Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.

bet43/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   55

 
TABAQOT (tabaqaning ko‘pligi; "qatlam", "avlod", "daraja") - ma’lum bir vaqt oralig‘ida 
yashagan shaxslar, "avlodlar tarjimai holi" (biografiyasi). 
Arab tarixshunosligida T. Biografik janrning maxsus tarmog‘ini tashkil etib, unda 
material xronologik tartibda, avlodlar bo‘yicha, eng dastlabkisidan so‘nggisigacha 
(Muhammad (sav)ning safdoshlari - sahobalar, so‘ng ularning shogirdlari va b.) 
joylashtirilgan. Regaonal tamoyilga ham rioya qilingan - material shaharlar, alohida 
mavzelar va Xalifalikning viloyatlari (ba’zan butun islom dunyosi tegrasida) bo‘yicha 
taqsimlangan. T. adabiyoti hadis ilmi ehtiyojlarini qondirishga mo‘ljallangan. U isnodning 
haqqoniylik darajasini aniqlashda ma’lumotnoma rolini o‘ynagan. Bizgacha T. turidagi 
yetib kelgan eng ilk asar Ibn Sa’d (784-845)ning "Kitob at-tabaqot al-kabir"dir. Asarda 
hadislar aytgan 4250 shaxs (sahobalardan boshlab)ning tarjimai holi keltirilgan. 
Islomning dastlabki davrida T. asosan hadis bilimdonlari va faqihlarga atalgan. Biroq, 
madaniy ehtiyoj va ilm-fan taraqqiyoti keyinchalik turli kasb va darajadagi shaxslarning 
(shoirlar, adiblar, kotiblar, vazirlar, tilshunoslar, tabiblar, donishmandlar, va’zxonlar, 
qorilar, faqihlar, so’fiylar va b.) avlodlarini xronologik tartibdagi T.lari paydo bo‘lishiga 
imkon berdi. 
 
 
TABLIG’ (arab. - xabar yetkazmoq, tushuntirmoq) - biror dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar 
orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilish. 'Tablig‘"chilar jamoasiga 20-a.ning 20-y.larida 
Hindistonda Muhammad Ilyos asos solgan. Oqimning maqsadi aholini yoppasiga 
islomlashtirishga erishish. Har o‘n "tablig‘"chini bir amir boshqaradi. Hozirda ushbu oqim 
Pokistonda keng tarqalgan. Juda sayoz diniy bilimga ega bo‘lgan "tablig‘"chilar 90-
y.larning boshida O’zbekistonda ham faoliyat ko‘rsatishga harakat qildi. 
 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
275
TAVAKKUL ("tavakkal" so‘zidan - "biron-bir zotga umid bog‘lash", "ishonish") - o‘zini 
Alloh irodasiga topshirish, faqat u beradigan rizqqa umid bog‘lash. T. amallari zohidlar 
va so’fiylar orasida keng yoyilgan. Ular Qur’onga asoslanib, T.ni imon bilan bog‘lashgan, 
Allohdan chinakam umidvor bo‘lgan insongana kundalik turmush tashvishlaridan voz 
kechishga, Alloh yo‘lida xolis xizmat qilishga qodir, deb hisoblashgan. Keyinchalik 
so’fiylik yo‘li (tariqat)ning boshlang‘ich maqomlaridan biri T. istilohi bilan atala 
boshlandi. T. so’fiylikning boshqa bir maqomi - "qoniqish" (rido) bilan ham bog‘langan. 
T.ga amalda rioya etish so’fiyning deyarli har qanday mehnat faoliyatini to‘xtatib 
qo‘yishida ham namoyon bo‘lardi. Faqixlar va ilohiyot olimlarining aksariyati bu 
masalaga boshqacha yondashgan. Ular fikricha, T. mehnatdan butunlay voz kechishni 
bildirmaydi, ya’ni inson ishlashi, tijorat bilan shug‘ullanishi mumkin. Ammo, bu kabi 
ishlarni hayotning asosiy maqsadi qilib qo‘ymay, shu bugungi ehtiyojlarni qondirish 
uchun yetarli darajada ishlab topish, ertanga kun haqida o‘ylamaslik kerak va h.k.  
 
 
TAVBA (arab. - qaytish, pushaymon bo‘lish) -tasavvufda soliqning tariqat sari qadam 
qo‘yishidan oldin qilgan barcha gunoxlaridan tavba qilib, kelajakda biror gunoh ishni 
qasddan qilmaslikka azmu qaror etishi. T. solikning 1-maqomi sanaladi. Alloh tomonidan 
T. qabul bo‘lishining 2 sharti bor: 1) yomonlikni bilmasdan qilish; 2) T.ni kechiktirmaslik. 
Kimki T.ni kechga sursa, insoniy fazilatlardan mahrum va aksincha T. qilishga shoshilsa
o‘zini isloh qilgan bo‘ladi. T. - insonning o‘zini o‘zi tarbiyalashida muhim axloqiy vosita 
sanalib, yomonlikdan yuz o‘girib, yaxshilik sari qadam qo‘yishga, ezgu ishlar qilishga 
undab turuvchi xislat sanaladi.  
 
 
TAVOF (arab. - atrofida aylanmoq) - Ka’ba atrofida aylanish jarayoni. Haj va umra 
marosimlari tarkibiga kiradi. Umra qiluvchilar 1 marta, hajga kelganlar 3 marta (T. al-
qudum, T. az-ziyora va T. al-vado’) T. amalini ado etadi. Bundan tashqari, Makka ahli va 
uning mehmonlari Ka’baga yuksak izzat-ehtirom yuzasidan boshqa paytlarda ham, 
ayniqsa, juma kunlari va ramazon oyida uni T. qiladi. T.ning shartlari namozning 
shartlari kabidir. T. qiluvchi Ka’baga Bob as-Salom darvozasi orqali o‘ng oyog‘i bilan 
kiradi. T. qilishda masjid sahnining o‘rtasida turgan Ka’baga yaqinlashilgach, uning Qora 
tosh joylashtirilgan burchagaga kelib, qo‘lini unga qarata cho‘zadi va imkoniyat bo‘lsa 
o‘padi (taqbil yoki istilom qiladi). Shundan so‘ng Ka’ba atrofida soat miliga qarshi tarzda 
yetti marta aylaniladi. Har safar maxsus duolar o‘qiladi. Keyin Ka’ba eshigi oldidagi 
Multazam degan joyga suyanib, Allohga iltijo qilinadi. Gunoxdar kechirilishi so‘raladi. 
Pirovardida ikki rakaat nafl namoz o‘qiladi.  
 
 
TAVROT (qad. yahudiycha "Tora" - qonun) -islom akddasi bo‘yicha Allohning Muso 
(as)ga Jabroil orqali tushirgan ilohiy kitobi. Qur’onda T. haqida bir qancha oyatlar bor. 
Ulardan birida quyidagilar aytiladi: "Biz Tavrotni nozil qildik. Unda hidoyat va nur bor. U 
bilan U zotga taslim bo‘lgan Payg‘ambarlar, Allohning kitobini muhofaza qilishga 
mukallaf bo‘lgan robboniylar va axborlar yahudiy bo‘lganlarga hukm yuritarlar. Ular bu 
kitobga guvoh qilinganlar. Odamlardan qo‘rqmanglar, Mendan qo‘rqinglar. Mening 
oyatlarimni arzon bahoga sotmanglar. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, 
o‘shalar kofirlardir". (Moida 44) Qur’onga ko‘ra, Injildagi kabi T.da ham Ahmad ismli 
"yahudiylardan bo‘lmagan payg‘ambar"ning dunyoga kelishi haqida aytilgan. 8-10-
a.larda T. bir necha bor yunon (mas., Xunayn ibn Ishoq), qad. yahudiy (Saadiya Gaon) 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
276
va lotin tilidan arabchaga tarjima qilingan. Keyinchalik T.ning qibtiy, suryoniy, qad. 
yahudiy tilidan nasorolar va samariylar o‘zlarining ehtiyojlari uchun tarjimalar qilishgan. 
Taxm. 9-a.dan musulmon mualliflari T.ning Muhammad (sav)ning payg‘ambarliklari 
haqidagi xabar keltirilgan qismini dalil qilib keltira boshlashgan. T.ni asrlar davomida 
talqin va qayta talqin etish natijasida iudaizmning yana bir muqaddas kitobi Talmud 
(qad. yahudiy tilida ta’limot) shakllangan, unda iudaizm aqida va marosimlari batafsil 
yoritilgan. Shuning uchun Talmud yahudiy diniy jamoalarida kenfoq amaliy rol o‘ynaydi. 
T.ning asosiy aqidalari va rivoyatlari muayyan tarzda Qur’onda ham uchraydi.  
 
 
TAVHID (arab. - yakkaxudolik) - umumiy ma’noda yakkaxudolik haqidagi ta’limot (q. 
Vahdoniyat). Shar’iy istilohda esa, T. -islomda Allohga shirk keltirishning turli 
ko‘rinishlaridan voz kechish va Alloh subhanahu va taoloning zotida ham, sifatlarida 
ham, ishlarida ham, ismlarida ham, hukmlarida ham sherigi yo‘q, deb e’tiqod qilishdir. T. 
Qur’on va sunnat ulamolari nazdida uch qismdan iboratdir: Sifatlar T.i, Robbilik 
(Parvardigorlik) T.i va Ilohiylik (ibodatga sazovorlik) T.i. So‘ngra Ilohiylik T.ining o‘zi 
yana ikkiga bo‘linadi: Isbot va ma’rifatdagi T. hamda talab va qasddagi T. T. islomda 
(sunniylikda ham, shialikda ham) rasman e’tirof etilgan aqidalarning birinchisi, 
mohiyatan, asosiy va markaziy aqida. Mazmunan shunday tasavvurni ifoda etgani uchun 
Qur’onning 112-"Ixlos" ("Poklanish") surasi ham ba’zan T. deb yuritiladi. 
 
 
TAJALLI (ko‘pligi tajalliyot) - "xudoning namoyon bo‘lishi", Allohning dunyoda namoyish 
etishi. T. tushunchasini dastlab basralik zohid Raboh ibn Amr al-Qaysiy (796 y. v.e.) 
kiritgan. 
Mashhur so’fiy Saxl at-Tustariy (896 y. v.e.) T.ning uch turini farqlagan: a) ilohiy 
mohiyatning namoyon bo‘lishi (tajalli az-zot), yoki ilohiy vahiy (mukashafa); b) ilohiy 
mohiyatning o‘z sifatlarida namoyon bo‘lishi (tajalli sifat az-zot), yoki nur taratish 
(maudi'an nur); v) ilohiy hukmning namoyon bo‘lishi (tajalli hukm az-zot), yoki kelajak 
hayot (al-axira va ma fiha). Al-Hallojga ko‘ra, Alloh doimo insonlarga narsa va atrofdagi 
hodisalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi (yatajalli), lekin Uni faqat ozgina mumtoz 
insonlargina tanishlari mumkin. 
T. atamasini so’fiylar - vahdati vujud ta’limoti tarafdorlari keng ishlatganlar 
 
 
TAJVID - Qur’onni qiroat bilan o‘qish; bunday o‘qish tartibi va tegishli Qur’on ilmi (ilm 
at-T.)- T. qadimdan ijro san’ati hisoblangan, uni asosan professional qorilar egallashgan 
va u avloddan avlodga o‘tgan; uning eng sodda usullari boshlang‘ich maktab va 
madrasalarda o‘qitilgan. T.ning uch turi farklanadi: sekin (tartil), tez (xadr) va o‘rta 
(tadvir) maromda o‘qish. T.ga ko‘plab risolalar bag‘ishlangan. 
 
 
TAJSIM (jassama fe’lidan -"mujassamlamoq") - mujassamlash, Allohni jism ko‘rinishida 
tasavvur etish; ko‘pincha at-tashbihning sinonimi sifatida ishlatiladi. T. izdoshlarini al-
mujassima deb atashadi.  
 
 
TAKBIR (arab. - ulug‘lash) - islom an’anasida Allohni ulug‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan 
(arab. Allohu akbar - Alloh buyukdir) iborani talaffuz etish. Bu faqat azon va namoz 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
277
vaqtida aytiladigan ibora bo‘lmay, ayni vaqtda duo -ibodatning bir shakli ham 
hisoblanadi. T. musulmonlar qoidalariga binoan go‘shti taom uchun mo‘ljallangan molni 
so‘yish paytida ham aytiladi. T. iborasi tushirilgan bezak diniy inshootlar (masjid, 
madrasa, xonaqox va b.) naqshining asosini tashkil etadi, u amaliy san’atda, husnixat 
ilmida keng qo‘llaniladi. Ilk va o‘rta asrlarda islom mamlakatlarida T. jangchilarning 
jangovar da’vati bo‘lib xizmat qilgan. Hozirgi paytdagi musulmon diniy-siyosiy guruhdar 
T.dan shior o‘rnida ham foydalanishadi. 
 
 
TAK’YAXONA - shia yo‘nalishiga mansub musulmonlar ibodatxonasi, masjidi.  
 
 
TALAB al-ILM - ilm izlash, ilmga intilish. T. al-I. har bir musulmonning eng muhim 
vazifalaridan ekanligi ma’lum qilingan bo‘lib, asosan hadislar va fiqhni o‘rganishga 
qaratilgan; T. al-I.ni konkret shakllari va uni amalga oshirish islomning tegishli yo‘nalishi 
(mazhabi)da ilmning ta’rifi va ijtimoiy-tarixiy sharoitlariga bog‘liq bo‘lgan. T. al-I. uchun 
sayohat qilish (rixla) tavsiya etilgan, munosib yosh deb, garchi ma’lum cheklanishlar 
bo‘lmasa ham yoshlik yillari hisoblangan. 
 
 
TALOQ (arab. - qo‘yib yubormoq, ajralmoq) - shariatga ko‘ra, nikohning bekor qilinishi. 
Er tomonidan shu so‘zning aytilishi xotinni barcha xotinlik majburiyatidan to‘la ozod 
qiladi. Bu holatda er tomonidan xotinga berilgan mol-mulk (mahr) xotinda qoladi, er 
xotinni idda muddati o‘tguncha moddiy ta’minlab turishi kerak. Shariatda 2-T.dan keyin 
ham er-xotinni qaytadan yarashtirishga ruhsat etiladi (Qur’on, 2:229). 3-marta T.dan 
keyin esa, shariat bunga yo‘l qo‘ymaydi. T. qilingan xotin boshqa erga chiqishi uchun 
belgilangan idda muddatini o‘tashi kerak. Er 3 marta T.dan keyin yarashmoqchi bo‘lsa, 
xotin boshqa erga birga yashash niyatida turmushga chiqishi, 2-er xotinni T. qilsa yo 
vafot etsa, xotin idda muddatini o‘tagandan so‘ng qayta nikoxlash mumkin. Bolalar onasi 
bilan qolishi mumkin, xususan o‘g‘il bolalar 7-8 yoshgacha, qizlar turmushga chiqish 
vaqtigacha (13-15 yoshgacha). Mana shu muddat orasida ota ularni moddiy ta’minlab 
turmog‘i lozim bo‘ladi. 
 
 
TALHA ibn UBAYDULLOH (taxm. 594-656) - sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. 
Asharai Mubashsharadan Quraysh qabilasining Banu Tamim urug‘idan bo‘lgan. Talha 
islomga kirgan paytlari mushriklardan ko‘p zulm ko‘rgan. Badr jangidan boshqa ham 
g‘azovotlarda Muhammad (sav) bilan birga bo‘lgan. Badr jangida Rasuli Akram uni 
quraysh karvoni haqida ma’lumot keltirish uchun Shomga yuborganlari sababli bu 
jangda qatnashmagan, biroq o‘ljalardan unga ulush ajratilgan. Uhud jangida, Rasuli 
Akramning yonlaridan jilmagan, hatto dushman tarafidan payg‘ambarimizga serpalgan 
bir qilichni qo‘li bilan qaytarib, qattiq jarohat olgan. Usmon (ra) vafotidan so‘nggi 
voqealarda Oisha tomonida bo‘lgan. Jamal jangi (656)da yaralanib, Basrada vafot etgan. 
Talha payg‘ambarimizdan 38 ta hadis rivoyat qilgan. 
 
 
TANZIH ("poklash", "barcha yaramas va nomunosiblikdan xoli deb hisoblash") - Allohga 
nisbatan har qanday tavsiflar (ausaf) va ta’riflar (xudud)ni inkor etishni anglatuvchi 
musulmon ilohiyotidagi istiloh; chunki Alloh yaratgan maxluklar orasida Unga o‘xshashi 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
278
yo‘qdir (Qur’on, 42:11/9). T. istilohining ziddi (antonimi) bo‘lib at-tashbix, istilohi 
ishlatilgan. T.ning sinonimi sifatida taqdis va tasbih istiloxlari qo‘llanilgan.  
 
 
TANOSUX, tanosux al-arvoh(arab.) - ruhning ko‘chib yurishi haqidagi diniy ta’limot. T. 
xaqidagi tasavvurlar juda qadimdan ma’lum bo‘lgan. O’lganlarning ruhi (joni) yangi 
tug‘ilgan insonlarda, hatto hayvon va o‘simliklarda qayta mujassamlanishi haqidaga 
tasavvurlar diniy e’tiqodning ilk shakllari (animizm) bilan bog‘liq ravishda vujudga 
kelgan. U ba’zan qadimgi diniy va falsafiy ta’limotlarda (mas., Yunonistonda 
metempsixoz, brahmanizm va hinduizmda sansara nomi bilan) keng tarqalgan. 
An’anaviy islom ilohiyoti T.ni rad etadi, lekin undan o‘ta yiroqlashgan ayrim firqalar 
(mas., ismoiliylarning ba’zi shaxobchalari)da T. qisman e’tirof qilingan.  
 
 
TARIQAT (arab. - yo‘l, usul) - so’fiylikka xos tushuncha. Uch ma’noda ishlatiladi: 1) 
umuman so’fiylik yo‘li; 2) so’fiylikning muayyan tarmog‘i, yo‘nalishi; 3) so’fiylik 
bosqichlaridan biri. Lekin T.ni so’fiylik yo‘nalishlari (suluklari), tarmoqlari ma’nosida 
qo‘llash kengroq tarqalgan. So’fiylikning bosqichi sifatida T. so’fiylar oldiga qo‘yiladigan 
o‘ziga xos talablar majmuasini, xilma-xil ruhiy-jismoniy xatti-harakatlarni o‘z ichiga 
oladi. T.ga qadam qo‘yish - tirikchilikning barcha tashvishlaridan voz kechish hamda 
ixtiyorni pir-murshid (eshon)ga topshirishdan boshlanadi. Undan keyin T. yo‘lida so’fiy 
yana bir necha bosqich (maqom)larni, jumladan doim kambag‘allikda, tasodifiy rizq 
hisobiga yashash (faqr), tarki dunyo qilish (zuhd), har narsani faqat xudoga solish 
(tavakkul), uni sevish va unga intilish (muhabbat, shavq) va b. bosqichlarni o‘taydi. 
So’fiylikning ba’zi yo‘nalishlari insonni nafaqat zohidlik, balki mutaassiblik yo‘liga ham 
yetaklaydi. So’fiylikda T.lar g‘oyatda ko‘p bo‘lgan. Hozirgacha ayrim Sharq 
mamlakatlarida saqlanib kelayotgan qodiriya (Eron va Afg‘onistonda), rifoiya (Eron), 
tayfuriya (arab mamlakatlari), mavlaviya (Turkiya), chishtiya (Hindiston, Pokiston), 
bektoshiya (Turkiya), safaviya (Eron) va b. shular jumlasidandir. O’rta Osiyoda esa, 
ilgaridan naqshbandiylik, kubroviylik, yassaviylik T.lari tarqalgan.  
 
 
TARKIDUNYOCHILIK - odamlardan, tashqi dunyodan, shuningdek, jamiyat va oiladan 
ajralib yashash, kimsasiz joylarga bosh olib ketish, darbadarlikda hayot kechirish. 
Islomdan boshqa yirik dinlar (brahmanizm, buddaviylik, yahudiylik, xristianlik)ga ham 
xos xususiyatdir. Uning mohiyati - din yo‘lida riyozat chekish. Tarkidunyo qilganlar 
odamlardan uzokda va g‘orlarda hayot kechirishgan, o‘zlarini xilma-xil uqubatlarga 
duchor qilganlar, och-yalang‘och yashaganlar va h.k. Ayniqsa, uylanish, avlod 
qoldirishga, kundalik hayot tashvishlari bilan yashashga nafrat bilan qarashgan. T. islom 
dinida o‘rta asrlarda keng tarqalgan, so’fiylik oqimlarining vujudga kelishi bilan bog‘liq 
bo‘lgan. Ular faqir, darvish, qalandar (arab., fors. - qashshoq, darbadar, gado 
ma’nosida), zohid deb atalgan. Ular gadolik va xayr-ehson bilan kun kechirganlar. Ilgari 
O’rta Osiyoda ham T. keng yoyilgan, darvipshar, qalandarlarning faoliyati bilan bog‘liq 
qalandarxonalar va xonaqoxlar mavjud bo‘lgan.  
 
 
TAROVIH (arab. - xordiq chiqarish, tin olish) - ramazon oyi davomida kechalari 
o‘qiladigan qo‘shimcha namoz. T. namozi 20 rakaat, xufton namozidan keyin o‘qiladi. 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
279
Uni masjidda jamoa bilan o‘qish sunnatdir. Jamoatga kelishga imkoniyatlari yo‘q kishilar 
uylarida o‘qisalar ham bo‘ladi.  
 
 
TAROZIY, Sayyid Abu Nasr Mubashshir (1896, Avliyoota - 1977, Qohira) - ulamo, adib. 
Toshkentdagi "Abulqosim", Buxorodagi "Mir Arab" madrasalarida o‘qidi. Taniqli 
ilohiyotchi shayx Muhammad al-Asaliy ash-Shomiy (Shomiy domla)dan saboq oldi. 20-
y.lar boshida avj olgan xudosizlikka qarshi "Qur’on va nubuvvat" ("Qur’on va 
payg‘ambarlik") kitobini yozdi. T.ning o‘zbek tilidagi bu kitobi fors, arab tillarida yozilgan 
boshqa asarlari bilan birga ko‘p o‘tmay sho‘rolar tomonidan musodara qilindi. T. "Ulamoi 
Turkiston" jamoasining jurnali -"Izoh ul-Marom" tahririyatida ishladi (1923), Taroz sh. 
diniy idorasiga rahbarlik qildi, maktablar ochib islom dinini targ‘ib etdi. Uning bu faoliyati 
sho‘rolarga yoqmas edi. T. 1930 y. Vatanini tark etishga majbur bo‘ldi, umrining 
oxirigacha muhojirlik (Afg‘oniston, Misr)da yashadi. 1960 y. Misr Prezidenti J.A. Nosir 
uni shaxsan qabul qilib, Turkistonni ozod qilishga qaratilgan siyosiy faoliyatini 
to‘xtatishni talab qildi. Shundan so‘ng T. faqat ilmiy-ijodiy ish bilan shug‘ullandi. T.ning 
islom ilohiyotiga oid 47 asari bor, uning diniy mavzudagi maqolalari Misr, Saudiya 
Arabistoni, Suriya, Iroq, Livan, Hindiston, Yaponiya, Pokiston, Indoneziya, Afg‘onistonda 
chop etilgan. 
 
 
TASAVVUF, so’fiylik - islomda insonning ruhiy dunyosi to‘g‘risidagi qarash. Bu atama va 
undan yasalgan mutasavvif (so’fiy, "so’fiylik qiluvchi") va so’fiy (tasavvuf izidan 
boruvchi) so‘zlarining kelib chiqishi xaqida turli taxminlar bor. Lekin hozir umumiy qabul 
qilingan nuqtai nazarga ko‘ra, tasavvuf - suvf - "jun", "po‘stin" so‘zidan olingan. Ilgari 
zamonda tarkidunyo qilgan zohid, "o‘zini xudoga bag‘ishlagan odam" odatda dag‘al 
jundan to‘qilgan kiyim yoki po‘stin kiyib yurgan. T.ga asos solgan tarki dunyochilik 
tasavvufiy kayfiyatlar islom dini bilan deyarli bir vaqtda paydo bo‘ladi. Har qalay, 
Muhammad paygambar (sav)ning ayrim safdoshlari Abu-d-Dardo, Abu Zarr, Huzayfa (7-
a.ning 2-yarmida vafot etganlar) singarilarga ana shunday kayfiyat xos bo‘lgan, deb 
hisoblaydilar. Biroq islomdagi zohidlik oqimi taxm. 8-a.ning o‘rtalari - 9-a.ning 
boshlarida shakllana boshlagan deyish to‘g‘ridir. Odatda, bu oqimga hadislarni to‘plovchi 
(muhaddis)lar orasidan chiqqanlar, sayyor baxshilar va nasihatgo‘y voizlar (qussos), 
qori-yu qurrolar, jihod qatnashchilari (Vizantiya bilan chegara urushlari nazarda 
tutilmoqda), taqvodor hunarmandlar va savdogarlar, shuningdek islom dinini qabul 
qilgan nasroniylarning bir qismi qo‘shilgan. Islomda zohidlik an’analari paydo bo‘lishi va 
rivojlanishining sabablari orasida musulmon jamoasi yashay boshlagan dastlabki ikki 
asrdagi ijtimoiy-siyosiy ixtiloflar, chuqur g‘oyaviy va ma’naviy izlanishlar bilan davom 
etgan diniy hayotning umumiy murakkablashuvi, boshqa diniy-falsafiy tizimlarning, 
birinchi navbatda xristianlikning ta’sirini ko‘rsatish mumkin. Ilk so’fiylik, aniqrog‘i 
zohidlar va tarkidunyo qilganlarning o‘ziga xos xususiyati Qur’on matni mazmuni ustida 
mushohada qilish, kundalik hayotda bu ilohiy kitob va payg‘ambar hadislari 
ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etish, ko‘p marta qo‘shimcha namoz o‘qish, bedorlik va ro‘za 
tutish, har qanday dunyoviy narsalardan yuz o‘girish, kundalik hayotda taqvoli bo‘lish, 
xususan ruhsat etilgan narsalar bilan man qilingan narsalarni qatiy ajratish, dunyoviy va 
harbiy hukumatlar bilan hamkorlik kilishdan voz kechish, o‘zini taqtsiri ilohiyga 
topshirish (tavakkul) kabilar bo‘lgan. Shuningdek, faqirlikni ulug‘lash, oxiratni o‘ylash va 
tavba qilish kayfiyati, berganiga shukr qilish, azob-uqubatlarga sabr-toqatlilikdan iborat 
edi. So’fiylik ta’limoti inson qalbidagi eng nozik o‘zgarishlarni ham chuqur mulohaza 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
280
bilan o‘rganish, odamlardagi botiniy tuyg‘ularga hamdard bo‘lishga o‘rgatardi. Shu 
sababli ham T. asoschilaridan biri nozik ruhshunos, "qalb va fikrlar" hamda insoniy 
niyatlar to‘g‘risidagi "fan"ning yaratuvchisi Hasan al-Basriy hisoblanishi bejiz emas. 
Basralik zohidlar - Hasan al-Basriyning shogirdlari va izdoshlari Raboh ibn Amr, Robiya 
al-Adaviya, ad-Daroniy (8-a. oxiri - 9-a. boshi)larning da’vat va xutbalari kishida xudoga 
astoydil muhabbat, unga yaqinlashishga intilish tuyg‘ularini paydo qildi. O’sha paytdan 
boshlab bu tuyg‘ular so’fiylik g‘oyasining o‘ziga xos xususiyati va farkli belgisi bo‘lib 
qoldi. 9-a. davomida T. nazariyasi va amaliyoti ustida faol ish olib borildi. Bir qancha 
so’fiylik maktablari paydo bo‘ldi, ular orasida Basra maktabidan tashqari Bag‘dod va 
Xuroson maktablari ham birmuncha ta’sirga ega edi. Ularning vakillari inson va uning 
Xudoga munosabati qanday bo‘lishi kerakliga haqidagi ta’limotni yaratdilar. Ruhiy 
kamolotga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berdilar. Bu yo‘l 4 bosqichdan iborat: 1-bosqich - 
shariat. Bunga ko‘ra, T. ahli avvalo shariatning barcha talablariga bo‘ysunishi kerak. 
Shundan keyin 2-bosqich - tariqatga ko‘tarilish mumkin. Bunda muridlar o‘z pirlari - 
murshidlarga itoat etishi, o‘z shaxsiy istaklaridan voz kechishi shart. Bu bosqichdan 
o‘tganlar yuqoriroq, 3-bosqich - ma’rifatga ko‘tariladilar, bunda koinotning birligi Xudoda 
mujassam bo‘lishi, yaxshilik va yomonlikning nisbiyligi aql bilan emas, qalb bilan anglab 
yetiladi. 4-bosqich -haqiqat hisoblanib, zohid "shaxs sifatida tugab" "haqiqat"ga, xudoga 
yetishadi, unga singab ketib abadiylikka erishadi. Bunga so’fiylar maxsus ruhiy va 
jismoniy harakatlar -sig‘inish va ibodatlar orqali intiladilar. So’fiylar xudoga yetishish 
mumkinligi haqidagi fikrlari, shariat tomonidan buyurilgan amallarni bajarishdan bosh 
tortishlari tufayli goh-gohida ma’murlar ta’qibiga ham uchrab turadilar (at-Tustariy, 
Hakim at-Termiziy, an-Nuriy). Mashhur mutasavvif Husayn Mansur Halloj "anal haq" 
(men haq, men xudo) degani uchun Bag‘dodda xalifa tomonidan dorga osildi (921). O’z 
yurti Tabaristonda katta obro‘ qozongan Abu Yazid Bistomiy ham shakkoklikda ayblanib, 
qatl etilgan edi (873). T.ga sunniylarning rahnamolari tomonidan bunday munosabatda 
bo‘lish ularni ehtiyotkorlikka, murosali yo‘llar izlashga majbur etdi. Ular Qur’on va 
sunnaga sodiqliklarini e’lon qilaverdilar, "tiyiqsiz" safdoshlarining keskin fikrlaridan 
uzoqlashib, o‘z maslaklarini niqobladilar. Bag‘dodlik al-Junayd (910 y. v.e.) ana shunday 
mavqeda turgan so’fiy edi. U "mo’tadil" deb atalgan so’fiylik an’anasini boshlab berdi. 
Bunday an’ana tarafdorlari keyin "keskin" yoki "ekstatik" so’fiylikka qarshi turdi. Ilk 
T.ning ijtimoiy asosini asosan shaharliklar: mayda savdogarlar, hunarmandlar va h.k. 
tashkil etgan edi. Ular ichida diniy ta’limot olganlari ko‘p uchramasdi, shunday bo‘lsa-da, 
o‘zlarini "so’fiylik fani" nazariyotchilari deb bilardilar. T.ning ilk bosqichidayoq ma’naviy 
ustoz (shayx, murshid, pir) rahbarligida so’fiylik nazariyasi va amaliyotini egallash 
muhim hisoblangan, busiz boshlovchi so’fiy (murid) akd-hushi va sog‘lig‘ini yo‘qotishi 
mumkin edi. Shayxga butunlay bo‘ysunish, barcha diniy va dunyoviy masalalarda uning 
obro‘sini tan olish talabi uni muridlar ko‘z o‘ngida boshqa odamlardan ustun qilib 
qo‘yardi. Yirik so’fiy ustozlarni valiy deb atay boshladilar. Bunda shialarning imomlar 
to‘g‘risidagi ta’limotining ta’sirini ko‘rish mumkin. Muridlar, ularga ergashib oddiy xalq 
bu odamlarning "adashmasligi", Alloh nazar qilganligi, karomat ko‘rsatishga, 
payg‘ambarga kelgan vahiylarning "yashirin" ma’nosini izoxlab berishga qodirligi, xudo 
bilan bevosita aloqa qila olishi haqida gapira boshladilar. Bularning hammasi xalq og‘zaki 
ijodida, shuningdek, T. nazariyotchilari (mas., Hakim at-Termiziy)ning asarlarida o‘z 
ifodasini topdi. So’fiy bilimlari va barakasining shayhtsan muridga o‘tishi uzoq ta’lim 
jarayonida amalga oshirilgan, saboq berish tugagach, shogird ustozdan so’fiylik jandasi 
(xirqa)ni olgan, bu o‘ziga xos "shahodat" vazifasini o‘tagan va mustaqil targ‘ibot olib 
borish huquqini bergan. Odatda muridlar turli joylardan kelgan bo‘lib, o‘z makonlariga 
qaytib borganlar, u yerda so’fiylik to‘garaklari va manzillari (zoviya, xonaqoh) tashkil 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling