Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.
Pdf просмотр
bet41/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   55

www.ziyouz.com kutubxonasi 
261
 
SANUSIYLAR - shim. afrikalik so’fiylik tariqati tarafdorlari. Sanusiya tariqatiga 1837 
y.da Makkada jazoirlik Muhammad ibn Ali Sanusiy asos solgan. Tariqatning markazi 
Kirenaika (Liviyaning g‘arbiy viloyati) ga ko‘chgandan keyin uning faoliyati kengaydi. 
S.ning asosiy maskani Jagbubda, keyinchalik Kufra vodiysida bo‘lgan. Sanusiy o‘z 
targ‘ibotida izchil e’tiqodli ulamolarni ham, Misr va Turkiya diniy islohchilarini ham tanqid 
qildi, Yevropa ta’sirining tarqalishiga qarshi chiqdi, "ilk islom sofligiga" qaytishga 
chaqirdi. Sanusiy qarashlarining shakllanishiga vahhobiylar qarashlari hamda so’fiylik 
g‘oyalari katta ta’sir ko‘rsatdi. 
S. mustamlakachilikka qarshi kurashda faol ishtirok etdi, ayni vaqtda tariqat rahbarlari 
ko‘pincha mustamlakachilar bilan ham hamkorlik qilib turdi. Liviya mustaqillikka 
erishgandan keyin (1951) tariqatning rahbari Muhammad Idris Sanusiy qirollik taxtini 
egalladi. 1969 y. inqilobida uning hokimiyati ag‘darilgandan keyin S.ning ta’siri bir 
muncha pasaydi. 
 
 
SARAXSIY, Abu Hafs Umar ibn Muhammad ash-Sheroziy as-Saraxsiy (1058-1135) -
mufassir, muhaddis va faqih. Saraxs viloyatidagi Sheroz qishlog‘ida tug‘ilgan. Marvda 
yashagan va Abul Muzaffar Sam’oniyning shogirdi bo‘lgan. S. fiqhdaga ixtiloflarga doir 
Zta asar yozgan. Umrining oxirida kambag‘allarga dars berib, Qur’on tilovati bilan 
mashg‘ul bo‘lgan. Marvdagi Sijdon qabristoniga dafn etilgan.  
 
 
SARAXSIY, Abul Abbos Muhammad ibn Abdurrahmon ad-Dog‘uliy as-Saraxsiy (? - 975 
yoki 999) - shofi’iylikdagi mashhur muhaddis, imom va faqih. Saraxsda tug‘ilgan. 
Buxoro va Nishopurda hadislardan ta’lim olgan, Saraxsda va’zlar o‘qigan. Sam’oniyning 
ma’lumotiga ko‘ra birinchi bo‘lib shofi’iylikni Saraxsda targ‘ib etgan. Iroqda bo‘lgan. 
Movarounnahr va Xurosonda uning 8 shogirdi, Iroq va Marvda 3 ta ustozi borligi qayd 
etilgan. "Al-Mu’jam" hadislar to‘plami muallifi. 
 
 
SAFAVIYA - so’fiy-darvishlik tariqati. 13-a. oxirida Eron Ozarbayjonida paydo bo‘lgan. 
Asoschisi - shayx Safiy ud-din Ishoq (1252-1334). S. dastlab o‘z tarafdorlarini hukmdor-
larning jabr-zulmlaridan himoya qiladigan diniy jamoa sifatida shakllangan. 15-a.da S. 
rahbarlari Ardabil hukmdorlariga, S. esa ular hokimiyatining tayanchiga aylandi. 
Qizilboshlar S. shayxlarining harbiy tayanchi bo‘lgan. S. tarafdorlari shialikdan 
mafkuraviy kurol sifatida foydalangan. 1499 y. Ismoil I (1487-1524) boshchiligida S. 
tarafdorlarining Oq Qo‘yunli davlatiga qarshi harakatlari g‘alaba qilgandan so‘ng 
safaviylar davlati (1502-1736 yillar) tashkil topdi, shialik bu davlatning rasmiy dini deb 
e’lon qilindi. Safaviylar davlati tarkibiga Ozarbayjon, Armanistonning bir qismi, Eron, 
hozirgi Afg‘oniston (Balx viloyatidan tashqari), Iroq Arabistoni (vaqt-vaqti bilan) va b. 
kirgan edi. Bu davlat Usmonli turk imperiyasi va o‘zbek xonlari bilan uzluksiz urush olib 
borgan. 
 
 
SAFVON al-JUMAHIY, Abu Vahb Safvon ibn Umayya ibn Xalaf ibn Vahba al-Jumahiy 
al-Qurayshiy al-Makkiy (? - 661) -sahobalardan. Johiliyatda ham, islomda ham quraysh 
qabilasining ulug‘laridan edi. Makka fathidan so‘ng islomga kirgan. Yarmuk g‘azotida 
qatnashgan. Makkada vafot etgan. 13 ta hadis rivoyat qilgan. 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
262
 
 
SAFIYA bint HUYAY, Safiya bint Huyay ibn Axtab al-Xazrajiyya (? - 670) - Rasululloh 
(sav)ning xotinlaridan biri. Johiliyat davrida zodagon oilada tarbiya topgan. Madina 
axlidan bo‘lib, yahudiy diniga kirgan. Yahudiy qabilasidan bo‘lmish Bani Qurayzalik 
Sallom ibn Mishkami unga uylangan, keyin undan ajralib, Kinona ibn ar-Rabiga 
turmushga chiqqan. Kinona Haybar jangida halok bo‘lgan. Undan so‘ng Rasululloh uni 
o‘z nikoxdariga olganlar. 10 ta hadis rivoyat qilgan. Madinada vafot etgan. 
 
 
SA’D ibn ABU VAQQOS, to‘liq ismi Molik ibn Vahb ibn Abdumanof al-Qurayshiy Zahriy 
(taxm. 590-674) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan, 
Muhammad (sav)ning qo‘riqchilaridan biri. Quraysh qabilasidan, Rasuli Akramning 
onalari Omina kabi Bani Zahra urug‘idan bo‘lgan. Madinaga ko‘chib borgan 
muhojirlardan. Rasululohning barcha g‘azovatlarida qatnashib, u kishining hurmatlariga 
sazovor bo‘lgan. Royat jasur, mard inson, mohir mergan hisoblangan. Uhud jangida 
Rasuli Akramning yonlarida turib jang qilgan Sa’d mingdan ortiq o‘q otgan. Eronga 
yuborilgan qo‘shinga lashkarboshi etib tayinlangan. Unga shuhrat keltirgan Qodisiya 
jangvda (636y.) Rustam boshchiligidaga 40 ming kishilik fors qo‘shinlari yengilgan. 
So‘ng Madoin (Ktesifon) sh.ni hujum bilan olgan va Sosoniy shoxlarining behisob 
xazinalarini qo‘lga kiritgan. Ma’lum muddat Eron va Iroq noibi bo‘lgan. Umar (ra) 
zamonida (638 y.) Kufa sh.ni qurgan. Usmon (ra)ning fojiali o‘limidan so‘ng biror ishga 
qo‘shilmagan, xalifalikka da’vogarlik qilmagan. Jamal va Siffin janglarida ishtirok 
etmagan. Muoviya huzuriga chaqirtirilganda bormagan. Madina tashqarisidaga uyida 84 
yoshvda vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Badr jangida kiygan va 55 y.dan beri asrab 
kelgani - jundan to‘qilgan bir jubbasi bilan kafanlangan.  
 
 
SA’Y - Safo va Marva tepaliklari orasida chopish, umra va haj marosimlari shartlaridan 
biri. S. tavofdan so‘ng bajariladi. S. taxminlarga ko‘ra, Safo va Marva tepaliklarida 
turgan Isofa va No’ila ma’budlariga sajda qilishning mustaqil marosimi bo‘lgan. 
Musulmon an’anasida S.ning kelib chiqishi haqida bir necha fikrlar bor. Shulardan biriga 
ko‘ra, nomi zikr etilgan tepaliklar Odamato va Momohavoning dam olish joylari bo‘lgan 
ekan, shuning xotirasi sharafiga S. bajo etiladi. Boshqa bir fikrga binoan Ibrohim (as) 
S.ni bajo etib Allohga ibodat qilish marosimini ado etgan. Uning yo‘liga Iblis turib olgan 
va Ibrohim (as) qochishga majbur bo‘lgan. Hojar va uning o‘g‘li Ismoil (as)ning azob-
uqubatlari haqidagi fikr eng ko‘p tarqalgan. Chanqoqlikdan nobud bo‘layotgan Ismoil 
(as)ni kutqarish uchun Hojar suv izlab yetti marta Safo va Marva oralig‘ida chopgan. 
Tavof qilgach, ziyoratchi Masjid al-Haromdan chiqib chap oyog‘i bilan qadam bosishni 
boshlab Safo tepaligiga ko‘tariladi, yuzini Ka’baga o‘giradi, Allohga iltijo qilib, o‘ziga 
shafqat qilishni va balo-qazolardan saqlashni so‘raydi, so‘ngra tepalik etagiga o‘rnatilgan 
ustun (mil)gacha pastga tushadi, u yerdan Marva etagidagai boshqa bir ustungacha 
chopadi, shundan keyin shu tepalikka ko‘tariladi. U yerda Ka’baga qarab duo o‘qiydi va 
Safoga qaytadi. S. yetti marta bajariladi. Agarda ziyoratchi "kichik haj" (umra)ni ado 
etayotgan bo‘lsa, unda S.dan so‘ng ehrom holatidan chiqadi. Agar umradan so‘ng haj 
qilinadigan bo‘lsa, ziyoratchi haj tugaguncha ehrom holatida qoladi. S. haj marosimining 
muhim sharti (rukn al-haj) hisoblanadi, uni bajarish vojibdir. Biroq S.ni bajarmaslik 
hajni bekor qilmaydi, kafforat uchun kurbonlik qilinsa bas.  
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
263
 
SAHIH (arab. ishonchli, to‘g‘ri) - eng ishonchli deb hisoblangan hadis nomi. O’rta 
asrlarda hadislarni to‘plash bilan shug‘ullangan muhaddislar ularni din nuqtai nazaridan 
haqiqiy va nohaqiqiylarini ajratish (ya’ni, kodifikatsiya qilish) bilan shug‘ullanib, hadislar 
asoslangan isnodni tekshirish yo‘li bilan sahih (ishonchli), hasan (yaxshi) va zaif (zaif, 
kuchsiz)dan iborat uch toifaga bo‘lgan, ulardan sahixlarni to‘plam qilganlar. Shu 
munosabat bilan ba’zi to‘plamlarning nomi ham S. deb atalgan (mas., "S. i Buxoriy", "S. 
i Muslim"). S. hadis deb: uning sanadi to oxirgi muhaddisga qadar o‘rtada uzilib 
qolmagan, sanadning biror tabaqasidagi roviyning ma’naviy nuqsoni bo‘lmagan (kar, 
soqov, duduq yoki akd zaiflik, yoki yolg‘on gapirib qo‘yishlik kabi illatlar bo‘lmagan), 
sanadning biror tabaqasida roviy yolg‘izlanib qolmagan va barcha sanaddagi roviylarning 
ishonchliligi elga mashhur bo‘lgan kishilarning rivoyatiga aytiladi. 
 
 
"SAHIHI BUXORIY" (asl nomi "al-Jomi’ as-sahih" - "Ishonchli to‘plam") - oltita 
ishonchli hadis to‘plamidan biri. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tuzgan. 
Islom dini tarixiga oid eng mukammal manbalardan hisoblanadi. To‘plamga Muhammad 
(sav) va uning sahobalari haqidagi hadislardan tashqari islom huquqshunosligi (fiqh), 
marosimchiligi hamda o‘sha davr tarixi va etnografiyasiga oid hadislar ham kiritilgan. 
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoriy 600 mingga yaqin hadislarni to‘plab, ulardan faqat 7250 
tasini "ishonchli" deb hisoblab kitobiga kiritgan. "S. B." keyinchalik musulmonlar orasida 
katta obro‘ qozongan va musulmon mamlakatlarida ko‘plab nashr etilgan. Toshkentda 
Imom Buxoriyning "al-Jomi’ as-sahih" asari to‘rt jildda (1-jild - 1991, 2-jild - 1996, 3-jild 
- 1994, 4-jild - 1992), 2-nashri esa 1997 y.da chop qilindi. 
 
 
"SAHIHI MUSLIM" - oltita ishonchli hadis to‘plamidan biri, Abul-Husayn Muslim ibn 
Hajjoj al-Kushayriy an-Naysoburiyning shoh asari. Imom Buxoriyning "Sahih"idan keyin 
ikkinchi o‘rinda turadi. To‘plamga muallif o‘zi yig‘ib yod olgan 300 mingta hadisdan 12 
mingtasini tanlab kiritgan. Buning uchun u 15 yil umrini sarflagan. Imom Muslim o‘z 
ishiga o‘zi baho berib: "Mabodo, Yer yuzidagi olimlar 200 yil hadis yozsalar ham shu 
mening to‘gshamimdagi hadislardan oshirib yoza olmagan bo‘lur edilar" - degan. 
Shunday bo‘lsa ham ba’zi munaqqid ulamolar to‘plamdagi 132 ta hadisning sahihligida 
shubha borligani bayon etib tanqid qilganlar. Tanqid qilingan hadislar ichida Imom 
Buxoriy to‘plamida ham rivoyat etilgan bir xil mazmundaga 32 ta hadis bor. Ibn Hajar 
al-Asqaloniy bu hadislarni oqlab Imom Buxoriy "Sahihi"ga yozgan sharhida javob 
aytgan. 
 
 
"SAHIHI TERMIZIY", "Sunani Termiziy"- oltita ishonchli hadis to‘plamidan biri. Abu 
Iso Muhammad Termiziy yozgan. "Al-jomi’ as-sahih" ("Ishonarli to‘plam"), al-Jomi’ ul-
kabir" ("Katta to‘plam") nomlari bilan ham yuritiladi. "S.T." Imom Termiziyning 20 yil 
davomida o‘zga yurtlarda hadislarni o‘rganib, yig‘ib, so‘ng ustozi va zamondoshi Imom 
Buxoriy bilan maslahatlashib yig‘gan to‘plamidir. U tartibi eng ixchamligi, takrori eng 
ozliga bilan ajralib turadi. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar 
bor. Chunonchi, har bir bobning hadisi zikr qilingandan keyin, xuddi shu bobga tegishli 
hadis rivoyat qilganlarning ismlari sanab o‘tiladi; fiqhiy masalalarda faqihlarning fikr-
karashlari zikr qilinadi; har bir hadisning ishonarlilik va zaiflik darajasi aniqab beriladi va 
"sahih" ustiga "hasan" belgasi ("juda sahih", "beshak sahih" ma’nosida) kiritiladi. "S.T." 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
264
kitobida Imomi A’zam mazhabi jihatlari e’tiborga olingan 6 jilddan iborat "S.T." 1-
jildining o‘zbekcha tarjimasi 1999 y. Toshkentda nashr etildi.  
 
 
SAHOBALAR (yoxud as-sahoba, sohib -"tarafdor"ning ko‘pligi - ashob) - Muhammad 
(sav)ning safdoshlari, u zot bilan muloqotda bo‘lgan yoxud g‘azotlarida qatnashgan 
kishilar; keyinchalik Muhammad (sav)ni loaqal bir marotaba, garchi go‘daklik chog‘ida 
bo‘lsa ham ko‘rgan barcha kishilar S. deb atala boshlagan. S. Arabistondan tashqaridagi 
o‘lkalarni fath etishga kirishgan ilk musulmon qo‘shinining o‘zagini va eng sobit qadam, 
qatiyatli qismini tashkil etgan. S.ning oliy qatlamini muhojirlar va ansorlar tashkil qilgan; 
ular dastlabki xalifalarni saylashga ta’sir ko‘rsatganlar, ularni noiblik va oliy darajadagi 
lashkarboshilik mansablariga tayinlashgan. Xalifalikda S.ning imtiyozga ega ekanligi 
ularga to‘lanadigan katta maoshda (641-y.dan to‘lana boshlangan) ham ko‘ringan: - 
ularga yiliga 3-5 ming dirham to‘langan, xolbuki jangchilarning asosiy qismi faqat 300 
dirhamga yaqin maosh olgan. S. erkaklarning umumiy mikdori Umar I davrida 10 ming 
kishini tashkil etgan. S.ning islom tarixidagi alohida ahamiyati shundaki, Muhammad 
(sav) vafot etganlaridan so‘ng, ular Rasululloh (sav)ning ta’limotlarini hammalari bir 
bo‘lib saqladilar, ularning Payg‘ambar (as) so‘zlari va ishlari haqidaga hikoyalari 
(hadislar), shuningdek, shaxsiy o‘rnaqlari va fikrlari islom axloqiy ta’limoti - sunnaning 
eng muhim tarkibiy qismini tashkil etdi. S.ga bo‘lgan hurmat, ehtirom keyinchalik 
ularning qabrlarini e’zozlashga va S.ning fazilatlari haqida asarlar paydo bo‘lishiga olib 
keldi. Hadislarni to‘plash va isnoddarni tanqidiy tarzda tahdil etish zaruriyati 9-a.da 
hadis roviylarining tarjimai hollariga oid lug‘atlarni yaratilishiga sabab bo‘ldi, bu 
lug‘atlarda eng faxrli o‘rinni S. egalladi. Bunday lug‘atlar ichida eng yirigi Ibn Hajar al-
Asqaloniy (15-a.)ning "al-Isoba fi tamyiz as-sahoba" lug‘ati Muhammad (sav) bilan 
aloqador bo‘lganligi qayd etilgan 12 mingdan ziyod shaxs ismlarini qamrab olgan.  
 
 
SEHR - g‘ayritabiiy kuchlarni bo‘ysundirib, ular yordamida mo’jizalar vujudga keltiruvchi 
xatti-harakat yoki duolar; afsun, jodu; shar’iy ta’rifi - g‘aroyib ishlarni qilishga qodir 
bo‘lish uchun malaka hosil qilishni o‘rgatadigan ilm. Qur’onda payg‘ambarlik S.ga 
qarama-qarshi qo‘yiladi va S. bilan shug‘ullanish gunoh hisoblanadi (20:69-72). Islom 
yuzaga kelishining dastlabki davrida Muhammad(sav)ning raqiblari uni sehrgar, 
targ‘ibotini sehrgarlik deb kamsitmoqchi bo‘ddi. Qur’onga ko‘ra, S. Alloh tomonidan 
Bobilda 2 farishta - Horut va Morutga yuborilgan (2:102). Bu farishtalar odamlarni 
yo‘ldan ozdirish uchun S.dan foydalangan. Bu bilan haqiqiy bilimni Alloh berishi, S. esa, 
yolg‘on ekanligi ta’kidlanadi. Sehrgar turli uslublarni ishlatib, kishilarga ta’sir o‘tkazuvchi 
shaxsdir. Qur’oni karimda S. to‘g‘risida kelgan oyatda erkakni xotindan ajratuvchi 
ishlarni qilguvchilar ham sehrgar ekanligi aytilgan. 
Imom Nasoiy Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (sav): "Kimki tugun 
tugab unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi", 
deganlar. Qur’onda sehrgarlarning ishi kufr ekanligi aytilgan. Hanafiy ulamolar fikricha, 
sehrgarning tavbasi qabul qilinmaydi. Uni qatl qilish vojibdir. Uni tavba qilishga chorlab 
o‘tirilmaydi. Chunki, u jamiyatda fasod tarqatadi. Boshqa fiqhiy mazhablar ham shunga 
yaqin hukmlarni chiqarganlar. Ba’zi ulamolar, e’tiqodi mustahkam kishilardan ba’zilari 
odamlardan S.ni qaytarish uchungina uni o‘rganib qo‘ysa joiz, deganlar. 
 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
265
SIDDIQ (arab. — "chin dildan tasdiq etib ishonuvchi") - tasavvufda payg‘ambarlikdan 
keyin turadigan eng yuqori valiylik martabasi. Bu martaba birinchi bo‘lib, xalifa Abu Bakr 
(ra)ga nasib bo‘lgan. Umuman siddiqlik martabasiga erishgan valiylar quyidagilardir: 1. 
Abu Bakr Siddiq. 2. Salmon al-Forisiy. 3. Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakr. 4. Ja’far 
as-Sodiq. 5. Boyazid Bistomiy. 6. Abulhasan Haraqoniy. 7. Shayx Abulqosim Gurgoniy. 
8. Abu Ali Formadiy. 9. Shayx Abu Yusuf Hamadoniy. 10. Abdulholiq G’ijduvoniy. 11. 
Xoja Orif Revgariy. 12.Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy. 13. Xoja Azizon Romitaniy. 14. Xoja 
Muhammad Boboyi Samosiy. 15. Sayyid Amir Kulol. 16. Bahouddin Naqshband. 17. 
Mavlono Ya’kub Charxiy. 18. Xoja Ahror. 19. Muhammad Qoziy. 
 
 
SIYRA (arab. - hayot yo‘li, tarjimai hol) -Muhammad(sav) hayot yo‘lini bayon qilishga 
bag‘ishlangan, ilk islom davrida vujudga kelgan diniy-tarixiy asarlarning umumiy nomi. 
Dastlab Slar ko‘p bo‘lgan, ularning anchasi yo‘qolib ketgan. Ulardan Voqidiy (747-
823)ning "Kitob al-mag‘oziy" ("Harbiy yurishlar kitobi") va avvalgi S.larni 
umumlashtirgan Ibn Ishoq va Ibn Hishomning "Siyrat Rasul Alloh" ("Alloh elchisining 
hayot yo‘li") asarlari bizgacha yetib kelgan. S.lar ilk islom tarixini tadqiq qilishda asosiy 
manba hisoblanadi. 
 
 
SILSILA (arab. - zanjir, halqa) -tasavvufda tariqat mashoyixlarining ikki xil nisbiy 
bog‘lanishlari: 1) har bir shayx o‘z piri (shayxi, murshidi)ning ustozi, ustozining ustozi 
va ular ajdodlarini birma-bir to Muhammad(sav)ga qadar nomma-nom bayon qilishi; 2) 
har bir shayx o‘z ota-bobolari (etti pushti) kimlar bo‘lgani va qaysi mashhur zotga borib 
taqalishini isbotlab beradigan shajara. S. pir va murid o‘rtasidagi barqaror munosabatga 
asoslanib, 12-a. oxiri va 13-a. o‘rtalarida so’fiylik tariqatlarining tashkiliy tuzilishi 
rivojlanishi bilan mustahkamlandi. Hadislardagi isnod tizimi ham S.ga bevosita ta’sir 
o‘tkazgan.  
 
 
SIROT (arab. - yo‘l) - islom manbalarida Sirotul Mustaqim - qiyomat kuni jahannam 
uzra tortilgan qilko‘prik; fors va turkiyzabon xalqlarda Pulsirot ("Sirot ko‘prigi") deb 
yuritiladi. Diniy manbalarga ko‘ra, jannatga eltuvchi yagona yo‘l mazkur ("soch tolasidan 
yupqa, shamshirdan o‘tkir") Pulsirot bo‘lib har bir banda undan yurib o‘tishga majbur 
etiladi. Ba’zilar chaqmoq uchqunidek tez, ba’zilar uchkur otdek, ba’zilar sekinroq o‘tsa, 
ba’zilar qulab jahannamga ravona bo‘ladi. 
 
 
SIFAT - ilk marta mutaziliylar tomonidan "ilohiy atributlar" (sifatlarni) anglatish uchun 
qo‘llanilgan termin. Kalom rivojlanishining dastlabki bosqichlarida S.ning ekvivalenti 
bo‘lib, ma’oniy ("ahamiyatlar", "ma’nolar", "g‘oyalar") termini xizmat qilgan. Ba’zi 
mutakallimlar (Jubba’iy, Boqilloniy, Juvayniy va Faxriddin ar-Roziy) S. termini o‘rniga 
ahvol ("holatlar") terminini ishlatishgan, shu tufayli ularni ashob al-ahvol ("holat 
tarafdorlari") deb atashgan.  
 
 
SIFATIYLAR, as-Sifatiya - "ilohiy sifatlar" (sifat Alloh yoki as-sifat)ni e’tirof 
etuvchilarning umumiy nomi. "As-Sifat" terminini bu ma’noda dastlab mu’taziliylar 
"nu’ut" termini o‘rniga muomalaga kiritganlar. Mu’taziliylar Allohning sifatlari va 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
266
mohiyati haqidagi masalani musulmon ilohiyotining bosh aqidasiga aylantirganlar. 
Allohning yagonaligidan kelib chiqqan holda mu’taziliylar "ilohiy sifatlar"ni mustaqil 
mavjudligini inkor etganlar, ular faqat Uning mohiyatining oddiy ko‘rinishi xolos, 
mohiyati bilan bu xususiyatlar bo‘linmas yaxlitlikni tashkil qiladi, deb hisoblaganlar. 
S.dan ba’zilari "ilohiy sifatlar"ni maxluklar sifati bilan tenglashtirgan, shuning uchun 
ularni mushabbihiylar (inson qiyofasiga o‘xshatuvchilar) deb atashgan. Boshqa birlari 
"ilohiy sifatlar"ni g‘oya, "ilohiy substantsiya"da mavjud bo‘lgan moddiy bo‘lmagan reallik 
deb hisoblashgan.  
 
 
SIFFIN JANGI - Yuqori Mesopotamiyada, Frot daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan 
Siffin mavzesida xalifa Ali (kv) qo‘shini bilan Shom (Suriya) hokimi Muoviya qo‘shini 
o‘rtasida sodir bo‘lgan jang (657 y. yozi). To‘qnashuvga 656 y. uchinchi xalifa Usmon 
(ra) o‘ldirilishi munosabati bilan Ali (kv) va Muoviya tarafdorlari o‘rtasidagi keskin 
qarama-qarshiliklar sabab bo‘lgan. Marhum xalifaning yaqin qarindoshi bo‘lgan Muoviya 
xalifalik taxtini egallagan Ali (kv)dan aybdor jinoyatchilarni topshirishni talab qilgan. 
Muoviyaning janjalni hakamlik sudi yordamida tinch yo‘l bilan hal qilish haqidagi taklifini 
Ali (kv) qabul qilishi bilan jang to‘xtatilgan. Sudda Muoviya vakili Ali (kv)ning taxtdan 
voz kechishiga roziligani olishga erishgan. Ali (kv) qo‘shinining bir qismi uni g‘alabani 
qo‘ldan boy berganlikda ayblab, qo‘shinni tark etgan. Bu guruh xorijiylar harakatini 
boshlab bergan.  
 
 
SOBI’IYLAR (yoki as-Sobi’a), as-Sobi’un - ahl ul-kitob va ahl uz-zimma 
kategoriyalaridan biri, dindorlar bilan majusiylar orasidagi mavqeni egallagan va shu 
tufayli musulmon jamoasining "homiyliga"dan foydalangan diniy jamoa. Qur’onda S. 
yahudiylar va xristianlar qatorida qayd etilib kelgan, ular Allohga va Qiyomat kuniga 
ishonganlari uchun Allohning marhamatiga erishib majusiylardan ajratilganlar (2:62/59; 
5:69/73; 22:17). Xalifalik vujudga kelgach, Shim. Mesopotamiyadagi Harron diniy 
jamoasini S. deb atashgan (8-11-a.lar). Harron S.lari gnostik ta’limotlar ta’siri bilan qad. 
Mesopotamiyaning osmon sayyoralariga sajda qilishni saqlab qolganlar. Ular musulmon 
dunyosiga johiliyat davridagi Mesopotamiya madaniy merosining ko‘p jihatlarini, 
jumladan tibbiyot va alkimyo sohasidagi ko‘pgana bilimlarni yetkazganlar. 9-10-a.larda 
Xarron S.i Bag‘dodda paydo bo‘lib, xalifa saroyida muhim rol o‘ynay boshlagan, ularning 
ko‘pchiligi kotib, tarjimon, tabiblik bilan shug‘ullanishgan. Ular orasvdan mashhur 
faylasuflar (Sobit ibn Qurra), tarixchilar (Ibrohim va Hilol as-Sabi) chiqqan. 11-a.da bu 
S. alohida jamoa sifatida barham topgan. Hozirgi vaqtda S. nomi faqat Jan. Iroqdagi 
mandeylar jamoasiga nisbatangina qo‘llaniladi.  
 
 
SOLIMIYA - Basrada 10-11-a.da mavjud bo‘lgan ilohiyotchilar va so’fiylar maktabi, 
Sahl at-Tustariy izdoshlari. Unga at-Tustariyning eng yaqin safdoshi Abu Abdulloh 
Muhammad ibn Solim (909 y. v.e.) asos solgan. Ba’zi bir xususiy masalalardan tashqari 
uning qarashlari ustozinikidan farq qilmagan. Muhammad ibn Solim qat’iy zohidlikni 
targ‘ib etgan: o‘zini to‘liq Alloh irodasiga topshirish (tavakkul), sinoatlarga bardosh 
berish, turmush qurmaslik va b. S. unga Muhammad ibn Solimning o‘g‘li Ahmad ibn 
Solim rahbarlik qilgan paytda uzil-kesil shakllangan va ta’sirchan bo‘lgan. Unga ba’zi 
masalalarda (xususan inson irodasi erkinligi va takdirni oldindan Alloh tomonidan 
belgilanganligi o‘rtasidagi nisbat haqida) Basra mu’taziliylariga yon bosgan molikiy 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
267
mazhabidagi ilohiyotchi va so’fiylar kirgan. Bag‘dodning mashhur olimlaridan Abdulqohir 
al-Bag‘dodiy, Abul Muzaffar al-Isfaroiniy, ular bilan bir qatorda so’fiy-hanbaliy 
Abdulqodir Jiloniy as-Solimni al-Halloj qarashlariga xayrihoxligi uchun qattiq tanqid 
qilishgan va uni "Allohni insonda mujassam bo‘lishi" (xululiya) tarafdorlari qatoriga 
kiritganlar. Bundan ilgariroq uni mashhur so’fiy-shofi’iy Ibn Hafif tanqid qilib "Ibn 
Solimni rad etish" (ar-Radd ala Ibn Solim) asarini yozgan. 
 
 
SOLIK (arab. yo‘lchi, yo‘ldan yuruvchi) -tasavvufda suluk - tariqatni ixtiyor qilib, uni 
o‘zlashtirish harakatiga tushgan, lekin hali biror maqom yoki martabaga erishmagan 
murid. S. o‘ziga xos odob-qoidalar majmuiga rioya etsagana, tariqat ahli sirasidan joy 
olgan.  
 
 
SOLIH (as) - Qur’onda zikri kelgan payg‘ambarlardan biri. Qur’onga ko‘ra, Samud 
qavmini hidoyatga boshlash uchun payg‘ambar qilib yuborilgan. Hijoz bilan Shom 
orasida Hijr degan joyda yashovchi bu qavm nafsoniy lazzatlarga berilgan, huzurbaxsh 
ichimliklar ichib, shohona uylarda yashab yurar, o‘zlari yasab olgan butlarga sig‘inar edi. 
S. (as) ularni yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqiradi. Biroq qavm hidoyat yo‘liga yurish 
o‘rniga S. (as)ni masxara qila boshlaydi, unga qarshi adovatni kuchaytiradi va 
haqiqatdan ham payg‘ambar bo‘lsang, bizga mo’jiza ko‘rsat deb da’vo qiladi. Shunda S. 
(as) Allohdan o‘ziga bir mo’jiza berishini so‘rab duo qiladi. Alloh S. (as)ning duosini 
ijobat qiladi va S. (as) mo’jiza ko‘rsatib xarsang toshdan tuya chiqaradi. Va S. (as) 
Samud qavmini mo’jiza qilib berilgan tuyaga ozor bermaslikka chaqirib, Samud qavmi 
suv olib ichadigan havzadan bir kun tuya suv ichishini va bir kun Samud qavmi suv olib 
ichishini bildiradi (Qamar surasi 27-28-oyatlar). Ammo, Samud qavmi xiyonat qiladi va 
tuyani so‘yib yuboradi, shuningdek, S. (as) va uning oilasini yo‘qotishga qasd qiladi. 
Ammo, osmondan kuchli yashin yuborilib, ular halok etiladi. S. (as) o‘ziga imon keltirgan 
kishilar bilan birga Falastindagi Ramla degan joyga borib, umrining oxirigacha shu yerda 
yashaydi (Zoriyot surasi 44-oyat). 
 
 


Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling