Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilar ushbu Qonunning 35-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
suv resurslarini samarali boshqarishi, limitdan ortiqcha suv olinishiga va suvdan maqsadsiz foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
belgilangan tartibda yangi suv obyektlari qurilishini va ishlab turganlari rekonstruksiya qilinishini, shuningdek sug‘oriladigan yerlarning kompleks rekonstruksiya qilinishini tashkil etishi;
suvni tejaydigan texnologiyalarni va ilg‘or sug‘orish texnikasini joriy etish orqali sug‘orish vositalari va usullarini takomillashtirishda suv iste’molchilariga ko‘maklashishi;
qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarning monitoringi asosida salbiy jarayonlarning sabablari va oqibatlarini bartaraf etishi shart.
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi suv iste’molchilarining majburiyatlari
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi suv iste’molchilari ushbu Qonunning 351-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
qishloq xo‘jaligi ekinlari va dov-daraxtlarini sug‘orish, shuningdek yaylovlarga suv chiqarishning qulay rejimini saqlashi;
suvni tejaydigan texnologiyalarni va ilg‘or sug‘orish texnikasini joriy etish orqali sug‘orish vositalari va usullarini takomillashtirishi;
suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishi;
tuproq unumdorligini saqlash imkonini beradigan melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishi;
sug‘orish uchun berilgan suvlarning kollektor-drenaj tarmog‘iga va boshqa suv obyektlariga oqizib yuborilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklashda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etishi shart.
Oqindi suvlar bilan sug‘orish
Qishloq xo‘jalik yerlarini oqindi suvlar bilan sug‘orishga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat sanitariya nazorati va davlat veterinariya xizmati organlari bilan kelishib ruxsat beradilar.
Sanoat, kommunal korxonalari va boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda fuqarolar tuproq unumdorligiga va yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga zararli ta’sir qiluvchi suvlarni qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish uchun berishlari taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |