Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
- Bu sahifa navigatsiya:
- F A T H O B O D, G U J A R A T IKKI SUIQASD
www.ziyouz.com kutubxonasi 236 saroyda shayxulislommi? — Saroyda yomonlar ko‘pligi rost. Akbarjon ham ulardan bezor bo‘lgan. Lekin... o‘sha shayxulislomning o‘rnini oladigan yaxshi ruhoniylar qani? Siz saroyga shayxulislom bo‘lib borgaymisiz? Salim ota bosh chayqadi: — Bu taklifni menga Akbarshoh ham aytdilar, lekin men uzr so‘radim. Shayxulislomlik nedir? Diniy hokimiyat. Sadrlar suduri ham o‘zicha bir hokim. Bular odamlarni o‘limga hukm qilish, zindonga solish huquqiga ega bo‘lgan din peshvolaridir. Holbuki, boylig-u martaba eshikdan kirsa, imon-u e’tiqod tuynukdan chiqib ketgay. Shuning uchun ruhoniylarga hokimiyat ham, boylig-u martaba ham berilmasligi kerak. Davlat hokimiyati bo‘lsa bas — shuning o‘zi ham el-ulusga og‘ir yuk. Yana buning ustiga diniy istibdodning yukini ko‘tarish xalqni ezib yubormoqda. Men Akbarshohga maslahat berdimki, ilojini topsangiz, diniy hokimiyatni yo‘qoting! Hamida begim bu gapdan qo‘rqib ketdi: — Salim ota, ruhoniylar g‘ulu ko‘tarib, Akbarjonni ham dahriylikda ayblamasinlar, tag‘in! Siz unga bunday maslahatlarni bera ko‘rmang! — Berganimda ham Akbaringiz bu maslahatni olgani yo‘q. Uning xayoli hozir boshqa narsalar bilan band. — Ha, Akbarjon o‘g‘il kutmoqda. Jodha Bayga sizning dargohingiz juda xush yoqqanini katta kelinim Salima begim ham eshitibdir. Yana bitta chodir tikdirib, Salimani ham olib kelsakmikin? — Mening bir andisham bor, begim. Kundoshlik azobini bilursiz. Jodha Bayning ko‘zi yoriguncha bu azobni unga yaqin keltirmaganimiz ma’qul. Hamida begim Salim otaning bu andishasini o‘rinli topdi. * * * Akbar Salim otaga e’tiqod qo‘ygandan beri uning Salima begimga munosabati ham avvalgidan iliqroq bo‘lib qolgan edi. Bolasi turmay, farzand dog‘ida kuyib yurgan bu juvon oldida Akbar o‘zini qarzdor sezardi. Shuning uchun u Salimani Jodha Baydan o‘n mil naridagi Bog‘i Fathga ko‘chirtirib keldi. Jodha Bayning oy-kuni yaqinlashganda Akbar irim qilib uning oldiga bormay qo‘ydi. U goho ovga chiqib, o‘rmonda chodir tikdirib tunardi. Sunbula oyi kirganda Akbar Gvalior tomonlarga ovga ketdi. Momaqaldiroq gumburlab turgan yomg‘ir kechasi Jodha Bay o‘g‘il tuqqan edi. Buning xabarini oti sag‘risigacha loyga botgan, lekin o‘zi quvnoq kulimsiragan Ahmad Buxoriy olib keldi. Akbar suyunchi uchun Ahmad Buxoriyga qimmatbaho durlar qadalgan to‘nini yechib berdi. Ovchilar o‘rmonda surnay va naqora chalib, yarim tungacha xursandchilik qildilar. Akbar yaxshi niyat bilan besh yuz ming rupiy turadigan noyob bir gavhar sirg‘a olgan va uni kissasiga solib yurar edi. Ertasi kuni ertalab bu sirg‘ani Ahmad Buxoriyga berdi: — Rani Jodha Bayga buni mendan sovg‘a qilib elting. Salim ota... in’om olmagaylar... Borib ayting, agar ota rozi bo‘lsalar, o‘g‘limizning otini shu kishining hurmatlari uchun Salim qo‘ygaymiz. Ahmad Buxoriy ustozi Salim ota uchun quvonib dedi: — Olijanob yo‘l topdingiz, hazratim! Xalq orasidan chiqqan zahmatkashning ismini shahzodaga qo‘yish— tarixda qoladigan bir voqeadir. Akbarning o‘zi ota-bobolar udumiga binoan chaqaloqning qirqi chiqmaguncha uning oldiga bormadi. Lekin u o‘z o‘g‘liga Salim otaning nomini qo‘yganligi el-ulus orasida Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 237 shunday shuhrat qozondiki, ota tez kunda mamlakatning eng mo’tabar mo‘ysafidiga aylandi. Uni bir ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar ko‘payib ketdi. Chaqaloq uch oylik bo‘lguncha Akbar uni Salim otaning uychasi yonidagi bahavo joyda saqladi. Man Sinx boshliq ko‘riqchilar begona odamni bu tomonlarga o‘tkazmay turdi. Lekin Jodha Bay bolasi bilan Agraga qaytib ketgandan so‘ng soqchilar ham ketdi-yu, Salim otaning uyiga ziyoratga keluvchilarning keti uzilmay qoldi. Rivoyat va afsonalar qon-qoniga singib ketgan odamlar Salim otaning Xo‘jai Xizrligiga ishonib, uning etagini ko‘zlariga surishar, farzandsizlar undan farzand tilar, kasalmandlar — shifo, baxtsizlar baxt so‘rar edi. — Shifoni ham, baxtni ham sizlarga tangrim bersin! — derdi Salim ota. — Men ham sizlarga o‘xshagan osiy bandamen, Xizr emasmen! Lekin bu gaplarni kamtarlik hisoblab, ba’zilar uning oyog‘i tagiga o‘zini tashlashar, ba’zi badavlat odamlar hamyon to‘la pul yoki qimmatbaho gilamlarni nazr-niyoz qilishar, Salim ota: — Olmaymen! — deganiga qaramay, eshigining og‘ziga qimmatbaho narsalarni tashlab ketishar edi. Osuda va kambag‘alona hayotga o‘rgangan Salim ota buning hammasidan qattiq hayajonga tushardi. Selday yopirilib kelayotgan ziyoratchilardan o‘zini qanday himoya qilishini bilmay yuragi gursillab urar, majruh tanasi shuhratning og‘ir yukiga bardosh berolmay zirqirab og‘rir, kechalari uyqusi o‘chib ketar, kunduzlari ishtahasi o‘lib, durust ovqat ham yemasdi. Hut kirganda Akbar uni ko‘rgani keldi-yu, Salima begimning ham bo‘yida bo‘lganini, agar ota rozilik bersalar, uning kulbasiga ko‘chib kelmoqchi ekanini aytdi. — Qaytaga, sizning qo‘riqchilaringiz bor paytda tinchroq edim, — dedi Salim ota. — Har xil boy-u savdogarlar nazr-niyoz ko‘tarib uyimga bostirib kelolmas edi. Nasibam shu ekan, endi men sizning himoyangizga muhtojmen, begimni olib kelavering. Bu gal Akbar Salim otaning kulbasi yoniga uchta chodir tikdirdi. Ulardan birida Salima begim doya kampiri bilan, birida Akbar, birida Hamida begim kanizi bilan yashay boshladi. Ota Salima begim bilan she’rxonlik qilishni yaxshi ko‘rardi. Ular goh Jaloliddin Rumiy masnaviylaridan, goh Hofiz va Navoiy g‘azallaridan navbatma-navbat yod aytishib, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolishar edi. Issiq oylar, chang ko‘tarib esuvchi shamollar o‘tib, yomg‘ir fasli boshlangan javzo oyida Salima begim ham o‘g‘il tug‘di. Shu kunni sakkiz yildan beri zoriqib kutgan juvon sog‘lom va miqti chaqalog‘ini birinchi marta bag‘riga olib emizar ekan: — Shukur, endi murodimga yetdim, — deb shivirladi. — Otini Murod qo‘ysinlar! Akbar bu gal ham ota-bobolar udumiga rioya qilib, chaqaloq qirq kunlik bo‘lguncha ikkinchi o‘g‘ilning otini Murod qo‘yishga rozi ekanini ayttirib yubordi. Xushxabar olib borgan Qilichxon Andijoniy suyunchisiga bosh-oyoq sarupo oldi. Akbar undan Salima begimga gavhar uzuk sovg‘a berib yubordi. * * * Akbar uchun Sekrining jozibasi tobora ortib borardi. Sekri tog‘ining sarin shabadasi, moviy ko‘lining salqini, Bog‘i Fathdan qaynab chiqib turgan buloqning zilol suvi va bir emas ikki o‘g‘li tug‘ilgan joylar uni o‘ziga ohanraboday tortardi. Endi Agrada ko‘p turgisi kelmas, iloj bo‘ldi deguncha, Sekriga yo‘l olardi. Choparlar, mulozimlar, bek-u a’yonlar Agra bilan Sekri orasida mokiday qatnashardi. Axiri bir kun Akbar eng nufuzli amirlarni Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 238 Sekrining Bog‘i Fathiga mashvaratga yig‘di-yu: — Poytaxtni Agradan Sekriga ko‘chirgaymiz! — dedi. — Bugundan boshlab oliy mahkamalar Sekrida bo‘lgay. Bu kutilmagan qarordan ba’zi amaldorlar sarosimaga tushdilar: — Hazratim, boshqa mahkamalarga bino yetishmagay, avval yangi poytaxtni qurib, undan so‘ng ko‘chib kelgan ma’qul emasmikin? — dedi Todar Mal. — Bino yetishmagan mahkamalar uchun chodirlar tikilsin! — dedi Akbar. — Bizning oilamiz, bolalarimiz chodirda yashaganda nechun amaldorlar yashay olmagay? Devoniom ham chodir shaklida tiklansin. Kerak bo‘lsa, ikki oshiyonlik chodirlar yasaydigan ustalarimiz bor. O‘shalarga buyurtmalar berilsin. Albatta, umrbod chodirda qolib ketmagaymiz, darhol yangi poytaxtning qurilishini boshlagaymiz. Uning umumiy rejasi qog‘ozga tushgan, me’morlarga tarhlar chizish buyurilgan. Janob Chig‘atoyxon Toshkandiy, siz o‘z odamlaringiz bilan bo‘lajak poytaxt atrofiga toshdan devor ko‘tartirgaysiz. Chig‘atoyxon o‘rnidan turib: — Bosh ustiga! — deya bu farmonni qabul qildi. — Janob Bhagvan Das, siz davlat mahkamalari uchun uch oshiyonlik bino qurishga mutasaddi bo‘lursiz! Bhagvan Das ham bu topshiriqni ta’zim bilan qabul qildi. Man Sinx o‘z singlisi Jodha Bay va uning o‘g‘li Salim turadigan ko‘shkni qurib berish majburiyatini oldi. Qilichxon Andijoniy podshoning devoniomi va xonayi xoslari joylashadigan qasr qurilishiga javobgar qilib tayinlandi. Shu tarzda Akbar yangi poytaxt qurilishi uchun barcha amirlari va yaqin odamlarini safarbar qildi. O‘zi esa bosh me’mor bo‘lib, qaysi binoning qayerga tushishi va qanday shaklda qurilishini belgilab bera boshladi. Dehlida mirzo Humoyun maqbarasi qurib bitirilgan, undan bo‘shagan minglab odamlar-u aravalar, yuk tashuvchi fillar va tuyalar Sekridagi qurilishga olib kelindi. Agra qal’asining qurilishi undan oldinroq tugagan edi. U yerda ishlab tajriba orttirgan hunarpeshalar ham endi Sekriga kelib ishlay boshladi. Barcha binolarning devorlari qizil toshdan qilinmoqda edi. Bu toshni uzoqdagi tog‘lardan tashib keltiradigan maxsus sangfurushlar bor edi. Ular har bir toshning bo‘yi va enini o‘lchab, goho vaznini katta tarozilarga qo‘yib tortib sotishardi. Yangi poytaxtni qurishga o‘n minglab odam jalb etilgan, hammasining toshga ishi tushardi. Shuning uchun Sekrida kattakon tosh bozori paydo bo‘ldi. Tosh ortilgan aravalarning shaqir-shuquri Salim ota turgan joylarga ham eshitila boshladi. Murodning chillasi chiqqandan keyin Akbar uni ko‘rishga keldi. Salima begimni quchib tabrikladi-da, yo‘rgakdagi bolani qo‘liga olib, oqish yuziga va tilladay tovlangan sochlariga qaradi: — Bobolariga tortibdir! Umri uzoq bo‘lsin! Begim, tilagingiz nedir? Buyuring! — Tilagim — Sekridan ketmaslik. Bu yerlar juda xosiyatli ekan. Jannatmakon Bobur bobomiz bu yerlarni yoqtirib, Bog‘i Fathni barpo etgani bejiz emas ekan. — Shuning uchun yangi poytaxtda Fathobod deb nom qo‘ymoqchimen, — dedi Akbar. — Ulug‘ bobomizning ruhini shod etadigan xayrli ish! Barcha niyatlaringizga yeting, hazratim! Faqat... yangi poytaxtingizda men bilan Murod uchun alohida bir go‘sha topilgaymikin? Salima begim endi haramda, kundoshlari orasida turishni istamas edi. Buni sezgan Akbar: — Siz bilan Murod uchun ikki oshiyonlik alohida ko‘shk qurdirmoqdamen! — dedi. — Hovlisida chorchamanlari, salqin favvoralari bo‘lgay. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 239 — Minnatdorman, hazratim! Biz bu mas’ud kunlarga Salim otaning sharofati bilan yetishdik. Lekin hozir otaning darmoni ketib, eski xastaliklari qo‘zg‘ab yuribdir... Akbar Salim otadan xabar olish uchun uning uychasiga kirdi. To‘rda oq po‘stak ustida yonboshlab yotgan Salim ota o‘rnidan majolsiz ko‘tarildi. Akbar uni turgani qo‘ymay, cho‘k tushdi-yu, otaning egnidagi oq hirqaning etagini ko‘ziga surib o‘pdi: — Sizga ne bo‘ldi, Salim ota? — Meni muncha tavof qilmang, shoh o‘g‘lim! Kamina ham ojiz insonmen... Akbar uning gapiga tushunolmay yuziga hayron bo‘lib tikildi. Salim ota so‘nggi paytlarda boshdan kechirgan ichki tuyg‘ularini unga qanday aytishni bilmay jim turib qoldi. Murod tug‘ilgandan keyin Salim otaning el orasidagi shuhrati yana bir necha daraja oshgan edi. Hatto: «Akbarshoh Salim otaning hurmati uchun poytaxtni Agradan Sekriga ko‘chirgan emish!» degan ovozalar tarqaldi. «Salim ota Xo‘jai Xizr ekan» degan gapga ishonadiganlar ko‘payib ketdi. Minglab ixlosmandlar Xo‘jai Xizrni uchratib, eng katta orzularini uning o‘tkir nafasi bilan darhol amalga oshirishni istar edilar. Biroq Akbar qo‘ygan soqchilar ziyoratga kelayotgan izdihomni otaning uyi tomonga o‘tkazmay qo‘ydilar. Otaning hassaga suyanib so‘qmoqlardan piyoda yurishini biladigan ixlosmandlari uning yo‘lini poylay boshladi. Salim ota o‘rmon yo‘lidan o‘tib qolsa, uning oyog‘iga bosh urib, ezgu tilaklarini aytishar, ba’zilari qo‘y, echki yoki boshqa jonlig‘ini unga atab so‘yishar edi. Salim ota: — Meni Xo‘jayi Xizr deganlar adashgan, men ham sizlar kabi oddiy odammen! — desa ham qutulmas edi. Kunlar o‘tishi bilan Salim ota piyoda sayrga chiqolmaydigan bo‘lib qoldi. — «O‘t balosidan, suv balosidan asrasin» der edilar, shuhrat balosidan ham qo‘rqqulik ekan. Bir necha kun podsho bo‘lganimda shon-shuhratdan mast bo‘lib, bir o‘limdan qolgan edim. Bu gal balki... qutulolmasmen. — Unday demang, Salim ota! Men sizning nomingizga Sekrida bir madrasa qurdirmoqchimen. Hali siz uning talabalariga ma’naviyatdan saboq bermog‘ingiz darkor. — Shoyad shunday bo‘lsa! Mening Abdulla Niyoziy, shayx Muborak degan maslakdoshlarim bor edi. Adolatli davlat tuzumini orzu qilib, Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etganlari uchun Abdulla Ansoriy ularni o‘limga hukm qilgan. Ammo o‘sha xalq harakati Sherxonlar sulolasini ichdan yemirib, otangiz bilan sizning Hindistonga qaytishingizga yo‘l ochgan edi. Mening hayotimdagi... eng yorug‘ kunlar ham adolat uchun ko‘tarilgan o‘sha Bianadagi qo‘zg‘alonga qatnashgan paytim bo‘ldi... Bu xalq harakati hamon so‘ngan emas. Uning cho‘g‘lari eng yaxshi odamlar qalbida hali ham yaltirab turibdir. Abdulla Niyoziy, shayx Muborak, uning Fayziy degan to‘ng‘ich o‘g‘li, Abulfazil degan o‘rtanchisi — hammalari adolatli rahbarga g‘oyat tashna. Ular Sirhind, Gujarat tomonlarda Ansoriydan qochib yurgan emishlar... Agar mening kunim bitsa... o‘shalar sizga sodiq... balogardon bo‘lg‘ay! Akbar Salim otaning kasali jiddiyligini sezib, saroy tabiblarini chaqirtirdi. Dori-darmonlar bilan otani ancha vaqt muolaja qildilar. Eski yaralarining o‘rinlari og‘rib, ota uzoq vaqt uyidan chiqolmay yotdi. Akbar bilan Hamida begim uni yana ko‘rishga kelganlarida: — Endi... rozi bo‘linglar! — dedi. Hamida begim uning qoqsuyak bo‘lib qolgan qo‘lini ko‘ziga surib, yig‘lab yubordi: — Biz mingdan ming rozimiz... Bizdan o‘tgan bo‘lsa... kechiring!.. Akbarning ham o‘pkasi to‘lib gapirolmay qoldi. Bu qanday shafqatsiz taqdirki, kim unga katta yaxshiliklar qilsa uzoq yashay olmay, o‘lib ketadi. Otasi, Bayramxon, Mohim enaga... Mana endi Salim ota... Shohlik hokimiyati chindan ham ota aytganday bir ajdaho ekan-u Akbarga qalqon bo‘lgan eng yaxshi odamlar birin-ketin uning qurboniga aylanmoqdami? Balki endi navbat Akbarning o‘ziga yoki onasi Hamida begimga Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 240 kelgandir? Bu taxmin Akbarni seskantirib yubordi. Salim ota ertasi kuni uzildi. Uni Sekri tog‘ining ustiga — yangi qurilayotgan poytaxtning markaziga dafn etdilar. Otaning oq marmar maqbara ichidagi qabri — Fathoboddagi birinchi sag‘ana edi. Poklik timsoli bo‘lgan ma’naviy otasining qabrini Akbar dengiz tubidan olingan sof sadaflar bilan qoplattirdi. F A T H O B O D, G U J A R A T IKKI SUIQASD Bundan qirq besh yil muqaddam Sekrining Bog‘i Fathida Bobur Xondamir bilan suv ichgan buloq hali ham yer ostidan toza qumlar bilan birga qaynab chiqib turibdi. Uning tiniq suvi balandga bo‘y cho‘zgan sanobar va ninb* daraxtlari orasidan shildirab oqmoqda. Suiqasddan yarador bo‘lgan Akbarni kechki payt taxtiravonda shu boqqa ko‘tarib keldilar... Bu hodisa kuppa-kunduz kuni Dehli ko‘chasida yuz berdi. Akbar otasining maqbarasini ziyorat qilib qaytayotgan edi. Yonida elliktacha otliq yigiti ham bor edi. Ziyoratga borganda u zirhli kiyim kiymas, egnida yengil oq so‘fi delagay* bor edi. Katta ko‘chadan o‘tayotganlarida Akbar Mohim enaga qurdirgan qizlar madrasasining ikki oshiyonlik binosini tanidi-yu, otining jilovini tortdi. Marhumaning xotirasi uchun shu yerda bir lahza to‘xtab o‘tgisi keldi. Madrasa tomonga endi yuzlangan paytda ikkinchi qavatning ayvonida keskin bir harakat sezildi. Yo‘g‘on ustun panasiga yashiringan barvasta odam yoy o‘qini Akbarning chap ko‘kragiga to‘g‘rilab otdi. O‘qni juda kuchli qo‘llar otgani shuvillab kelayotgan sharpasidan ham sezildi. Janglarda ko‘p yurib, bu sharpadagi ajal xatarini tez ilg‘ashga o‘rgangan Akbar darhol otning yoli ustiga egildi. Ammo panalashga ulgurmadi. Ko‘krakka mo‘ljallab otilgan o‘q u egilayotganda chap yelkaga shunday qattiq sanchildiki, Akbar hushidan ketib, egardan yerga yiqilib tushdi. Yonidagi Jalolxon qo‘rchi otidan sakrab tushib, uni yelkasidan suyab turg‘iza boshladi. Sijoatxon degan soqchi o‘ntacha yigiti bilan o‘q otgan odamni tutib kelish uchun yugurib ketishdi. Ayvonda bir ko‘ringan soqol-mo‘ylovi o‘siq devsurat yigit qizlar saboq tinglab o‘ltirgan xonalarga kirib yashirinmoqchi bo‘ldi. Akbarning soqchilari qiy-chuv ko‘tarib yo‘lakka qochib chiqqan qizlar va otinoyilar orasidan: — Po‘sht, po‘sht! — deb o‘tishib, o‘q otgan odamni quvib ketishdi. Bu orada Akbar sal o‘ziga keldi-yu, yelkasiga sanchilib turgan o‘qning jizillatib og‘riyotganini, iliq qon badaniga sizib oqayotganini sezdi. Jalolxon: — O‘q zaharlangan bo‘lishi mumkin! — dedi-yu, uni sug‘urib tashlamoqchi bo‘lib bir tortdi. Lekin o‘q yelka suyagi bilan et orasiga juda chuqur kirgan edi, bir tortganda chiqmadi. Akbar og‘riq zarbidan ihrab, rangi oqarib ketganini ko‘rgan Jalolxon o‘qni yana qattiqroq tortishga jur’at etolmadi. Shunda Akbarning o‘zi chap yelkasiga old tomondan sanchilib turgan o‘qni o‘ng qo‘li bilan shart sug‘urib olib tashladi. Ko‘zi yana tinib, qon qattiqroq oqa boshlaganini sezmadi. Xurjunda doim qonni to‘xtatadigan dori, yarani bog‘laydigan toza mato va malham olib yuradigan Rafiq mahram Jalolxonga yordamga yetib keldi. Ikkovlashib, Akbarning yarasini bog‘ladilar va qo‘ltig‘idan suyab, suv bo‘yiga, soya joyga olib o‘tdilar. Qizlar madrasasiga kirib ketgan yigitlar o‘q otgan davangiday bahaybat odamni tutib, Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 241 qo‘llarini bog‘lab sudrab chiqdilar. Uning ketidan ikkita navkar qo‘lidan tutib olib kelayotgan madrasa qorovuli: — Meni qo‘yvoring, bu Po‘lat vasvasni men kirgizganim yo‘q! — deb javradi. — Kasofati o‘ziga ursin! Ikkinchi oshiyonga yashiriqcha chiqqan! Men ko‘rsam uni madrasaga kirgizarmidim? Nomahram devona ayvonga osmondan tushganmi? Navzan billoh, be- xabarmen! Ko‘zlari quturgan ho‘kizning ko‘zlariga o‘xshab qontalash bo‘lib turgan Po‘lat vasvas Akbarning tirik qolganini ko‘rib: — Sendek dindan qaytgan dahriy podshoni o‘ldirish ham oz! — deb baqirdi. — Sen nuqul kofirlarga yon bosding, qancha mo‘min-musulmonni o‘ldirding! Adhamxon, Aliqulixon, Bahodirxon mening qadrdonlarim edi. Payg‘ambar avlodidan bo‘lgan qancha sayid-u xo‘jalarni quvg‘in qilding! O‘zingga o‘xshagan dahriy chol Salim Cheshtiga sig‘inding! Meni ham o‘ldirmoqchi bo‘lib yurganingni eshitdim. Osmondan vahiy keldi! Shuning uchun avval o‘zingni o‘ldirmoqchimen! Vodarig‘, dushmanim hamon tirik! Jalolxon Po‘lat vasvasning kekirdagiga bir urib, ovozini o‘chirdi. Akbar Jalolxonga: — Buni tirik saqlamoq kerak! — dedi. — Vazir Jamilga eltib topshiring. Ketida kimlar turganini aniqlasin. Po‘lat vasvasning boshiga qop kiydirib, oyog‘ini ham bog‘lashdi, uni navkaralardan biri otiga o‘ngarib qal’aga olib ketdi. Akbarning yelkasidan boshlangan og‘riq butun badaniga tarqab, isitmasi ko‘tarila boshladi. Otini keltirganlarida uzangiga oyoq qo‘yolmay gandirakladi. Qo‘llarini qimirlatsa yelkasidagi og‘riq chidab bo‘lmas darajada zo‘rayib ketardi. Lekin yomon ovozalar ko‘paymasligi uchun u tishini-tishiga qo‘yib mulozimlari yordamida otga mindi-yu, ming azob bilan Puran qal’aga yetib bordi. Bu yerda tabiblar og‘riqni bosadigan dorilar berib, uni davolashga tushdilar. Har uch- to‘rt soatda vazir Jamil kelib, Po‘lat vasvasning tergovi qanday borayotganini aytib turdi: — Hazratim, bu devona kimlarning qutqusiga uchib shu ablahlikni qilganini aytib berolmadi. Gaplari poyma-poy. Kim ilkiga o‘q-yoy bergani ham esida yo‘q. — Qani o‘sha o‘q-yoy? Qurolni taftish qildingizmi? Vazir Jamil Akbarga otilgan yoy o‘qini va kamonni keltirib ko‘rsatdi: — Hayriyatki, yoy o‘qiga zahar surmagan ekanlar, buni tekshirib aniqladik, — dedi. Akbar sog‘ qo‘li bilan kamonni aylantirib ko‘rdi. Uning ko‘zga tashlanadigan joylari kumush va sadaf bilan ziynatlangan, kamonning o‘zi eng qattiq irg‘ay yog‘ochidan qilingan edi. — Irg‘ay Movarounnahr tog‘larida ko‘p o‘sgay, — dedi Akbar. — Kamonni turonlik ustalar yasagan bo‘lmasin? Vazir Jamil kamonning ichki tomonida yog‘ochga o‘yib yozilgan bir yozuv ko‘rdi: — Siz haqsiz, hazratim! «Amali usto olim Shoshiy» deb yozilmishdir. Ob-bo, ablahlar-ey! Jahonga mashhur kamoni shoshiyni Po‘lat vasvasning ilkiga kim tutqizgan ekan? Jarohat og‘rig‘idan isitmasi ko‘tarila boshlagan Akbar vazir Jamilga shiddat qilib dedi: — Buni siz aniqlamog‘ingiz kerak! Vasvas qayerlarda turgan, kimlar bilan uchrashgan?.. Boring, eng mohir taftishchilarni ishga soling! — Bosh ustiga, hazratim! — deb vazir Jamil orqasi bilan yurib chiqib ketdi. Akbar sadaf va kumushlari nafis jilo berib tovlanayotgan kamoni shoshiyning qizg‘ish irg‘ay sopiga tikilganicha og‘ir o‘yga toldi. Bobolar yurti Movarounnahrni u tushida ko‘rganmi yoki go‘dakligida Xonzoda begim uni Kobuldan Farg‘ona vodiysiga, Toshkent va Samarqandga olib borib kelganmidi — buni aniq bilmaydi. Lekin bobosining kitobida tasvirlangan O‘shning lolalari, Andijonning nashvatisi, Marg‘ilonning katta dona anorlari, Isfara bodomzorlari xuddi bolalikda ko‘rilgan unutilmas ajoyibotlardek xotirasida aniq gavdalanadi. Akbar Samarqand-u Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 242 Toshkentlarni sog‘inganday yuragi o‘sha tomonlarga qarab talpingan paytlar bo‘ladi. Hindiston bilan Turon orasida qatnab turgan savdo karvonlari Movarounnahrning shirin- shakar mevalaridan keltirib turadi. Akbar Agrada yashab Farg‘onaning shirin qovunlaridan, Samarqandning naqsh olmalaridan yeb ko‘rgan, ularning tengsiz mazalaridan ko‘p huzur qilgan. Mana hozir esa bobo yurtida yasalgan kamoni shoshiyning achchiq jarohatidan azob tortmoqda. Zeb bergan kamoni yovuz odamlarning qo‘liga tushishini usta Olim Shoshiy qayoqdan bilsin? Nahotki shayboniyzodalar Turonda turib, Agradagi Akbarga o‘q otgan bo‘lsalar? Hozir Buxoro taxtida shaybon urug‘ining eng baquvvat vakili Abdullaxon o‘ltiribdi. U Akbar bilan murosa yo‘lini tutib, ikki qayta elchilar, maktublar va qimmatbaho sovg‘alar yubordi. Abdullaxon so‘nggi maktubida Eron shohi Tahmaspning vafot etganligi, safaviylar orasida ichki kurash va parokandalik boshlanganini yozgan, ularga qarshi ittifoq tuzishni va Eronni birgalikda fath etib, shialar davlatini yo‘qotishni taklif qilgan edi. Akbar otasiga yaxshiliklar qilgan safaviylar bilan urushishni istamas, shia-sunniy adovatini yomon ko‘rardi, shuning uchun Abdullaxonga yozgan javob maktubida hozir Hindistonning ichki ishlari va Kobul-u Badaxshon chegaralarini mustahkamlash bilan band ekanini, Eron favthiga xohishi yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Abdullaxonga shu kerak edi — u o‘zining eng nufuzli qo‘shnisi bo‘lgan Akbarning oldidan bir o‘tib qo‘ygandan keyin, o‘g‘li Abdumo‘minni yoniga olib, Xurosonga yurish qildi, Hirot, Astrobod, hatto Mashhadni ham safaviylardan tortib olib, o‘z davlatining bir qismiga aylantirdi. Abdullaxon davlati shu tarzda kengayib boraversa, bir kun emas bir kun Kobul-u Badaxshonga tajovuz qilishi ham mumkin. Ammo Akbar — unnig janubga keladigan yo‘llarini bekitib turgan kuchli bir to‘siq. Shayboniyzodaldar bu to‘siqni Po‘lat vasvasning qo‘li bilan qulatib o‘tishga uringan bo‘lsalar ajab emas... Akbarning o‘yi shu joyga yetganda vazir Jamil lattaga o‘rog‘liq uzun bir narsani tergovchiga ko‘tartirib kirib keldi. — Hazratim, Po‘lat vasvas Mohim enaga madrasasi yaqinida egasi ko‘chib ketgan, tashlandiq bir xaroba uyda turar ekan. Uyning omborxonasiga eski lash-lushlar orasiga mana shu farangi to‘fang bekitib qo‘yilgan ekan. O‘qlari alohida joyda turibdir. Vasvasning kasali qo‘zigandan keyin bularni topolmaganmi... Hayriyatki... to‘fangni ishlatmabdir... Akbar to‘ng‘iz o‘qi solib otiladigan quvuri yo‘g‘on farangi to‘fangni ko‘rib beixtiyor eti junjikdi. To‘fangning yonida charm xaltachaga solingan kartech o‘qlar ham bor edi. Po‘lat vasvas bu to‘fangdan o‘q otsa Akbar tirik qolishi gumon edi... — Vasvas to‘fang otishni o‘rgangan ekanmi? — so‘radi Akbar. — Ha, Adhamxonga navkar bo‘lganda o‘rgangan ekan. — To‘fangni unga kim berganini aytdimi? — Bir keksa farangining nomini aytdi. Alvarmi... Pakvarmi... Qo‘shnilaridan surishtirsak, Goa orolida turadigan savdogar farangi Po‘lat vasvasning oldiga bir-ikki marta kelib ketgan ekan. Humoyun tirik paytida Alvaro Pakavira degan farangi Goadan to‘fang ko‘tarib kelganini, keyin Sherxon tomonga o‘tib, uning fitnalariga qatnashganini o‘g‘liga aytib bergan edi. Akbar buni yoshlik xotirasining kuchi bilan darhol esladi-yu: — Farangini qidirtiring, — deb buyurdi vazir Jamilga. — Kalavaning uchi balki o‘shaning ilkidadir! Vazir Jamil shu ketganicha Dehli karvonsaroylarini qidirtirib, bironta farangini topolmadi. Farangilar bilan savdo sotiq qiladigan do‘kondorlar Pakavira degan keksa savdogar bundan bir oy oldin Goaga qaytib ketganini aytdilar. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling