Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.

bet45/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   55

www.ziyouz.com kutubxonasi 
287
mu’attila mazhablariga o‘xshab inkor ham qilmaslikdan iboratdir. Keyingi paytda T. so‘zi 
tafsirlash, sharhlash kabi ma’nolarda ham ishlatilmoqda.  
 
 
TA’ZIYA (arab. - yupatish, hamdardlik bildirish) — azador kishiga tasalli berish, ahvol 
so‘rash. T.da marhumning oila a’zolari va yaqinlariga qarindoshlari, do‘st-yorlari, 
qo‘shnilari, hamkasblari tomonidan hamdardlik bildiriladi. Islomda marhumning janoza 
namozida, dafn marosimida qatnashish, T. bildirish savob ishlardan hisoblanadi. Islom 
ta’limotiga ko‘ra, mo‘minlar barchalari bir-birlari ila birodardirlar. Bu birodarlikni Qur’on 
oyatlari va Payg‘ambar (as) hadislari ham qo‘llab-quvvatlaydi. Mo‘min kishi qanchalik 
solih, e’tiqodli, ibodatli bo‘lsa ham baribir gunoxdan xoli bo‘lmaydi. Faqat Alloh va uning 
payg‘ambarlarigina gunohsizdirlar. Birodar degani aka-uka, tug‘ishgan deganidir. 
Bunday holat ularning bir-birlariga xayrixox ekanliklarini taqozo etadi. Payg‘ambarimiz 
(as) "bir mo‘minning ikkinchi mo‘min birodari orqasidan, g‘oibona qilgan duosi qabul 
bo‘lishga yaqin" deganlar. Vafot etgan birodarga eng kerakli va foydali narsa uni duo 
qilish, gunohini Allohdan so‘rash. Janoza va T.dan maqsad aynan shunday duodir. 
Binobarin, janoza Payg‘ambarimiz (as)dan qolgan sunnat. Bir birodarning ikkinchi 
birodardagi haqqi hisoblanur. T.ning muddati va adadi 3 kun ichida bir bor T. bildirish. 
Mabodo bu uch kun ichida T. bildiruvchining imkoniyati bo‘lmasa yoki T. bildiradigan 
birodar safarda bo‘lsa, bu muddatdan so‘ng bildirsa ham joizdir.  
 
 
TA’LIMIYLAR - qarmatlarning ikkinchi nomi. Bularda firqaga yangi kirganlarga ta’lim 
berish qattiq qoida asosida olib borilgani sababli, ular T. nomi bilan ham atalgan. 
 
 
TA’TIL ("mahrum qilish, mahrum deb hisoblash") - musulmon ilohiyotchilari tomonidan 
ba’zi ta’limotlarni ta’riflash uchun qo‘llaniladigan istiloh. Bu ta’limotlarga ko‘ra, 1) dunyo 
Yaratguvchidan mahrum (ta’til al-olam anas-soni’), "ba’zi dahriylar"ning da’vosiga ko‘ra, 
olam tasodifan yaratilgan deb hisoblash; yoki 2) Yaratguvchi yaratishdan mahrum (ta’til 
as-soni’ anas-sun’), dahriylar dunyoning abadiy ekanligani da’vo qilishlari kabi; yoki 3) 
Yaratguvchi sifatlari, ismlari, ta’riflaridan mahrum deb hisoblash (ta’til al-bori’ an as-sifat 
va-l-asmo va-l-ahkom), "ba’zi qadimgi faylasuflar"ning, shuningdek, "o‘ta" shialar va 
botiniylarning ta’limotiga ko‘ra; yoki 4) Yaratguvchi Uzining mohiyati va ijobiy ma’nodagi 
sifatlaridan mahrum (ta’til al-bari’ an as-sifat az-zatiya va-l-ma’naviya), sharqiy 
peripatetiklar (mas., Ibn Sino) ta’limoti Allohga faqat munosabatdor (sifat al-idafa) va 
salbiy (sifat al-salb) xususiyatlar xos deb da’vo qiladilar; yoki 5) Yaratguvchi faqat o‘ziga 
xos azaliy sifatlardan mahrum (ta’til al-bori’ an as-sifot al-azaliya az-zotiya al-qo’ima bi-
zotihi), mu’taziliylarning at-tavhid ta’limotiga ko‘ra; yoki 6) Qur’on va sunnaning matniy 
mazmuni undagi ma’nodan mahrum qilinadi (ta’til zavohir al-kitob va-s-sunna an al-
ma’oniy allati dallat alayho), qachonki mazmunan "ravshan" bo‘lgan muqaddas matnlar 
ramziy-majoziy talqin etilsa (at-ta’vil). Mana shu barcha ma’nolarda T. istilohi Allohni 
yuqoridagi 3-5 moddalardagi sifatlardan, ismlar va ta’riflardan "mahrum" qilgan 
mutafakkirlarni ta’riflashda ishlatiladigan al-mu’attila istilohi kabi nojo‘ya ma’no kasb 
etdi. Bu mutafakkirlarning o‘zlari esa, tegashli nuqtai nazarlarini at-tanzih deb baholab 
uni at-tashbihga qarshi qo‘yganlar. 
 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
288
TAYAMMUM (arab.) - tahoratning bir turi. Suv bo‘lmaganda qum yoki tuproq bilan 
tahorat qilib, ramziy poklanish. Suv bo‘lmaganda yoki suv bo‘lsa ham undan foydalanish 
kasallikka olib kelsa, suvni olish imkoniyati yo‘q hollarda T. g‘usl hamda tahoratning 
o‘rniga o‘tadi. T. qilish Qur’on oyatlari va sunnat ila sobit bo‘lgan. Payg‘ambarimiz "agar 
ummatim o‘n yil suv topa olmasa T. kifoya qiladi", deganlar. T.ning 4 ta farzi bor. 1. 
Niyat. 2. Yer jinsidan bo‘lgan toza tuproq, 3. Ikki qo‘lni tuproqqa yoki yer jinsidan 
bo‘lgan narsaga yoki ursa changgi chiqadigan ko‘rpa, yostiq va b. toza matoga bir bor 
urib, yuziga surtadi. 4. Ikkinchi bor yana ikki qo‘lni urib, ikkala qo‘lini tirsagi ila qo‘shib 
surtadi. 
 
 
TAQVO (arab. - saqlanish, parhezkorlik, xudodan qo‘rqish) - islomda dindorlikni 
ifodalovchi tushuncha. Qur’oni karim va hadisi shariflarda T. bir necha mazmunlarda 
keladi. Mas., Allohdan qo‘rqish, do‘zahdan saqpanish, parhezkorlik va b. Odatda dinga 
juda berilgan, o‘zini harom va shubhalardan saqpab yuruvchi odam taqvodor deb 
atalgan. Allohga T. qilish undan qo‘rqishdir. Allohdan qo‘rqish esa, gunoh ishlarni tark 
etish va b. savob ishlarni ko‘plab qilish bilan sodir bo‘ladi. Islom dinini bir tomonlama 
talqin qiluvchilarda taqvodorlik to‘g‘risida noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. Aksarilar T.ni 
tarki dunyo qilish, qorong‘i xonaga kirib zikru ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish deb 
tushunadilar. Hazrati Umar (ra)dan T. nima, deb so‘raganda, arablar sertikon 
maydondan yalang oyoq bo‘lib, tikondan saqlanib o‘tib ketishni T. deb ataydilar, 
deganlar. Xayotda gunoh ishlar ham xuddi tikonlarga o‘xshaydi, kim ulardan ehtiyot 
bo‘lmasa, ozor chekadi, ulardan saqlanib yurgan kishi esa, T. qilgan bo‘ladi. Oqibatda T. 
inson qalbidagi holatga aylanadi. Bu holat qalbni hassos qilib, har doim Allohdan qo‘rqish 
sezgisi bilan yashaydigan qilib qo‘yadi.  
 
 
TAQDIR (arab. - oldindan belgalangan hayot yo‘li), q i s m a t - inson hayoti va 
faoliyatini hamda olamdagi barcha hodisalarni Alloh irodasiga bog‘lovchi diniy tasavvur. 
Islomda (sunniylikda ham, shialikda ham) rasman e’tirof etilgan aqidalardan biri. T.ga 
ishonish barcha dinlarga xosdir. Lekin ularning har birida o‘ziga xos xususiyatlar bilan 
talqin etiladi. Islomda T. xudoning qudrati tarzida namoyon bo‘ladi. Qur’onda "odamlar 
faqat xudo xohlaganinigina xohlay oladilar", "xudo o‘z istaganini qiladi" degan oyatlar 
bilan ta’kidlanadi. Islomda T. masalasida qadariylar bilan jabariylar o‘rtasida tortishuvlar 
bo‘lgan, kalomda o‘rtacha yo‘l topishga harakat qilingan. Mutakallimlar taqdirni inson 
iroda erkinligi bilan kelishtirishga harakat qilgan, bandaning gunohlardan xoli bo‘lishi, 
uning diniy e’tiqodiga, diniy faoliyatiga - savob ish, xayr-ehson qilishga bog‘liq deb 
bilgan.  
 
 
at-TAQIYA (taqiya; "aql bilan ish ko‘rish"; "ehtiyotkorlik") - "akl bilan ish ko‘rib o‘z 
dinini yashirish"ni anglatuvchi termin. Shialikning yetakchi tamoyillaridan biri. Musulmon 
ilohiyotchilari uchun at-T.ga ruhsat etilishiga asos bo‘lib Qur’on va Payg‘ambar sunnati 
xizmat qiladi; ularning talqiniga ko‘ra, Qur’on o‘ta zarur hollarda dindan yuzaki ravishda 
qaytishga (16:106/108), kofirlar bilan do‘st tutinishga (3:28/27), diniy ko‘rsatmalarni 
buzishga (6:119; 5:5) izn bergan. Ilohiyotchilar at-T.ning mumkinligi haqida misol 
tariqasida Rasululloh (sav)ning birinchi safdoshlaridan biri Ammor ibn Yosirning qilgan 
ishini keltiradilar, unga ko‘ra, Ammor garchi islomdan yuzaki ravishda qaytgan bo‘lsa-
da, ammo, qalbida Alloh va uning rasuliga bo‘lgan imonini asrab qolgan. Sunniy 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
289
musulmonlar uchun at-T. faqat nazariy ahamiyatga ega. U faqat musulmon uchun o‘lim 
xavfi tug‘ilgan chog‘idagana lozim, shunda ham u fikran izoh berishi kerak bo‘ladi. 
Hoz. islom olamida, shialar ozchilikni tashkil etgan mamlakatlarda (Livan, Pokiston, 
Afg‘oniston va b.) at-T. tamoyili o‘z kuchini saqlab qolgan.  
 
 
TAQLID (arab. - boshqaga ergashish) - islom an’anasida nufuzli ta’limot yoki shaxsni 
to‘lig‘icha e’tirof etish va unga ergashish qoidasi. Islom ilohiyotida 11-12-a.dan keyin 
ulamolarga diniy ta’limot sohasida mustaqil fikr yuritish (ijtihod) man etilgan bo‘lib, 
faqat ilgarigi mujtahidlar ta’limotiga ergashish, taqlid qilish huquqi qoldirilgan. Bu qoida 
T., unga amal qiluvchi ulamolar (mujtahidlardan farq qilgan holda) muqallidlar deb 
yuritilgan.  
 
 
TAHAJJUD (tahajjada fe’lidan - bedor bo‘lmoq, bedorlik) - tungi namoz yoki tunda 
Qur’on o‘qish. T. amaliyoti, xuddi istilohning o‘zi singari Qur’onda qayd etilgan 
(17:79/81; shuningdek, q. 51:17; 25:64/65; 76:25/26; 11:114/116; 73:1-4). 
Muhammad (sav)ning Makkada yashagan davrlarida tungi ibodat farz sanalgan va 
musulmonlar tunning ko‘p qismini ibodatda o‘tkazganlar. Biroq Madinada T.ning farzligi 
bekor qilingan (q. Qur’on 73:20). Shunga qaramasdan islomda tungi ibodatlar saqlanib 
qolgan. Ayniqsa, ramazon oyida, tarovih (birligi - tarvixa - orom olish) o‘qish maqtovga 
sazovor amallardan hisoblanadi. Tungi namozga bir yoki bir necha (13 tagacha) rakaat 
qo‘shib o‘kilishi (bunda umumiy rakaatlar soni toq bo‘lishi kerak bo‘lgan) ham 
ma’qullangan. Bunday namozni vitr (toq, juft emas) deb atashgan. 
Hanafiylar fikricha, vitr farz sanaladi. Boshqa mazhabdagilar uni ma’qullashadi, biroq 
farz emas, deb hisoblashadi. Tungi ibodat juft rakaatlardan tashkil topsa uni shaf’ 
("juft") deb ataladi. Vitr yoki shaf’ni tunning xohlagan paytida amalga oshirish mumkin, 
lekin u bir kechaning o‘zida ikki marta o‘qilmasligi shart. Muazzin tungi ibodatga ikki 
marta chaqirishi va u "ibodat uyqudan afzal" so‘zlari bilan boshlanishi lozim 
 
 
TAHORAT - namoz o‘qish, ibodat, qiroat oldidan yuvinish, poklanish. Bunday poklanish 
odati deyarli barcha dinlarda bor. Islomda T.ning ikki turi mavjud: vuzu’ - kichik tahorat 
- qo‘l-oyoq va yuzni yuvish; g‘usl - katta tahorat - to‘la yuvinish, cho‘milish. T.ning 
to‘rtta farzi, ya’ni qilinishi zarur qismi bor. Yuzni, ikki qo‘lni tirsak ila qo‘shib yuvmoq, 
boshning to‘rtdan bir qismi miqdoriga mash tortish - ikki qo‘lni ho‘llab surtish, ikki 
oyoqni to‘pig‘i ila qo‘shib yuvish.  
 
 
TERMIZIY Abu Iso, Imom Termi-z i y (to‘liq nomi Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra 
ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bug‘iy Termiziy; 824/825 - 892) - mashhur muhaddis. 
Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida tug‘ildi. Yoshlik chog‘laridan ilmga katta qiziqish va 
ishtiyoq ko‘rsatdi. Samarqand, Buxoro, Marv va b. shaharlardaga mashhur ulamo va 
muhaddislar asarlarini o‘rgana boshladi. T. hadis o‘rganish va ularni YIEISH uchun 20 y. 
o‘zga yurtlarda bo‘ldi. Nishopurda Imom Buxoriy bilan uchrashib, ko‘p hadislar xususida 
fikr almashdi. Bu uchrashuv va buyuk alloma bilan besh yil birgalikda yashashi T. 
hayotida katta o‘rin tutdi, "al-Jomi’ as-sahih" ("Ishonarli to‘plam" yoki "Sunani 
Termiziy") asarining yaratilishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. T. hadisning 
sahixdigani aniklashda yana bir bosqichga ko‘tarildi. Agar Imom Buxoriy har bir 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
290
hadisning ishonchliligini belgilashda barchadan ustun bo‘lsa, T. hadisning darajasini 
aniqlashda "sahih"dan keyin "hasan" bosqichini ham kiritdi. Hasan - zaif bo‘lmasa-da, 
sahixdan darajasi pastrok hadislarga nisbatan berilgan baho. U hadisning 
qonunshunoslikka qanday taalluqli ekanini ham ko‘rsatdi. Imom Muslim va Imom Abu 
Dovudlar bilan ham suhbatlashgan. T. "Jomi’ as-sahih"dan tashqari "Shamoili Nabaviya" 
("Payg‘ambar alayhissalomning shakl va sifatlari"), "Kitob uz-zuad" ("Zohidlik kitobi") 
"Asmo’ us-sahoba" ("Sahobalarning ismlari"), "al-Asmo’ val-kuno" ("Ismlar va 
kun’yalar"), "Kitobul-ilal" ("Illatlar kitobi") va b. asarlar yozgan. "Shamoili Nabaviya" 
("Shamoili Muhammadiya", Toshkent 1991), "Sunani Termiziy" (Toshkent, 1999) kitobi 
o‘zbek tilida chop etilgan. T. fiqhga oid kitob ham yozgan, lekin u bizgacha yetib 
kelmagan. 1990 y.da T. tavalludining 1200 yilligi O’zbekistonda keng nishonlandi.  
 
 
TERMIZIY al-Hakim, Hakim Termiziy (to‘liq nomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali at-
Termiziy) (9-a. oxirida vafot etgan) - so’fiylikning yirik vakili. Termiz sh.da tug‘ilgan. 
O’zi yozgan "tarjimai holi"ga ko‘ra, 8 yoshidan boshlab diniy ilmlar bilan shugullangan. 
28 yoshida haj ziyoratidan qaytgach, so’fiylik yo‘liga kiradi. Abu Turob Naxshabiy, Yahyo 
Jalla Ahmad ibn Xadravayh va b. so’fiylarni T.ning piri deb hisoblaydilar. T. asarlari (ular 
80 ga yaqin) so’fiylik tarixini o‘rganishda ahamiyatlidir. Ularda jon, uning holatlari va 
harakatlari, insonning o‘zini takomillashtirishi, tuban tug‘ma hirs-tuyg‘ularini jilovlab, 
o‘z-o‘zini poklashi zarurligi haqidagi fikrlar bayon etilgan, bu esa, keyingi davrlarda 
yashagan so’fiylarga kuchli ta’sir o‘tkazgan. T. fikricha, aql-zakovat o‘zlashtira oladigan 
eng oliy bilim - ma’rifat yoki hikmatdir, bu - inson qalbini yorituvchi "ilohiy nur"dir. Turfa 
ilmlarni o‘qib-o‘rganish jarayonida uni egallash mumkin, ammo, asl ma’rifat Allohning 
o‘zi yarlaqagan zotlargagina nasib bo‘ladi. T. so’fiy-avliyolarni ayni shunday zotlar 
sirasiga kiritadi. Ilm-fanning turli sohalarida mashhur bo‘lgani uchun zamondoshlari T.ni 
"al-Hakim" deb ulug‘lashgan. 
 
 
TERMIZIY YODGORLIK MAJMUASI - Termiz qal’asining shim.-g‘arbida barpo etilgan 
me’moriy yodgorlik (10-14-a.lar). Termiziy al-Hakim maqbarasi qad. xonaqoh 
hujralaridan biri bo‘lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va b. 
darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqoxda dafn etilgan. Qabr 
ustiga Amir Temurning o‘g‘li Shohruh davrida katta qabrtosh o‘rnatilgan. Hakim at-
Termiziyning "Jome’ al-usul" asari O’zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida 
saqlanmoqda.  
 
 
TIJONIYA - Shim. Afrikadagi nufuzli so’fiylik tariqati. 18-a. oxirida Ahmad at-Tijoniy 
(1737-1815) asos solgan. U o‘z ta’limotida Ibn Arabiy (1240 y. v.e.) qarashlariga 
tayangan. Tijoniy o‘zini "oliy qutb" (qutb al-aqtob) va ayni vaqtda "Muhammad valiyligi 
muhri" (xatm al-vilaya al-muhammadiya) deb e’lon qilgan. Shunga asosan, u o‘zini 
mutlaq "benuqson" (al-isma) ekanini, T. ta’limoti va ibodatlarini bevosita Muhammad 
(sav)dan olganligani da’vo qilgan. T. tarafdorlari o‘zlarini "Alloh tomonidan mumtoz 
hisoblangan" deb sanab, boshqa musulmonlarni "adashganlar" deb hisoblaganlar. 
20-a. 20-y.larida Marokash, Jazoir va Tunisda T.ga qarshi chiqishlar bo‘lib, uning mavqei 
ancha pasaygan. Shunga qaramay, arab olamida, shuningdek, afrikaliklar orasida 
bugungi kunda ham T. tarafdorlari anchaganadir 
 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
291
TILOVAT - ko‘proq Qur’on o‘qish ma’nosvda ishlatiladi (q. Qiroat). 
 
 
TOAT (arab. - itoat qilish, bo‘ysunish) -Allohga e’tiqod qilish, xatti-harakat yoki itoat 
etishni namoyon qilish, diniy majburiyatlarni ado etish. O’rta asr sunniy ulamolari T.ni 
ilohiy amrga rioya etish yoki mos kelish (muvofaqat al-amr) deb ta’riflashgan va uni bir 
necha darajaga bo‘lishgan. T.ning insonni Alloh oldida taqvodor (mo‘min) qiluvchi va 
unga jannatni va’da etuvchi eng yuqori darajasi - bu dinning asosi (usul ad-din)ni 
Allohning yagonaligi, ilohiy adolatni takdiri azal va b.ni hamda islom dinining beshta 
asosiy arkonini (arkon shariat al-islom: Allohning yagonaligi va Muhammad (sav) uning 
payg‘ambari ekanini, namoz, zakot, ro‘za va haj amallarini) bilishni o‘z ichiga oladi. 
Shariat tomonidan belgilab qo‘yilgan ushbu amallar (majburiyatlar)ni ado etish ham T. 
deb ataladi. T.ning keyingi darajalari e’tiqod qilishning sanab o‘tilgan arkonlariga amalda 
rioya etishni, belgilab qo‘yilgan diniy majburiyatlarga nafaqat rioya etishni, balki har 
qanday gunoxdardan xoli bo‘lish uchun qo‘shimcha (navofil) majburiyatlarni bajarishni 
ham o‘z ichiga oladi. T.ning darajalarini musulmon ulamolari insonning bu dunyodagi 
(jizyadan, asirlikdan ozod bo‘lish, musulmon odatiga ko‘ra dafn etilish, xudoning 
marhamatiga sazovor bo‘lish va h.k.) hamda narigi dunyodaga o‘rni (do‘zahda abadiy 
qolishdan xalos bo‘lish, jannatga kirish tartibi va h.k.) bilan ham bog‘laganlar. 
 
 
TOBE’INLAR (arab. - qaram, izdosh) -islom tarixida sahobalardan keyin ularning ishini 
davom ettirgan ilohiyotchilar qatlami T. deb, undan keyingi davrdaga ilohiyotchilar 
T.ning tobe’inlari (taba T.) deb yuritilgan. T. uch tabaqa: kubro (katta), vusto (o‘rta) va 
sug‘ro (kichik) tobe’inlar. Sahobalardan ko‘proq rivoyat olgan Sa’id ibn al-Musayyab
Urva ibn Zubayr, Alqama ibn Qays - kubroga, Hasan Basriy, Muhammad ibn Sirin, 
Mujohid, Ikrima, Qatoda, Umar ibn Abdulaziz va b. - vustoga, ko‘proq T.dan rivoyat 
olgan Ibrohim an-Naxaiy kabilar sug‘roga kirishgan. Barcha ulamolar eng mashhur va 
eng fozil sifatini T.dan Sa’id ibn Musayyabga nisbat beradilar. Abu Abdulloh Muhammad 
ibn Xafif Sheroziy aytadiki: 
1) Madina ahdi Sa’id ibn Musayyabni; 
2) Kufa ahdi Uvays Qaraniyni; 
3) Basra ahdi esa, Hasan Basriyni eng afzal va eng mashhur tobe’in deb biladilar. 
 
 
TOSHKENT ISLOM INSTITUTI, Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti - 
oliy diniy o‘quv yurti. 1970 y. tashkil etilgan. 1971 y. okt.dan faoliyatini boshlagan. 
O’zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida. Dinlar tarixi va nazariyasini chuqur 
egallagan, islom dini asoslarini o‘zlashtirgan, arab tilida so‘zlasha oladigan 
mutaxassislar, imom xatiblar tayyorlaydi. O’qish muddati 4 yil. O’z faoliyatini 
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar 
to‘g‘risida"gi qonun, ta’lim haqidaga boshqa hujjatlar hamda O’zbekiston musulmonlari 
idorasi qaror va ko‘rsatmalari asosida olib boradi. Darslar o‘zbek va arab tillarida 
o‘qitiladi. Ingliz, fors va rus tillari ham o‘rgatiladi. 
Respublikamiz istiqloliga qadar sobiq Ittifokda yagona oliy islom o‘quv yurti bo‘lgan, 
unda Zakavkaze, Shim. Kavkaz, sobiq SSSRning Yevropa qismi va Sibir, O’rta Osiyo va 
Qozog‘iston musulmonlari diniy idorapari uchun diniy xodimlar tayyorlangan. T.i.i. 
O’zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tasdiqlangan qoidalar asosida o‘rta 
umumta’lim hamda o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lgan 35 yoshgacha yoshlarni 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
292
qabul qiladi. 
Bu yerda 130 talaba tahsil oladi (2003 y.). Talabalarga diniy fanlar bilan bir qatorda 
"Islom tarixi", "Dinlar tarixi", "Arab mamlakatlari tarixi va geografiyasi" hamda 
O’zbekiston tarixi kabi fanlar o‘qitiladi.  
 
 
TOSHKENT ISLOM UNIVERSITETI - oliy o‘quv yurti. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar 
Mahkamasi huzurida. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 y. 7 apreldagi 
Farmoniga binoan tashkil etilgan. Asosiy vazifasi va maqsadi - islom diniga oid boy va 
noyob ma’naviy-madaniy merosni chukur o‘rganish, uni asrab-avaylash, kelajak avlodga 
yetkazish, shu sohada yuqori malakali mutaxassis xodimlar tayyorlash. Un-tning f-tlari: 
islom tarixi va falsafasi; shariat (fiqh), iqtisod va tabiiy fanlar. Uquv bosqichlari: 
bakalavriat - 4 y.; magistratura - 2 y. Un-tning kafedralari - dinshunoslik, 
islomshunoslik; demoqratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti; falsafa; islom 
huquqi; xalqaro iqtisodiy munosabatlar; sharq tillari; g‘arb tillari; informatika va tabiiy 
fanlar; jismoniy tarbiya hamda jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha YuNYeSKO 
kafedrasi. Un-tda 500 dan ziyod talaba tahsil olmoqda (2003 y.). Un-t tarkibida 
Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat ko‘rsatmoqtsa. Uning bo‘limlari: Qur’on, 
tafsirlarni o‘rganish; islom tarixi va falsafasi; shariat (fiqh); ma’naviyat, madaniyat va 
san’at; manbashunoslik va qo‘lyozmalarni o‘rganish. Un-tda gimnaziya va akademik 
litsey mavjud. Un-tda "Sharqshunoslik fanlari" sohasi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari 
himoyasiga ixtisoslashgan kengash tuzilgan. Un-tda manbalar xazinasi tashkil etilgan. U 
mamlakatimiz va xorijda mavjud bo‘lgan qo‘lyozma va nodir kitoblar bilan boyitilmoqda. 
Sharq va G’arb tillarini o‘qitish maqsadida zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlangan. 
Hoz. kunda un-t AQSh, Angliya, Frantsiya, Gollandiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Misr 
Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va b. davlat un-tlari hamda i. t. 
markazlari bilan aloqalar o‘rnatgan.  
 
 
TULAYHA (Talha ismining kichraytirilgan shakli) - Talha ibn Xuvaylid (7-642(645) -
Muhammad (sav) vafotlaridan so‘ng Arabistonda paydo bo‘lgan soxta payg‘ambarlardan 
biri. T. Asad qabilasi lashkarboshilaridan bo‘lib, musulmonlar bilan 626 va 627 ylardaga 
janglarda qatnashgan. O’tkir zehni va bashorat qilishi bilan shuhrat qozongan. 631-632 
y. sahroda nogahon quduq topib olgach, o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan. U o‘ziga 
Alloh nomidan farishta yoki Zu-n-Nun ismli shaxs vahiy keltirishini aytgan; arablarning 
kelajakdagi g‘alabalari, xususan ularning Suriya va Iroqni zabt etishlarini bashorat 
qilgan. O’z qo‘l ostiga Asad, Fazora va Tayy qabilalarining bir qismini to‘plab, 
Muhammad (sav) bilan muzokara olib borishga harakat qilgan. Ba’zi ma’lumotlarga 
ko‘ra, u Madinada islomni qabul qilgan, so‘ngra undan voz kechgan. 632 y. Muhammad 
(sav) vafotidan so‘ng T. qo‘shini Xolid ibn Valid qo‘mondonligi ostidaga qo‘shin 
tomonidan tor-mor qilingan. T. qochgan, yashiringan, so‘ngra islomni qabul qilgan va 
Suriya va Iroqni fath etilishida qatnashgan.  
 
 
TUMOR (arab. - o‘rog‘liq xat, noma, yozuv) -xalq tasavvurida g‘ayritabiiy, sehrli kuchga 
ega bo‘lgan, egasini ofat va falokatlardan, yomon ko‘zlardan asraydigan ashyo, bitik. 
Islom aqidasiga ko‘ra, T.ga oyat yoki hadislardan olingan duo va iltijoga oid iboralar 
yozilgan bo‘lsa, uni taqishning zarari yo‘q. Faqat uni toza saqlash, oyoq osti qilmaslik 
shart hisoblanadi. Yana T.ning o‘zi emas, balki unda yozilgan bitiklar sharofatidan Alloh 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
293
asraydi, deb e’tiqod qilish kerak bo‘ladi. Lekin T.da mazkurlardan boshqa narsalar 
yozilgan bo‘lsa, uning na hurmati, na xosiyati bor va shar’an joiz ham emas. 
 
 
TUSIY, Nosiriddin Abu Ja’far Muhammad ibn Muhammad (1201-1273/74) - faylasuf, 
tabiiyotshunos va diniy-siyosiy arbob. Tus sh. yaqinidagi Jaxrunda tug‘ilgan. Diniy va 
falsafiy ilmlarni 1216 y.dan Nishopurda, shaharni mo‘g‘ullar bosib olganidan keyin 
(1222) esa, Tusda o‘rgangan. 1228-55-y.larda ismoilii hukmdorlar, jumladan, Ko‘histon 
hokimi Nosiriddin va uning o‘g‘li Muinvddin saroyida xizmat qilgan. T. ularga odob-
axloqqa doir "Axloqi Nosiriy" va falakiyotga oid "al-Muiniyya" risolalarini bag‘ishlagan, 
1255-73 y.larda mo‘g‘ul hukmdorlari Xuloku va Abaqa huzurida mas’ul lavozimlarni 
egallagan. Bag‘dodda vafot etgan. "At-Tajrid" ("Nutq pokligi") va "Qavoid al-aqoid" 
("Aqidalar asosi") asarlari fiqh hamda kalomga bag‘ishlangan. T. kalom ilmi masalalarini 
Aristotel falsafasi asosida hal etib, bu sohada Abu Ali ibn Sino an’anasiga rioya etgan. T. 
so’fiylikka qiziqish bilan qaragan, o‘z davrining mashhur so’fiylari bilan yozishib turgan. 
Tibbiyot, riyoziyot, tabiat va ayniqsa falakiyotga oid asarlar muallifi, Marog‘a 
rasadxonasining asoschisi sifatida shuhrat qozongan. Shia doiralarida faylasuf olim 
sanalib, katta obro‘ orttirgan.  
 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   55


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling