Library ziyonet uz/ A lvido, ey
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Download 0.88 Mb. Pdf ko'rish
|
alvido ey gulsari
Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov 3 library.ziyonet.uz/ Tuyoqlari ostidagi qattiq yerning omonatligini his etish otning soʻniq xotirasida uzoq oʻtmishdagi oʻsha yoz kunlarini, togʻlardagi oʻsha shabnamli yumshoq oʻtloqlarni, osmonda charaqlagan va togʻu toshni orqada qoldirib ketayotgan quyoshni to uyurboshi aygʻir gʻazabdan quloqlarini ding qilib olib uni quvlab orqasiga qaytarmagunicha u tentak oʻtloqlaru daryoni kesib, butalarni yorib oʻtib quyosh ortidan quvib ketgan oʻsha ajoyib va gʻaroyib damlarni gʻira-shira jonlantirdi. Oʻsha paytlardan beri oradan qancha vaqt oʻtib ketdi-ya! Yilqilar xuddi koʻl tubida oyoqlarini osmonga qilib yurganday, uning onasi – yoldor kattakon biya boʻlsa, goʻyo iliqqina sutli bulutga aylanganday tuyulardi. Onasi birdan mehribonlik bilan pishqiruvchi bulutga aylanib qoladigan shunday damlarni sevardi. Uning yelinlari taranglashib, lazzatli boʻlib qolar, lablarida sut koʻpiklanardi, u boʻlsa sutning moʻlligi va shirinligidan entikib qolardi. U yoldor kattakon onasining qorniga tumshugʻini qadab turishni yaxshi koʻrardi. Naqadar lazzatli edi bu sut! Butun olam – quyosh, yer, onasi bir qultum sutga joylashganday edi. Toʻyib boʻlganidan keyin ham yana bir qultum, yana, yana emishni istardi. Afsus, bu uzoqqa choʻzilmadi, tezda barham topdi. Oradan koʻp oʻtmay hamma narsa oʻzgarib ketdi. Koʻkdagi quyosh charaqlamay, togʻdan toshga sakramay qoʻydi. Endi kun sharqdan chiqib gʻarbga tomon ogʻishmay boradi, yilqilar oyoqlarini osmonga qilib yurmaydigan boʻlib qoldi, payhon qilib tashlangan sizot oʻtloq ular tuyoqlari ostida chapillaydi va qorayadi, qirgʻoqlardagi toshlar qarsillab yorilib ketadi. Yoldor kattakon biya qattiqqoʻl ona ekan, bolasi haddan ortiq bezor qilganida uning yolidan qattiq tishlab olardi. Endi sut yetishmas, oʻtlash kerak edi. Uzoq yillar choʻzilgan hayot boshlandi, mana endi oxirlab borayotir. Mana shu oʻtgan uzoq umri davomida abadiy yoʻqolgan oʻsha yoz yoʻrgʻa otga sira qaytib kelmadi. U egarlangan holda har xil yoʻllarni bosib oʻtdi, uni har xil chavandozlar mindi, lekin hamon yoʻllarning oxiri koʻrinmasdi. Faqat endigina – quyosh yana oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalgan, yer esa oyoqlari ostida chayqalayotgan, koʻzlari jimirlab, xiralasha boshlagandagina shuncha uzoq vaqtdan beri qaytmagan oʻsha yoz uning koʻziga koʻrinib ketdi. Hozir uning koʻz oʻngida oʻsha togʻlar, oʻsha sizot oʻtloqlar, oʻsha yilqilar, oʻsha yoldor kattakon biya miltillab, gʻira-shira namoyon boʻldi. U doʻgʻadan, xomut va shotidan qutilib olib, toʻsatdan uning koʻziga koʻrinib ketgan oʻtmishga qadam qoʻyish uchun kuchi boricha talpinar, jon-jahdi bilan depsinardi. Lekin aldamchi xayol har gal uzoqlashib ketar, shunisi jonga azob berardi. Qulunlik paytidagidek onasi sekin kishnab uni chaqirar, yilqilar uni toylik vaqtidagiday biqinlari bilan turtib, dumlari bilan urib oʻtar, uning esa shamolga bardosh berishga kuchi yetmasdi – shamol tobora kuchayar, uni dumi bilan qamchilar, koʻzlari va burun kataklarini qor bilan toʻldirib, terga botib sovuqdan qaltirar, erishib boʻlmas oʻsha olam izgʻirin quyunlari ichida unsiz koʻmilib yoʻq boʻlib ketar edi. Mana endi togʻlar ham, oʻtloqlar ham, daryo ham gʻoyib boʻldi, yilqilar qochib ketdi, faqat onasining – yoldor katta biyaning sharpasi oldinda gʻira-shira koʻrinib turardi. U bolasini tanho tashlab ketishni xohlamasdi. U toychogʻini oldiga chorlardi; toychoq bor kuchi bilan xixilab kishnab yubordi, ammo oʻz ovozini oʻzi eshitmadi. Hamma narsa birdan gʻoyib boʻldi, izgʻirin ham tindi. Gʻildiraklar gʻijirlamay qoʻydi. Xomut ostidagi yaraning achishgani ham sezilmay qoldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling