qoyil bo‘lib qo‘ydi. 
— Rahmatli Salim ota sizlarga jon kuydirgani bejiz emas ekan, — dedi. — U kishi aytar 
ediki, uzoq qonlarning aralash ishidan turfa daraxtlarning payvandi kabi noyob mevalar 
berg‘ay. 
— Inshoollo, bu hikmatli fikr shahzoda Salim qiyofasida yanada mukammal amalga 
oshgay, — dedi Abulfazl Akbarning hind ayolidan ko‘rgan o‘g‘lini alohida ehtirom bilan 
tilga olib. 
Bu yigitning bilimiga yarasha aqli va farosati ham o‘tkir ekanini sezgan Akbar: 
— Salim otani ko‘rganmidingiz? — deb so‘radi. 
— Ha, ota bizga homiy edilar. Quvg‘in bo‘lib qochib yurganimizda bir qancha vaqt 
boshpana berdilar. O‘shanda u kishi menga butun hayotimni yetti fazilat asosiga qurishni 
o‘rgatgan edilar... 
— Masalan, qaysi fazilatlar? 
— Birinchisi: yaxshilikka muhabbat. Ikkinchisi: insonga muruvvat. Uchinchisi: haq 
yo‘ldagi botirlik. Chunki o‘g‘ri, bosqinchilarning ham botiri bor. Biz faqat halol 
yashaydigan kishining botirligini fazilat deb bilurmiz. To‘rtinchisi: odamga kuch-qudrat 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
247
beruvchi ilm-u ma’rifat. Beshinchisi: barcha so‘z-u ishdagi samimiyat. Oltinchisi: xulq-u 
atvordagi insof-u diyonat. Yettinchisi: insonni kamolotga yetkazuvchi ma’naviyat. 
— Afsuski, hayotda bu fazilatlarni sof holda topib bo‘lmagay! — dedi Akbar. — Yaxshiy-u 
yomon, haq-u nohaq mudom aralashib ketgay. Odamlar necha ming yillardan beri 
yaxshini yomondan, egrini to‘g‘ridan bexato ajratish yo‘lini izlaydilar. Nechun bu yo‘llar 
hanuzgacha topilmaydir? 
— Hazratim, bu yo‘llar kaftdagi chiziqlarday muqim turganda, odamzod ularni 
allaqachon topgan bo‘lardi. Lekin biz «yo‘llar» deb aytadigan narsalar, aslida, oqib 
turgan daryolardir. Yaxshi-yu yomon, halol-u harom — daryo suviday muttasil 
harakatda bo‘lgandan keyin noiloj aralashib ketadir. Harakatdagi daryoning yaxshi 
xosiyatini yomon loyqalardan ajratish benihoya mushkul. 
— Balki bu umuman mumkin emasdir? Men yangi poytaxtda yangi bir insoniy muhit, 
adolatli bir jamiyat barpo qilish orzusidamen. Balki bu ro‘yobga chiqmaydigan bir 
xayolotdir? 
Akbar dilini ochib so‘zlayotganidan ruhi ko‘tarilgan Abulfazl Arastudan Ibn Sino-yu, 
Navoiygacha barcha ulug‘ odamlar adolat axiyri bir kun g‘alaba qilishiga ishonib 
yashaganlarini aytdi. Shu ishonch bo‘lmasa, yashashning ma’nosi qolarmikin? 
— Rost, — dedi Akbar, — biz ne uchun dunyoga keldik? Uni bir ozgina bo‘lsa ham 
obodroq, adolatliroq qilib ketmasak yashashning ne ma’nosi bor? 
— Hazratim, qadimiy kitoblarda rivoyat borki, har ming yilda yangi bir dohiy tug‘ilib, 
barcha adolatsizliklarni bartaraf qilgay. 
Abulfazl so‘zining tasdig‘i uchun mez ustida turgan kitoblarni bir-bir ochib, goh sanskrit 
tilida, goh qadimgi fors-pahlaviy tilida misollar keltira boshladi: 
— Mana, hindlarning muqaddas kitobida aytilmishdir: Oftob tangrisi Vishnu tanosih* 
qonuni bo‘yicha dunyoga cho‘pon bo‘lib qaytib kelgay, barcha adolatsizliklarni yo‘qotib, 
yaxshilardan adolatli jamiyat tuzgay. Nasoralarda rivoyat borki, yangi bir mahdiy 
Messiya, ya’ni Masiho qiyofasida kelib dunyoda adolat o‘rnatarmish. 
Akbar otashparastlarning «Avesto»sida ham shunga o‘xshash rivoyat borligini esladi: 
Zorastr avlodidan Saush’yant degan dohiy paydo bo‘larkan, yomonlikni yo‘qotarkan-u 
dunyoni poklarkan. Turli xalqlarning e’tiqodlari bu qadar o‘xshash bo‘lsa, diniy adovatlar 
qayoqdan chiqib kelmoqda? 
Ular birgalashib shu savolga javob izlay boshladilar. Abulfazl Akbardan to‘qqiz yosh 
kichik bo‘lsa ham, tarixni yaxshi bilganligi va behad ko‘p kitob o‘qiganligi tufayli ikkovi 
tengdosh va maslakdoshlardek berilib suhbatlashar edilar. Abulfazlning fikricha, hamma 
balo — ruhoniylarning tamagirligi-yu fotihlarning diniy xurofot yordamida bosqinchilik 
siyosatini amalga oshirishida. Goh g‘azot-u jihot, goh salb yurishlari, goh hind-muslim 
qirg‘inlari — bari g‘arazli maqsadlarga xizmat qilgan. Bid’at-u xurofot bir xalqni 
ikkinchisiga yomon ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, albatta, uning urf-u odatlarini, imon-u 
e’tiqodini buzib talqin qiladi. 
— Hazratim, johillar shu yo‘l bilan... «Faqat biz yaxshi, boshqalar yomon» deb, o‘zlarini 
ustun ko‘rsatib, xurofiy hokimiyatlarini o‘rnaturlar. Ular uchun haqiqat kerak emas. 
Xurofot-u bid’at mudom taxminiy gapga, rivoyatga, mish-mishga asoslanib ish ko‘rur. 
Ko‘pchilik ruhoniylar boshqa xalqlarning imon-u e’tiqodi neligini bilmaydir, bilishdan ham 
cho‘chiydir. Go‘yo boshqa dinlarga qiziqsa, muslimlik e’tiqodi bo‘shashib ketarmish. 
Shuning uchun boshqa tildagi nodir kitoblarni «makruh» sanab, iliklariga ham ol-
maydigan ulamolar ko‘p. Holbuki, yaxshini yomondan farq qilmoq uchun ularni o‘rganib 
chiqmoq kerak. Faqir shu e’tiqod asosida dunyodagi beshta asosiy dinlarning tarixini 
qiyosan o‘rgandim-u farqlaridan tashqari o‘xshash joylari ko‘pligidan hayratga tushdim. 
Abulfazl «Injil»ni ochdi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
248
— Mana, Odam Ato bilan Momo Havo haqidagi rivoyat nasoralarda ham bor. Faqat ular 
Odam Atoni Adam deydilar. Momo Havoni Yeva deydilar. Yana bir narsaga e’tibor bering, 
hazratim: fotiha o‘qilgach, muslimlar «omin» deydilar, nasoralar «amin» deydilar, 
yunonlar «amn» deydilar, hindlar «ouvmm» deydilar. 
— To‘rtalasi ham o‘xshash! — hayrat bilan xitob qildi Akbar. — Agar turli uluslar bid’at-u 
xurofot ta’siridan qutulsalar-u o‘zlari haqidagi chin haqiqatni bilsalar, dahshatli diniy 
adovatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmasmidi? 
— Men ham nuqul ana shu haqda o‘ylayman-u hech o‘yimning tagiga yetolmaymen! 
Chunki ko‘p joyda shayx Ansoriyga o‘xshash xurofotchilar hokimiyat tepasiga chiqib 
olmishlar. Ular boshqacha fikr yuritadiganlarni «dahriy» e’lon qilib o‘limga buyururlar, 
zindonga tashlaydirlar. Hatto Ulug‘bekdek tojdor allomani o‘shalar o‘limga hukm qilish 
huquqiga ega bo‘lganini tarixdan bilursiz. 
— Menga qarshi suiqasd tayyorlaganlar ham shular! — dedi Akbar badaniga sanchilgan 
yoy o‘qining achchiq og‘rig‘ini hozir qayta his qilganday ozorlanib. 
— Faqat sharqda shundaymi desam, g‘arbda — Farangistonda ham diniy hokimiyat juda 
shafqatsiz emish. Gujaratda yurganimda farangi dengizchilar so‘zlab berdilar. Ularda 
bizdagidan ham katta xurofiy hokimiyat bor ekan. «Inkivizitsiya» deyilarkan. Dahriy deb 
gumon qilinganlarni ming qiynoqlarga solib, so‘roq qilarmishlar. Dahriyligi isbot etilsa, 
ustunga bog‘lab qo‘yib, tagidan o‘t qo‘yib, kuydirarmishlar. ma’rifatli allomalar xurofotga 
zid bo‘lgan yangi fikr aytsa bas, bizdagiga o‘xshab, ularni ham dahriylikda ayblashar 
ekan-u olovda kuydirib o‘ldirisharkan. Holbuki, imon-u e’tiqodni har bir kishi diliga 
joylagay. Inson dilini bu tarzda idora etib bo‘lg‘aymi, axir, hazratim? e’tiqodi boshqacha 
bo‘lgan odamlarni sharqda toshbo‘ron qilib o‘ldiradigan, g‘arbda olovga tashlab 
kuydiradigan johillar istibdodi qachondir bir vaqt yo‘qotilmog‘i kerak! 
Bu hokimiyatdan ko‘p jabr ko‘rgan Salim ota ham shu fikrni aytgani Akbarning esiga 
tushdi. Eng yaxshi odamlarga shunchalik zulm o‘tkazayotgan ansoriylarning 
hokimiyatidan qanday qilib qutulish mumkin? 
Mana shu fikr Akbarga besh-o‘n kun tinchlik bermay yurdi. U abulfazl bilan yana 
kutubxonada uchrashganda ulkan gumbazli yangi binoning qog‘ozga chizilgan xomaki 
rejasini ko‘rsatdi. 
— Janob Abulfazl, faraz qilingki, bu gumbaz — ilohiy osmon ramzi. Mamlakat 
xalqlarining imon-u e’tiqodlarini xuddi tog‘ning turli yonbag‘irlari kabi shu yaxlit gumbaz 
ostiga yig‘sak ne deysiz? 
— Qanday qilib, hazratim? — tushunmadi Abulfazl. 
— Hind eli muqaddas sanaydigan kitoblar bor. Siz ularning eng qadimiysi deb 
«Rigvedani» aytdingizmi? Binoning alohida bir qismini shu kitob egallasa... hindlarning 
imon-e’tiqodiga mos kelurmi? 
— Shubhasiz mos kelur! 
— Mamlakatimizda otashparastlar bor. Ularning «Avesto»si qachon yozilgan? 
— Bundan uch ming yil muqaddam. 
— Demak, binoning ikkinchi qismi «Avesto»ga, uchinchi qismi nasoralarning muqaddas 
kitoblariga berilsa, to‘rtinchi qismi — muslimlar e’tiqodiga makon bo‘lsa. 
— Barcha e’tiqodlar bir gumbaz ostida birga, barobar!.. Hazratim, tarixda hali hech kim 
qilishga jur’at etmagan yangi ishga bel bog‘labsiz! Eng muhimi, turli e’tiqod vakillari bir 
davraga yig‘ilsalar, haqiqatni bilishlari osonroq bo‘lg‘ay, xurofot-u bid’at chekingay. 
— Oxir-oqibatda ansoriylarning xurofiy hokimiyatidan qutulish mumkin bo‘lgay! — deb 
Akbar Abulfazlning fikrini davom ettirdi. — Chunki bu hokimiyat diniy adovatga 
asoslanmishdir. Biz diniy adovatni yo‘qotsak, ansoriyning suyangan ustunlari qulagay, 
o‘zi keraksiz bo‘lib, chetga chiqib qolgay! 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
249
Abulfazl Akbarning rejasi qanchalik uzoqni ko‘zlab chizilganini endi tushundi-yu, hayajon 
bilan o‘rnidan turib unga ta’zim qildi: 
— Hazratim, bu to‘rt qismlik obida — sizning ulug‘ bir me’morlik kashfiyotingiz 
bo‘lg‘usidir! 
— Agar bu chindan kashfiyot bo‘lsa, uni men sizning yordamingiz bilan qilmishmen, 
mavlono! — dedi Akbar. 
O‘sha kuni Abulfazlga mo‘tabar mavlonolik unvoni berildi. Keyinroqu Akbarning eng 
ishongan sirdosh vaziri bo‘lib qoldi. 
Bir gumbaz ostidagi to‘rt qismlik binoni ular o‘zaro suhbatda «E’tiqodxona» deb 
atashardi. Lekin dindorlarni cho‘chitmaslik uchun rasmiy ravishda unga «ibodatxona» 
deb nom berdilar. Yangi binoga joy tanlashda esa Akbar Bianadagi xalq qo‘zg‘oloniga 
boshchilik qilgan Abdulla Niyoziyning eski hujrasi o‘rnini ma’qul ko‘rdi. 
Bu hujra yangi saroy binosi tushgan joyga yaqin. Abdulla Niyoziyning o‘ziga Salim ota 
turgan ko‘l bo‘yidan boshqa joy berilgan. Abdulla Niyoziy hozir qurolli qo‘zg‘olon yo‘lidan 
qaytgan, lekin mahdiylar e’tiqodidan voz kechgan emas. U ham shayx Muborak kabi 
butun najotni odil podshodan izlaydi va Akbarga umid bilan qaraydi. 
Akbar esa ansoriylarning diniy istibdodiga qarshi kurashda marhum Salim otaning 
shogirdlari bo‘lgan mahdiylarga suyanadi. Shu sabablar bilan ikki oradagi yaqinlik tobora 
o‘sib boradi... 
 
______________ 
* T a n o s i h — ruhning yangi shakllarda qayta tug‘ilishi haqidagi falsafa.
 
*  *  * 
 
Ichki g‘animlarni bartaraf qilish yo‘llari shu tarzda belgilangach, Akbarning xayolini 
tashqi dushmanlar ko‘proq band qila boshladi. Ularning eng ashaddiylari hozir Gujarat va 
Goa tomonlarda edi. Ular o‘sha yoqlardan maxfiy odam yuborib, yana Po‘lat vasvasga 
o‘xshagan odamlarni Akbarga qarshi zimdan ishga solayotgan bo‘lishlari mumkin. Lekin 
Gujaratda Akbar yuborgan mushriflar ham tinmay ish olib bormoqdalar. Ular Gujaratdagi 
ichki nizolardan foydalanib, Muzaffarshohning vaziri E’timodxon bilan yashirin aloqa 
o‘rnatdilar. Akbarning nomidan bu vazirga xatlar, sovg‘alar eltib topshirdilar va katta 
va’dalar berdilar. 
Nihoyat, E’timodxon Akbarga yon bosib, maxfiy javob yozdi: 
«Hazrat shahanshoh! Bundan o‘ttiz yil burun Gujarat sizning otangiz qalamravida edi. 
O‘shanda faqir Zafarshohlar sulolasiga yon bosib, Gujaratning markaziy davlatdan ajralib 
chiqishiga yordam bergan edim. Bu ishim xato bo‘lganini menga shu o‘tgan yillar 
ko‘rsatdi. Muzaffarshoh Gujaratni xarob qildi. Dengiz qirg‘oqlaridagi ellar farangilar 
ixtiyoriga o‘tmoqda, ilm-ma’rifat inqirozga yuz tutdi, diniy adovat va ichki parokandalik 
Gujaratni behad zaiflashtirib qo‘ydi. Holbuki, biz qudratli markaziy davlat tarkibida 
bo‘lganimizda bu ahvolga tushmas edik. Sizning ilm-u ma’rifatga keng yo‘l 
berganingizni, diniy adovatga qarshi turganingizni, qanday islohotlar o‘tkazganingizni va 
katta qurilishlar qilayotganingizni Agraga, Dehliga, Sekriga borib kelgan odamlardan 
eshitib havasimiz kelur. Bizning iste’dodsiz johil hukmdorimiz Muzaffarshoh el-ulusni 
o‘zidan bezdirgan, ko‘pchilik bek-u sipohilar ham undan qutulishning yo‘lini 
izlamoqdalar. Hatto men uni bir vaqtlar taxtga chiqarganimga endi ming pushaymonlar 
qilmoqdamen. Agar kelsangiz, Ahmadobod sizga peshkash, maslahat bilan darvozalarni 
jangsiz ochib berishga tayyormiz». 
Akbar Gujarat yurishi uchun endi fursat kelganini sezdi. Uning xayoli Muzaffarshoh 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling