Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.

bet2/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55

www.ziyouz.com kutubxonasi 
8
kabilar shular jumlasidandir. A.B.S. (ra) Muhammad (sav) vasiyatlariga sodiq qolib juda 
kamtarona hayot kechirgan. Madinada vafot etgan va Muhammad (sav) yonlariga dafn 
qilingan. 
 
 
ABU BAKR SHOSHIY, Muhammad ibn Ahmad Shoshiy (1038-1114)-fiqhshunos. 
Shoshda tug‘ilib o‘sgan, Bag‘dodda ta’lim olgan. Madrasani tugatgach, Nizomiya 
madrasasida mudarrislik qilgan. Asarlari ichida eng mashxuri "Xilyat al-ulamo"("Olimlar 
chiroyi") bo‘lib, olim bu asarini abbosiylar xalifalaridan Mustazhir (vafoti 1118 y.)ga 
bag‘ishlagan. Shu kitobi tufayli A.B.Sh. "Mustazhiriy", ya’ni Mustazhir tarafdori degan 
nom taratgan. Asariga sharh sifatida Shoshiy "al-Mu’tamad" ("Ishonchli") kitobini 
yozgan. Olimning fiqhshunoslikka oid yana bir yirik asari "ash-Shofiy"("Shifo beruvchi") 
bo‘lib, u arab olimi Abu Ibrohim Ismoil ibn Yahyo al-Muzaniy (791-878)ning "al-
Muxtasar"("Qisqacha") asariga sharhdir. Bu sharh 20 jilddan iborat bo‘lib, olim uni 5 yil 
davomida yozib tugatgan. A.B.Sh. ning "ash-Shofiya shoxobchasining ustuni", "Taloqqa 
oid masala" kabi asarlari ham bo‘lgan. Shoshiy arab adabiyoti, she’riyati, tilshunosligi, 
Qur’on, hadisni puxta egallagan. Fiqhshunoslikdagi bilimi, tutgan mavqei jihatidan uni 
barcha arabiynavis entsiklopedik kitoblarda nomi zikr qilinganda "Islom 
mamlakatlarining faxri" deb ataydilar. A.B.Sh. Bag‘dodda vafot etgan, qabri shaharning 
Bob al-Sheroz maqbarasida, ustozi va mashhur olim Abu Ishoq Sheroziy qabri yonida. 
 
 
ABU DOVUD Sijistoniy, to‘liq ismi Sulaymon ibn Ash’as ibn Ishoq ibn Bashir ibn 
Shaddod ibn Amr al-Azdiy as-Sijistoniy (817-888/889) - muhaddis, imom. Yoshligadan 
hadis ilmini o‘rgangan. O’smirlik chog‘laridayoq hadis to‘plash niyatida sayohatga chiqib, 
Xuroson, Iroq, Suriya, Misr, Hijoz kabi yurtlarda bo‘lgan. Bir qancha ulug‘ muhaddislar 
(Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal, Qutayba ibn Said, Termiziy) bilan uchrashgan. Abul Faraj 
ibn Javziyning guvohlik berishicha, u hadislarni naql qilish va ularning sabablarini 
ko‘rsatish bo‘yicha muhaddis ulamolarning eng ulug‘laridan biri sanaladi. A.D. o‘zining 
aytishicha, 500 ming hadis yozib olgan. Shulardan 4800 tasini ma’lum bir shartlar 
asosida ajratib, hadislar to‘plami tuzgan. Bu to‘plam "Sunan" ("Sunnatlar") nomi ila 
mashhur bo‘lib, sahihligi jihatidan imom Buxoriy va Muslimlarning asarlaridan keyinga 
o‘rinda turadi, ya’ni "Kutubus sitta" ("Oltita ishonchli") hadis to‘plamlaridan biri 
hisoblanadi va shuning uchun ham keyinchalik uni imom A.D. deb yodga olinadigan 
bo‘ldi. A.D. umrining so‘nggi yillarini Bag‘dodda o‘tkazgan va Basrada vafot etgan. Uning 
"Nosix ul-Qur’on va mansux" ("Qur’onning nasx qiluvchi va qilingan oyatlari") va "Daloil 
al-nubuvvat" ("Payg‘ambarlik dalillari") asari ham bor. Ibn Nadim uning "Kitob ixtilof al-
masohif" ("Ilk mushaflar (Qur’on qo‘lyozmalari)ning bir- biridan farqi haqida kitob") 
nomli asarini eslatib o‘tadi. A.D.ning asarlari "axli sunna val-jamoa"ning muhim 
hujjatlaridan hisoblanganligi uchun azaldan Movarounnahrda ham keng tarqalgan.  
 
 
ABU JAHL, asl ismi Amr ibn Hishom (? -624) - Makka zodagonlaridan biri. Muhammad 
(sav) targ‘ibotiga qarshi turgani, unga dushmanlik qilgani uchun la’natlangan. Islom 
an’anasida unga A.J. (jaholat egasi) laqabi berilgan. A.J. Badr jangida. halok bo‘lgan.  
 
 
ABU ZAYD, to‘liq ismi Ubaydullo ibn Umar ibn Iso ad-Dabusiy (? - 1039) - buxorolik, 
hanafiylikka asoslangan fiqh olimi. Fiqhda keng tarqalgan "Ilm ul-xilof" ("Ixtiloflar 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
9
haqidagi ilm") uning nomi bilan bog‘liq. O’zbekiston FA Sharqshunoslik instituti 
qo‘lyozmalar fondida A.Z.ning 1094 y.da ko‘chirilgan "Taqvim ul-adilla fil-usul" 
("Qonunshunoslik asoslari bo‘yicha dalillar bayoni") va 1278 y.da ko‘chirilgan axloqqa 
doir "al-Amad ul-aqso" ("Oxirga chegara") asarlari nusxasi saqlanadi. 
 
 
ABU ZARR al-G’iforiy, to‘liq ismi Jundub ibn Junoda ibn Sufyon ibn Ubayd al-G’iforiy (? - 
652/53) - sahobalarning ulug‘laridan. G’ifor qabilasidan. Islomga juda erta kirgan 
zotlardan. Xalifalikda Ali avlodlari hukmron bo‘lishi kerak degan g‘oyani ilgari surgan. 
A.Z.ning bu g‘oyalari shialikdagi imomat ta’limotiga asos bo‘lgan. A.Z. o‘zining taqvosi 
va sodda hayot tarzi bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambar (sav) vafotidan so‘ng Shom 
sahrosida yashagan. Usmon (ra) xalifaligi davrida Damashqda yashagan. Uning huzuriga 
ko‘plab kambag’al va bechoralar kelib turgan. A.Z. ularga Payg‘ambar (sav)ning 
shariatga itoat qilmaydigan, ziqna boylarni mazammat qiladirgan hadislarini rivoyat qilib 
bergan. A.Z. kambag‘allarning boylar mulkida haqlari borligini targ‘ib qilgan. 
Muoviyanshg shikoyati asosida Usmon (ra) uni Madinaga chaqirtirib olgan. Lekin 
kambag‘allarni boylarga qarshi qo‘zg‘atgani uchun ar-Rabda qishlog‘iga jo‘natilgan va 
shu yerda vafot etgan. 281 ta hadis rivoyat qilgan.  
 
 
ABU ISO TERMIZIY - q. Termiziy Abu Iso. 
 
 
ABU LAYS SAMARQANDIY, to‘liq ismi Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn 
Ibrohim as-Samarqandiy (? - 1003) -faqih, mufassir. "Al-Faqih" va "Imomul-xudo" 
nomlari bilan tanilgan. Samarqand shayxulislomi. Hikmatli so‘zlari bilan islom olamida 
shuhrat qozongan. "Xizonat ul-fiqh" ("Fiqh xazinasi"), "Bo‘ston ul-orifin" ("Oriflar 
bo‘stoni"), "Tanbihul-g‘ofilin" ("G’ofillarga tanbeh") va b. asarlar yozgan. Qur’on tafsiriga 
bag‘ishlangan mashhur "Bahrul-ulum" ("Ilmlar dengizi") asarining ikkita qo‘lyozma 
nusxasi saqlanib qolgan. Ularning biri Misr Arab Respublikasi kutubxonasida, ikkinchisi 
Buyuk Britaniyaning Edinburg sh. kutubxonasidadir. Hozirda mazkur tafsir nashr etilgan.  
 
 
ABU LAHAB (arab. - "o‘tda kuyuvchi", "alangalanuvchi"; asl ismi Abd al-Uzzo ibn 
Abdulmuttalib (6-a. o‘rtalari - 624) -Muhammad (sav)ning amakisi va yovuz dushmani. 
A.L.ning Ataba va Utayba ismli ikki o‘g‘li payg‘ambar (as)ning qizlariga uylangan. Abu 
Tolib o‘limidan so‘ng (619 y.) u banu Hoshim qabilasining boshlig‘i bo‘lgan. Dastlab Abu 
Tolib kabi Muhammad (sav)ga homiylik qilgan. Ammo Muhammad (sav) Makka ahli 
sig‘ingan uch ma’budni tan olishdan butunlay voz kechganlaridan so‘ng, qaynog‘asi Abu 
Sufyon ta’sirida Muhammad (sav)ni himoya qilishdan bosh tortgan. Payg‘ambar (as)ni 
masxaralab, xotini bilan birgalikda u zotga qarshi har xil makrlar ishlatgan. Muhammad 
(sav)ning dushmanlari ichida Qur’onda ismi keltirilgan yagona shaxsdir. Qur’onning 111-
surasida A.L. la’natlanadi.  
 
 
ABU MADYON (Bumedyen) Abu Madyon Shu’ayb ibn al-Husayn al-Ansoriy (taxm. 
1126-1197) - shimoliy afrikalik mashhur so’fiy. Sevilya sh. atrofida, andalusiyalik 
arablar oilasida tug‘ilgan. Ota-onasi vafotidan so‘ng akalari qo‘lida cho‘pon bo‘lgan, 
to‘quvchilik hunarini o‘rgangan A.M. o‘smirlik chog‘ida Shimoliy Afrikaga o‘tib, baliqchilik 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
10
bilan shug‘ullangan, jangchi ham bo‘lgan. A.M. so’fiylik xirqasini Fes sh.da, Mag‘ribning 
eng yirik shayxlari ad-Daqqoq (12-a. o‘rtalarida vafot etgan), Ali ibn Xirzixim (1195 
y.v.e.), Abu Ya’azza al-Xazmiriy (1177 y.v.e)lar qo‘lida saboq olayotgan chog‘ida olgan. 
Fiqhiy masalalarda A.M. molikiylar mazhabi tomonida bo‘lgan. Haj safaridan qaytib 
kelgach, A.M. Bejaya (Buji)da yashagan, bu yerda u o‘zining va’zlari va taqvodorligi 
bilan shuhrat qozongan. Uning atrofida ko‘plab shogird va izdoshlari to‘plangan. 
A.M.ning shuhrati va ta’siri oshib borayotganidan, A.M. nomidan mahdiylik harakati 
bayroq sifatida foydalanishi, bu esa hali mustahkam bo‘lmagan Almohadlar (Al-
Muvahhidun) hokimiyatiga xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirga tushgan Marokash 
hukmdori Abu Yusuf al-Mansur uni Marokashga keltirishga amr qilgan. Io‘lda keksayib 
qolgan so’fiy og‘ir xastalanib Tlemsen sh. atrofidagi Ubbod degan joyda vafot etgan. 
Rivoyatlarga ko‘ra, A.M. o‘z davrining G’avsul A’zami bo‘lgan. Ubboddagi qabri atrofida 
zamonlar o‘tishi bilan me’moriy majmua vujudga kelgan, u hozirda muqaddas 
ziyoratgoh sanaladi. Tlemsen sh. aholisi A.M.ni o‘zlarining pirlari deb biladilar. 
 
 
ABU MANSUR al-MOTURIDIY - q. Moturidiy Abu Mansur.  
 
 
ABU MUSLIM (laqabi; boshqa laqablari Abo Muslim, Abu Muslim Xurosoniy, Abu Muslim 
Marvaziy; asl ismi Abdurahmon) (taxm. 727-755) - Xuroson va Movarounnahrda 
umaviylar sulolasiga qarshi harakat rahbari. Isfahon viloyatidan chiqqan qul. Ba’zi 
manbalarga ko‘ra, abbosiylarning Kufadagi targ‘ibotchilaridan Iso as-Sarrojning quli 
bo‘lgan, boshqa bir manbalarga qaraganda, Isfahon viloyatida yashovchi bir arab, yirik 
yer egasining quli bo‘lib, 738 y. xo‘jayini Kufa qamoqxonasiga tashlangan paytda A.M. 
uning xizmatida bo‘la turib as-Sarroj bilan tanishgan va uning topshiriqlarini bajara 
boshlagan. Keyinchalik abbosiylarning Xurosondagi targ‘ibotchilari rahbari Abu Salamaga 
sotilgan (yoxud berilgan). 744 y. boshida u bilan birga Xurosonga kelgan. Keyinchalik 
A.M. alaviylardan Ibrohim ibn Muhammadga ma’qul kelgani tufayli unga tuhfa qilingan. 
Ibrohim uni ozod qilib, Abdurahmon deb ism qo‘ygan va uni o‘ziga yaqin tutgan. 
747 y. martda Ibrohim A.M.ni umaviylarga qarshi tayyorlanayotgan harakatga rahbarlik 
qidish uchun Xurosonga o‘zining shaxsiy vakili sifatida jo‘natgan. May oyida u Marv 
vohasiga yetib kelib, bir oy ichida bir necha ming tarafdorlarini to‘plagan. A.M. qullarga 
ozodlik berilishini va’da qilgan. Xuroson noibi Nasr ibn Sayyor qo‘shinlari ustidan g‘alaba 
qilib, 748 y. boshida Marvni egallagan. A.M. shu yerdan turib Xuroson va 
Movarounnahrni egallanishiga rahbarlik qilgan. A.M. Marvda ko‘pgina qurilish ishlarini 
olib borgan, ilk bor xutbani o‘tirib emas, balki minbarda turib o‘qigan. A.M.ning 
hukmronlik davri notinch bo‘lgan: 750 y. umaviylar o‘rniga kelgan abbosiylar sulolasidan 
norozi bo‘lgan Buxoro arablari qo‘zg‘olon ko‘tarishgan va Movarounnahrning ko‘pgina 
hokimlari xalifalikdan ajrab chiqishgan. A.M. Samarqandgacha borib, uning 
istehkomlarini yangilagan va Movarounnahrga egalik qilish uchun kurash boshlagan. 751 
y. iyulda uning sarkardasi Ziyod ibn Solih Taroz yonida Xitoy qo‘shinini tor-mor keltirgan 
va bu bilan abbosiylarning Sirdaryo ortidagi hududlariga egalik qilishlarini ta’minlagan. 
752 y. boshida A.M. Marvga qaytib kelgan, biroq oz fursatdan so‘ng Movarounnahr noibi 
etib tayinlangan Ziyod isyon ko‘targan va A.M.ga yana Amudaryoni kechib o‘tishiga 
to‘g‘ri kelgan. A.M. qudratining oshib borayotgani abbosiylarni xavotirga solgan va ular 
uni yo‘qotish payiga tushishgan. 754 y. may-iyunda A.M. hajga borish uchun Xurosonni 
tark etgan. Shu paytda as-Saffoh vafot etib, xalifalik taxtiga al-Mansur o‘tiradi. Mansur 
hokimiyatini amakisi, Vizantiyaga yurish qilgan qo‘shin ko‘mondoni Abdulloh tan 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
11
olmagan. A.M. isyonchini tor-mor keltirgan (754 y.noyab.) va katta o‘ljani qo‘lga 
tushirgan. Mansur o‘ljani talab qiladi, bundan g‘azablangan A.M. Xurosonga qaytgan. 
Biroq xalifa uni yo‘ldan qoldirib Madoyin sh.ga muzokaraga chaqirtirib keltirishga 
erishgan. A.M. shu yerda 755 y. 12 fev. (yoxud 27 yanv.)da xalifa qabulida bo‘lgan 
chogida o‘ldirilgan. Sakkiz yillik faol diniy-siyosiy faoliyati davrida A.M. "ashaddiy" 
shialar ta’limotiga yoki imomatlikka yaqinlashmagan bo‘lsa ham uning o‘limi zamonaviy 
mazdakiylar, shialarning bir qancha qo‘zg‘olonlarini keltirib chiqargan. "Ashaddiy" 
shialarning ayrim firqalari uni imom deb e’lon qilgan, abumuslimiya firqasi paydo 
bo‘lgan. Bularning so‘nggi aks-sadosi Muqanna qo‘zg‘oloni hisoblanadi. A.M. haqida 
Marvda udum bo‘lgan rivoyat, afsonalar keyinchalik fors tilida (uning turkiycha varianti 
ham bor) yozilgan xalq romani - "Qissai Abu Muslim" (o‘zbekcha "Abu Muslim 
jangnomasi")ga asos bo‘lgan. 
 
 
ABU MUSO Al-ASH’ARIY, to‘liq ismi Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariy (taxm.601 - taxm. 
665, Quddus) - ashobi kiromning faqihlaridan, zohid va fozil bir zot. Hijratdan avval 
qabilaning aholisi va o‘z birodarlari bilan Makkaga kelib musulmon bo‘lishgan. Ilmu fazli
zuhdu taqvosi bilan hazrati Payg‘ambar (sav)ning tavajjuhlarini qozongan. Rasuli Akram 
tomonidan Zobit va Adan tomonlarga valiy qilib tayinlangan. Umar (ra) A.M.al-A.ni 
Basraga voliy qilib tayinlagan. Askariy qo‘mondon sifatida Ehvaz (Efes) va Isfahon 
taraflarni fath etgan. Usmon (ra) zamonida Kufada voliy bo‘lgan. Siffinda ham hokimlik 
qilgan. Qur’oni karimni go‘zal bir sado bilan tilovat etar, tinglovchilarni hayajon va 
tug‘yonga solar edi. Ushbu jihatdan ham Rasuli Akramning madhu sanosiga sazovor 
bo‘lgan. 360 hadis naql etgan. 
 
 
ABU NAZR SAMARQANDIY, to‘liq ismi Abu Nazr Muhammad ibn Mas’ud al-A’yoshiy 
as-Sulamiy (10-a.) - fiqh olimi. Xurosonda bosh imom bo‘lgan. Arab tilida 200 dan ortiq 
asar yozgan. Bulardan "Kitob siyrat Umar" ("Umarning tarjimai holi kitobi"), "Kitob al-
muvazzah" ("Izohlangan narsalar haqida kitob"), "Kitob siyrat Muoviya" ("Muoviyaning 
tarjimai holi kitobi") kabi asarlari diqqatga sazovor. Ayniqsa, uning "Tafsir as-Sulamiy" 
kitobi mashhur bo‘lib, unda Qur’oni karim tafsir qilingan. Kitobning Ibrohim ibn Ahmad 
al-Qummiy tomonidan qayta ishlangan nusxasi bizgacha yetib kelgan. 
 
 
ABU NUAYM, to‘liq ismi Ahmad ibn Abdulloh al-Isfahoniy (944-1038, Isfahon) - taniqli 
hadis imomlaridan biri. Fiqh va tasavvufda ham zamonasining yetakchi olimi bo‘lgan. 
Tabaroniy kabi buyuk muhaddislardan hadis olgan, uning o‘zidan ham Xatib Bag‘dodiy 
kabi yuksak shaxslar hadislar rivoyat etgan. Eng mashhur asarlari: yigirma jildli "Hiltul-
avliyo", "Daloilun-nabaviyya", "Kitobul-mustaxraj alal-Buxoriy", "Al mustaxraj alo sahihi 
Muslim", "Kitobut-taboqat", "Ma’rifatus-sahoba" va b.  
 
 
ABU SAID al-XUDRIY, to‘liq ismi Abu Said Sa’d ibn Molik al-Xazrajiy al-Ansoriy (taxm. 
609-693) - sahoba. Uning otasi Molik ibn Sinon ham sahobalardan bo‘lib, Uhud jangida 
shahid bo‘lgan. A. S. a.-X. Rasululloh (sav) bilan birga Xandaq jangi va b. g‘azotlarda 
qatnashgan. Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Termiziyning hadis kitoblarida uning 
rivoyatida 1170 ta hadis keltirilgan. 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
12
 
ABU SAYID MAYXONIY (Mixoniy, Mixni), Fazlulloh ibn Abulxayr Ahmad (967-1049) - 
tasavvufdagi sharqiy (Xuroson) maktabining asoschilaridan biri. Xuroson viloyatidagi 
kichik shaharcha - Mayxonada tug‘ilib, o‘sha yerda vafot etgan. Otasi so’fiylar bilan 
aloqador bo‘lib, o‘g‘lini ham shu davraga boshlab kelgan. So’fiylar yig‘inlaridan birida 
A.S.M.ni shoir Qosim Bishr ibn Yasin (990 y. v.e.)ga tanishtirganlar, u A.S.M.ning 
so’fiylikdagi birinchi ustozi bo‘lgan. Keyinchalik A.S.M. o‘zining va’z-nasihatlarida doimo 
uning she’rlaridan foydalangan. O’smirlik chog‘larida A.S.M. Marvga borib, besh yil 
mobaynida Abu Abdulloh Muhammad al-Xisriy (983-1000 y.lar oralig‘ida v.e.), so‘ngra 
shuncha yil Abu Bakr Abdulloh al-Qaffol (1026 y. v.e.)dan shofi’iylik fiqhi bo‘yicha ilm 
olgan; Saraxsda shofi’iylik faqihi Abu Ali Zoxir ibn Ahmad (999 y. v.e.) rahbarligida 
tafsir, hadislar va kalomni o‘rgangan. O’sha yerda (taxm. 997 y.) devonai Luqmon 
Saraxsiy A.S.M.ni Abul Muhammad as-Saraxsiyning xonaqohiga boshlab kelgan, u 
A.S.M.ni ilohiyot fanlarini tashlashga ko‘ndirgan, unga o‘zi pir bo‘lib, Mayxonaga 
qaytishni va faqat "Alloh" deb zikr bajo etishni topshirgan. A.S.M. Mayxonada 15 y. umr 
kechirib, shuning deyarli yetti yilini to‘liq uzlatda (yolg‘izlikda) o‘tkazib, odamlar 
nigohidan chetda, yarim och holda yashagan. Bu davrda u chillai ma’qus (boshini pastga 
qilib osilgan holda 40 kunlik ro‘za davrida zikrni bajo etish)ni mashq qilgan, uni 40 
yoshga to‘lgunicha (yoxud hatto undan ham oshiq - 1016 y.gacha) bajo etgan. O’zining 
birinchi so’fiylik xirqasini A.S.M. mashhur so’fiy Abu Abdurrahmon as-Sulamiy (1021 y. 
v.e.)dan Nishopur sh.da olgan, ikkinchisini - Amulda so’fiy Abul Abbos Ahmad b. al-
Qassobdan olgan. Hayotining ikkinchi yarmini A.S.M. taniqli murshid sifatida o‘tkazgan. 
U Mayxonadagi o‘z uyida, shuningdek shahar chetidaga yolg‘iz hujrasida, ba’zan 
Nishopurga borganda Adanikuban mahallasida o‘zining ko‘plab muridlariga va’z, pand-
nasihatlar qilgan. A.S.M. tomonidan zikri samoga musiqa, raqslar va shahvoniy 
mazmundagi qo‘shiqlarni kiritilishi unga nisbatan keskin tanqid qiluvchilarning 
ko‘payishiga sabab bo‘ldi, u shariat yo‘lidan chekinishda va hatto ilohiyotchilar 
tomonidan kofirlikda ayblandi. A.S.M. xonaqohlarda yashovchi muridlari uchun axloq-
odobning 10 ta moddasini ishlab chiqqan birinchi so’fiy shayxdir. Bunga qo‘shimcha 
tarzda u murshid uchun zarur bo‘lgan 10 ta sifatni va muridlar uchun zarur bo‘lgan 10 ta 
xususiyatni ko‘rsatib bergan. A.S.M. tasavvufning mahalliy maktabiga asos soldi. Uning 
ko‘plab avlodlari keyinchalik bu qarashlarni o‘zlari yashagan viloyat hududvdan chetga 
tarqata olmadilar. Bu mahalliy maktab 1154 y.gacha mavjud bo‘lib, shu yili qo‘zg‘olon 
ko‘targan urug‘lari butun Xurosonni talon-toroj qilganlar va Mayxonani egallagan paytda 
esa, A.S.M. avlodlaridan bo‘lgan 115 kishini qatl qilganlar. A.S.M. qarashlari ziddiyatli 
bo‘lib, "xudoning ishqi bilan mast" so’fiylar g‘oyasiga yaqin. "Bechoralarga xizmat qilish" 
A.S.M. qarashlariga xos xususiyat edi. U malomatiya ta’limotiga muvofiq, qalandarlik 
bilan xayru ehson to‘plab, shogird va muridlarining, yon-atrofidagi aholining manfaat va 
ehtiyojlarini qondirishni o‘ylagan. U yaratgan maktab amaliyoti Movarounnahrga ham 
tarqalgan.  
 
 
ABU SUFYON, to‘liq ismi Abu Sufyon Saxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushshams 
(567-652) - yirik savdogar, qurayshiylar zodagoni. Makkada Muhammad (sav)ga va 
ularning diniy targ‘ibotiga qarshi kurashib, ul zotni ta’qib qilgan. Mushriklarning 
musulmonlarga qarshi olib borgan Uhud va Xandaq janglaridagi boshliqlaridan biri. 
Muhammad (sav) Makkani fath qilishi arafasida islomni qabul qilgan. Keyinchalik 
Madinaning mavqei kuchaya boshlagach, o‘z xonadoni vakillarining islom davlatida 
ta’sirli o‘rin egallashini ta’minlash maqsadida Muhammad (sav) bilan yarashgan. 630 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
13
y.da Makkani musulmonlarga jangsiz topshirgan. Islom himoyasi uchun Hunayn va Toif 
janglarida qatnashib, bir ko‘zidan judo bo‘lgan. So‘ngra Rasululloh (sav) uni Najron 
viloyatiga hokim etib tayinlaganlar. Nabiullohning vafotlaridan keyin Shom fathida 
qatnashgan. Yarmuk jangida jasorat ko‘rsatib, ikkinchi ko‘zidan ham ajralgan. Xalifa 
Usmon (ra) davrida A.S.ning o‘gli Muoviya Suriya hokimi etib tayinlangan. Keyinchalik
Ali (kv) vafotidan keyin (661), xalifalik hokimiyatini qo‘lga olgan Muoviya umaviylar 
sulolasiga asos solgan.  
 
 
ABU TUROB Naxshabiy (? - 875) - Naxshab (hoz. Qarshi)lik avliyo. A.T. Xuroson 
mashoyixlari orasida mashhur bo‘lgan. Qirq marta hajni ado etgan. Ma’ruza va 
suhbatlarida kishilarni nafsni tiyib yurishga, sabr-qanoatli bo‘lishga, shariat, tariqat va 
ma’rifat yo‘lidan borishga chaqirgan. Zamondoshlari uni "ma’no shohining mardoni", 
"Taqvo osmonining oyi", "Haqiqat ilmining orifi", "qutbi zamon" deb ta’riflashgan. A.T. 
haqida el orasida o‘nlab naqllar yoyilgan. Shulardan yigirmaga yaqini Muhammad Siddiq 
Rushdiyning "Avliyolar sultoni, turonlik avliyolar" kitobida (Toshkent, 1995) keltirilgan. 
A. Navoiy uning 261 hijriy (mil. 875) yilda olamdan o‘tganligini qayd etadi. Basra 
dashtida vafot etganligi rivoyat qilinadi. Qabri Qarshi sh.da. 
 
 
ABU UBAYDA ibn Jarroh (? - 639) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan keyin 
islomga birinchi bo‘lib kirgan kishi. Asharai Mubashsharalardan. Ismi Omir, quraysh 
qabilasining bani Fixr urug‘idan bo‘lgan. AU. Habashistonga, keyin Madinaga hijrat 
qilgan. Muhammad (sav) bilan hamma g‘azotlarda kdtnashgan. Islom tarixida shijoatli 
va o‘ta jasur mujohid, buyuk sarkarda, odil bir inson sifatida tanilgan. Otasi Badr jangida 
makkalik mushriklarga qo‘shilib, musulmon qo‘shinlariga qarshi kurashgan, o‘g‘li A.U.ni 
o‘ldirishga qasd qilgan, doimo uni ta’qib etgan. Abu Bakr Siddiq xalifaligi davrida Shom 
(Suriya) fathi uchun yuborilgan. A.U. odil, shafqatli va halim zot bo‘lgan. Bu hol 
dushmanni yengishga qo‘l kelgan, Shomning urushsiz olinishiga sabab bo‘lgan. 639 y. 
Shomda og‘ir, yomon kasallik (touni amvos) garqalgan. Kasallik dastlab Falastindagi 
Amvos qishlog‘idan chiqqan bo‘lib, bu kasallikdan bir oy ichida yigirma ming musulmon 
vafot etgan. A.U. ham shu kasallik qurboni bo‘lgan. A.U. Urdun (Iordaniya) nohiyasida 
vafot etgan, qabri Shariat daryosining g‘arb tomoni, Amyo qishlog‘idadir. Umar (ra) 
o‘zidan keyin xalifalikka A.U.ni munosib nomzod deb bilgan.  
 
 
ABU SHAYBA, to‘liq ismi Abubakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Shayba (? - 849) -
muhaddis, olim. Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Muborak, Yahyo ibn Said kabi 
zotlardan hadis olgan, uning o‘zidan ham Buxoriy, Muslim, Abu Dovud kabi buyuk 
muhaddislar qadis naql etganlar. Xalifa Mutavakkilning amri bilan xalqqa hadisdan dars 
bermog‘i uchun Bag‘doddagi Rusofa yaqinida bir minbar hozirlatgan. Uni tinglagani 3000 
kishi to‘plangan. Hadisga doir "Musnad" va uch jildli "Almusannaf" asarlari mashhurdir.  
 
 
ABU SHUJO RO’ZROVARDIY, Zahiruddin Muhammad ibn Husayn (1045, Ahvoz - 
1095, Madina) - tarixchi, davlat arbobi. Fiqh, hadis, til va tarix sohasida, xususan 
somoniylar tarixiga oid bir qancha asarlar yozgan. 1076 y.da xalifa Muqtadiy (1075-94) 
tomonidan vazirlikka tayinlangan. Uning davrida ba’zi soliqlar yengillashtirilgan. U o‘z 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
14
yerlarini vaqfga ajratib, masjid va madrasalar qurdirgan. Sunniylar va shialar o‘rtasidagi 
nizolarni bartaraf qilgan.  
 
 
ABU YUSUF, to‘liq ismi Yoqub ibn Ibrohim al-Kufiy al-Ansoriy (731-798 yoki 804) -
faqih, islomdagi dastlabki qozi ul-quzzot. Kufada, kambag‘al oilada tavallud topgan. 13 
yoshida Kufa qozisi mashhur faqih Ibn Abi Laylodan fiqhdan saboq olgan, oradan 9 y. 
o‘tgach, Abu Hanifaga. shogirdlikka o‘tib, 15 y.ga yaqin uning shogirdi va eng yaqin 
yordamchisi bo‘lgan. Boshqa shogirdlar, ayniqsa Zufar al-Huzayl bilan birgalikda A.Yu. 
fiqh nazariyasini ishlab chiqishda qatnashgan. Abu Hanifa vafotidan so‘ng Iroqdagi 
ulamolar davrasida ustozi o‘rnini egallab, uning ishini davom ettirgan. Xalifa al-Mahdiy 
(775-785) A.Yu.ni Bag‘dod qozisi etib tayinlagan, xalifa Horun ar-Rashid (786-809) esa, 
unga qozi ul-quzzot mansabini berib, butun xalifalikdagi barcha qozilarni tayinlash va 
qozilar qarori yuzasidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqini bergan. Bunday 
yuksak martaba A.Yu.ga Abu Hanifaning nazariy qarashlarini amaliyotda keng qo‘llash 
imkonini bergan, bu esa, hanafiylik mazhabining tarqalishi va mustahkamlanishiga 
xizmat qilgan. A.Yu. "Kitob al-xiroj" ("Soliq haqida kitob") asarining muallifi bo‘lib, u 
Horun ar-Rashidning soliq, yer va suvdan foydalanish, davlat boshqaruviga oid 
savollariga berilgan batafsil javoblaridan iborat. A.Yu.ning shogirdlaridan Muhammad 
ash-Shayboniy uning maslahat va ma’lumotlaridan keng foydalanib, Abu Hanifa 
ma’naviy merosini to‘plagan va bir tizimga solgan. Boshqa bir shogirdi esa Ahmad ibn 
Hanbal bo‘lgan. A.Yu.ning qarashlari Muhammad ash-Shofi’iyga katta ta’sir ko‘rsatgan.  
 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling