Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.

bet3/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55

ABU QATODA, to‘liq ismi Abu Qatoda al-Haris ibn Rab’iy al-Ansoriy as-Sulamiy (taxm. 
604-674) - ansori kiromdan va Paygambar (sav)ning suvoriylaridan biri. Rasuli 
Akramdan 170 hadis rivoyat etgan. Bulardan 21 tasida Buxoriy va Muslim hamfikrdirlar. 
Faqat Buxoriyda 2, Muslimda 8 hadisi bor. Qolgani boshqa kitoblardadir. Madinai 
munavvara yoki Kufada vafot etgan. 
 
 
ABU HANIFA, Nu’mon ibn Sobit al-Kufiy; Imomi A’zam (699 - 767) - ilohiyotchi, 
fiqhshunos, muhaddis, ulug‘ imom, hanafiylik mazhabi asoschisi. Kufada tug‘ilgan. 
"Imomi A’zam" (buyuk imom) - ulug‘ligi e’tirof etilib berilgan unvon. O’ziga to‘q, 
zodagon oiladan bo‘lib, olim va fozil insonlar orasida voyaga yetgan. Otasidan qolgan 
katta boylikni ilm yo‘lida sarf etgan. Yoshligidayoq Qur’onni yod olgan. Kalom ilmi va 
mantiqni o‘rgangan. 22 yoshida iroqlik ulug‘ alloma, ilohiyotchi Hammod ibn Abu 
Sulaymonga shogird tushib, uning ta’limini olgan. Keyin Kufa va Basraning eng obro‘li 
faqihi bo‘lib yetishgan va o‘zi shogirdlar tarbiyalagan. Kamtar, mehribon va o‘ta 
saxovatli, nihoyatda taqvodor inson sifatida hurmat qozongan. Uning qirq yil mobaynida 
xufton tahorati bilan bomdod namozini o‘qigani, 55 marta haj qilgani haqida rivoyat bor. 
747-48 y.larda A.H. Iroq hokimi ibn Hubayra ta’qibidan qochib Makkaga ketgan. 
Abbosiylar hokimiyat tepasiga kelgach, Iroqqa qaytib ulamolik faoliyatini davom 
ettirgan. Xalifa al-Mansur (754-775) unga yanga poytaxt Bag‘dodda qozilik yoki boshqa 
istagan yuksak lavozimni taklif qilgan. Biroq A.H. bu taklifni qat’iyan rad etgan. Shunda 
Mansur uni qamab, turli qiynoklarga solgan. A.H. ko‘p o‘tmay Bag‘dodda vafot etdi. 
Mansur A.H.ga zahar ichirgan va u shu sababdan shahid bo‘lgan, degan rivoyat ham 
bor. 
A.H. fiqhiy ilmni birinchi bo‘lib tasnif qilib, uni boblarga ajratib, tartibga solgan va kitob 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
15
shakliga keltirgan. A.H.ning ilmi kalom, fiqh, hadis, sarfga oid bir necha kitoblari bo‘lib, 
ular jumlasiga "Kitob as-salot" ("Namoz ahkomlari kitobi"), "Kitob al-Manosik" ("Haj 
kitobi"), "Kitob ash-shurut" ("Shartnomalar haqida kitob"), "Kitob al-faroiz" ("Meros ilmi 
haqida kitob"), "Kitob al-olim val-mutaallim" ("Ustoz va shogird haqida kitob"), "Kitob 
al-fiqh al-akbar" ("Katta fiqh kitobi"), "Kitobi al-vasiya" ("Vasiyatnoma kitobi") va b. 
kiradi. 
A.H. faqihlarning ustozi, imom Shofi’iy ta’biri bilan aytganda, "barcha odamlar fiqhda 
uning boqimandalari" edi. Hech qanday shubhaga o‘rin qolmaydigan darajadagi aniq 
hujjat va dalillar asosida hukm chiqaradigan olim bo‘lgan. A.H.ning bulardan tashqari 
hadis sohasida ham asarlari mavjuddir. O’rta asr faqihi Abul Muayyad Muhammad ibn 
Mahmud Xorazmiy A.H. musnadlarini jam qilib, kitob shakliga keltirgan, 1907 y.da 
Misrda chop etilgan bu kitoblar zamonlar osha musulmonlar tayanadigan ilmiy manba va 
asos bo‘lib kelmoqda. 
A.H.dan ta’lim olgan shogirdlar zamonasining yetuk peshvolari bo‘lib yetishgan. Ulardan 
biri Abu Yusuf bo‘lib, Horun ar-Rashid davrida qozilik vazifasida ishlagan. Ikkinchi 
shogirdi imom Muhammad ibn Hasan o‘z navbatida imom Shofi’iyga ta’lim bergan. 
Hadislarni saralashda nihoyatda mohir bo‘lgan, har bir masalani dalil bilan isbotlay 
oladigan Zufar ibn Huzayl ham A.H.ning ko‘zga ko‘ringan izdoshlaridandir. Yana bir 
shogirdi Hasan ibn Ziyod A.H.ning "Al-Mujarrad", "Qozining odobi", "Nafaqalar", "Faroiz" 
(Meros ilmi), "Xislatlar" kabi kitoblarini yozib tugatgan. A.H.ning o‘g‘li Hammod va 
nabirasi Ismoil ham shar’iy ilmlar borasida yetuk alloma bo‘lganlar, turli shaharlarda 
qozilik mansabida ishlagan. Xurosonda birinchi bo‘lib hadisni yozib olgan Abdulloh ibn 
Muborak ham A.H.dan ta’lim olgan. Movarounnahrdagi mamlakatlarda va dunyoning 
boshqa ko‘pgina joylarida musulmonlar A.H. mazhabi qoidalari asosida ibodat qiladi. 
 
 
ABU XAFS KABIR Buxoriy (767 - Buxoro - 832) - islom olamining buyuk fiqhshunos 
olimi. Imom Buxoriyning zamondoshi. Buxorodan Bag’dodga borib, imom Muhammad 
ibn Hasan Shayboniy (804 y. v.e.)ga shogird tushgan. A.H.K. islom qonunshunosligi 
asoslarini yaratgan yirik olim bo‘lgan. Narshaxiyning yozishicha, uning sharofati bilan 
Buxoro "Qubbat ul-islom" - "Islom dinining gumbazi" unvonini olgan. Abu Hafsning 
o‘ziga "Kabir Buxoriy" - "Buxoriylarning kattasi" va "Hojatbaror imom" degan unvonlar 
berilgan, o‘g‘li Abu Abdulloh (Abu Hafs Sagir Buxoriy; 877 y. v.e.) ham otasi singari fiqh 
ilmida peshqadam bo‘lgan. A.H.K. fiqhning turli masalalari yoritilgan "Al-Ahvo’ val-ixtilof" 
("Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar"), "Ar-raddu alal-Lafziyya" ("Yuzaki qarovchilarga 
raddiya") va b. asarlar yozgan. A.H.K. Buxorodagi Darvozai nav qarshisidagi tepalikda 
dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, "Haqrah" ("Haq yo‘l") va Xoja Imom 
Abu Hafs deb ataganlar. Mustabid sovet tuzumi davrida uning qabri va atrofidagi 
me’moriy yodgorliklar buzib tashlangan. 
 
 
ABU HUZAYL ALLOF, Muhammad ibn al-Huzayl (749/753-841/849) - mu’taziylar 
(huzayliylar) Basra maktabining yirik vakili, g‘oyaviy rahnamosi. Alloflar savdo qiladigan 
joydan bo‘lganligi uchun al-Allof laqabini olgan. 818 y.da Bag‘dodga ko‘chib kelgan. 
Samarra (Iroq)da vafot etgan. A.H.A. ko‘p qismi bahs-munozara tusidagi 60 ta asarning 
muallifi bo‘lgan, ammo ularning birontasi bizgacha yetib kelmagan. Uning "Raddiyalar" 
asari boshqa dinlar (yahudiylik, xristianlik, zardushtiylik)ga ham, islom dinidagi turli 
oqim va maktablarga ham qarshi qaratilgan. Qur’on va sunna ta’limotini aql-idrokka mos 
talqin etishga urinib, ma’lumotlarni qabul qilishda faqat aqlga suyanish kerak, Qur’on 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
16
yaratilgan, banda o‘z fe’l-atvorini o‘zi yaratadi, degan g‘oyani ilgari surgan. A.H.A.ning 
"xudoning kalomi" iroda erkinligi, odamning o‘z xatti-harakatlari uchun ma’naviy 
javobgarligi, hayotiy ne’matlar haqidagi va b. fikrlari nafaqat sunniy ilohiyotchilar, balki 
boshqa mu’taziliy oqimlarning vakillari tomonidan ham tanqidga uchragan. A.H.A. xalifa 
Ma’munning ustozi bo‘lgan va ayni shu xalifa davrida (813-833) mu’taziliylar ta’limoti 
hukmron diniy e’tiqod hisoblangan. Xalifa amri bilan barcha qozilar, ilohiyotchi olimlar, 
mansabdor shaxslar aqidaviy masalalarda imtihon qilingan. Mutaziliylik, ya’ni A.H.A. 
aqidalarini tan olmagan kishilar xizmatidan bo‘shatilib, jazolangan, hatto o‘limga 
mahkum etilganlar. 
 
ABU HURAYRA (602 - 679, Madina) - mashhur sahoba, roviy, faqihlardan. Asli ismi 
Abdurahmon ibn Sahr al-Davsiy Abdushams. Rasululloh tomonidan Abdurrahmon deb 
atalgan. Mushuklarni juda sevgan. Bir kun uning etagida bir mushuk bolasini ko‘rgan 
Rasuli Akram, "Abu Hurayra" - mushukning otasi deya lutf etgan va u ham bundan 
iftixor etib, ushbu laqab bilan shuhrat topgan. Tijorat va boyligi yoxud ma’lum bir 
mashg‘uloti bo‘lmagani uchun ashobi Suffa sirasiga kiritilgan. U Doril-irfondan dars 
olgan va huzuri Rasulotdan bir lahza ham ayrilmagan. Ajoyib faqih bo‘lib, ifto (fatvo 
beruvchi) mavqeiga ko‘tarilgan. Umar (ra) tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan. 
Usmon (ra) zamonida Makka qozisi va Muoviya davrida Madina voliysi bo‘lgan. 
Favqulodda kuvvai-hofizaga ega bo‘lgan A.H. uch yil muttasil Nabiy (as)ning majlisidan 
ajralmagan va bu muddat mobaynida kuch-quvvatini Rasuli Akram(sav)ning so‘zlari va 
ishlarini egallash hamda qayd etishga baxsh etgan. 5374 hadis rivoyat etgan. Bulardan 
335 tasida Imom Buxoriy va Imom Muslim hamfikrdirlar, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189 
tasi yolg‘iz Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.  
 
 
ABUD-DARDO, asl ismi Uvaymir, kunyasi bilan mashhur (? - 652) - ashobi kiromning 
faqihlaridan, olim va hakimlaridan biri. Shom fathidan so‘ng u yerga hokim qilib 
tayinlangan. 179 hadis rivoyat etgan.  
 
 
ABULABBOS MUSTAG’FIRIY- Imom Mustag‘firiy (to‘liq ismi: Nasafiy Samarqandiy 
Ja’far ibn Abu Ali Muhammad ibn Abu Bakr) (961-1041, Nasaf) - tarixchi, adib, 
muhaddis va faqih, Sam’oniyning "Kitob al-ansob" asarida yozilishicha, Ab.M bir qancha 
vaqt Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqandda yashagan. 987 y.dan Nasaf jome 
masjidida ma’ruzalar o‘qigan. Umrining oxirida Nasafning bosh imom-xatibi lavozimida 
bo‘lgan. U "Kitob tarixi Samarqand", "Kitob tarixi Nasaf va Kesh" (2 jildlik), "Kitob ush-
shi’r vash-shuaro" ("She’r va shoirlar haqida kitob"), "Kitob ul-vafo" ("Vafo kitobi"), 
"Kitob daloil an-nubuvva" ("Payg‘ambarlik dalillari"), "Kitob ud-da’vot" ("Targ‘ibotlar 
kitobi"), "Kitob xutab an-nabiy" ("Payg‘ambar xutbalari kitobi"), "Kitob tibb in-nabiy" 
("Payg‘ambar tibbi kitobi") kabi o‘ndan ziyod asarlar yozgan. Uning "Kitob tibb in-nabiy" 
asari Tehronda nashr etilgan. 
 
 
ABULBAQO ibn BAHOUDDIN (16-a. 1-yarmi - 17-a. 1-choragi) - tarixchi. Xoja Ahmad 
ibn Jaloluddin Kosoniy (Mahdumi a’zamning nabirasi bo‘lib, Abdulazizxon (1540-49) 
saroyida kichik davlat lavozimi (hukmgar)da turgan. U bobosiga atab "Jome’ ul-
maqomoti Mahdumi a’zam" ("Mahdumi a’zam maqomotining majmui") kitobini yozgan 
(1617). Bu asarda Mahdumi a’zamning hayotiga oid ma’lumotlardan tashqari, 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
17
Movarounnahrning 16-a. 1-yarmidagi iqtisodiy va siyosiy ahvoli hamda shayboniylar 
bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlarga oid qimmatli ma’lumotlar bor. 
 
 
ABUL ASVAD DUALIY (? - 689) - islom olimlaridan, ulug‘ tobe’inlardan. Ayniqsa, 
go‘g‘riso‘z va hozirjavobligi bilan shuhrat qozongan. Hazrati Ali bilan birga Siffin jangida 
ishtirok etgan. Muoviya ibn Abu Sufyon zamonida ham hurmati baland bo‘lgan. Basrada 
qozilik qilgan. A.A.D.ning ikki ishini avloddar ehtirom bilan esga oladilar. U zot nahv 
ilmiga asos solgan hamda Qur’oni karimning harflariga nuqtalar qo‘yib chiqqan (avvalgi 
Qur’on nuqtalarsiz va harakatlarsiz edi). 
 
 
ABULFATH ALOUDDIN MUHAMMAD ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiy (? - 
1157) - fiqhshunos olim. Uning Abu Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning "al-
Jomi’ al-Kabir" ("Katta to‘plam") kitobiga yozgan "Sharh ul-Jomi’ al-Kabir" ("Jomi’ al-
Kabirning sharhi") nomli bir necha jildli asarining 1-si bizgacha yetib kelgan. U "Kitob ul-
imon" ('Imon haqida kitob"), "Kitob un-nikoh" ("Nikoh haqida kitob"), "Kitob ush-
shahodat" ("Shahodat kitobi"), "Kitob ul-qazo" ("Hukm kitobi") kabi boblarga bo‘linadi. 
Mazkur asarning kotib Ahmad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Umar Samarqandiy 
tomonidan 1361 y.da ko‘chirilgan nodir qo‘lyozma nusxasi O’zbekiston FA 
Sharqshunoslik institutida (inv. № 5558) saqlanadi. 
 
 
ABULQOSIM HAKIM SAMARQANDIY, to‘liq nomi Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn 
Ibrohim ibn Zayd (856-946) -hanafiylik mazhabining ko‘zga ko‘ringan nazariyotchisi, 
hakim. Samarqandda tug‘ilgan. Yoshligida ilm olish uchun Balxga borgan, u yerda Abu 
Bakr Varroq Termiziydan tariqat ta’limini olgan. U kalom, fiqh va tafsir ilmlarini chuqur 
o‘rganib, o‘sha davrning mashhur shayxlaridan hadis va rivoyatlar eshitgan. Manbalarga 
ko‘ra, keyinchalik u Samarqandga keladi, qozi lavozimida ishlaydi va shu yerda vafot 
etadi. Ulamolar somoniylar amiri Ismoil Somoniyga murojaat qilib, Movarounnahrda avj 
olgan turli mazhab va firqalarni kelishtirish uchun aqidalar majmui bo‘lgan bir kitob 
yaratishni tavsiya etadilar. Amir kitob yozishni A.H.S.ga topshirgan. Shu tariqa "as-
Savod ul a’zam" ("Ko‘pchilik tomon") kitobi vujudga kelgan. A.H.S. o‘ziga xos kalom 
maktabini yaratgan. U o‘z asarida imonni yaratilmagan, ya’ni azaliy deb hisoblab, bu 
fikrga qo‘shilmaganlarni bid’at ahli deb atagan. A.H.S. hanafiy mazhabining asosiy 
aqidalarini himoya qilib, mazhabni tug‘ilib kelayotgan aqliy dalillar vositasida qayta 
ko‘rib chiqishga qarshi turgan, aqidaviy ixtilofga barham berish yo‘li bilan Movarounnahr 
musulmonlari o‘rtasidagi fikriy yakdillikni saqlab qolmoqchi bo‘lgan. U ahli sunna va 
jamoa ta’limotining shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan.  
 
 
AVESTO, Ovasto (parfiyoncha: arastak -matn; ko‘pincha "Zend-Avesto", ya’ni "tafsir 
qilingan matn" deb ataladi) -zardushtiylikning muqaddas kitoblari to‘plami. A.Markaziy 
Osiyo, Eron, Ozarbayjon xalqlarining qad. davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot, diniy 
qarashlari, olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, urf-odatlari, ma’naviy madaniyatlarini, forsiy 
va turkiy tilda so‘zlashuvchi qabilalarning yozuvlarini o‘rganishda muhim va yagona 
manba. A. o‘rta fors (paxlaviy) yozuviga yaqin bo‘lgan maxsus Avesta yozuvida bitilgan. 
Mil. av. 6-a.da, Axomaniylar sulolasi zamonvda oromiy alifbosida ilk bor kitob qilib 
ko‘chirilgan. A.ning tafsiri "Zend A." nomi bilan yuritiladi. Zardushtiylik ruhoniylari 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
18
qo‘lida A.ning asl nusxasi muqaddas bitik sifatida saqlangan. Ko‘pchilik tadqiqotchilar 
fikriga ko‘ra, A. O’rta Osiyoda, xususan, Xorazmda mil. av. 1-ming yillikning 1-yarmida 
vujudga kelgan. A.da keltirilgan geografik ma’lumotlar ham buni tasdiqlaydi. Mas., xudo 
yaratgan o‘lkalar sanab o‘tilar ekan, boyligi va ko‘rkamligi jihatidan qad. Xorazm, Gava 
(Sug‘d), Marg‘iyona (Marv), Baqtriya (Balx) birinchi bo‘lib tilga olinadi, Orol dengizi 
(Vorukasha yoxud Vurukasha) va Amudaryo (Daiti) tavsiflanadi. A.dagi xalqning 
dastlabki vatani Sirdaryo, Amudaryo etaklari va Zarafshon vodiysi bo‘lgan. A. uzoq vaqt 
mobaynida shakllangan. Unda keltirilgan ma’lumotlarning eng qad. qismlari mil. av. 2-
ming yillik oxiri - 1-ming yillik boshiga oid bo‘lib, og‘zaki tarzda avloddan-avlodga o‘tib 
kelgan. Keyingi asrlarda A. tarkibiga turli diniy urf-odatlar bayoni, axloqiy, huquqiy 
qonun-qoidalar va h.k. qo‘shilib borgan. A.ni Zardusht diniy asar sifatida bir tizimga 
solgan. Dastlabki yozma nusxasi esa, 12 ming mol terisiga bitilgan deb rivoyat qilinadi. 
U Persepolda saqlangan. Axomaniylar sulolasininng poytaxti Sheroz yaqinidagi Taxti 
Jamshidda saqlangan. Aleksandr (Makedoniyalik Iskandar) Eronni zabt etganda, bu 
nusxa kuydirib yuborilgan. Arshakiylardan Vologes I davri (51-78)da qayta kitob 
qilingan, lekin u saqlanmagan. Sosoniylar shohi Xusrav I (531-579) davrida yaxlit kitob 
holiga keltirilgan. 9-a.da yozilgan "Denkart" asari A.ning 21 nask (qism)dan iborat 
ekanligi haqida ma’lumot beradi. A. hajmi katta kitob bo‘lgani sababli, dindorlar kundalik 
faoliyatida foydalanish uchun uning ixchamlashtirilgan shakli - "Kichik A." (Xurdak A.) 
yaratilgan. Arablar Eronni fath etgach (7-a.), zardushtiy ruhoniylarining bir qismi 
Hindistonga ko‘chib o‘tgan. Ularning avlodlari (parslar) Bombay sh.da o‘z jamoalarida 
hozirgacha A.ning asl nusxasini saqlab keladi. Frantsuz tadqiqotchisi Anketil Dyuperron 
zardushtiylar jamoasida yashab, A. tilini va yozuvini o‘rganib, uni tarjima qilib nashr 
etgan (1771). A.ning bu nusxasi 27 jilddan iborat bo‘lib, asarning yettidan bir qismidir. 
U Yasna, Vispered, Vendidad, Gatlar va Yashtlar nomi bilan yuritiladigan kitoblarni o‘z 
ichiga oladi. 
A.da bayon etilgan g‘oyalarga ko‘ra, olam ikki asosning, ikki ibtidoning, ya’ni yorug‘lik 
bilan zulmatning, yaxshilik bilan yomonlikning to‘xtovsiz kurashidan iborat. Yaxshilik va 
ezgulik xudosi Ahuramazda yer, o‘simlik va b. hamma tabiiy boyliklarni yaratgan. 
Yomonlik va yovuzlik timsoli Anxramaynu Ahuramazdaga qarshi to‘xtovsiz kurashadi, 
ammo uni yengashga ojizlik qiladi. Bu kurash abadiy davom etadi. Yaxshilikni ifodalovchi 
kuchlar osmonda, yomonlikni ifodalovchi kuchlar yer ostida joylashgan, yer sathi esa, 
kurash maydonidir. Hayotdagi turfa o‘zgarishlar qaysi kuchning g‘alaba qilishiga bog‘liq. 
Inson ham tana va ruhning, axloq esa, yaxshi va yomon xulqning o‘zaro kurashidan 
iborat. Cheksiz, abadiy fazo va vaqt ham ikki qarama-qarshi qismdan: yaxshilik va 
Ahuramazda hukmron bo‘lgan abadiy yorug‘lik bilan yomonlik va Anxramaynu hukmron 
bo‘lgan abadiy zulmatdan tashkil topadi. 
A. ta’limotiga ko‘ra, birinchi inson Govamard (xo‘kiz-odam; forscha Kayumars) bo‘lib, 
undan barcha kishilar tarqalgan. Birinchi shoh Yima davri oltin davr hisoblangan, chunki 
unda o‘lim bo‘lmagan, Ahuramazda doimiy bahor yaratgan. Kishilar bekamu ko‘st, 
baxtiyor yashagan. 900 y. o‘tgach, shoh Yima g‘ururga berilib, man etilgan sigir go‘shtini 
yeydi va yovuzlik ramzi Anhramaynu hukmidagi kuchlar bosh ko‘taradi. Olamni muzlik 
qoplaydi. Yima Ahuramazda amri bilan odamlar va hayvonlarni sovuqdan saqlab qolish 
uchun qo‘rg‘on (var) qurib, unga har bir jonzotdan bir juftini joylashtirgan. Insoniyat 
tarixining ilk oltin davri tugagach, Xayr bilan Sharr (yaxshilik va yomonlik) o‘rtasidagi 
kurash davri bo‘lgan ikkinchi davr boshlangan. Uchinchi davrda Ahuramazda g‘alaba 
qilib, ezgulik saltanati barqaror bo‘ladi, o‘lganlar tiriladi. A.ning axloqiy-falsafiy mohiyati 
"ezgu fikr", "ezgu so‘z" va "ezgu amal" kabi muqaddas uchlik (axloqiy triada)da o‘z 
ifodasini topadi. Zardushtiylarning namoz ibodat oldidan aytiladigan niyati, so‘zlari shu 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
19
uch ibora bilan boshlanadi. 
A. mil. av. 6-a.da yashagan va o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan Spitama Zardusht 
faoliyati tufayli diniy asar sifatida tizimga solingan. Zardushtiylik jamoalari hozir ham 
Hindistonning Bombay va Gujarot viloyatlarida hamda Eronning ba’zi shaharlarida 
mavjud. Kaliforniya (AQSh) shtatida zardushtiylarning ilmiy markazi mavjud. 
Eronlik tadqiqotchi Pur Dovud 1920-1940-y.larda A.ning qad. nusxalarini fors tiliga 
tarjima qildi. 
Zardushtiylik dini ibtidoiy jamoa tuzumidan ijtimoiy tabaqalanishga o‘tish davrida 
vujudga kelgan, ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni diniy shaklda ifodalagan va ko‘p 
xudolik (politeizm)dan yakka xudolikka (monoteizmga) o‘tishni aks ettirgan. A. "Eng 
mo’tabar, qad. qo‘lyozmamiz... Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo 
oralig‘ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlariga 
qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir" (I.A.Karimov, "Adolatli jamiyat sari", T., 1998, 39-
40-bet).  
 
 
AVLIYO (arab. valiy so‘zining ko‘pligi, xudoga yaqin odam) - tasavvufda Allohning zoti 
va sifatlarini yaxshi bilgan, uning buyurganlarini bajarib, gunoh ishlardan o‘zini 
saqlovchi, dunyo lazzati va shahvoniy ishlardan yuz o‘giruvchi kishi. Islom an’anaslda 
A.lar qaysidir bir ishi, xizmati yoki xislati tufayli Allohga yaqin bo‘lib qolgan, duolari 
mustajob, solih, qobil, kamtar kishilardir. A.lar payg‘ambarlar darajasidan keyin turadi. 
A.larning mozorlarini ziyorat qilib ibrat olish islom dinining hanafiylik mazhabida savobli 
ishlardan hisoblanadi. 
 
 
AVRAT (arab.) - 1) himoyalanmagan, zaif joy; 2) jinsiy a’zo - shariatga ko‘ra, ibodat 
(diniy amallar) paytida namozxon tanasining kiyim bilan yopib turishi lozim bo‘lgan 
qismi. Namozda er kishining kindikdan to tizzagacha bo‘lgan gavda qismi, ayollarning 
esa, yuz va kaftlaridan boshqa hamma joylari hatto sochlari ham A. hisoblanadi. 
 
 
ADAB (arab.) - tasavvufda tariqatdan saboq beruvchi pir yoki shayx va saboq oluvchi 
murid yoki solikning rioya qilishi zarur bo‘lgan qonun-qoidalar. Shayxlar va soliklar A.i 
xususida ko‘plab asarlar yozilgan.  
 
 
ADL ("adolat", "to‘g‘rilik") - 1) adolat va to‘g‘rilik nuqtai nazaridan shaxsni axloqiy 
baholash tushunchasi. Qur’oni karimda A.-yaxshilik uchun ham, yomonlik uchun ham 
birday adolatli hukm chiqaruvchi Allohning sifatlaridan biri. Biroq Allohning A.i -inson 
ongi, tafakkuri anglab yetmaydigan darajadagi oliy adolat. Shu tufayli inson Allohdan 
adolat qilishni emas, raxm-shafqat qilishni so‘rab iltijo qilishi lozim. Insonga nisbatan A. 
- bu birovga nisbatan yomonlik (jabr) qilish niyati borligani payqab olish va uni bartaraf 
etish imkoniyati, shuningdek umumiy ma’nodagi adolat tushunchasi. G’azoliy A.ni ehson 
("chin ko‘ngillik", "vijdon") tushunchasi bilan birgalikda qo‘llaydiki, bular "adolat va 
vijdon" ma’nosini anglatgan. Davlat xizmatidagi biror mansabga da’vogar yoki biron-bir 
muhim jamoatchilik majburiyatlarini, chunonchi: vasiylik, vakillik, guvoxdik va b.ni 
bajaruvchi har qanday shaxsda A. bo‘lishi lozim. Birovga jabr qilmagan, g‘ayriaxloqiy 
(fisq, fujur) harom yo‘llarga yurmagan har qanday musulmon odil, ya’ni A.i bor kishi deb 
qaraladi. Bu sifatlarni yo‘qotganlar (fosiqlar) agarda solih amallar bajo keltirib tavba 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
20
qilsalar va shundan so‘ng haqiqiy musulmonga xos hayot kechirsalar A.ni tiklashlari, 
unga erishishlari mumkin. 2) shialikdagi 5 aqidadan biri.  
 
 
AJAL (arab. - belgilangan vaqt, muxlat) -islom dinida inson umrining Alloh tomonidan 
belgilangan muddati tugashi. Islom aqidalariga ko‘ra, A. Alloh tomonidan qatiy 
belgilangan bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday oyat bor: "Qachonki ularning ajali yetsa, 
bir lahza oldin ham, bir lahza keyin ham qo‘yilmaydi" ("A’rof" surasi, 34-oyat).  
 
 
AJAM (arab. - arab emas) - arablardan boshqa Sharq xalqlarining umumiy nomi. 
Shuningdek, arablar yashaydigan Sharq mamlakatlari, xususan, Turon, Eron .ham 
"Mulki ajam" deb yuritilgan. Bu yerlardan yetishib chiqqan olimlar "ajamiy" deb atalgan. 
Keyinchalik A. nomi faqat eronliklarga nisbatan qo‘llanilgan, Eronni esa, A. yoxud 
Ajamiston deb ataganlar. 
 
 
AJDODLARGA SIG’INISH - ibtidoiy din shakli. A.s.ning turli shakllari mavjud bo‘lgan. 
A.s. dafn marosimlari (o‘lgan kishilarning joni va ruhi haqidagi tasavvurlar), shaxsiy 
homiy ruhlarga, oila-urug‘ oqsoqol homiylariga sig‘inish kabilar asosida tarkib topgan. 
A.s.da ajdodlarning ruhlari urug‘ning a’zosi bo‘lib qolishi, lekin ular odamlardan kuchli 
bo‘lgani sababli urug‘ning farovonligi shu ruhlarga bog‘liq, degan tasavvur katta 
ahamiyat kasb etgan. Bu tasavvurlar obro‘-e’tiborli urug‘ oqsoqoli timsolini qabila xudosi 
darajasiga ko‘tarish uchun g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilgan. Jamiyatda kishilarning 
ijtimoiy belgilariga ko‘ra, tabaqalashuviga mos ravishda ajdodlar ruhlarining ham 
tabaqalashuvi sodir bo‘ladi, natijada qabila boshliqlari, urug‘ oqsoqollariga sig‘inish 
birinchi o‘rinni oladi. Buning asosida qad. dinlarda qahramonlarga sig‘inish, keyin esa, 
avliyolarga sig‘inish vujudga kelgan. O’rta Osiyo xalqlari orasida ham bu odat mavjud. 
Arvohlarni eslash, ularga sig‘inib, madad so‘rash, jonliq so‘yish, is chiqarish kabi 
shakllarda namoyon bo‘ladi. Islomda A.s. qoralanadi.  
 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling